Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati: tez tibbiy yordam tizimida har bir chaqiriqqa sarflanayotgan mablagʻ uch baravar oshirildi

0
416
marta koʻrilgan.

“Sogʻlom avlod” gazetasi va “Sogʻlom ona va bola” ayollar va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash markazi hamkorligida tashkil etilgan “Stol atrofida” davra suhbatida ishtirok etgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Mavluda Xodjayeva mamlakatning sogʻliqni saqlash tizimida parlament nazorati borasida fikr bildirdi:

– Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalarining qoʻshma yigʻilishi va Konstitutsiya kuniga bagʻishlangan marosimda “Aholimiz uchun ikkita muhim masala bor: bu sogʻlik va tinchlik”, degan edi. Joriy yilning 24 fevral kuni oʻtkazilgan yigʻilishda esa mamlakatdagi aholi salomatligini Qonunchilik palatasi, tinchlik masalalarini Senat oʻz zimmasiga olishi kerakligini taʼkidladi. Shundan keyin Oliy Majlis Qonunchilik palatasida aholi salomatligini asrash, ularni dori-darmon bilan taʼminlanishi masalalari nazorati boʻyicha muvofiqlashtiruvchi parlament komissiyasi tuzildi. Oʻtgan uch-toʻrt oy ichida komissiya amalga oshirgan ishlarni chuqur tahlil qilib berdi. Komissiyaga har bir viloyatdan bitta deputat kiritildi, shuningdek, moliya va iqtisodiyot vazirligi hamda tegishli vazirlik va idoralar aʼzo boʻlib, spiker boshchiligida qattiq ishladi. Tezkorlik bilan komissiyaning nizomi ishlab chiqildi. Hududlarda xalq deputatlari mahalliy kengashlari huzurida hududiy komissiyalar ham tuzildi.

Komissiya joylarda ishni oʻrganganda tez yordam tizimida har bir chaqiriqqa sarflanayotgan mablagʻ 480 soʻmni tashkil etishi aniqlandi. baʼzi tumanlarda esa undanda past 450 soʻm… Baʼzilarida 500 soʻmdan oshmagan. Raqamlardan koʻrinib turibdiki, juda kam mablagʻ ajratilgan. Vaholanki, katta tumanlarda 100 tagacha va undan ortiq chaqiriq boʻlishi mumkin. Ochiq aytganda, komissiyada bu masala muhokama qilindi, tegishli vazirliklar oldiga vazifalar qoʻyildi. Mablagʻni koʻpaytirish lozimligi taʼkidlandi. Mana bugungi kunda ushbu yoʻnalishga mablagʻ ajratish uch baravarga oʻsdi. Hozir har bir tez yordam chaqirigʻiga ajratilgan mablagʻ 1200 soʻmni tashkil qiladi. Bu ham aslida yetarli emas, raqamlar oʻsishi kerak. Bugungi talabga qaraganda kamlik qiladi. Hozir tez yordam xizmatida maxsus brigadalar uchun 41ta, tugʻruq brigadalari uchun 36 xil dori vositalari boʻlishi lozim. Biroq, aholi tez yordam chaqirganda baʼzi dori-darmonlar tugab qolgan holatlar kuzatilmoqda. Bu esa ehtiyoj koʻpligini, dori-darmon taʼminotini yanada kuchaytirish zarur ekanini koʻrsatadi. Bu borada parlament komissiyasi oldida bajarilishi lozim boʻlgan vazifalar talaygina…

 

Raʼno Zaripova

yozib oldi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.