Bugungi kunda innovatsion yangiliklar koʻpayib, taraqqiyot kuchayib, davr yuksalib bormoqda. Ushbu bizni oʻrab turgan olam, ushbu asr qanchalar taraqqiy topgan asr boʻlmasin, baribir faqirdir. Chunki, hamon baxtu saodat, ezgulik va vafo izlanmoqda. Demak, taraqqiyot va boylikning oʻzi baxt-saodatni toʻliq taʼminlab bera olmas ekan. Bundan kelib chiqadi-ki, maʼnaviyatni, maʼrifatni yuksaltirishning ahamiyati yanada ortib boraverar ekan.
Maʼnaviyatni, maʼrifatni yuksaltirishning yoʻli esa mutolaa madaniyatini kuchaytirish ekanligini mamlakatimiz Prezidenti qarorlaridan, Harakat strategiyasidan va uning uzviy davomi boʻlgan Taraqqiyot strategiyasidan ham anglash mumkin.
Zamonning kemtikligi shunda-ki, baʼzi odamlar soyaga oʻxshaydi, ularga na suyanib boʻladi, na ishonib. Unday paytlarda beixtiyor shoir va hukmdor Zahiriddin Muhammad Boburning sheʼriy satrlari, oʻgitlari xayoldan kechadi va oʻzingizni yupatasiz va oʻzingizni anglashga intilasiz…
Har kimki, vafo qilsa, vafo topqusidir,
Har kimki, jafo qilsa, jafo topqusidir,
Yaxshi kishi koʻrmagay yomonliq hargiz,
Har kimki, yomon boʻlsa, jazo topqusidir.
Qurʼoni karimning Zoriyot surasi 56-oyatida shunday deyiladi: “Men jinlar va insonlarni faqat Oʻzimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim”. Ibodat nima oʻzi?! Namoz oʻqishmi1? “…Allohga yaqinlik hosil qilish uchun qilinadigan har bir ish ibodatdir” deydi zamondoshimiz shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf(oxirati obod boʻlsin).
Azizlarim, ezgulikka, yaxshi amallarga yuzlaning. Yaxshilik yoʻlida qilgan har bir ishimizni, katta-kichik amallarimizni Allohning oʻzi ibodat darajasida qabul qilishlaridan umidvormiz.
Markazimiz tomonidan poytaxtning Yunus Rajabiy mahallasida amalga oshirilayotgan, parlament kommissiyasi tomonidan qoʻllab quvvatlangan ochiq osmon ostidagi minikutubxona ham maʼnaviyatni, maʼrifatni yuksaltirish, mutolaa madaniyatini kuchaytirish istagidagi ezgu amaldir!
Minikutubxona tashkil etilganiga yaqinda bir yil boʻladi. Ayni kunda markazimiz tomonidan qoʻyilgan kitoblar deyarli qolmadi. Biroq, oʻrnini biroz uringan boʻlsada yangi oʻqimishli va qiziqarli kitoblar egalladi. Mahalla ahli kitob almashib oʻqish usuliga oʻrgandi. Minikutubxonadan maqsad: kitob almashib oʻqish edi-da! Ushbu ishning bardavom boʻlishida tilakdoshman. Savobi barchamizning yoʻlimizni yoritsin, qalblarimizni nurlantirsin. Mutolaa madaniyatini yuksaltirishga hissa qoʻshishni istovchi koʻngilli safdoshlarimiz koʻpayaversin.
Ezgu ishga munosib hissa qoʻshayotgan baʼzi insonlarni aytib oʻtsam: Oʻzbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi bu yil respublika boʻyicha yuz nafar faxriy jurnalistga oʻzi muassis boʻlgan «Hurriyat» gazetasiga bepul obuna uyushtirdi. Faxriy jurnalistlar safida biz ham bor. Oʻqib boʻlgach men uni minikutubxonaga qoʻyib boryapman. Yunus Rajabiy koʻchasi 72 uyda yashovchi Bahodirjon va Gulyabonu, yana ushbu uyda yashovchi Habiba va Adhamjon Zohidovlar, Koreya madaniyat markazi vakillari va kechagi kuni «Teatr» jurnali muxbiri Muhabbat Xoʻjamurotova oʻz kutubxonalaridan kitob va jurnallar armugʻon qilishdi. Bu men bilganlarim.
Bilmaganim qancha?! Oʻtgan haftada volonterlardan kimdir uchta «Ensiklopediya»(rus tilida) qoʻygan edi. Ikki kun oʻtib ikkitasini olib ketishdi. Oʻrniga uringan boʻlsada rus tilidagi jahon adabiyoti asarlari paydo boʻldi. Yana bir kuni koʻz oldimda oʻrta yoshlardagi rus yigiti bir paket yaʼni 20-30 kitobni qoʻyib ketdi. Hatto ismini soʻrasam aytishni ham maʼqul koʻrmadi. «Uyda bekor turibdi, odamlar foydalansin, savobi tegsin» dedi u. Xullas har kuni ishga oʻtayotib ochib koʻraman. Har kuni yangi kitoblar mavjudligini kuzataman. Bu xalqimiz- ning mutolaa madaniyati yuksakligini ifodalaydi.
Biroq, odamlar baʼzi kitoblarni olib ketishadi, afsuski qaytmaydi. Masalan, Yunus Rajabiy nomidagi mahalladan berilgan Yulduzxon Nazarning «Aslingizdek boʻlishga tayyormisiz?» degan asarini minikutubxona ochilgan kuni olib ketishdi. U qaytmadi. Shoira Sharifa Salimova bilan mahallada uchrashuv oʻtkazdik. Ijodkor mahallaga va minikutubxonaga kitoblar armugʻon qildi. Shoiraning «Qushlar alifbosi» nomli bolalarga atab yozilgan kitobining bir taxlamini Oʻzbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi vakilasi minikutubxona ochilishida sovgʻa qilgan edi. Rangli rasmlar bilan bezatilgan moʻjazgina ushbu kitobni har kuni yangidan qoʻyaman har kuni olib ketishdi. Bir oy ana shunday davom qildi. Bundan xursand ham boʻldim. Demak odamlar mutolaaga mushtoq. Biroq, bolasiga har kuni kitob olib berish imkoniyati yoʻq. Minikutubxona ana shu boʻshliqni toʻldirmoqda.
Afsuski, minikutubxonani xushlamaydiganlar va men u joydan foydalanmayman deydiganlar ham uchraydi. Bir yuz oʻttiz millatli mamlakatmiz. Turfa millat, turfa feʼlli kishilar boʻlishi tabiiy. Hayotning goʻzalligi ham turfalikda. Mayli ular ham omon boʻlishsin. Ularning har kuni bolasiga kitob sotib olib berish imkoniyati bordir. Lekin barcha narsani oʻzining chamasi bilan oʻlchamaslik ham kerak-da.
Azizlarim, ezgulikka, yaxshi amallarga yuzlaning. Yaxshilik yoʻlida qilgan har bir ishimizni, katta-kichik amallarimizni Allohning oʻzi ibodat darajasida qabul qilishlaridan umidvormiz.
Volonterlar, men bilgan bilmagan minikutubxonani qoʻllab-quvvatlab turgan aziz kitobxon doʻstlarim! Sizga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman. Salomat boʻling. Ezgu ishlaringiz yoʻldoshingiz boʻlsin.
Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist