Mamlakatimizda keng oʻtkazilayotgan “Kitobxonlik haftaligi” doirasida Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonada 9 aprel kuni Sohibqiron Amir Temur hayoti va faoliyatiga bagʻishlab viktorina va ushbu mavzuda bilimdonlar tanlovi hamda Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripovaning “Ona yurting– oltin beshiging” nomli mualliflik kitobining taqdimoti oʻtkazildi.
Tadbir Milliy kutubxona, Toshkent shahar “Bilim” axborot kutubxona markazi, “Sogʻlom ona va bola” markazi hamda “Oltin qalqon” harbiy kichik akademiyasi hamkorligida onlayn hamda oflayn tarzda boʻlib oʻtdi.
Milliy kutubxona direktori oʻrinbosari Nasiba Xoldorova buyuk sarkardaning ulugʻvorligi haqidagi kirish soʻzi bilan yigʻilishni ochib berdi.
Toshkent shahar “Bilim” axborot kutubxona markazi direktori Hafiza Karimova yangi kitob taqdimoti va uning muallifi haqida gapirdi.
“Sogʻlom ona va bola” markazi boshqaruvi raisi va gujum.uz elektron gazetasi rahbari Raʼno Zaripova “Ona yurting– oltin beshiging” nomli kitob gujum.uz turkumidan chop etilganligining sabablaridan biri uning oʻquvchilari asosan yoshlar ekanligi, yurt tayanchi boʻlgan oʻquvchilar, talabalar mamlakatimiz Prezidenti taʼkidlagan uchinchi renessansning poydevorini quruvchilari ekanligi, buyuk kelajak ulardan boshlanishi haqida gapirdi.
Raʼno Zaripova soʻzining oxirida sohibqiron hayoti va ijodiga bagʻishlangan “Oltin qalqon” harbiy kichik akademiyasi tarbiyalanuvchilariga toʻrtta savol berdi. Birinchi va ikkinchi savol: Sohibqiron mamlakatni obodonlashtirishga katta eʼtibor berganligini Toshkent viloyati va Qozogʻistonda allomalarga ehtirom bilan bunyod qildirgan maqbaralar ham ifodalab turibdi. Bular qaysi maqbaralar? (Turkistonda: Arslonbob va Ahmad Yassaviy, Toshkent viloyatida Zangiota maqbaralari). Uchinchi savol: Amir Temurning nevarasi Mirzo Ulugʻbekka bagʻishlangan ushbu ikki misraning muallifi kim? Amir Temur naslidin Mirzo Ulugʻbek, Dunyo koʻrmadi sulton aningdek.(Alisher Navoiy).
Toʻrtinchi savol: Men kelin tanlashni davlat siyosati bilan teng koʻrdim. Bu satrlar sohibqironning qaysi asarida bitilgan?(“Temur tuzuklari” asarida). Savollarga toʻgʻri javob berganlarga R.Zaripova oʻzining asarini armugʻon qilib ragʻbatlantirdi.
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoira Umida Abduazimova va jurnalist Muhabbat Xoʻjamurodova, Uchtepa tuman axborot kutubxona markazi direktori Barchinoy Xodjayeva Raʼno Zaripovaning “Ona yurting– oltin beshiging” nomli mualliflik kitobi haqida gapirishdi.
Tadbirning ikkinchi qismi – Amir Temur hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan viktorina hamda bilimdonlar tanlovi yanada qizgʻin kechdi. Ellikdan ortik talaba ushbu bellashuvda faol qatnashdi. Talabalar qiynalgan savollarga ustozlar va kutubxona mutaxassislari javob berish huquqini qoʻlga kiritishdi. Tanlov oxirida eng koʻp qatnashgan ikki talaba birinchilik uchun bellashdi.
Faol qatnashganlar ham gʻoliblar ham Toshkent shahar “Bilim” axborot kutubxona markazi tomonidan Faxriy yorliq va kitoblar bilan taqdirlanishdi.
Yigʻilish barchada katta taassurot qoldirdi.
gujum.uz