Mutolaa madaniyati targʻibotchisi

0
215
marta koʻrilgan.

Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi direktori va shu bilan birga “Sogʻlom ona va bola” markazimizning hamkori, volontyori Hafizaxon Karimova bilan tanishganimizga  oʻn yil boʻldi. Tugʻilgan kunimga huquqshunos  Ayshaxon Oxunova bilan kirib kelishdi. Doʻst  bilan obod uying deganlaridek, goʻyo xonadonimga nur kirib kelgandek boʻldi. Oʻtgan yillarda u oʻzining samimiyligi, doʻstga jonkuyarligi, kasbiga sadoqati bilan yuragimdan oʻrin oldi.

Hafizaxon markazimizning volonteri sifatida koʻplab ishlarimizga koʻmakdosh, hayotda sirdosh! Oʻzidan ortib birovning tashvishiga sherik boʻladigan koʻngillilar bugungi kunda kam topiladi. Oʻzidan kechib, oʻzligidan kechib yordamga shoshilish komil insonning ishi degim keladi. Markazimiz volontyori Hafizaxonning mehnat faoliyatiga qirq yil, biz bilan hamkorligiga oʻn yil boʻlibdi. Zero, “Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bejizga qabul qilinmadi. Koʻngillilarning hayotdagi oʻrni alohida ahamiyatga ega. 

Hayotdan hikmat izlab yashayotgan doʻstimiz Hafizaxon Karimova Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi deputatlik faoliyati, yaʼni besh yillik muddati tugagach, yana sevimli kasbiga qaytdi. U Toshkent shahar «Bilim» axborot-kutubxona markazi direktorligiga tayinlandi. Bizning hamkorligimiz ana shu kundan yanada kuchaydi. Keyingi besh yillik faoliyati haqida gapiradigan boʻlsam, mutolaa madaniyatini yuksaltirish yshʼlidagi saʼy-harakatlari ulugʻvorligi bilan ajralib turadi, desak arziydi. Ziyokor ayol ishni eski  tartibda ishlayotgan kutubxonani zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan taʼminlashdan boshladi

Bir kuni bir olam quvonch bilan telefon qilib qoldi. AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi grantini olishga muyassar boʻlganligini aytib, tadbirga taklif qildi. Bordim. Kutubxona oʻsha kuni yanada gavjum, yoʻlaklar ikki mamlakatning bayroqlari, gullar va bolajonlar xush koʻradigan pufakchalar bilan bezatilgan edi. Tadbir ikki mamlakat vakillarining ishtirokida oʻtdi. Ayniqsa, maktab oʻquvchilarning chiqishlari tadbirga jon bagʻishladi. Elchixona tomonidan grant asosida 20ta kompyuterlar sovgʻa qilinishi yoshlarni kompyuter savodxonligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Qaxramonimiz kamtorona kasbi sharofati bilan Germaniyada, AQSH, Koreya mamlakatlarida xizmat safarida koʻrib kelgan tajribalari asosida kutubxonani zamonaviylashtira boshladi. Parlamentdagi faoliyati davrida esa eng rivojlangan davlatlarning qonunchilik tajribasini “Axborot – kutubxona faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni tayyorlanayotgan paytda oʻrganib, muvofiqlashtirishga erishgan.

Hofizaxonga oʻrgangan zamonaviy texnologiyalari ayniqsa, pandemiya davrida asqatdi. Kutubxona ishini bir dam toʻxtatmadi. Kutubxona onlayn ishlashga oʻtdi. Mutolaa madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan qator tanlovlar uyushtirdi, ijtimoiy tarmoqlarda yangi kanallar ochib yangi-yangi gʻoyalarni ilgari surdi. Masalan, kutubxona “Men muvaffaqiyatli ayolman” loyihasi doirasida “Bilimli ayol” kanali faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Kanalda ayollarimizga xos elektron va audio kitoblar, jumladan, farzand tarbiyasi, sogʻlom turmush tarziga oid adabiyotlar, toʻgʻri ovqatlanish hamda goʻzallik sirlari, sharq tillaridagi badiiy asarlar, ularning tarjimalari joylashtirib borildi. Mushtariylarning soʻrovnomalari orqali ularni qiziqtirgan mavzuga oid kitoblarni tavsiya qilib oʻtirish uchun “Bilim kitoblari” kanalini ochdi. Bolalarning aqlli va topqir boʻlishlari uchun “Aqlli karantin” loyihasi eʼlon qilindi. Undan maqsad ota-onalar va oʻquvchilarning uyda qolib, oʻzining ijodiy faoliyatini namoyon qilib qoʻllab quvvatlashga daʼvat etish edi.

Sinovli kunlarda vazmin boʻlib, birlashib, bir-birini qoʻllab quvvatlab milliy qadriyatlarimizga xos boʻlgan birdamlik, bagʻrikenglik, sabr-qanoat namunalarini namoyon qilishga chorladi. Yana ular “Yangi zamon ayoli-asarlarda va dunyo nigohida” mavzusida onlayn suhbat tashkil etishdi. Tadbirning mazmun-mohiyatini mamlakatimiz Prezidenti Sh. Mirziyoyev taʼkidlaganidek, ayolni eʼzozlash, ayolga ehtirom koʻrsatish xalqimizga xos olijanob qadriyat ekanligini ifodalash edi. Ayollar  qanday kasb, qanday lavozimda ishlamasin, qalbi, yuragi jamiki ezgu istaklari jamiyat uchun, yurtning kelajagi uchun ekanligini hikoya qilish edi. Uchrashuv qatnashchilari oʻz xizmat vazifasidan kelib chiqib, mavzu yuzasidan, ayolning matonati, oiladagi oʻrni, jamiyat va davlat qurilishidagi ishtiroki, huquqiy himoyalanganligi haqida alohida toʻxtalib oʻtdilar.

Bu tadbirlarini biz muntazam gujum.uz saytida yoritib bordik. Bizning hamkorligimiz faqat shugina emas. Toshkent shahar «Sogʻlom ona va bola» markazi va gujum.uz sayti tahririyati eʼlon qilgan “Ezgu oʻyli bolalar” tanlovida ham hamkorlikda faoliyat yuritdik. Kutubxona ahli oʻzining kitobxonlarini tanlovimizga jalb etishda faollik koʻrsatishdi. Pandemiya davrida uyda qolib, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishga chorlovchi tanlovda bolalarning oʻqigan kitoblari haqidagi fikrlarini qisqa satrlarda berib bordik. Bolaning oʻzi oʻqigan kitobini boshqa yurtdoshlariga ham tavsiya qilishga qaratilganligi bilan ahamiyatli boʻlgan tanlov kitob almashlab oʻqishning elektron usuli, bolalarning boʻsh vaqtidagi ezgu muloqot desak ham boʻladi. Tanlovda ishtirok etgan bolalarni kitob ushlagan holdagi rasmlarini ham berib borishimiz taʼsirchanligini oshirishga, ularni yanada qiziqtirishga undadi. Chunki inson atrofidagilarga qarab qaddini roslaydi. Ayniqsa bola tengdoshining boʻyiga qarab boʻy choʻzadi. Bu saʼy-harakatlar bolalarni  ijodiy fikrlashga sermazmun muloqotga ham undaydi. Undan tashqari jamiyatga faol aralashish quvonchi bolaning ruhiyatini koʻtaradi. Oʻziga ishonchini oshiradi. Natijada maʼnaviy jihatdan immuniteti mustaxkamlanadi, salomatligi yuksaladi.

Kutubxona ahli oʻzining kitobxonlarini tanlovimizga jalb etishda faollik koʻrsatishdi. Chunki maqsad bitta mutolaa madaniyatini yuksaltirish! Birlashgan oʻzar degan niyatda biz kuchlarimizni birlashtirdik. Hofizaxon ana shunday goʻzal ishlarda bizning ishonchli hamkorimiz, gʻayratli, oʻz kasbiga sadoqatli zamondoshlarimizdan biridir. U qirq yildir-ki, mutolaa madaniyatining yuksalishiga, komil inson tarbiyalashga, maʼnaviy olamining goʻzalligiga goʻzallik qoʻshishga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.

Hofizaxon maktabni tamomlab, Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent Davlat Madaniyat institutida oʻqidi. Uzoq yillar davomida Bobur nomli Andijon viloyat ilmiy-universal kutubxonasida oddiy kutubxonachilikdan tortib, boʻlim mudiri lavozimlarida faoliyat koʻrsatdi. 2000 yildan Andijon viloyat hokimligi va viloyat madaniyat ishlari boshqarmasining tavsiyasi bilan viloyat bolalar kutubxonasiga, 2001 yildan esa Bobur nomli Andijon viloyati ilmiy-universal kutubxonasiga direktor vazifasiga tayinlandi. Viloyat aholisini, ayniqsa yoshlarni yuksak intellektual salohiyatli insonlar sifatida tarbiyalanishiga jamoasi bilan birgalikda oʻzining munosib xissasini qoʻshdi.

2010-2015 yillarda kutubxonachilik sohasidagi faoliyati bilan elga tanilgani tufayli, elning ishonchi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida deputat, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi sifatida faoliyat yuritdi.

Xususan, axborot-kutubxona sohasining asosiy xujjati “Axborot-kutubxona faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyixasini yanada takomillashtirishda koʻp yillik tajribaga ega mutaxassis, mamlakatimiz kutubxona xodimlarining bir vakilasi hamda masʼul deputat sifatidagi konstruktiv takliflarni ilgari surib, mukammal hujjat qabul qilinishida oʻziga xos jonbozlik koʻrsatdi. U biz bilan suhbatda qonun ustida ishlangan paytlarni shunday eslaydi: “Bir yuz ellik  nafar deputatning fikrini bir joyga jamlash, 28 ta moddasida oʻz aksini topgan axborot-kutubxona muassasalarini rivojlantirish, moddiy texnika bazasini mustahkamlash va ularning huquq va majburiyatlarini hamda kutubxonalar uyushmasini tashkil etish orqali davlat dasturlari ishlab chiqishda ishtirok etish – men uchun mahorat maktabi hamda  faxr edi.

Albatta, kuch birlikda deganlaridek, ushbu loyihani yanada takomillashtirishda, xorijiy tajribalarni oʻrganib muvofiqlashtirishda oʻz maslahatlarini berib men bilan yelkama-yelka turib oʻz mehnatlarini, aniq va tiniq takliflarini ayamasdan koʻmaklashgan qonun ijodkorlarini, kutubxonachilik soxasida faoliyat yuritayotgan mamlakatimizning kuchli bilimli va tajribali mutaxassislarining jonbozliklarini yaxshi eslayman. Chunki, qonun loyihasi jamoatchilik nazorati, fikri bilan yanada mukammal xujjatga aylanishi amaliyotda tasdiqlangan. Hayotimda yaxshilarga yondoshganimdan xursand boʻlaman.Yonimda oqqan daryolar bilan kasbim mening haqiqiy maʼnoda faxrimga aylandi”.

Biz uning quvonchlarini, ezgu-tilaklarini, samarali faoliyatini koʻrib, his qilib Olloh yoʻlingizni yanada nurlantiraversin, deymiz.

Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.