Har bir QVPda doyalar faoliyat olib boradi. Patronaj hamshiralari faoliyati ham keng yoʻlga qoʻyildi. Ular aynan homiladorlar uchun nima ishlar qilayapti? Ularni faoliyatini qoniqarli deb ayta olamizmi? “Sogʻlom avlod” gazetasi tahririyati va “Sogʻlom ona va bola” ayollar va yoshlarni qoʻllab quvvatlash nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan “Onalik va bolalikni muhofaza etish” mavzuida tashkil etilgan davra suhbatida shu kabi savollarga javob berildi.
Mazkur davra suhbatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidan Mavludaxon Xodjayeva, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Respublika reproduktiv salomatlik markazi bosh mutaxassisi Ikrom Amonov, Respublika perinatal markazi direktor oʻrinbosari Shohida Bobojonova, Respublika “Ona va bola skriningi” markazi mutaxassisi Muhammadjon Bosimov, “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Onalik va bolalik boʻlimi boshligʻi Jumabek Nurov va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.
Anjumanda asoratli tugʻruqlar va kesercha kesish jarrohlik amaliyoti yil sayin ortib borayaptimi yoki uning kamayish holatdari kuzatilyaptimi? Fenilketonuriya, tugʻma gipotireoz, mukovissidoz kabi irsiy xastaliklarni aniqlashda qanday laboratoriya tahlillari, homilador ayollarda skrining tekshiruvidan oʻtishi zarurati, tugʻruq jarayonida kerakli boʻlgan birlamchi buyumlar, rezina qoʻlqop, shprits-sistemalar, krem-mazlar, xullas bu buyumlarni sotib olib kelish doimo aholi eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan muammolar va shu kabi savollar xususida mutaxasssislar bilan fikr almashildi.
N.Norboboyev