Biz adabiyotimiz xazinasiga munosib hissa qoʻshgan, hikoya, qissa va romanlari bilan badiiy ijod olamida oʻchmas iz qoldirgan sevimli adibimiz Abdulla Qahhor va taniqli sanʼatkor Yunus Rajabiy uy muzeyida boʻldik.
Allomalarning hayoti va ijodiy faoliyati bilan tanishib, tarixga sayohat qildik. Ushbu kun biz yoshlar yaʼni Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabalari xotirasida unutilmas daqiqalar boʻldi, desam ham aslo mubolagʻa boʻlmaydi.
Buyuk ijodkor insonlar biz yoshlarga qoldirgan ulugʻvor meroslari – asarlari asrlar osha oʻzligini namoyon qilaveradi, yoʻlchi yulduz boʻlib biz kabi yoshlarni ezgulikka chorlab turaveradi. Ular mangu yodimizdadurlar.
Ustoz Abdulla Qahhor oʻz qoʻllari bilan ekkan xurmolardan tatib, buyuk insonning xotirasiga duo-i fatihalar oʻqidik.
Shuningdek, oʻsha goʻzal damlarda yana bir ustoz ijodkor, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova bilan boʻlgan uchrashuv va ularning bizga hayot, adabiyot, jurnalistika borasida bergan oʻgitlari aslo yodimizdan chiqmaydi. Jurnalistika haqida koʻplab maʼlumotlarga ega boʻldik. Ustoz rahbarlik qilayotgan Gujum. uz sayti faoliyati bilan internet orqali tanishdik.
Ustoz qizgʻin va qiziqarli suhbatdan keyin biz yoshlarga adabiyot va jurnalistika ilmiga oid savollar berdilar, malakali javob bergan biz talabalarni ruhlantirib, bloknot va ruchkalar armugʻon qildilar.
Bizga ana shunday sayohatlarni, amaliy mashgʻulotlarni tashkillashtirib bergan ustozimiz Davlat boshqaruvi akademiyasi kafedra mudiri, filologiya fanlari doktori Mansur Yunusovga ham oʻz minnatdorchiligimizni bildiramiz. Kelajakda biz yoshlar ularga munosib avlod boʻlishga harakat qilamiz.
Uchrashuv soʻnggida ustoz Raʼno Zaripova tomonidan parlament huzuridagi fond granti asosida ochiq osmon ostida tashkil etilgan QR kodli minikutubxona bilan tanishdik. Kitob almashib oʻqish ekanligini eʼtiborga olib, qaytarish sharti bilan oʻzimizga yoqqan kitoblardan uyda oʻqishga oldik. Koʻpchiligimizni «Oʻzbekiston» nashriyoti tomonidan chop etilgan «Oʻzbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga qoʻshgan hissasi» nomli illyustratsiyali kitob qiziqtirdi. Uni ham almashtirib oʻqishga kelishib oldik.
Baxtinigor Oʻrinova, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti 1-bosqich talabasi
Talabalar olgan suvratlar