UZREPORTTVning Mahallalarni yayov kezganda koʻrsatuvi avvalo nomi bilan meni oʻziga jalb qildi.
Vodiylarni yayov kezganda,
Ajib bir his bor edi manda.
Chappar urib gullagan bogʻin,
Oʻpar edim vatan tuprogʻin.
Bolaligimizdan qalblarimizga singan, darsliklarimizdan joy olgan Hamid Olimjonning ushbu satrlari hamon dillarimizni yayratadi. Qoʻshiqdek qalblarimizga oqib kiradi. Goʻyo begʻubor bolaligimizga qaytgandek boʻlamiz. Erkin akam Zaripov ( bugungi kunda professor, hamon talabalarga saboq beradi) tovush chiqarib. zavq-shavq bilan oʻqiyotganida men ham ketidan takrorlab yodlab olgan edim. Men uni hamon zavq-shavq bilan takrorlab, nevaralarimga yodlab beraman.
UZREPORTTV ushbu orombaxsh shox satrlardan ijodiy foydalanib, “Mahallalarni yayv kezganda” koʻrsatuvini tayyorlayotgani bugungi davrimizga, bugungi siyosatimizga “labbay” deya javob beradi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatining Olot tumani markazida Olot, Qorakoʻl, Jondor va Shofirkon tumanlari faollari, mahalla raislari bilan ham uchrashganida shunday deya taʼkidlagan edi: – Mahalla raisi qachon obroʻli boʻladi? Xalq dardini rahbarlarga loʻnda qilib qoʻysa. Hamma masala avvalo mahallada hal boʻlsagina odamlar rozi boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Zero, bugun butun mamlakatda uygʻonish davri. Loqaydlik, oʻziboʻlarchilik bilan oʻzgarish boʻlib qolmaydi. Xalqqa sharoit yaratish, tashabbuskorlarga, tadbirkorlarga koʻmaklashish, tinimsiz intilish va mehnatgina natija keltiradi.
Bizning mahallamizga yaʼni poytaxtimizning Yu. Rajabiy nomidagi mahallasiga bagʻishlangan koʻrsatuvda koʻtarinki kayfiyat, kelajakka ishonch ufirib turardi. Ushbu turkumda mahallalarda uygʻongan tashabbuslarni qullab quvvatlash va ularni hayotga keng joriy qilish va muammolarni hal qilishga koʻmaklashish ruhiyati kezib yurardi.
Koʻrsatuvda Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari Furqat Maxmudxoʻjayev qatnashayotgani va mahalla yutuqlari targʻib qilinib, kamchiliklari koʻrsatilayotgani va muammolar joyida hal etilayotgani ham eʼtirofga loyiq.
Ushbu koʻrsatuvda katnashib, oʻzim rahbarlik qilayotgan ”Sogʻlom ona va bola” ayollarni va yoshlarni qoʻllab quvvatlash markazimiz va ”GUJUM.UZ“ saytimiz orqali koʻtarib chiqqan mahalladagi tashabbusimiz, faoliyatimiz haqida gapirayotib oʻzim TVda ishlagan 80-90 yillarga beixtiyor solishtirdim. Bugungi TV innovatsion texnika nuqtai nazaridan juda rivojlanib ketayotganligining guvohi boʻldim. Bir vaqtning oʻzida mahallamizning toʻrtta koʻchasida jonli efir amalga oshirildi.
Men bilan suhbatlashgan suxandon hamda jurnalist Azizaxonimga Oliy Majlis huzuridagi parlament komissiyasining qoʻllab quvvatlashi orqali mutolaa madaniyatini yuksaltirish, kitobsevarlarni koʻpaytirish niyatida amalga oshirilayotgan va Yu. Rajabiy mahallasining bolalar maydonchasida tashkil etilayotgan minikutubxona haqida gapirib berdim.
Bolalar maydonchasida sport mashgʻulotlari uchun shart-sharoitlar mavjud. Biroq, mutolaga undovchi, kitobni targʻib qiluvchi usul-uslublar yoʻq. Mini kutubxona ana shu imkoniyatni yaratadi. Albatta, bu tashabbusni butun mamlakatimiz boʻylab yoyilishini istayman.
Aslida bu gʻoya bundan ikki-uch yil oldin tugʻilgan. ”GUJUM.UZ“ saytimizda AQSH parkidagi kitob almashib oʻqishga moʻljallangan minikutubxona haqida hikoya qilgan edik. Biroq, u kichkinagina qushlar uchun taxtadan yasaladigan uycha koʻrinishida edi. Biz bu gʻoyani rivojlantirdik. Minikutubxonaga koʻrkamlik bagʻishladik. Innovatsion texnologiyalarga ham eʼtiborni qaratdik. Yakkasaroy tumani Yunus Rajabiy mahallasidagi bolalar maydoniga joylashtirildi. Azizaxon suhbatimiz davomida “ochiq osmon ostidagi minikutubxona” deya gʻoyamizni maʼqullagan edi.
Ayni kunda poytaxtning Yu. Rajabiy nomidagi mahallasida ushbu loyihani yanada rivojlantirish maqsadida Toshkent shahar Kengashi huzuridagi Jamoat fondi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi mustaqqilligining 30 yilligi munosabati bilan eʼlon qilingan “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik” mavzusidagi hamda “Yangi Oʻzbekiston – yangicha dunyoqarash” tamoyili asosida yoshlarni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish, ularning axborot texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalarini shakllantirish, kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini taʼminlash» yoʻnalishidagi grant tanlovida markazimizning “Kitobxon mahalla yohud ochiq osmon ostida QR kodli minikutubxona” mavzuidagi loyihamiz qoʻllab quvvatlandi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari hayotidagi yangi Oʻzbekistondagi yangi islohotlardan biri shuki- ushbu tashkilotlarni qoʻllab quvvatlaydigan hududiy Jamoat fondlari ham tashkil etildi.
Loyihada nazarda tutilgan elektron QR kodli kitoblar afishasini tayyorlashda markazimiz oʻzbek xalqining boy tarixi, ulugʻ olim-mutafakkirlari hayoti va ijodi, xalqimiz madaniyati, milliy gʻoya va mafkuramizni ifodalagan kitoblarni oʻzbekcha va ruscha variantlarini saralab, afishani tayyorlashda Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi bilan hamkorlik qiladi.
Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist