Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari Oʻzbekistonda zamonaviy fuqarolik jamiyatini shakllantirishda, demokratiyani qaror toptirishda, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda juda muhim ahamiyatga ega boʻlib bormoqda.
Shuning uchun ham jamiyatimizda nodavlat sektorining rolini yanada rivojlantirish maqsadida 2019 yil dekabr oyida Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan “Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni tasdiqlandi. Ayni kunda ushbu Qonuni ijrosi doirasida “2020-2021 yillarda volontyorlik faoliyatiga moʻljallangan Davlat maqsadli dasturi” loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Shu munosabat bilan Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi tomonidan “Volontyorlik faoliyatini qoʻllab- quvvatlash va ragʻbatlantirish boʻyicha davlat siyosatini amalga oshirish mexanizmlari – xalqaro va milliy tajriba” mavzuidagi davra suhbati uyushtirildi. Mazkur markaz direktori Rustam Kamilov qisqacha kirish soʻzida “Davlat maqsadli dasturi”ni tayyorlash boʻyicha ishchi guruhi tashkil etilganligi, ushbu dastur bir necha marta muhokama qilinganligini gapirdi.
– Birlashgan millatlar tashkiloti volontyorlar haqida qonun ishlab chiqishni 2002 tavsiya qilgan edi. Bugungi kunda 80 dan ziyod mamlakatda yirik professional volontyorlik tashkilotlari mavjud. Volontyorlik faoliyati bu – elparvarlik, vatanparvarlik faoliyati. Bizda NNT bari volontyorlik asosida ishlaydi. Shuning uchun “Davlat maqsadli dasturi»ni yaratishni hukumatimiz fuqarolik jamiyatining oʻziga topshirdi. Bu biz uchun katta ishonch va imkoniyat. Ushbu dastur aniq va toʻliq boʻlishini koʻzlab qayta qayta seminar va tadbirlar oʻtkazyapmiz, –dedi markaz rahbari Rustam Kamilov.
Ushbu davra suhbatida qatnashganimdan xursand boʻldim. Koʻpgina fikrlar koʻnglimdan oʻtdi. Darhaqiqat, Oʻzbekistonda koʻngillilik harakati keng rivojlangan. Lekin hozirga qadar bu masala umuman huquqiy tartibga solinmagan edi. Volontyorlar kimlar oʻzi? Mamlakatimizda qonun boʻlmasada, bu faoliyat bormidi? Albatta, bor edi. Savob ish qilishni istaydigan, begʻaraz yordamga shoshadigan har bir kishi volontyordir. Biz buni odamiylik, sahovat, himmat, muruvvat, hashar deb yuritib kelganmiz.
Tariximizga bir nazar…
Alloma Navoiy oʻz asarlarida muruvvatga, sahovatga juda koʻp eʼtibor karatadi. ”Mahbubul-qulub” asarida saxovatsiz kishini yogʻingarchiliksiz bahorga, mevasiz yogʻochga, yogʻinsiz bulutga qiyoslaydi. Hazrat oʻz asarida himmat bobida shunday deydi “Bitta utmakni(yaʼni nonni) ikki boʻlib yarmini bir ochga berganni saxiy de, oʻzi yemay barini muhtojga berganni ahiy de” deya oʻgit beradi. Demak besh yuz yil avval xalqimizda ahiylikni amalga oshirgan insonlar ham boʻlgan. Alloma Navoiy yana aytadiki, har bir odam birovning ogʻirini yengil qilishi kerak, birov yigʻlasa, uning boshini silab, jismiga jon, joniga darmon boʻlishi kerak. Ushbu asarning Saxovat bobida yana shunday yozadi: “Saxovat odamga badandur va himmat anga ruh… himmatsiz kishi er sonida emas va ruhsiz badanni kishi tirik demas”. Himmat, muruvvat, sahiylik, ahiylik bu bugungi til bilan aytganda volontyorlik. Lekin, faoliyatda ularning bir-biridan farqi bor.
