Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetida Oʻzbekiston xalq shoirasi Zulfiya tavalludiga bagʻishlangan tadbir

0
508
marta koʻrilgan.

Bahorning ilk kuni- Oʻzbekiston xalq shoirasi Zulfiya tavalludiga bagʻishlangan anʼanaviy tadbir  Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetida ham oʻtkazildi.

Universitetning jahon tillari kafedrasi oʻqituvchisi Muxlisa Muhiddinova rahbarligida tayyorlangan  Zulfiyaxonim hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan  dasturning ijrochilari  Korporativ boshqaruv fakultetining 1-kurs  talabalari boʻldi.

Tadbirda shoira Zulfiya ijodidan namunalar oʻqildi. Ona Vatanni, bahorni tarannum etuvchi sheʼrlari yangradi. Umr yoʻldoshi oʻzbek xalqining sevimli shoiri Hamid Olimjon bilan kechgan hayoti, ijodiy faoliyati sahna koʻrinishlarida aks ettirildi.  Ijodkor yoshlar ularni  koʻngil kechinmalarini har bir yurakka yetib boradigan tarzda mehrga burkab ifoda etishdi. Eng asosiysi bunday tadbirlar tez-tez oʻtkazilib turilar va dasturlarni talabalarning oʻzlari tayyorlab oʻzlari ijro etishar ekan.

-Talabalarimiz juda faol va isʼtedodli. Bundan avval kafedramiz  allomalarimiz Alisher Navoiy va Zahriddin Muhammad Bobur tavalludi kunlari munosabati bilan tadbir oʻtkazgan edik. Bugungi tantanadan foydalanib tadbirlarimizda faol qatnashayotgan talabalarni faxriy yorliklar bilan raxbatlantirish niyatidamiz,- dedi tadbir tashkilotchisi Muxlisa Muhiddinova.

 

Maʼruf Qurbonov, Husnigul Sobirova, Murodjon Muxtorov, Gulchehra Yahyoyeva, Nazira Saʼdullayeva, Muhammadsodiq Murodxonov kabi koʻplab faol talabalarga faxriy yorliklar topshirildi. Bunday tadbirlar talabalarni  olgan bilimini uqishga, fikrini rivojlantirishga,  mustaqil mutolaga, mulohaza qilishga oʻrgatadi. Talabalarda jamoat boʻlib ishlash muhitini yaratadi. Studentning kayfiyatini, ilmga, bilimga maylini oshiradi. Oʻqishga, izlanishga, fikrlashga mushohadaga chorlaydi. Yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, bunday tadbirlar tufayli ilm istash bilan dam olish uygʻunlashadi. Talabalarning boʻsh vaqtlari mazmunli oʻtkazilishiga munosib hissa qoʻshadi.

Tadbirga bizni «Sogʻlom ona va bola» markazini ham taklif etishdi. Men ham oʻz fikr-mulohozalarim bilan qatnashdim.

Eng asosiysi bizga ustozlik qilgan shoira Zulfiyaga bagʻishlangan tadbirda qatnashganim, unda talabalarning faol ishtiroki meni mamnun etdi, katta tassurot qoldirdi.

 Tadbir tashkilotchilaridan, talabalarning isteʼdodini tarbiyalashga munosib hissa qoʻshayotgan murabbiylari, ustozlaridan xursand boʻldim. Ularga omadlar tilab qolaman. 

Raʼno Zaripova,

 Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.