Butun dunyoning boshiga tushgan bu murakkab sinovli palla mamlakatimizdan asta-sekin chekinyapti. Ikki kun boʻldiki, darddan forigʻ boʻlganlar soni ushbu dardga chalinganlarga nisbatan koʻpaymoqda. Albatta, bu oʻzgarishlar davlatimizning tezkorlik bilan amalga oshirayotgan saʼy-harakatlari va tibbiyot xodimlarining fidoyiligi samarasidir.
Mamlakatimizdagi har bir inson pandemiyaga qarshi kurashda qoʻlidan kelgan ishni amalga oshiryapti. Jumladan, tadbirkorlarning ham munosib hissasi mavjud.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligidagi 14 aprel kuni oʻtkazilgan qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini yanada rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishida Xalqaro ekspertlarning fikriga koʻra, pandemiya oqibatida ocharchilikdan qiynalayotgan aholi soni jahonda 2 barobarga oshib, 1 milliard 600 millionga yetgani aytib oʻtildi. Ollohga shukrki, bizning mamlakatimizda bu muammo yoʻq. Zero, pandamiya davrida ham iqtisodiyotni barqarorlashtirshga alohida eʼtibor berilyapti.
Prezident topshirigʻi bilan mamlakatimiz boʻyicha Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi qoshidagi «Homiylik hayriyalarini muvofiqlashtirish markazi» mahallalar bilan uzviy bogʻlanib, kam taʼminlangan oilalarning holidan xabar olib turibdi. Kechagi saytga qoʻygan maqolamizda Toshkent shahar va Toshkent viloyatidagi toʻrtta mahallaga tadbirkorlar tomonidan berilgan oziq-ovqatlar jamlamasi haqida gapirgan edik. Shuningdek, Poytaxtning Yakkasaroy tumanidagi Yunus Rajabiy mahallasining 73 nafar oilasiga zaruriy oziq-ovqatlar yetkazib berildi.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 20 aprel kungi videoselektor yigʻilishida aholining ijtimoiy himoyasiga ham alohida eʼtibor qaratdi. Davlatimiz rahbari “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatini yoʻlga qoʻyish tashabbusini ilgari surdi. Ramazon oyida amalga oshiriladigan ehson va xayriyalar manzilli boʻlishini, iftorliklarga sarflanadigan mablagʻlar va oziq-ovqat mahsulotlari aholining kam taʼminlangan qatlamlariga yoʻnaltirilishini taʼkidladi. Mahallamiz ahli, fidoyilari, tadbirkorlar ham ushbu tashabbusni qoʻllab quvvatlamoqdalar. Albatta, bu juda odilona ish boʻldi, – deydi Yunus Rajabiy mahallasi raisi Ulugʻbek Hakimov.
Yana mamlakatimizning fidoyi tibbiyot xodimlari tomonidan tojdor virusga qarshi koʻchalar, mahalla hududlari, bolalar maydonchalari, koʻp qavatli uylarning har bir yoʻlaklari muntazam dizinfeksiya qilinmokda. Albatta, bu ishlarga tuman hokimiyatlari bosh-qosh boʻlmoqda. Bu esa siynovli kunlarda har bir oila, har bir inson eʼtiborda ekanligini ifodalaydi.
Darhaqiqat, hamkorlikda gap koʻp. Xalqimiz “birlashgan oʻzar, birlashmagan toʻzar” degan maqolni bejiz aytmagan. Xudo xohlasa, yanada kuchli boʻlib, bir-birimizga mehrimiz yanada ziyoda boʻlib, albatta yorugʻ yuz bilan siynovli kunlardan oʻtib olamiz. Faqat karantin tartib-qoidalariga qatʼiy rioya qilib, oʻrinsiz vahimaga tushmasdan, tushkunlikka berilmasdan, sabrli boʻlsak marra bizniki boʻladi.
Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist
Suvratlar Toshkent shahar Yakkasaroy tumani hokimining Matbuot kotibi tomonidan olingan.