Atoqli adib — Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi Ibrohim Gʻafurov ijodidan

0
618
marta koʻrilgan.

Bugun qutlugʻ 80 yoshini nishonlayotgan atoqli adibimiz — Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi Ibrohim Gʻafurov ayni kunlarda yanada kuch-gʻayratga toʻlib yangi-yangi ijodiy ishlar bilan band. Biz ustoz murabbiy, adabiyotshunos olim, adib, tarjimon va publitsist Ibrohim akaga mustahkam sogʻliq, ijodiy yutuqlar tilaymiz. Ustozning goʻzal nasriy ijodini nazmga, xalqona qoʻshiqqa mengzash mumkin. Marhamat Siz ham undan  bahramand boʻling.

 

ULUGʻ MAʼNAVIY NEʼMAT

(Koʻngil bitiklari)

Odamni tinglay bilish ham juda katta odamgarchilik. U yurak va ongning tarbiyasidan darak beradi.

 

* * *

Yozmagan bilan, oʻqimagan bilan yozuvchining miyasi bir zum boʻlsin fikrlashdan toʻxtamaydi. Yozuvchi qogʻozga yozolmasa, miyasiga yozadi. Miya yozuvchida — tegirmon. U to soʻnggi nafasgacha ishlaydi.

 

* * *

Asqad Muxtorni sevar edik. Uning intellekti koʻri atrofida boʻlishga intilardik. Hech kim yoshlarga Asqad Muxtorchalik doʻst emas, deb tushunardik. Uning «99 miniatyura», «Sizga aytar soʻzim» sheʼriy kitoblarini sheʼriyat moʻjizasiday oʻzimiz bilan olib yurardik. Ular bizga ritorikadan chiqish va qutulish yoʻlini koʻrsatayotgandek boʻlardi…

 

* * *

Togʻay Murodni oʻqisangiz, odam dam-badam toʻlib ketadi. Yigʻi. Zavq-shavq. Ilhomga.

Togʻay Murod bu — Toʻpolon daryo. Uni men dunyodagi eng chiroyli daryolardan biri deb bilaman. Voy, bu daryoning shoʻxligi! Voy, bu daryoning oʻziga odamni sigʻdirmasligi! Bir kaft suv ololmaysiz! Bir zum oyogʻingizni rohat toʻlqiniga sololmaysiz. Qoʻymaydi! Shitob bilan oqizib ketadi. Chirpirak qilib yuboradi. Lekin butun Surxon uning bois gul-gul yashnaydi, ochiladi, tiriklik qoʻshigʻini aytib jar soladi.

Niagara Amerika diyoridagi shoirlarni yaratganmi yaratmaganmi, aytolmayman. Lekin Toʻpolon daryo Surxonda Togʻay Murodni yaratgan. Unga oʻz shaddod shoirligidan ulugʻ ulush ato etgan. Meni bu ikki ulugʻvor hassoslik doim hayratga soladi. Bu ikki daryo boʻyida doim odamning bagʻri kengayganday, yayraganday, dunyoning tahlil etib boʻlmas sirlariga oshno boʻlganday sezadi odam oʻzini.

 

* * *

Adab — odamiylikning oʻzagi. Balki odamiylikning bari boshdan oxir adabdan iborat. Adabning iligi esa — hayo. Ilik qurigan yerda hayo boʻlmaydi. Hayoni or-nomus, hamiyat, oriyat, shaʼn, uyat singari tushunchalar qatoriga qoʻyamiz. Bularning bir-birlaridan sira ajratib boʻlmaydigan tomonlari, jihatlari boʻlganidek, juda nozik maʼnaviy oʻziga xosliklari ham xalq ichida farq qilinadi.

Uyat — juda qadimdan kelayotgan turkiy oʻzbakiy soʻz va tushuncha. U yopish, panalash maʼnolarini anglatadi. Uy, uya — panajoy, odamning boshini, boshinigina emas, butun vujud borligʻini olamning xavf-xatarli havodis-laridan muhofaza qiladi. Uyat — turkiycha, hayo — arabiycha, sharm — forsiycha kelib chiqishga ega. Ruslar bu tushunchalarni «stid», «sram» soʻzlari bilan ifodalashadi.

 

* * *

Aytgim keladi: nomusni daraxtdan oʻrganing! Qarang, u hayot sharbatlari yugurayotgan tanasini qanday parda qobiq bilan oʻraydi. Bir joyi kesilsa, darhol shu kesilgan oʻrinni qobiq bilan berkita boshlaydi.

Tabiatda hayo hukmron. Yashash zarurati shuni taqozo qiladi.

 

* * *

Mendan muhabbatning goʻzalligi nimada? Uning lazzatlaridami? Uning shahvatlaridami? Uning hirsiy intilishlaridami?   Layliday, Majnunday sarson-sargardonliklaridami? Umidsiz tongriqishlaridami? — deb soʻrasalar, bular bari qalbga doir va ularni hech qachon inkor qilib boʻlmaydi, derdim. Shuning bilan birga muhabbat bular bilan goʻzal emas, balki baayni hayo bilangina goʻzal hamda hammadan ortiq lazzatli, deb javob bergan boʻlardim.

 

* * *

Islom yaratgan ulugʻ ilohiy Kitob ota-onang­ning betiga qarab uf tortma, uh dema, ular seni kichiklikdan tarbiyat qildilar, dunyoga keltirdilar. Sening uf tortishing ularni adoyi tamom qiladi. Biz bolamizga qanoatli hayot berolmabmiz-da, deb oʻkintiradi, deydi. Mana shu ota-ona yuziga tik karab uf tortish — hayosizlik, uh tortmaslik, ichingdan qirindi oʻtayotgan holda ham buni bildirmaslik, bu — hayo. Toʻgʻrirogʻi, hayoning ibtidosi. Uzum gullaganini koʻrganmisiz? Ilk hayo ana shu uzumning guli. U hali shirin uzum emas, lekin usiz shirin uzum hech qachon yetilmaydi. Mard odamning mardligi ham, qahramon odamning qahramonligida ham shunday hayo guli mavjud. Hayo boʻlmasa botirlik boʻlmaydi.

 

* * *

Suqrotning umri doim turli falsafiy bahslarda kechardi. U yoshlarni orif va oqil, zamonadan ancha ilgarilab yashashga oʻrgatardi. Koʻp hollarda oʻz haqligini bilgani uchun qattiq qizishib ketardi. Baʼzi oʻzini bilmaganlar alamning zoʻridan uni tepib, urib-soʻkib yuborishardi. Suqrot esa kulib turaveradi. «Nega sizni tepgan kishiga munosib javobini bermaysiz?» — deb soʻrashsa, Suqrot: «Eshak meni tepsa, nima, eshakni qoziga yetaklashim kerakmi?!» — derdi. Hech kachon haqoratga haqorat bilan javob qilmasdi. Bu Suqrotning qoʻrqoqligi emas, uning buyuk insoniy hayo egasi boʻlganligidan edi. Hayo uni kimsaning shaʼnini yerga urish, toptashga sira yoʻl qoʻymasdi.

 

* * *

Qadim-qadimlardan xohish der edik. Ke­yin-keyinlar islom diniy madaniyati taʼsirida tilimizga «taqdir», «qadar», «qazo», «tavakkal», «tavakkul», «ixtiyor» va «iroda» degan soʻzlar, tagida juda murakkab mafhumlar yashirinib yotgan tushunchalar kirib keldi. Islom dinida, islomiy madaniyatda iroda — qazo va qadar tushunchalari bilan chambarchas bogʻlangan. Bir zamonlar shu tushuncha atrofida qadariylar mazhabi vujudga kelgan edi.

Iroda atrofida fikrlash donishmandlar va faylasuflarning eng koʻhna zamonlardan beri suyumli mashgʻulotlari sirasiga kiradi. Buyuk nemis faylasufi Artur Shopengauer «Olam iroda va tomosha kabi» degan qalin asar ham yozgan va irodani azaldan mavjud qadar deb tushuntirishga uringan. Odamlarni — yevropaliklarni iroda va tomosha zimnida qanday insonga munosib yashashga oʻrgatishga, barcha hayot maromlarining markaziga hamdardlikni qoʻyishga harakat qildi.

Odamzod xamisha tugʻilish va oʻlim oʻrtasida yashaydi. Uning umri vaqti chegaralangan. Shuning uchun «iroda erkinligi» deganda, koʻplar va hatto ulugʻ faylasuflar ham shunday erkinlik boʻlishi mumkinmi? Axir, odam chegara ichida istiqomat qiladi. Uning xohishlari shu chegaradan tashqariga chiqib ketolmaydi. Iroda azaldan, oldindan belgilab qoʻyilgan hodisa deb aytadilar. Iroda erkinligi tushunchasi «inson erki» tushunchasi bilan tutash, qarindosh. Qolaversa,   hozirgi zamonda insonning yashash haq-huquqlaridan — ularning jamidan iroda roʻyobga chiqadi.

 

* * *

Umuminsoniyat irodasi insoniyatni u qayerda yashamasin, qayerda tugʻilmasin, qaysi irqqa mansub boʻlmasin, birlashtirib turadi. Insoniyat boshiga xavf tushgan kezlarda birlashadi. Aks holda insoniyat fashizm vabosi yoxud termoyadro jalalari ostida allaqachon yoʻqolib ketgan boʻlardi. Bu umuminsoniyat irodasi urush ofatlariga qarshi kurashda, diniy, milliy, irqiy terrorizmning xavfini birgalikda bartaraf etishda, tabiat ekosistemalarini omon saqlash uchun harakatlarni aktuallashuvida, texnologiyalarni yer yuzi tabiatida kechadigan cheksiz jarayonlarga oqilona muvofiqlashtirishga urinishlarda tobora kuchayib koʻzga tashlanmoqda. Tabiat bugun insoniyatdan oʻzini saqlash, muhofaza etish yoʻlida faollashuvlarni tobora katʼiyat bilan talab qilmoqda. Yo hayot, yo mamot… Odamzod bundan kelib chiqadigan barcha ziddiyatli karama-qarshi hodisalarning birini tanlashga majbur.

 

* * *

Iroda erkinligi ulugʻ maʼnaviy neʼmat. Lekin iroda sustligi bu tuganmas kulfat, hasrat va nadomatlardir. Borib turgan xorlik, qashshoqlik ham iroda sustligidan, aslo boshqa narsadan yoki boshqaning qiligʻidan emas. Qaramlik, tobelik, qullik kabi sal-pal oʻzini bilgan inson aslo toqat qilolmaydigan oʻta ayanchli hodisalarning bitta qolmay hammasi irodasizlik, sustlikning eshigidan koʻchaga chiqib tarqaladi.

Ayrim toifa odamlar irodasiz yashash — passiv hayot kechirishni oʻzlariga qulay deb biladilar. Qorin gʻamidan boshqani hatto xayolga ham keltirmaydilar. Oʻz irodalarini qulchilik va tobelikka boʻshatib beradilar. Boʻysunishda, irodasizlikda behad halovat, tinchlik, shukrguzaronlik topadilar. Albatta, taqdir, qazovu qadar, peshanada borini koʻrib, oxir-oqibat hisob-kitobdan hech kim xoli emas.

 

* * *

Odam muhabbatsiz yashay olmaydi. Muhabbat boʻlmasa, har qanday mol-dunyo, obroʻ-eʼtibor tatimaydi. Yosh oʻtib muhabbat oʻladi, oʻrniga izzat-ikrom keladi, deyishadi. Shunday boʻlishi mumkinmi? Muhabbat oʻrnini izzat-ikrom bosa oladimi? Yoʻq. Muhabbat oʻlishi mumkin, agar uni oʻldirsangiz. Muhabbat yashnashi mumkin, agar uni yashnatsangiz. Bu noyob hodisa insonning ixtiyor-irodasiga, oʻzini nimalarga va qanday tayyorlaganiga bogʻliq. Odam oʻzida oʻlmaydigan muhabbatni tarbiyalagan boʻlsa, bunday muhabbat, bilingki, toʻqsonda ham oʻlmaydi. Toʻqsonda ham odam yosh yigitlardek ishqiy gʻazallar yozadi, moʻyqalami oʻta hassos suvratlar chizadi, odamzodni lol qiladigan ajib musiqalar yaratadi. Insoniyat buning koʻp ajo­yib misollarini biladi.

 

* * *

Vatanparvarlik va millatparvarlik singari eʼtiqodiy hodisalarni ham faqat maʼnaviyat bilan chambarchas bogʻlagan va undan zarracha ayrilmagan holdagina tushunish, shunga yarasha saʼy-harakatda boʻlish har bir xalq uchun chin moʻjizalar yaratadi. Maʼnaviyatdan mahrum vatanparvarlik va millatparvarlik oʻz-oʻzinigina koʻr-koʻrona sevishga, dimogʻdorlikka, takabburlikka olib boradi, aslini olganda, takabburlikning jaholatdan sira farqi yoʻq. Takabburlik ham, jaholat ham, oʻzgalar haq-huquqlarini mensimaslik, bepisandlik ham — maʼnaviyatsizlikdan hosil boʻladi.

 

* * *

Baʼzan hayajonlarimni yashirolmay qolgan kezlarim: agar hamma kunlarimni bir yerga yigʻsam, sening Oʻzbekiston, loaqal bir soniyangcha boʻlmas! — deb hayqirgim keladi. Koʻksimdan otilib kelayotgan soʻzlar, tuygʻularni toʻxtatolmayman: OʻZBEKISTON!

TAN BERAMAN: SEN OTASAN! TAN BERAMAN: SEN ONASAN! TAN BERAMAN: SEN MURABBIYSAN!

Shavqlarga toʻlib yosh boladay sanasam, oʻnsan. Barcha yaxshiliklarda yonimda oʻngsan.

Mening hayot va tiriklik qovurgʻalarim sening oʻn harfingdan bino boʻlgan, yaʼni:

Oʻ — oʻzligim, oʻktam zabonim

3 — zebi jahonim

B — bagʻri keng baland osmonim

Ye — yetmish ming asrning jonli sadosi

K — koʻzim qarosi

I — iymon safosi

S — suzugim

T — tuzugim

O — oromi jonim

N   —   Nonu tuzim — OʻZBEKISTONIM!

Sen yolqinim, sen toʻlqinim va meni maʼzur tutgaysan bu koʻtarinki soʻzlarim uchun.

Ibrohim GʻAFUROV,

Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.