“Sogʻlom avlod” gazetasi va “Sogʻlom ona va bola” ayollar va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash markazi hamkorligida tashkil etilgan “Stol atrofida” loyihasi doirasida oʻtkazilgan davra suhbatida Respublika perinatal markazi direktor oʻrinbosari Shohida Bobojonova fikr bildirdi:
– Bunday tugʻruqlarni olib borish Yevropaning baʼzi mamlakatlarida yoʻlga qoʻyilgan. Lekin Oʻzbekistonda uydagi tugʻruq amaliyotiga ruxsat berilmagan. Aslida, 85 foiz ayolda tugʻruq jarayoni normal kechadi.
Lekin bu jarayonda mutaxassis hozir boʻlishi shart. Ikkinchidan, uy sharoiti tozalikka javob berishi kerak. Bundan tashqari, shoshilinch tez tibbiy yordam anjomlari tayyor boʻlishi talab etilida. Chunki tugʻruq jarayoni qanday kechishini hech kim oldindan mutlaqo aniq aytib berolmaydi.
Masalan, tugʻish jarayonida onaning holati yaxshi boʻlib, hammasi ijobiy tugaganidan soʻng, nimadir sabab bilan yoʻldoshi ajralmay, qon ketib qoldi, deylik. Bu vaziyatda nima qilish kerak? Birinchidan, anesteziologning tezkor yordami kerak, zudlik bilan qon ketishini toʻxtatish zarur. Buni mutaxassisdan boshqa hech kim amalga oshirolmaydi. Uy sharoitida esa, buning aslo iloji yoʻq. Onalarning oʻlimiga koʻpincha qon ketish sabab boʻladi.
Shu kabi omillar bois homilador ayolning uy sharoitida koʻzi yorishiga ruxsat berilmaydi.
Charos Xushvaqtova yozib oldi.