Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimining taʼkidlashicha, bugun koronavirus infeksiyasi qayd etilishi holatlari 16 nafar boʻlib, jami bemorlar 104 nafarni tashkil etmoqda.
Ushbu infeksiyani yuqtirib olganlarning 2 nafari Fargʻona viloyatida, yana 2 nafari Xorazmda va bir nafari Toshkent shahrida qayd qilingani tasdiqlandi.
Bundan tashqari, yangi aniqlangan holatlarning 6 nafari 26 mart kuni Moskva–Toshkent charter reysi orqali olib kelingan va karantinga olinganlar orasidan chiqdi. Yana 7 nafari 26 mart kuni Istanbul–Toshkent charter reysi orqali olib kelingan va karantinga olinganlar orasidan hamda 3 nafari bemorlar bilan muloqotda boʻlganlar orasidan aniqlangan.
Shuningdek, bugun 1 nafar erkak bemorda oʻlim holati qayd etildi. “Dunyo” saytining taʼkidlashicha, u doktor boʻlib, oʻzini uyda davolamoqchi boʻlgan. Kasalni yashirsang isitmasi oshkora qiladi, degani shuda.
Azizlar oʻzingizni va oilangizni asrang! Karantin davridagi tartibga rioya qiling.
Ayni kunda hayot sinovlariga qarshi turishda oʻzingizda kuch topa biling! Bugungi oila davrasidagi holatingizdan bahra oling, zavqlanib, oʻynab — kulib, sevinib yashay biling. Farzandlaringiz bilan birga jismoniy mashqlarni bajaring. TVning “Navo” kanalini qoʻyib, goʻzal musiqaga raqsga tushing. Jajjilar bilan qiziqarli kitob oʻqing. Oila aʼzolaringizni mazali taomlar bilan siylang. Axir uyda pishgan taomga nima yetsin!
Bugun oʻgʻlim nabiralarim bilan oʻtirib oddiy baklashkadan kema yasadi. Ularni kuzatib turib moʻjazgina qoʻlbola kemaga qarab zavqlanib ketdim, “bunaqa qobiliyating ham borligini bilmas ekanman” dedim beixtiyor. “Onaginam izlagan imkon topadi”, dedi u ham hozirjavoblik bilan… Bir payt qarasam, nevaralarim uni buzib qaytadan yasashga intilishayapti.
“Lazgi“ raqsini qoʻygan edim, bari raqsga tushib ketdi. “Xodinok”da oʻtirgan yetti oylik nevaramning muziqadan zavqlanishiga, akalariga qarab raqsga tushayotgan muqomlariga yanada sevindim.
Hayotda hamma narsa oʻtkinchi, bugungi sinovli kunlarda vahimaga qilmang, kayfiyatni tushirmang, sabr qiling, chunki tundan keyin tong keladi. Oyning oʻn beshi qorongʻu, oʻn beshi yorugʻ deydi elimiz odamlari. Eng asosiysi uyda qolib, boʻsh vaqtingizni mazmunli oʻtkazib, zavqlanib yashang. Ollohga imon keltirib, yaxshilik ila yashayotgan ruhiyati baland boʻlgan odamga dard yuqmaydi, deya umid bilan ezgu tilaklar bildirib qolaman.
Azizlarim uyda qolib, zavqlanib yashashga oʻrganing.
Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist