Men uchun qadrdon dargoh, bolaligim guvohchisi – Urganch shahridagi 5-son maktabga uchrashuvga borganimda koʻplab yosh qalamkashlar bilan tanishdim. Bu yerda sheʼriyat muxlislarining koʻpligi beixtiyor bolaligimni eslatdi. Birinchi marta beshinchi sinfdan oltinchi sinfga oʻtganimizda bir guruh sinfdosh va maktabdoshlar Samarqandda oʻtkazilgan oʻquvchilarning yozgi anjumanida qatnashganmiz. Oʻshanda har birimizga kundalik yozish uchun daftarcha berishgan. Kundalik yozishga va anjuman yakunida tassurotlarni gapirishga oʻrgatishgan. Shu shu qalam qoʻlimdan tushmaydi.
Beshinchi son maktabga uchrashuvga kelganimda begʻubor bolaligimni qayta xotirlab, maktabning maʼnaviy -maʼrifiy qadriyatlari, ustoz-shogirdlik anʼanalari hamon davom etayotganining guvohi boʻldim.
Ushbu oʻquv maskanining 8 “D”sinf oʻquvchisi Oʻgʻiloy Ubaydullayeva bu yilgi “Navoiy vorislari” tanlovida Urganch shahar bosqichida Hazrat Navoiy yonib kuylagan oʻgitu hikmatlaridan 30 tasini yodlab shaharda birinchi oʻrinni egallagan. Yana u viloyat basqichida soʻz mulkining sultoni Navoiy ijodidan 50 ta sheʼrni ifodali yodlab 3- oʻringa munosib koʻrilgan.
Urganchda oʻtkazilgan “Yosh nihol” tanlovida esa ushbu maktabning 8 nafar oʻquvchisi oʻz ijodi bilan nazarga tushgan.
Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Axtamquli maktabga uchrashuvga kelganida oʻquvchilarning sheʼrlari bilan tanishib, yosh isteʼdod sohiblarining ilk ijodlari maʼqul kelib qoʻllab quvvatlagan. “Jayxunga entikkan buloqlar” toʻplami chop etilgan. Ushbu jamlamadan 8 d sinfida tahsil olayotgan 11nafar yosh ijodkorning sheʼrlari joy olgan.
Ulardan biri Hidoyat ROʻZMETOVning “Yoz tongi” sheʼrida bolalikning begʻubor nafasi ufurib turadi.
Yoz tongi
Toza havo, shabboda,
Kezar yer-u osmonda,
Biling aziz, doʻstlarim,
Uyqu bekor bu onda.
Nima ishni qilsangiz,
Gʻayrat doʻst boʻlar shu tob.
Shunday ekan vaqtingiz
Sarflab oʻqingsiz kitob.
Bunday damda biz avval,
Ishni qilayik jadval.
Reja boʻlsa mukammal
Vaqt tejalar anchalar.
Qarang qanday hodisa,
Gʻaflat boʻladi izza.
Aqli yetgan aytsinchi,
Bu qandayin moʻjiza?
Koʻngil goʻzalligi – boylik
Dilnoza Berdiyeva ushbu oʻquv maskanining 9 sinfida oʻqiydi, sheʼrlari hali kitob holida chop etilmagan. Ikkita daftarni toʻldirishga ulgurgan. Yosh qalamkashning sheʼrlarini oʻqib har bir hodisaga, koʻngilidan kechganlariga, umuman hayotga faylasufona yondoshishga intilishini his etish mumkin.
Gulzor chaman…Gullar ichra tentirab yursam,
Nogoh koʻnglim atirgulning husniga tushdi.
Uni sevib, gullardan men saroy qursam,
Qasr koʻrkami, malagi deb, gulni sevishdi.
Aslida bu turfa olam shunday yaralgan.
Yaratuvchi emas balki, mashhur ijrochi,
Hali shunday zamon ham kelarkan,
Inson oʻlja boʻlarkan, pul esa ovchi.
Boylig-u pulni ham, inson yaratgan.
Bu dunyoda boylik, aslida –MEHR.
Goʻzallik oʻzidan nurlar taratgan,
Lek koʻngil pokligi haqiqiy sehr.
Dunyoda yashashdan aslida maqsad:
Oʻzimizdan manguga, izlar qoldirish.
Insoniyatni sevib, qilmasdan hasad,
Ezgu nom, insoniy hislar qoldirish.
Ushbu mashqlarga qalam tegizmay mushtariylarning eʼtiboriga havola qildik. Mashqlar nihol koʻngillarni nurlantiradi, yoshlarga umid beradi. Ularni mulohaza qilishga oʻrgatadi. Ezgulikka undaydi. Yana oʻquv maskanida adabiyotga ixlosmandlar koʻpligi ustoz degan ulugʻvor nomga munosib tajribali oʻqituvchilar faoliyat yuritayotganini ham anglatadi.
Sheʼriyat maydonining gulgʻunchalariga ustozlari bilan birga omadlar tilab qolamiz.
Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist