Kavkaz togʻlarida Oʻzbekiston turkumidan: Shukronalik

0
159
marta koʻrilgan.

2018 yili  Kislovodskdagi “Oʻzbekiston” sanatoriysida dam oldim. Shu bilan kasb koʻnikmasi deymizmi, nootbukimni ham yelkalab olgandim. U yerda mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan  ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga yaratilgan shart-sharoitlarni, imkoniyatlarni koʻrib xursand boʻlib, beixtiyor qoʻlimga qalam oldim. Urush qahramonlarining har biri bilan suhbatlashib, gujum.uz caytiga shu yerning oʻzida joylashtirdim. Shunday qilib «Kavkaz togʻlarida Oʻzbekiston» turkumi  bitildi.  Quyida ulardan birini eʼtiboringizga havola qilamiz.

2018 yil, 19 avgust. “Oʻzbekiston” sanatoriysining  hovlisiga yangi tortib keltirilgan shifobaxsh kavkaz suvlaridan ichish maqsadida xovliga chiqdim. Suv ichib chiqar ekanman, hovlidagi shinamgina ayvonchada oʻtirgan faxriylar “Jurnalist qizim, Raʼnojon, bu yoqqa keling. Dam olish damlarida ishlaganingiz uchun sizga ezgu- tilaklarimizni bildirib qoʻyaaylik” deb chaqirib qolishdi.

Bugun ayvonchaga odatdagidan koʻpchilik, shuningdek, barcha ikkinchi jahon urushi qatnashchilari yigʻilgan edi. Chunki, ular bugun nonushtadan keyin aeroportga qarab yoʻl olishadi.

 Faxriylarning huzurlariga bordim. Ular bir-bir qoʻlini duoga ochib ezgu tilaklar bildirishdi. Tushlikkacha davolanib, tushlikdan keyin tinimsiz ishlaganim ham bir pasda esimdan chiqib ketdi.  Ishda eng asosiysi xalqning roziligi, ezgu tilagi axir.

– Endi xayrlashuv oldidan mening ham bir iltimosim bor. Ogʻir damlarda sizlarni hamisha ruhlantirib turgan  harbiy qoʻshiqlaringizdan kuylab bersangiz, soʻngra birgalashib “Katyusha” qoʻshigʻini eslasak”– deb soʻradim. Bu taklifni aytishga aytdim-u, oʻzim biroz xijolat chekdim. Axir bu qoʻshiqlarni kuylashganiga deyarli yetmish yildan ortiq muddat oʻtgan boʻlsa,  faxriylarimizni qiynab qoʻymadimmikan degan fikr oʻtdi koʻnglimdan.

Xavotirim beoʻrin chiqdi. Ularni koʻnglini topib aytgan ekanman shekilli soʻzim tugashi bilan-oq, Ahad bobo oʻz dviziyasining qoʻshigʻini boshlab yubordi. Undan keyin Shaqqoz bobo davom ettirdi. Ular bir-biriga joʻr boʻlishar, xuddi yoshlardek jarangdor ovozda navbatma -navbat  kuylashayotgani barchani hayratlantirar edi. Joʻrovozli qoʻshiqlarning jarangdor ohanggi bir pasda dam olish maskanini qamrab oldi. Chor-atrof dam oluvchilarga toʻlib ketdi. Oxirida joʻr boʻlib “Katyusha”ni kuylashdi. Jarangdor qoʻshiqlarning xushkayfiyati barchaga yuqdi. Beixtiyor qadimiy turkiydan tarjima qilganim “Qisasi Rabgʻuziy” asaridagi Sulaymon paygʻambar haqidagi satrlar koʻz oldimga keldi.  Sulaymon paygʻambar ilohiy kitobdan qiroat qilganida, xushovoziga maftun boʻlib qushlar joʻr boʻlishar ekan. Bu goʻzallikni eshitish uchun samodan farishtalar yerga enishar ekan. Nazarimda paygʻambar ruhi kelgandek, jami farishtalar oromgoh osmoniga yigʻilib ularga  koʻkdan kuch-quvvat bagʻishlayotgandek tuyuldi.  

Sirdaryolik Mahamadi bobo Xoʻjabekov qoʻshiqlardan keyin mustaqil Oʻzbekistonimizdagi tinchlikni, ulugʻvor islohotlarni, el-yurt obodligi, osmonimiz musaffoligini alqab, mamlakatimiz Prezidenti haqiga sheʼriy qasida oʻqib ezgu-tilaklar bildirgani  oxirida meni ham qoʻshib duo qilganida shunchalar xursand boʻldimki, kasbimga, elimga mehrim yanada oshib ketdi.

 Aslida men nima qildim!? Kasbimni sevganim tufayli, hukumatimizning faxriylarga boʻlgan gʻamxoʻrligiga tasannolar aytib, ularning shunga loyiqligini ifodalab berdim, xalos. Ezgu soʻzlar, ezgu amallar insonga qanchalik kuch-quvvat bagʻshida etishini koʻrib, ularning hukumatimizga, Prezidentimizga minnatdorchilik bildirishlarini, shukronasini eshitib tinglovchilarning ham qalbi toʻlqinlanib ketdi. Bir pasda atrofimizdagi dam oluvchilar oʻz telefonlari orqali suvratga ola boshlashdi. Oʻshanday ilhomli  daqiqalarni tasvirlarga muhrlay olmaganimdan, fotoapparatimni “zaryadka”ga qoʻyganimdan afsuslanib ketdim.

Aminmanki, faxriylar koʻp narsani unitgan, biroq oʻziga ogʻir janglarda kuch-kuvvat bagʻishlagan qoʻshiqlarni unitishmagani moʻjiza edi. Soʻz qudratini, ohang goʻzalligini yana bir bor shu yerda faxriylar timsolida his etdim. 

Faxriylarni kuzatib qoʻyishga  mashinalar tayyor turar, yuklar ortilgan edi. Faxriylar nonushtadan chiqib, avtobuslarga joylashib olib, yana  duoga qoʻlini ochib el-yurtga tinchlik, obodlik, har bir xonadonga qut-baraka, yoshlarga iqtidor, har biriga insof-tavfiq, yurtboshimizga uzoq umr tilashdi. Koʻpning duosi koʻl deganlaridek, mening nazarimda, samodan farishtalar hamon kuzatib turgandek edi. Keksalarni xursand qilib koʻnglini topa olgan mamlakatimiz Prezidentidan biz ham  xursand boʻldik.

Ularni kuzatib qoʻydim-da  muolajalar oladigan boʻlinmaga karab yurdim.  U yerdan keyin narzan suvidan  ichishga hovliga chiqsam ikkinchi jahon urushi ishtirokchilarining yangi guruhi kelganining guvohi boʻldim. Farzandlari xonalarni belgilab olguncha biz ular bilan suhbatlashib turdik. Bobolar uzoq umr koʻrishning asosiy omili halol mehnat deb biladi va doimo farzandlariga, keyingi avlodga shuni uqtirib kelishayotganini gapirib berishdi.

Yuz bilan yuzlashayotgan kishilarni koʻrganimda, ular bilan suhbatlashganimda yurtimiz  uzoq umr koʻruvchilar yashaydigan yurt ekanligini his qildim. Oʻzbekiston jahondagi mamlakatlar orasida eng bexavotir yashaydigan mamlakatlar qatorida qayd etilgani bejiz emasligiga yana bir karra xayolimdan oʻtkazdim.

Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston  Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.