Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Oʻzbekiston nodavlat-notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan Toshkent shahar “SOG‘LOM ONA VA BOLA” markaziga berilgan “Oila madaniyati – yurt tinchligi” mavzuidagi “Salohiyat” koʻchma klubi» loyihasining Toshkent shahar “Bilim” axborot kutubxona markazida yakuniy taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Tadbirda “Toshkent shahar “Sogʻlom ona va bola” ayollar va yoshlarni qoʻllab- quvvatlash markazi rahbari, Respublikada xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova uchta slayd orqali markazning keyingi bir yildagi faoliyati haqida hikoya qildi.
Birinchi slaydda markazning maqsad va vazifalari haqida axborot berdi. Ikkinchi slaydda Oliy Majlis huzuridagi fond tomonidan berilgan grand asosida tashkil etilgan OAV sifatida 2017 yilning 28 iyulida 1181 raqami bilan Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan GUJUM. UZ internet-nashri oilaviy oʻqishga yoʻnaltirilganligi, Oʻzbekiston va jahon yangiliklarini yoritish maqsadida 14 ta rukn tashkil etilganligini taʼkidladi.
Ruknlarning biri– markaz hayotiga bagʻishlangan sahifa boʻlib, unda mahallalarda hamkorlikda uyushtirilgan tadbirlar va davra suhbatlari yil davomida yoritib borildi. Aynan ushbu mavzu uchinchi slaydda hikoya qilindi.
Oilalarning huquqiy bilimi, ongi va madaniyatini, kitobga mehrini, tafakkur darajasini yuksaltirish uchun NNTimiz “Oila madaniyati – yurt tinchligi” mavzuida “Salohiyat” koʻchma klubini tashkil etdi. Koʻchma klub bir yilda loyihada belgilanganidek, poytaxt mahallalarida va mahallalar bilan hamkorlikda maktab, kollej, oliy oʻquv yurtlarida uchrashuvlar oʻtkazib, unda ikki yoʻnalishda suhbatlar uyushtirildi. Birinchi yoʻnalish oilaga, yoshlarga, bolalarga oid qonunlar va meʼyoriy hujjatlar targʻiboti, ikkinchi yoʻnalishdagi suhbatlar mutolaa va yangi kitoblar xususida boʻldi.
Tadbirda har safar oilaviy mutola qilish uchun markazning hamkorlari boʻlgan OAVlari – “Gʻuncha”, “Gulxan” jurnallari va “Sogʻlom avlod”, “Klass” , “Tong yulduzi” gazetalaridan yigʻilish qatnashchilariga armugʻon etildi. Bolalarni mutola madaniyatiga oʻrgatishda hamisha uyimizga beminnat kirib boradigan gazeta –jurnallarning ahamiyati beqiyos ekanligini tushintirildi. Shuningdek, tadbirlarga markazning hamkorlari boʻlgan «Tafakkur qanoti» va “Kamalak” nashriyoti vakillari ham ishtirok etib, mahalla kutubxonasiga yangi chop etilgan kitoblar armugʻon qilindi. Shuningdek, tadbirlarda Respublikada xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova oʻzining shaxsiy kutubxonasidan va oʻzining hamda oila aʼzolarining mualliflik kitoblaridan mahalla kutubxonalariga sovgʻa qildi.
Yakuniy tadbirda Chilanzar tumanining Navbahor va Noʻgʻoyqoʻrgʻon mahallasi vakillari ishtirok etdi.
Loyiha asosida saytning bosh sahifasida “Diqqat, tanlov!” sarlavhali maqola joylashtirildi. Unda “Siz oʻz huquqingizni bilasizmi?” rukni bilan tanlov tashkil etilganligi toʻgʻrisida eʼlon berildi.
Tadbirlarda oʻrta hisobdan bir mingga yaqin kishi qatnashgan boʻlsa, tadbir ishtirokchilariga oila davrasida mutola qilish uchun armugʻon etilgan gazeta — jurnallar tufayli bu auditoriya yana 4-5 baravarga koʻpaydi. Mahallaga armugʻon qilingan kitoblar orqali esa mavzuning bardavomligi taʼminlandi.
Sayt tashkil etilishi bilan esa auditoriya qamrovi yanada kengaydi. Ayni kunlarda saytimiz respublikamizning barcha hududlarini qamrab oldi, hududlardagi mualliflardan koʻplab maqolalar kelayapti. Saytimiz tashkil etilganida respublika saytlari orasida tabiiyki oxirgi oʻrinlarda edi. Qisqa davrda olti baravar oldinga siljidi. Oʻn oy ichida davlatimizning ichki va tashki siyosati, jahon yangiliklari haqida 5 mingdan ortiq xabar va mutola uchun publitsistik materiallar berildi. Hozir saytimizni har oyda uch mingga yaqin oʻquvchi mutola qilayapti. Bu jarayon kundan kunga kuchayyapti.
