“Oila-maktab-jamiyat” loyihasi

0
2208
marta koʻrilgan.

“Ahil oila maktabi” loyihasining uzviy davomi

Yoshlarni komil inson qilib tarbiyalashda, sogʻlom, durkun voyaga yetishlarida ota-onaning, buvi-buvaning, pedogog va tarbiyachilarning roli katta hamda ularning hamkorligi ulugʻvor ahamiyatga ega.

Milliy qadriyatlarni, mutolaaga, ilmga, bilimga ishtiyoqmandlikni bolaligidan oila ong-shuuriga singdirsa ilm olishda, bilimdon kilib tarbiyalashda maktabning munosib hissasi boʻladi. Bola olgan koʻnikmalarini mahallada, jamiyatda odamlar orasida sinab koʻradi. Ana shu uch manbaa sogʻlom muhitni yarata olsa, farzand kelajakda komil inson boʻlib voyaga yetadi.

Mamlakatimiz kelajagi boʻlgan bolalarning maʼnaviy-jismoniy sogʻlom voyaga yetishini taʼminlash, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish uchun avvalo, ularning koʻz ochib koʻradigan maskanidagi yaʼni oiladagi tarbiyachilari boʻlgan kattalarning ham ong-shuurini, maʼnaviyatini yuksaltirish lozim. Buning uchun namunali hayot kechirayotgan, oilasiga, jamiyatga, hukumatimizga sadoqat bilan xizmat qilayotgan insonlarning hayotiy tajribalarini oʻrganish va targʻib qilish katta ahamiyatga ega.

Xalqimiz “birni koʻrib shukr qil, mingni koʻrib fikr qil” matalini bekorga aytmagan. Inson jamiyatda yashar ekan bir-birini kuzatadi, bir-biridan oʻrganadi. Ezgulikka intilib yashaydi. Namunali hayot kechirayotgan insonlarga qarab qaddini rostlashga intiladi.

Oilada sogʻlom muhitni yuksaltirish, ajdodlarimizning oila masalasidagi maʼnaviy-axloqiy meroslarini targʻib qilish, erta, yaqin qarindoshlar oʻrtasidagi nikohning salbiy oqibatlarini keng yoritish, qaynona va kelin munosabatlarini mustahkamlashga koʻmaklashish maqsadida saytimizda “Ahil oila maktabi” loyihasining uzviy davomi “Oila-maktab-jamiyat” loyihasi tashkil etildi. Unda respublikamizga namuna qilib koʻrsatsa arziydigan oilalar tajribasi keng yoritiladi. Ularning turmush tarzi, milliy qadriyatlarni ulugʻlash yoʻlidagi saʼy-harakatlari, jumladan, onalik va bolalikni muhofaza qilishga, oila institutini mustahkamlashga, sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalashga, oʻz oilalarining boʻsh vaqtini mazmunli-mantiqli oʻtkazishga intilib yashayotgan oilalar hayotidan suvratli reportajlar uyushtiriladi.

Har bir oila bir saltanat, har bir inson oʻzi bir dunyo! Hikoya va maqolalarimizda oilalarning oʻziga xosligini, oʻrgansa arziydigan turmush tarzini aks ettirib boramiz.

Shuningdek, bola tarbiyasida oila, maktab, jamiyatning rolini yoritib beradigan pedogoglar, psixologlar, olimlar maslahati, ilmiy maqolalari bilan ham tanishasiz.

Maktab oʻquvchilari hamda yoshlarning ishtirokini ham taʼminlash uchun bolalarni ham suhbatlarga tortamiz. Ularga sogʻlom turmush tarziga oid savollar beramiz. Savollarga oʻziga xos javob berganlarni shu yerning oʻzida kitoblar bilan ragʻbatlantiramiz. Ismi shariflari sayt sahifasida yoritilib boriladi. Bu oʻziga xos bellashuv boʻladi. Ushbu savol-javoblar kattalar bilan birga bolalarni ham oʻylashga, namunali oilalar turmush tarzini kuzatishga, izlanishga, oʻz ustida ishlashga daʼvat qiladi.

Zero, sogʻlom oila jamiyat poydevori, unda kamol topgan salohiyatli yoshlar mamlakat kelajagidir.

Aziz mushtariylar, kasbdoshlar, ijodkorlar, olimlar sizlarning ushbu yoʻnalishdagi maqolalaringizni kutib qolamiz.

Birinchi maqolamizni Toshkent Davlat agrar universiteti dotsenti Orif Avlayevning “Tarbiyasi qiyin bolalarga psixologik-pedagogik yordam koʻrsatish tartibi” ilmiy-psixolog maqolasi bilan boshlaymiz.

Kelajakda sizni “Xonadon ustuni – otaning bola tarbiyasidagi oʻrni qanday?”, “Bola tarbiyasida sinf rahbarining hissasi” kabi maqolalar bilan tanishtiramiz.

Raʼno Zaripova,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.