2 aprel — Xalqaro bolalar kitobi kuni!

0
732
marta koʻrilgan.

Bolalar va oʻsmirlar adabiyoti xalqaro kengashi (International Board on Books for Young People — IBBY) tashabbusi bilan 1967 yildan buyon har yili 2 aprelda Hans Kristian Andersenning tugʻilgan kunida bolalarda kitob oʻqishga mehr uygʻotish va eʼtiborni jalb qilish maqsadida Xalqaro bolalar kitobi kuni nishonlanadi.

Maʼlumot uchun: IBBY 1953 yilda Shveysariyaning Syurix shahrida YUNYeSKOning Bolalar va oʻsmirlar adabiyoti boʻyicha xalqaro kengashi tomonidan tashkil etilgan. IBBY Nizomiga muvofiq har bir davlatda Milliy shoʻba tashkil etilishi mumkin, uning asosiy maqsadi — bolalar va yoshlar uchun milliy adabiyotni xalqaro miqyosda rivojlantirish va ommalashtirishga koʻmaklashish maqsadida ijodiy va ijtimoiy kuchlarni birlashtirishdan iborat.

2022 yil yanvar oyidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi bilan Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi, Respublika bolalar kutubxonasi, Oʻzbekiston noshirlari va kitob savdosi milliy assotsiatsiyasi ishtirokida IBBYda Oʻzbekiston Respublikasining Milliy shoʻbasi tashkil etildi.

IBBY Milliy shoʻbalari Xalqaro bolalar kitobi kunining xalqaro tashkilotchisi (homiysi) boʻlish imkoniyatiga ega. Tashkilotchi davlat — IBBY ijroiya qoʻmitasi tomonidan tanlov asosida aniqlanadi. Tashkilotchi mavzuni belgilash, butun dunyo bolalariga Murojaat yozish uchun mezbon mamlakatning taniqli muallifini va maxsus afishani loyihalash uchun taniqli rassomni taklif qilish huquqiga ega boʻladi. Ushbu materiallar kitob va kitobxonlikni targʻib qilish uchun foydalaniladi.

2022 yilgi Xalqaro bolalar kitobi kuni tashkilotchisi — IBBY Kanada Milliy shoʻbasi hisoblanadi.

2022 yilgi Xalqaro bolalar kitobi kuni munosabati bilan jahon bolalariga murojaat:

«Hikoyalar, ertaklar qanot yozsa qanday soz,
Ular bergan zavq ila yuraklar qilar parvoz!»

Mutolaa — bu erkinlik. Mutolaa — bu nafas olmoqlikdir.

Mutolaa zavqi, yaʼni kitob oʻqish istagi Seni dunyoga boshqacha koʻz bilan qarashga oʻrgatadi. Seni yangi va yangi olamlarga boshlaydi, Sen bu yangi dunyolarni sira tark eta olmaysan.

Mutolaa qalbingga orzular havasini soladi. 

Kitob — bizning doʻstimiz, deyishadi, darhiqaqat shunday, u — doʻstlarning ham eng sadoqatlisidir.

Sen kitob oʻqiyotganingda qalbingdagi bor ezguliklar boʻy koʻrsatadi, oʻsadi, ulgʻayadi va kamolotga erishadi.

Chindan ham hikoyalar, rivoyatlar — sening qanotingdir. Sen ularning yordamida bepoyon osmonlarda charx urib, oʻzingga manzur kitoblar sari talpinasan, kitoblar esa Seni oʻz qalbing, yuraging hamda aqling tomon boshlab boradilar.

Hikoyalar, rivoyatlar — bamisoli malhamdir. Ular Seni davolaydi.

Koʻngligga taskin beradi. Seni ilhomlantiradi. Bilimingni oshiradi. Modomiki shunday ekan, keling, barchamiz baralla: «Yashasin hikoyanavislar, roviylaru baxshilar, oʻquvchilar hamda tinglovchilar!» — deylik. «Yashasin kitoblar!» — deylik.

Zero, ular bizlarni davolaydi, dardlardan forigʻ qiladi. Dunyoni yanada goʻzal, yanada mukammal etadi!

Manbaa: AOKA kanali.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.