Hashar va hasharchilar
Oʻtgan asrda hashar va hasharchilar soʻzi keng qoʻllanildi.. Jamoatchilik asosida amalga oshirilgan ishlarni esa hashar deb ataganmiz. Jamoatchilik uyushtirgan hasharning ishtirokchilari bizning til bilan aytganda hasharchilar ekanligini tadbirda gapirib oʻtdim. Hasharchilar esa bugungi volontyorlar. Bizda volontyorlar boʻlganmi? Koʻrib turibsiz albatta, boʻlgan. Jadidlar mablagʻ yigʻib iqtidorli bolalarni xorijda oʻqitishgan. Qarindoshlar hashar yoʻli bilan yangi oilaga uy qurib berishgan. Hashar yoʻli bilan koʻpriklar, yoʻllar, quduqlar, maktablar, madrasalar bunyod etilgan. Keyingi yillarda hasharchilar dolzarb davrda hosilni nobud qilmay oʻz vaqtida terib olish uchun paxta yigʻim- terimida qatnashdilar. Hukumatimiz tashabbusi bilan fermerlar ularni ragʻbatlantirib, mablagʻ ajratdilar.
Ayni kunda mamlakatimizda keng tarqalgan va tegishli davlat organlaridan rasmiy ravishda oʻtib faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarida ishlayotgan kishilar -koʻngillilardir.
Demak, bizning yurtimizda volontyorlik azal-azaldan goʻzal urf-odatlarimizdan biri, qadimiy milliy qadriyat sifatida shakllangan! Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi rahbari Rustam Kamilov tilga olganidek elga, yurtga muhabbat, sadoqat, fidoyilik ramzidir!…
Yana tadbirga qaytib…
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi “Internet tadbirkorlar” uyushmasi rahbari Umid Burxanov “Volontyorlik faoliyatini qoʻllab- quvvatlash va ragʻbatlantirish boʻyicha xalqaro tajriba” mavzuida soʻzga chiqib, media rolik ham namoyish etdi. Umidjon AQSH, Germaniya, Britaniya, Kanada kabi koʻplab davlatlarning volontyorlik tajribasi haqida gapirdi. Bu davra suhbatidagilar uchun, shaxsan men uchun ham juda qiziqarli boʻldi. Oʻzga mamlakatlarda volontyorlarni ragʻbatlantirish, mukofotlash usullarini bilib oldik. Biroq, u koʻrsatgan rolik menga unchalik maʼqul kelmadi. Volontyorlik degan yoʻnalish bilan berilayotgan rolikda keksa kishilarni yoʻldan oʻtkazib qoʻyish, kichkintoylarning uchib ketayotgan sharini ushlab qolib qoʻliga berish kabi yoʻl-yoʻlakay qilinadigan eʼtiboru gʻamxoʻrlikni aks ettirdi. Men fikr bildirganimda bu holat bizda odamiylik deyilishini, yoʻl-yoʻlakay amalga oshiriladigan savob ishlar xalqimizning ong-shuuriga singib ketganligini, dastur tayyorlanayotganda milliy qadriyatlarimizga ham eʼtibor berish kerakligi haqida fikr bildirdim.
Davrada aytgan fikrimni yozishimdan maqsad: “Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Biroq, ushbu qonunning asosiy tushunchalar qismida hech boʻlmasa qavs ichida “Himmat, muruvvat, sahiylik, ahiylik, koʻngillilar, hasharchilar” soʻzlari kiritilmagan. Tepada tilga olganimizdek, ushbu soʻzlarning har birining oʻzbek tilida oʻz oʻrni bor. Biroq, vaqti kelib ushbu soʻzlarning oʻrnini bittagina volontyor soʻzi egallamasmikan? Axir ahiylik soʻzini ayni kunda koʻpchilik yoshlarimiz tushinmaydi-ku! Endi Qonunga qayta oʻzgartirish qiritilganda yangi fikrlarni olib kirish mumkin.
Biroq, milliy qadriyatimizni, oʻzligimizni, tariximizni, tilimizning goʻzalligini va serqirraligini ifodalab turgan yuqorida tilga olingan soʻzlar ikki yilga moʻljallangan “Davlat maqsadli dasturi” dan oʻrin olishini istardim. Oʻz tilini, millatini, Vatanini sevuvchi, qadrlovchi har bir inson fikrimga qoʻshilsa kerak. Chunki, bu hali loyiha! Davra suhbatining maqsadi– “Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ijrosi doirasida ishlab chiqilayotgan “2020-2021 yillarda volontyorlik faoliyatiga moʻljallangan Davlat maqsadli dasturi” loyihasini muhokama qilish edi. Ezgu niyat ila fikrimni etdim. Alloma Alisher Navoiyning “Odamni demagil odamiy, ani yoʻq xalq gʻamidin gʻami” degan soʻzlariga amal qildim.
Chunki, qonunlar, qonun osti hujjatlari, Davlat dasturlari mamlakatimizning har bir xonadoniga kirib borishi va har bir oila aʼzolarining ong-shuuriga singishi lozim boʻlgan huquqiy hujjatdir.
Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist