Isteʼmolchilar oʻz huquqini biladimi?

0
280
marta koʻrilgan.

Toshkent shahar “Sogʻlom ona va bola” ayollar va yoshlarni qoʻllab quvvatlash markazi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi loyihasi asosida “Oila madaniyati – yurt tinchligi” mavzuidagi “Salohiyat” koʻchma klubining yigʻilishlarini mahallalarda oʻtkazishni rejalashtirgan edi. Uning ikkinchi tadbiri Toshkent shahri Olmazor tumanidagi “Qorasaroy” mahallasida 2017 yil 27 iyul kuni soat 11.00da boʻlib oʻtdi.

Toshkent shahar “Sogʻlom ona va bola” ayollar va yoshlarni qoʻllab quvvatlash markazi rahbari, Respublikada xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova tadbirni ochib, kun tartibi va maʼruzachilar bilan tanishtirdi. Onalik va bolalik davlat himoyasida ekanligi, bu yoʻnalishda 80dan ortiq Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va qonun osti hujjatlari mavjud ekanligi, asosiy qonunimiz-Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidagi oila, onalik, bolalik va ayollarning teng huquqligi belgilangan moddalar haqida qisqagina gapirib, yurist, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga ikki marta deputat boʻlib saylangan va hozir ham qonunchilik sohasida samarali mehnat qilib kelayotgan Oysha Oxunovaga soʻz berdi… U har bir oilaga, har bir insonga kundalik turmushida zarur boʻladigan Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunini sharhlab berdi va tinglovchilar bilan muloqot qilib, ularning savollariga javob qaytardi…

Tadbir faqat maʼruzadan iborat boʻlib qolmasligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni asosida “Oʻz huquqingizni bilasizmi” mavzuida tayyorlangan savolnomalar tinglovchilarga tarqatildi. Va ulardan oʻsha vaqtning oʻzida bilimlarini mustahkamlash uchun javoblar ham olindi. Shuningdek, ularga ushbu savollarga tinglovchilar tomonidan berilgan javoblar tashkil etilayotgan Markazning saytida “Oʻz huquqingizni bilasizmi” rukni bilan berib borilishi tushuntirildi. Tarqatilgan savolnomalarda el. pochta manzili borligi va unga malakali javob yoʻllagan oilalar loyiha yakunida (loyiha bir yillik) taqdirlanishi ham aytib oʻtildi… Bu tadbir tinglovchilarning huquqiy bilimini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshadi, deb umid qilamiz.

Ikkinchi yoʻnalish oilalarning mutolaa madaniyatini yuksaltirishga bagʻishlandi. Respublikada xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova kitob qalblarni nurlantiruvchi oftob ekanligi haqida gapirib, oʻzining hamda oila aʼzolarining mualliflik kitoblaridan va shaxsiy kutubxonasidan 10 ta kitobni mahalla kutubxonasiga sovgʻa qildi.

Shuningdek “Turon” akademiyasi akademigi, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston jahon tillari universiteti oʻqituvchisi yuzlab qoʻllanma va darsliklarning muallifi Dilorom Yormatova “Kitob – tafakkurga qanot” mavzuida gapirib ilmning, bilimning, mutolaning oʻz taqdiriga taʼsirini chiroyli hikoya qilib berdi. Olima talabalar va oʻqituvchilar uchun yozgan qoʻllanmalari, oʻzi yozgan badiiy asarlaridan 6 tasini mahalla kutubxonasiga sovgʻa qildi,

Shuningdek, tadbirda markazimiz aʼzolari tomonidan berilgan “Gʻuncha”(22ta) hamda “Gulxan”(8ta) jurnallari va “Sogʻlom avlod” gazetasining(28ta) yangi nashrlari mahalla kutubxonasiga va tadbir qatnashchilariga armugʻon etildi.

Markazimiz Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi loyihasi asosida bir yil davomida har oyda ana shunday tadbir oʻtkazishni rejalashtirgan. Har bir tadbirga nashriyotlarning vakillari, yozuvchi va shoirlar taklif etilib, mahalla kutubxonalarini yangi kitoblar bilan toʻldirishga ham munosib hissa qoʻshish niyatidamiz.

Shuningdek mahalladagi tadbirlar respublika gazetalarida fotolar bilan yoritib boriladi. Masalan, dastlabki tadbir “Sogʻlom avlod” gazetasida (№27 son, 6 iyul 2017 yil) chop etildi.

J. Saʼdullayev

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.