Loyihaning yana bir yutugʻi- “Harakatlar strategiyasi” tufayli erishilgan ulkan yangilanishlar targʻib-tashviq qilindi. Milliy istiqlol gʻoyasini ommaning ong-shuuriga singdirishga xizmat qilindi. Zero, yoshlarni komil inson qilib tarbiyalashda, axborot xurujlaridan asrashda, sogʻlom voyaga yetishida ommaviy axborot vositalarining, internet jurnalistikasining roli va ahamiyati cheksiz.
Saytda berilayotgan maqola va rasmlarda mamlakatdagi ulugʻvor islohotlar, vatan goʻzalliklari va farovonligi ramzi boʻlgan zamonaviy uylar, koʻpriklar, favvoralar, bunyodkor xalqimiz faoliyati, yurtimizdagi erkin mehnat, osuda hayot, yoshlarning intilish va izlanishlari aks ettirilmoqda. Taqdimotda soʻzga chiqqan ishtirokchilar ana shular haqida gapirishdi.
“Siz oʻz huquqingizni bilasizmi?” rukni bilan tanlov tashkil etilganligi ommaning maʼrifatini, madaniyatini yuksaltirishga munosib hissa qoʻshish bilan birga yoshlarni oʻz tahririyati atrofida jipslashtirdi, yangi kuchlarga, yangi gʻoyalarga ilhomlantirdi. Yakuniy taqdimotda ushbu tanlov gʻoliblari taqdirlandi.
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiali 1-bosqich talabalari, egizaklar Elyor Palvanov va Gulyor Palvanova birinchi darajali diplom bilan taqdirlanishdi. Gulyor kurs sardori, Elyor esa filialdagi kompyuter injinirig fakulteti yoshlar ittifoqining yetakchisidir. Shu bilan birga bu yoshlar GUJUM. UZ saytining jamoatchi muxbirlari boʻlib, oʻz oʻquv dargohi va viloyatidagi yangiliklardan yozib turishadi.
Azizbek Burhon oʻgʻli Adhamov esa Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi 20- maktabning 11-sinf oʻquvchisi, u ikkinchi darajali diplom bilan taqdirlandi. U oʻz tumanidagi “Faol yoshlar maktabi” tanlovi gʻoliblaridan biri. Maktabda press klub sardori. Kelajakda maktab hayotidan hikoya qiluvchi maqolalari bilan saytimizda ham qatnashib turadi, deb umid qilamiz.
Muminova Nilufar Nozim qizi Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 182 — maktabning 10- sinf oʻquvchisi boʻlib aʼlo va yaxshi baholarga oʻqimoqda. U uchinchi darajali diplom bilan taqdirlandi. Gʻolib yoshlarga kitoblar toʻplami armugʻon etildi. Oilaviy tanlov boʻlgani uchun ularga hamisha koʻmakdosh boʻlgan onasi yoki buvisi ham ragʻbatlantirildi. Gʻoliblar bilan hamkorligimiz davom etadi, deb ishonch bildiramiz.
Shuningdek, biz huquqiy mavzudagi savollarimizni oʻtkazilgan har bir tadbirda ham ishtirokchilarga tarqatdik. Ularni huquqiy bellashuvga chorladik. Tadbirlarda savollarimizga toʻgʻri javob berganlarni kitoblar bilan tadbirning oʻzida ragʻbatlantirdik.
Maqsadimiz har bir insonni qonunlardan foydalanishga va ularning mazmun-mohiyatini anglashga, huquqiy normalarni ong-shuuriga singdirishga va hayotda qonunlarga rioya qilishga oʻrgatishdir. Albatta, bu yoʻnalish ham mutolaa madaniyati orqali amalga oshiriladi. Mutolaa madaniyati deganda koʻpchilik badiiy kitoblar oʻqishni tushinadi. Aslida uning mazmun- mohiyati juda keng va ulugʻvor. Insonlar oʻzlari uchun hayotiy zarurat boʻlgan qonunlarni ham mutolaa qila bilishi kerak.
Tadbirlarda va sayt orqali bu masalaga ham alohida eʼtibor berdik. Zero, qonunlardan samarali foydalana olgan, ularni oʻqishga intilgan kishi turmushda qoqilmaydi. Shuning uchun biz mahalladagi tadbirlarning mazmun-mohiyatini uyda oʻtirgan ota-onalarga, buvi-buvalarga ham qaratdikki, chunki ular oilaning yetakchilari, yoshlar ularning fikr-mulohazalariga qarab, oʻz yoʻlini tanlashadi.
Zero, bugungi kunda mamlakatimizda bolalarning, yoshlarning iqtidorini tarbiyalashga, ularning istiqbolini taʼminlash maqsadida ulugʻvor ishlar amalga oshirilayapti. Biz ham ushbu loyiha orqali yuksak insoniy qadriyatlarga asoslangan hayotiy nuqtai nazarga ega boʻlgan maʼnaviy boy, axloqan yetuk, aql zakovati yuqori, bilimli, jismonan sogʻlom, uygʻun rivojlangan shaxsni kamol toptirishga munosib hissa qoʻshishga oʻzining saytdagi maqolalari, tadbirdagi maʼruzalari bilan koʻmaklashgan faollarimizni ham ragʻbatlantirdik.
Yurtimizning yetakchi ushbu ayollarining tadbirlarda ishtirok etishi, dilkash suhbatlari, bir soʻz bilan aytganda namunali hayoti va faoliyatining oʻzi tinglovchilar uchun katta ahamiyatga ega. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Birinchi chaqiriq deputatlari – IIV Akademiyasi professori, zahiradagi polkovnik Soraxon Axmedova, yuridik fanlari nomzodi Shoira Umarova, Prezident xalq qabulxonasi yetakchi mutaxassisi Aysha Oxunova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ikkinchi chaqiriq deputati Hofiza Karimova, Oliy Majlis Senati raisi oʻrinbosari, Oliy sud raisi vazifalarida ishlagan yuridik fanlari doktori Farruxa Muhiddinova, ”Turon” akademiyasi akademigi, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori Dilorom Yormatova, “Gulxan” jurnali bosh muharriri, shoira Zahroxon Hasanova, salomatlikka oid turkum kitoblar muallifi, oliy toifali vrach Xolida Ochilova kabi fidoyi ayollarimizning turmush tarzi, faoliyati inson hayotida tashabbuskorlik va mutolaa madaniyatining ahamiyatini koʻrsatib turibdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Oʻzbekiston nodavlat-notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi markazimiz va cayt tahririyati aʼzolarini yanada faollashishiga yordamlashdi, desak arziydi. Zero, loyiha natijasi boʻlib, yangi bir sayt tashkil etildi.
Kelajakda Facebook Twitter Telegram kabi ijtimoiy tarmoq hamda messenjerlarda saytning akkuantlarini yaratib, uning ommaviyligini taʼminlash chora-tadbirlarini amalga oshirish lozimligi davr talabi. Ijtimoiy tarmoqlarda hamisha ham ilmli-bilimli materiallar boʻlavermaydi. Oʻzbek saytlarining ijtimoiy tarmoqlardagi ishtirokini kuchaytirish ana shu boʻshliqni toʻldirishga hissa qoʻshadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Oʻzbekiston nodavlat-notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi bilan ishlash OAVlari faoliyatiga samarali taʼsir etadi. Biz yangi-yangi mavzularni topib yana hamkorlik qilish niyatimiz bor. Shuning uchun biz yana loyiha yozishni davom ettiramiz. Avvalgi yillardagi loyihalarda belgilangan maqsad muddoani bu yil yanada rivojlantiramiz. Mamlakatimiz huquqiy demokratik davlat qurayotgan ekan, biz ham bu ishga munosib hissa qoʻshish maqsadida bolalarning, yoshlarning mutola madaniyatini yanada yuksaltirish borasidagi ulugʻvor vazifaga munosib hissa qoʻshish niyatida yangi eʼlon qilingan tanlovga uchta yoʻnalish boʻyicha uchta loyiha yozdik. Ulardan biri “Ahil oila maktabi” loyihamiz qoʻllab-quvvatlandi. Bu loyihamiz avvalgi loyihamizning uzviy davomi boʻlib, avval mahallalarga kirib borgan boʻlsak, endilikda oilalarga kirib borib, namunali hayot kechirayotgan tashabbuskor, tadbirkor, ziyoli oilalarning samarali tajribalarini yoritishni maqsad qilganmiz. Kelgusida ahil oilalar faoliyatini keng yoritib, aholi bilan tahririyatimizning jipsligini yanada mustahkamlashga va shu orqali saytimiz muxlislarini yanada oshirishga munosib hissa qoʻshish niyatidamiz.
Raʼno Zaripova, markaz rahbari