Farzand tugʻilsa, oila qanot qoqadi. Jigarband bilan birga ezgu tilak, orzu-havas, harakat va barakat tugʻiladi. Yangi mehmon kirib kelgan xonadon goʻyo nurga toʻladi. Oila gulshani yanada koʻrkam va ardoqli boʻladi. Darhaqiqat, oilaning suyangan togʻi, Vatannning kelajagi – farzand! Ota-bobomiz «Oʻgʻil bolani belimning quvvati, qiz bolani koʻzimning nuri» deya suyadi. Odam Atoyu Momo Havodan meros baxtu taxt, shodligu omonlik – shu! Hamma-hammasiga koʻngil yogʻdusi bilan bezangan nikoh hamda oila gulshani bilan erishiladi. Muqaddas juftlikning, birlikning bebaho va beqiyos boyligi – kichkintoylarni momolarimiz birinchi bor choʻmiltirayotib, suvga bir chimdim tuproq va tuz tashlaydilarda, «Tuproqdek ogʻir, tuzdek aziz, suvdek serob boʻlgin», – deya suyadilar.
Momolarning bilgani bilgan! Suv pokizalik, tuproq vazminlik, tuz azizlik timsoli. Ana shu qutlugʻ tuproq toʻyintiradi, kiyintiradi va taʼmini his qila bilsin deya tuzni ham oʻzi beradi. Yurtimizda tugʻilgan har bir goʻdak tuproqdek ogʻir va qutlugʻ, tuzdek aziz va beqiyos, suvdek serob va ulugʻvor boʻlaversin. Onalarimiz qalbida osudalik, otalarimiz chehrasida nur, uyimizda fayz, yurtimizda maʼmurlik va mamnunlik balqiyversin. Shunda xonadonlarimiz charogʻon, elimiz omon, yurtimiz tinch boʻladi.
Biroq keyingi paytda na faqat toʻylar, balki oila davrasida nishonlanadigan tugʻruqxonadan olib chiqish marosimi ham juda dabdaba bilan oʻtkazilyapti. Ketma-ket signal chalgan mashinalar. Turuqxona oldida karnay-surnay, video tasvir oluvchi operatorlar, fotograflar va «qarsak chalib turuvchilar»… Endigina qaddini rostlagan ona uchun, chaqaloqning salomatligi uchun ushbu dabdabalar shartmikan? “Kamtarga kamol, manmanga zavol”, deydi xalqimiz. Bu manmanlik, bosar-tusarini bilmaslik emasmi?
Nikoh toʻylarida esa dabdabozlik yanada kuchli. Shuning uchun ham mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bu masalaga alohida eʼtibor qaratib, toʻylarni tartibga solish haqida yoʻl-yoʻriq, koʻrsatmalar berdi. Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn toʻrtinchi yalpi majlisida senatorlar (2018 yil 30 mart kuni)koʻplab qonunlarni maʼqullash bilan birga “Toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazilishini tartibga solish toʻgʻrisida”gi qarorni qabul qildilar. Toʻy, maʼraka va oilaviy marosimlar oʻtkazilishini tartibga solishga oid jamoatchilik fikrini oʻrganish boʻyicha Respublika ishchi guruhi tuzilib, uning tarkibi tasdiqlandi.
Mamlakatimizning har bir hududida oilaviy tadbirlarni oʻtkazish borasida shakllangan oʻziga xos urf-odat va anʼanalarni chuqur oʻrganib chiqish, ularni OAV, shu jumladan internet nashrlarda faol muhokama qilinishini tashkil etish, muhokamalar yakuni boʻyicha asoslangan takliflar ishlab chiqish va loyihani Oliy Majlisi Senatiga koʻrib chiqish uchun taqdim etish Ishchi guruhining asosiy vazifasi etib belgilandi.
Shuningdek, Senatning ushbu qarori bilan tegishli davlat va nodavlat tashkilotlariga mazkur masalalarni chuqur oʻrganib, Ishchi guruhga asoslantirilgan taklif kiritish topshirildi.
Mazkur qarorni qabul qilishdan maqsadi aholi tomonidan bildirilgan taklif va fikrlar inobatga olinib, mazkur masalani tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilishini yanada mukammallashtirish iborat.
Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumanidagi “Feruza” mahalla fuqarolar yigʻinida boʻlib oʻtgan tadbirda Toshkent shahar “Sogʻlom ona va bola” markazi rahbari Raʼnojon Zaripova va Toshkent shahar “Bilim” Axborot-kutubxona Markazi direktori Hafiza Karimova Senatining oʻn toʻrtinchi yalpi majlisida qabul qilingan qonunlar va toʻylarni tartibga olish haqida batafsil maʼlumot berdilar. Toʻy va marosimlar, shuningdek mutolaa madaniyatini yuksaltirish borasida mahalla ahli bilan fikrlashib oldilar.
Yigʻilish qatnashchilari soʻzga chiqib, toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bagʻishlangan tadbirlarni ixchamlashtirib oʻtkazish taklifini maʼqulladilar va oʻz fikrlarini ham bildirdilar. Shuningdek, mahalla ziyolilari yordamida fuqarolar yigʻini idorasida kutubxona tashkil etib, mahalladoshlari oʻrtasida kitob mutolaasiga eʼtibor qaratishayotganini taʼkidlashdi.
Keksa pedagog Toshkent Davlat agrar universiteti dotsenti Nasiba Nodiraliyeva maʼraka marosimlari haqida shunday fikr bildirdi: “Bizning yoshligimizda taʼziya oshlari ayollar uchun uyda, erkaklar uchun eshik oldidagi toʻyxonaga moʻljallangan maxsus maydonchada oʻtkazilar edi. Kamtarona dasturxon yozilardi. Bugungi kunda kim oʻzarga maʼraka oʻtkazishadigan boʻlishdi. Dasturxonga tortiladigan narsalarni ham eʼtiborga olish kerak. Dabdabalarga chek qoʻyish kerak».
Mahalladagi 54- uyning yetakchisi Nodira Tursunova poytaxtimizdagi toʻyhonalarni ham nazoratga olish lozimligi, toʻyxonalarning egalari 150 nafar kishi ishtirokidagi toʻyda ikki barobar qimmat narxda hisob-kitob qilayotganlarini bildirdi.
Darxaqiqat, toʻylarning ixcham oʻtishidan eng manfaatdor boʻlmagan qatlamlarning biri sanʼatkorlar, ikkinchisi toʻyxona egalaridir. Sanʼatkorlar toʻylarda avvalo oʻz xizmatlarini reklama qilishadi. Toʻyda qancha koʻp kishi ishtirok qilsa shuncha koʻp daromad olish imkoniyati paydo boʻladi. Yana ular: «Xalqimiz mana shunday goʻzal, hashamatli toʻy oʻtkazaversin, biz xizmat qilib charchamaylik», deya hashamatli bazmlarga daʼvat qilishadi. Albatta, buni mahalla ahli taʼkidlaganidek tartibga solish kerak.
Toʻyxona masalalariga kelsak, Respublikaning barcha viloyatlarida bu tadbirlar turlicha nishonlanadi. Masalan, viloyatlarning baʼzi tumanlarida toʻyxonadan joy beriladi, xalos. Oshpazu- xizmatchilarni toʻy egasining oʻzi olib keladi. Bu toʻy egasining chiqimlarini biroz yengillashtiradi, bu taklifni atroflicha oʻrganib chiqish maqsadga muvofiqdir.
Muhokamada ishtirok etayotgan mahalla xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Rohat Abduxoliqova shunday dedi: “Mahallamizda birgina toʻyxona bor, ular bilan doimo hamkorlikda ishlab kelamiz. Ular mahalla ahliga hamisha yengillik yaratishga intilishadi. Endilikda har bir mahalla fuqarolar yigʻini oʻz maskanlarida joylashgan toʻyxonalarni nazoratga olsa bunday muammolar chiqmasligi tayin.”
«Mahallamiz tumandagi eng katta maskanlardan biri. Unda koʻplab millat vakillari doʻstona yashaydi. Toʻrt yarim ming nafar oila istiqomat qiladi. Toʻylarning ixcham oʻtishidan eng manfaatdor boʻlmagan qatlamlardan biri sanʼatkorlar, biri toʻyxonalar. Ikkala tomon toʻyxonaga qancha koʻp kishi qadam ranjida qilsa shuncha koʻp daromad oladi. Ular xalqning toʻylari evaziga farovon turmush kechirib, hashamatli uylar qurishadi. Biroq, bir-biri bilan «bellashib» dabdabali toʻylar oʻtkazib qarzga botib qolayotgan oilalar yetarlicha topiladi. Toʻylar ham bizning milliy, goʻzal qadriyatimiz. Mahallamizda milliy qadriyatlarni mutolaa madaniyati orqali yanada yuksaltirishga intilayapmiz. Bu masalaga tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikni ham keng yoʻlga qoʻyapmiz. Xalqimiz kengashli toʻy tarqamas» degan matalni bejiz aytmagan.-dedi mahalla raisi Alisher Murodov.
Munozaralarga boy va qizgʻin oʻtgan tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi tasdiqlagan loyiha asosida uyushtirildi.
Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist