Men oʻz uyimda tinchgina oʻtiribman, jonimni avvaylab, kasal boʻlib qolmay degan harakatdaman, yoki koʻpchiligimiz shu oʻydamiz! Koʻchaga chiqmay uyda kimdir kompyuter oldida, yana kimdir nevaralar bilan, yana kimdir oshxonada turli yumushlar bilan ovora. Har kuni ommaviy axborot vositalarini kuzatamiz vaziyat nima boʻlmoqda deya.
Ammo bir savol boʻgʻzimda turibdi, siz mehribonlarim shu damda qaysi kasalning joniga malham boʻlayotibsiz? Bilmadim unga ukol qilayapsizmi, yoki haroratini oʻlchayapsizmi, yoki ustini yopib, endi uxladi deb bir xoʻrsinib, harorati tushdi deya koʻngliz ozgina boʻlsa ham taskin topib bemorning xonasidan chiqayapsizmi bilmadim. Faqat bilaman siz bedorsiz, bedor! Axir sizning uyingiz, farzandlaringiz bor, kechalari bilan uxlamay Ollohimdan sizning joningizni omon boʻlishini tilab oʻtirgan ota yoki onangiz bor. Ularni-ku na kechasida, na kunduzida halovat bor, chunki ota yo ona vazifasi…
Siz oʻjarim, siz fidoyim, men kasbimga sodiqman, men kasalni davolashga Gippokrat qasamini ichganman deya, bir joningizni xavf-xatarga quyib, hatto oʻzingizda kechib koronavirus bilan olishib tunni kunga, kunni tunga ulayapsiz. Kechagina sizga hech kim bunchalar baho bermagandi, sizni oldingizda bosh egmagandi mehribon duxtirim, vrachim, tabibim, habibim! Lekin sizni butun dunyo ahli endi taniyapti, hamma menimcha sizga taʼzimda.
Mana bugun hammamiz jovdirab Sizning bir ogʻiz lutfingizga intiq boʻlib turibmiz, bitta men boʻlsa, sizni yotganimda va oʻrnimdan turganimda duo qilib oʻtiribman, yoningizga borib turishga kuchim yetmaydi. Mana bugun soat tungi 12dan oʻtganda hech boʻlmasa shaʼninigizga bir ogʻiz iliq soʻzlarni yozayin deb ahdu qaror qildim. Biz bir birimizdan 2 metr uzoqda yursak, siz kelib kasallarning boshini ushlaysiz, qoʻllarni silab, birov uchun qizi, singlisi, yana birov uchun ukasi yoki akasi boʻlib yaxshi soʻzlarni aytasiz. Kasalning tuzalib ketishiga umidni siz berasiz. Ham mehrli soʻzingiz, ham dori- darmonlaringiz bilan davolayapsiz.
Sizning fidoyi mehnatingizni Prezidentimiz ham bilib turibdi, qoʻlidan kelganicha Sizga imkoniyatlar tugʻdirib bermoqda. Mana yurtimizda keyingi yildan boshlab yangi oliy taʼlim dargohlari qad koʻtaradi, yangi mutaxasislik yoʻnalishlari ochiladi. Vrachning obrusi, qadri balandligini mana koronavirus dardi davrida insonlar boshqadan his qilmoqda. Vrach jonini fido qilaolishini, uning jasoratini koʻz bilan koʻrmoqdamiz. Jasoratli vrach deganida meni koʻz oldimga nima keladi? Urush davrida janggohlarda jon talashib yotgan jangchilarni oʻqlar yomgʻiri orasidan olib chiqqan vrachlarning fidoyiligi keladi. Uni kitoblardan oʻqigandim va kinolarda koʻrgandim Bugungi vrachlarimiz jasorati ham oʻsha davr shifokorlarining matonatidan kam emas. Faqat dushman koʻzga koʻrinmaydi, oʻq yomhiri sezilmaydi. Koronavirus dardi dunyoni qamrab turibdi, Har kuni dunyo turli burchaklaridan kelayotgan statistika orqali vaziyat juda ogʻirligini his qilib turibmiz. Vrachlar taʼbir joiz boʻlsa olov ichida turib, kasallarning dardiga davo izlamoqdalar.
Bugun ulugʻ ayyom mohi ramazon kunlarida turib, ilohim vrachlarning joni sogʻ, umrlari uzoq boʻlsin deyman. Barcha yaxshi niyatlarim sizga hamnafas boʻlsin! Qarshingizda taʼzim ila bosh egaman, aziz shifokorlar!
Dilorom Yormatova, professor