Markazimiz volonteri Hafiza KARIMOVAning dil soʻzlari: KASBIM MENING –  FAXRIM MENING

0
433
marta koʻrilgan.

Tahririyatdan: «Sogʻlom ona va bola» markazimizning volonteri Hafiza Karimova bilan tanishganimizga  oʻn yil boʻldi. Tugʻilgan kunimga Ayshaxon Oxunova bilan kirib kelishdi, goʻyo xonadonimga nur kirib kelgandek boʻldi. Oʻtgan yillarda u oʻzining samimiyligi, doʻstga jonkuyarligi, kasbiga sadoqati bilan yuragimdan oʻrin oldi.  Markazimizning volonteri sifatida koʻplab ishlarimizga koʻmakdosh, hayotda sirdosh! Oʻzidan ortib birovning tashvishiga sherik boʻladigan koʻngillilar bugungi kunda kam topiladi.  Oʻzidan kechib, oʻzligidan kechib yordamga shoshilish  komil insonning ishi degim keladi.  Markazimiz volonteri  Hafizaxonning mehnat faoliyatiga qirq yil, biz bilan hamkorligiga oʻn yil boʻlibdi. Zero, «Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisida»gi  Qonun bejizga qabul qilinmadi. Koʻngillilarning hayotdagi oʻrni alohida ahamiyatga ega.  Hayotdan hikmat izlab yashayotgan  doʻstimizga  roʻza ayyomida ezgu tilaklarimni bildirib qolaman.  Endi soʻz markazimiz koʻmakdoshi, hamkorimiz Toshkent shahar «Bilim»  axborot-kutubxona markazi direktori  Hafizaxonim Karimovaga!

«Axborot — kutubxona faoliyati toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganiga toʻqqiz yil toʻldi. Bu yil kutubxonachilik mutaxassisligi boʻyicha kamtarona faoliyatimni boshlaganimga esa  40 yil boʻldi. Shu oʻrinda oʻtgan davrga bir nazar tashladim.  Oʻz kasbimga, kitobxonlarimga naqadar mehr qoʻyganligimni yana bir karra angladim. Mutolaa madaniyatining yuksalishiga, komil inson tarbiyalashga, maʼnaviy olamining goʻzalligiga goʻzallik qoʻshishga munosib  hissa qoʻshganimdan benihoya xursandman.

Maktabni tamomlab Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent Davlat Madaniyat institutiga jamalak soch qizcha katta umidlar bilan kelganini va muvaffaqiyatli  diplomini qoʻlga kiritishga musharraf boʻlgan paytlardagi quvonchlarimni hamon-hamon eslayman.  Ustozlarni koʻz oldimdan bir-bir  oʻtkazib yurak-yurakdan duolar qilib qoʻyaman. Roʻza ayyomida oʻtganlarning xotirasiga tilovat qilib oxiratini Yaratgandan soʻrayman. Safimizdagi ustozlarga dil-dilimdan minnatdor boʻlibuzoq umr, osoyishta hayot tilayman. Zero, ushbu diplom  asosida uzoq yillar davomida Bobur nomli Andijon viloyat ilmiy-universal kutubxonasida  oddiy kutubxonachilikdan tortib, yetakchi hamda  bosh mutaxassis, ilmiy uslubiyat  boʻlimi mudiri lavozimlarida faoliyat koʻrsatganman.

2000 yildan Andijon viloyat hokimligi va viloyat madaniyat ishlari boshqarmasining tavsiyasi bilan viloyat bolalar kutubxonasiga, 2001 yildan esa Bobur nomli Andijon viloyati ilmiy-universal kutubxonasiga direktor vazifasiga tayinlanganman. Viloyat aholisini, ayniqsa yoshlarimizni yuksak intellektual saloxiyatli insonlar sifatida tarbiyalanishiga jamoamiz bilan birgalikda oʻzimning munosib xissamni qoʻshganim, ustozlarning oʻgitlari ila menga quvonch bagʻishlaydi.

2010-2015 yillarda kutubxonachilik sohasidagi faoliyatim bilan birga Andijon viloyatidagi tashkiliy, maʼnaviy-maʼrifiy ishlardagi faol ishtirokimni inobatga olib hamda viloyat ahlining va davlatimizning ishonchi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida deputat, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi sifatida faoliyat olib borganman.

Ayniqsa, “Axborot kutubxona-faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini qabul  qilinishida belgilangan talablar asosida takomillashtirilishiga, kutubxona xodimlari va kitobxonlar manfaatlariga mos ravishda qabul qilinishiga  masʼul deputat sifatidagi faoliyatimni alohida bir mamnuniyat bilan eslayman.

 Chunki, oʻz vakolatim doirasida mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi meʼyoriy huquqiy mexanizmlarini yanada takomillashtirishda salmoqli xissa qoʻshish baxtiga muyassar boʻlganman. Xususan, axborot-kutubxona sohasining asosiy xujjati “Axborot-kutubxona faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyixasini yanada takomillashtirishda koʻp yillik tajribaga ega mutaxassis, mamlakatimiz kutubxona xodimlarining bir vakilasi hamda masʼul deputat sifatidagi konstruktiv takliflarni ilgari surib, mukammal xujjat qabul qilinishida oʻziga xos qiyinchiliklar, 150 nafar deputatning fikrini bir joyga jamlash, 28 ta moddasida oʻz aksini topgan axborot-kutubxona muassasalarini rivojlantirish, moddiy texnika bazasini mustahkamlash va ularning huquq va majburiyatlarini hamda kutubxonalar uyushmasini tashkil etish orqali davlat dasturlari ishlab chiqishda ishtirok etish – men uchun mahorat maktabi hamda  faxr edi.   

Albatta, kuch birlikda deganlaridek, ushbu loyihani yanada takomillashtirishda, xorijiy tajribalarni oʻrganib muvofiqlashtirishda oʻz maslahatlarini berib men bilan yelkama-yelka turib oʻz mehnatlarini, aniq va tiniq takliflarini ayamasdan yonimda turgan qoʻmita raislaridan N. Ismoilov, A. Joʻraboyev, deputatlardan I. Abdullayev, F. Soliyev, N. Muratov, A. Ziyo, O. Axunovalar, sohamiz vakillaridan A. Xodjayev, A.Umarov, M. Raxmatullayev, I. Maminova, A. Ishmatov, D. Qudratova kabi kuchli bilimli, tajribali, fidoyilarni  alohida tilga olishni joiz deb bilaman. Chunki, qonun qabul qilish texnikasi talablariga binoan qisqacha aytadigan boʻlsam, uch oʻqishda qonun loyihasi koʻrib chiqiladi va maʼqul kelsa qabul qilinadi. Ikkinchi va uchinchi oʻqishlardagi murakkablik barchamizni yodimizda muhrlangan desam adashmagan boʻlaman. Har bir modda, har bir soʻz, har bir jumla, kerak boʻlsa har bir nuqta, vergul ustida shunaqa tortishuv ketadiki, asosiy maqsad birinchi navbatda qonun meʼyorlariga, qolaversa xalqaro standartlarga mos kelishi talab etilar edi.

Shuningdek, har bir qonun loyihasi qachonki, jamoatchilik nazorati, fikri bilan yanada mukammal xujjatga aylanishi amaliyotda tasdiqlangan. Albatta, shuni nazardan qochirmagan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida kutubxonachilik soxasida faoliyat yuritayotgan kuchli bilimli va tajribali mutaxassislarimizdan D. Shukurova, M. Joʻraboyeva, Sh. Ahmedova, T. Alimxodjayeva, G.Ismoilova, A. Boymatovlarning takliflarini onlayn tarzdagi video konferensiya oʻtkazish orqali olganlarimiz kechagidek esimda.

Xulosa qilib aytmoqchimanki, mustaqillikka erishganimizdan keyingi asosiy maqsadi axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat boʻlgan yagona huquqiy-meʼyoriy mexanizm yaʼni QONUN edi. Mana shu xujjatni qabul qilinishida faol ishtirok etish baxti menga nasib etdi. Shularni sarhisob qilar ekanman, kasbdoshlarim hurmati, el eʼtiboridan  dilim shukronalikka toʻladi. Yaxshilarga yondoshganimdan xursand boʻlaman.  Roʻza ayyomlarida  hayot yoʻlimda yonma yon ishlagan, taʼbir joiz boʻlsa, «yonimda oqqan daryolarning» umriga umr tilab qolaman. Zero, ular bilan  kasbim mening haqiqiy maʼnoda faxrimga aylandi.

Hafiza KARIMOVA, Toshkent shahar «Bilim»  axborot-kutubxona markazi direktori

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.