Isʼhoqxon Ibrat: Oʻz tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir

0
906
marta koʻrilgan.

 “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezidentning 21 oktyabr kunidagi Farmonga binoan   21 oktyabr sanasi yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb belgilandi.

Shuningdek, Farmonda yangi soʻz va atamalarni rasmiy isteʼmolga kiritish borasidagi ishlarni tartibga soladigan Atamalar komissiyasini tuzish masalasini ham nazarda tutildi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining oʻttiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida esa shunday deyiladi: Men bugun aziz bolalarimizga murojaat qilib, ulugʻ alloma, XX asr boshida olti tilli – oʻzbek, arab, fors, hind, turk va rus tillarida lugʻat tuzgan Isʼhoqxon Ibratning mana bu hikmatli soʻzlarini eslatmoqchiman: “Bizning yoshlar, albatta, boshqa tillarni bilish uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval oʻz ona tilini koʻzlariga toʻtiyo qilib, ehtirom koʻrsatsinlar. Zero, oʻz tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir”. 

Shuningdek, ushbu  hujjatda Ona tilimiz – milliy maʼnaviyatimizning bitmas-tuganmas bulogʻi, deya taʼkidlanadi.

Darhaqiqat, Vatanimiz necha yuz yillar mobaynida buyuk sivilizatsiya va madaniyat markazlaridan biri boʻlgan.

Dono xalqimizning  “Til bilgan – el biladi” degan matali ham bejiz emas. Muso Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Imom Buxoriy, Ahmad Fargʻoniy, Mahmud Zamaxshariy, Alisher Navoiy kabi ulugʻ ajdodlarimiz oʻzining ona tili bilan birga oʻnlab tillarni mukammal bilganlari uchun ham jahon ilm-fanining yuksak choʻqqilarini zabt etganlar.

Mana shu dalilning oʻzi ham qadimdan diyorimizda oʻzbek xalqi bilan birga turli millat vakillari yelkadosh, ahil va hamjihat boʻlib, tinch va osoyishta muhitda yashab kelganini aks ettiradi. 

Bugungi kunda Oʻzbekistondagi bagʻrikenglik siyosati tufayli, yurtimizda yagona oila boʻlib yashayotgan 130 dan ziyod millat va elat vakillariga oʻz ona tili, urf-odat va qadriyatlarini rivojlantirishi uchun hamma shart-sharoitlar yaratilmoqda. Mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan 140 ga yaqin milliy madaniy markazlari ayni shu maqsadga xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida “har birimiz davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim,– deya taʼkidladi.

Davlat tili masalasi milliy gʻoyamizning asosiy tamoyillaridan biri boʻlib, yosh avlod qalbiga ona tilimizni bolalikdan singdirish maqsadida taʼlimning barcha bosqichlarida oʻzbek tilini zamonaviy va innovatsion texnologiyalar asosida mukammal oʻrgatishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Farzandlarimiz oʻzbek tilida ravon oʻqiydigan, ravon yozadigan va teran fikrlaydigan insonlar boʻlib kamol topishi xalqimizning asosiy maqsadidir.

Darhaqiqat, bu olijanob harakatni barchamiz oʻzimizdan, oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga muhabbat, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz lozim.

Poytaxtdagi 91-maktabning jamoasi oʻzbek tiliga hurmat va ehtirom koʻrsatish muqaddas burch ekanligini oʻquvchilar ong-shuuriga singdirish maqsadida  “Til – millat  koʻzgusi!” shiori ostida tadbir uyushtirdi. Eng asosiysi unda oʻquvchilar faol qatnashdilar. Maktab oʻquvchilari ijrosida yuqorida tilga olingan mavzular keng aks ettirildi.

Ular Ona tilimizga, oʻzbek adabiyotiga, xalqimizning qadriyatlariga ehtiromini koʻrsatish bilan birga oʻz isteʼdodlarini namoyon qildilar.

Sahnaning did bilan bezatilganligi, milliy qadriyatlarga, urf-odatlarga, milliy liboslarga  eʼtiborning oʻziga xosligi katta-yu kichikda yaxshi taassurot uygʻotdi.

Ularning sheʼr va qoʻshiqlarini tinglab, oʻzbek asarlaridan ijro etgan  sahna koʻrinishlarini kuzatib, davlat tiliga boʻlgan doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlik mamlakatimizda bundan buyon ham izchil davom etaverishini angladik. 

Til bayramida faol qatnashgan  oʻquvchilar maktab maʼmuriyati tomonidan  faxriy yorliqlar bilan ragʻbatlantirildi.

Ushbu tadbirda men ham juda mamnuniyat bilan qatnashdim, pedogoglar, oʻquvchilar va tadbirda qatnashayotgan ota-onalarni ulugʻ bayram bilan tabrikladim. Ushbu maktabda oʻqigan qizimni va oʻzimning mulliflik kitoblarimizni “Sogʻlom ona va bola” markazimiz nomidan maktab kutubxonasiga armugʻon qildim.

Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.