Jamoat qoʻrgʻonining fidoyisi, temir qalqoni Muazzamxon Hasanova poytaxtdagi Yunus Rajabiy nomidagi mahallada Oilalarni mustaxkamlash va milliy kadriyatlarni tiklash boʻyicha mutaxassis boʻlib faoliyat yuritadi.
Mahalla mehriboni Muazzamxon har bir kishiga eʼtiborli, hatto, ulardan birining qoʻliga tikon kirsa joni halak. Mahallada, nogohon yangi qush sayrasa biladi. Bayramlarda, navroʻz tantanalarida, turli tadbirlarda ahli ayollarning boshini qovushtirib, jizzali nonlar yopib, mehmon kutadi. Kattalarni mahallaning oqsoqoli otaxonim, mehribonim onaxonim, deya koʻnglini oladi. Yoshlarni, kichkintoylarni qoʻrgʻonimiz qalqoni, deya suyadi. Har bir insonni tanish, dilini topish uchun yillar kerak boʻladi, albatta. Muazzamxon ushbu mahalla kengashida yigirma besh yil mehnat qilib, obroʻ-eʼtibor, izzat hurmat topdi.
Men uni yana bir xususiyatini xush koʻraman. Qurʼoni karimdan qiroat qilsa, sayrab turgan bulbullar ham lol qoladi. Yana bir yaxshi fazilati bor. Sogʻlom turmush tarziga rioya qilib yashashga mahalladoshlarini undaydi. Goh-gohida anhor boʻylarida uchrashib qolamiz. Albatta, bu karantindan avvalgi gap. Men kabi nevaralari qurshavida, baʼzan mahalladoshlari davrasida badantarbiya mashqlari bilan shugʻullanayotgan boʻladi. “Kasal boʻlib, dorilarga mukka ketgandan koʻra sogʻlom turmush tarzi afzalda Raʼno opa. Bizga Olloh shunday goʻzal joyda yashashni nasib aylagan ekan, qani endi, mahallaning barcha ayollarini sogʻlom turmush tarziga oʻrgata olsak”, deydi u samimiyat bilan.
Ana shu tashabbuskor, kuyinchak Muazzamxonning nevarasi xalqaro olimpiada gʻolibi boʻldi. Halqimizning “Ot izini toy bosadi” degan matalining namunasi shuda! Abduraxmon Erkinov Ergash oʻgʻli Rossiyada 6-sinf oʻquvchilari uchun adabiyot fani boʻyicha onlayn tarzda oʻtkazilgan “Vremya znaniy” xalqaro olimpiadasida 1-oʻringa munosib koʻrildi. U poytaxtimizdagi 280- maktabning 6-sinfida tahsil oladi.
Aynan uyda oʻtirgan karantin davriga rejalashtirilgan ushbu xalqaro olimpiada oila kattalarining oʻz farzandlariga eʼtiborini qaratishdan iboratdir. Lekin, hamma ham shunga eʼtibor beravermaydi. Buning uchun mutolaa madaniyatining ahamiyatini tushunish, farzandini izlanuvchanlikka, tashabbuskorlikka unday bilish kerak. Abdurahmonning bugungi yutuqi buvisining va ota-onalarining quvonchlari ana shu saʼy- harakatlarning samarasi desa arziydi.
Mamlakatimizda onlayn oʻquv soatlari TV orqali muntazam berilmoqda. Uyda oʻtirib ijodiy fikrlab, yaratilgan zamonaviy texnologiya imkoniyatlaridan oʻquvchilarning samarali foydalanishida pedogoglar bilan ota-onalar zimmasiga hamkorlik masʼuliyati yuklanadi. Pedogoglik bugungi kunda ota-onalar zimmasida. Yoʻl-yoʻriq koʻrsatib borish esa oʻqituvchilar vazifalari boʻlib qoldi. Buni qizimning telefoni muntazam bandligidan ham anglayman. Boʻsh qolganida oʻzi telefon qilib, boya talabalarim bilan gapirishayotgan edim deb, uzr soʻrab qoʻyadi.
Aziz yurtdoshlar, uyda qoling, boʻsh vaqtlaringizdan samarali foydalaning. Alloh bergan bu sinovning ezgu tomoni shuki, farzanndingizning salohiyatini yuksaltirish borasida eʼtiborli va gʻamxoʻr boʻladigan payt keldi. Oilamiz, xalqimiz, balki butun dunyo ahlini tojlivirus tashvishga solib turgan paytda hukumatimiz koʻrsatmalariga amal qilib, karantin qoidalariga rioya etib, Muazzamxon va nevarasi Abduraxmondek har bir damdan samarali foydalaning!
Bizning Toshkent shahar “Sogʻlom ona va bola” markazimiz hamda gujum.uz elektron nashrimiz bu kasallikka qarshi kurash yoʻlida birlashishni oʻzining davlat va xalqimiz oldidagi burchi deb biladi. Oʻyda qolib farzand tarbiyasi bilan samarali mashgʻul boʻlayotgan oilalar haqida maqolalar berib boryapmiz. Karantin davrini farzandlar taʼlim- tarbiyasi bilan samarali oʻtkazayotgan kishilardan muntazam xatlar ham kelib turibdi. Mana bugun karantin davrida olimpiadada onlayn gʻolib boʻlganlar hakida toʻrtinchi maqolamizni beryapmiz. Oila davrasidagi ushbu faoliyat ham quvonchli ham samarali!
Sinov pallasida avvalo har birimizdan matonat va yuksak madaniyat talab etiladi. Sinovlarni yengish yoʻlida yakdillik, bir tanu bir jon boʻlib yurt rahbarining, hukumatning, koʻngililarning atrofida jipslashish bugun har doimgidan muhim boʻlib, shu yoʻl bilan oilamizni, yaqinlarimizni asrab qolamiz.
Aziz yurtdoshlar! Vatan taraqqiyoti, yurt shaʼni, millat salomatligi, kelajak avlod sogʻligi, el tinchligi bugun har birimizga bogʻliq! Bu kurashda har birimiz masʼulmiz! Shuni unitmang.
Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist