Bir Shotlandiyalik fermer uyiga qaytayotib, botqoqlik boʻlgan bir yerning yonidan oʻtar ekan, birdan oʻsha tarafdan yordam soʻrab baqirayotgan ovoz eshitildi.
Fermer ovoz kelgan tarafga yugurdi. U yerda botqoqlik oʻzining iflos qaʼriga tortayotgan bir bolani koʻrdi. Bola oʻzini botqoqlikning qoʻrqinchli zichligidan chiqarishga chiranar edi. Lekin uning har bir harakati bilʼaks, uning tobora choʻkishini tezlatardi. Bola tirishgancha, qoʻrquvdan baqirar edi. Fermer tezda daraxtning qalin bir shoxini sindirib oldi. Haloskor ehtiyotlik bilan shoxni choʻkayotgan bolaga uzatdi. Bola shoxga yopishib, uning yordamida xavfsiz yerga chiqib oldi.
Bolani kuchli titroq bosgan edi. U uzoq vaqt koʻz yoshlarini toʻxtata olmadi, lekin asosiysi, u qutqarilgan edi!
– Yur men bilan, uyimga olib boraman, – taklif qildi fermer. – Sen oʻzingga kelib olishing kerak, qurinib va isinib olishing lozim.
– Yoʻq-yoʻq, – bola boshini chayqatdi, – meni otam kutyapti. U juda xavotir olayotgan boʻlsa kerak.
Bola oʻz haloskorining koʻzlariga minnatdorona tikilib turdi-da, yugurgancha ketdi…
Ertalab fermer, uyining oldiga dabdabali izvosh kelib toʻxtaganini koʻrdi. Unga zotli otlar bogʻlangan edi. Izvoshdan qimmatbaho kiyimlar kiygan bir janob tushdi va fermerdan soʻradi:
– Mening oʻgʻlimning hayotini kecha siz saqlab qolgan edingizmi?
– Ha, men, – javob berdi fermer.
– Men sizga qancha toʻlashim kerak?
– Meni xafa qilyapsiz, janob. Siz menga hech narsa qarz emassiz. Chunki, men oddiy odam qanday harakat qilishi kerak boʻlsa, shunday harakat qildim xolos.
– Yoʻq, men buni shunday qoldirolmayman. Chunki, oʻgʻlim men uchun juda qadrli. Siz uni qutqarib qoldingiz. Istagan pulingizni soʻrang, – qistadi tashrifchi.
– Men bu haqda hech narsa gapirgim kelmayapti. Xayr.
Fermer ketish uchun oʻgirildi. Shu vaqt uning yelkasiga ichkaridan oʻgʻilchasi chiqib osildi.
– Bu sizning oʻgʻlingizmi? – soʻradi kibor mehmon.
– Ha, – gʻurur bilan javob berdi fermer, oʻgʻlining boshini silagancha.
– Keling bunday qilamiz. Men sizning oʻgʻlingizni oʻzim bilan Londonga olib boraman. Uning taʼlim olishi uchun barcha xarajatlarni toʻlayman. Agar u sizdek oliyjanob inson boʻlib yetishsa, u holda siz ham, men ham bu qarorimizdan afsuslanmaymiz…
Oradan yillar oʻtdi. Fermerning oʻgʻli maktabni tugatdi. Keyin tibbiyot universitetini. Tez orada uning nomi penitsillin kashfiyotchisi sifatida dunyoga tanildi. Uning ismi Aleksandr Flemming edi.
Urush arafasida Londonning boylar uchun klinikasiga oʻpkaning oʻta shamollashi tashxisi bilan huddi oʻsha janobning oʻgʻlini keltirishdi.
Bu gal uning hayotini qutqarib qolinishiga nima sabab boʻldi, deb oʻylaysiz? – Ha, Aleksandr Flemming tomonidan kashf qilingan penitsillin. Flemmingning taʼlimiga koʻmaklashgan janobning ismi Randolf Cherchil edi. Uning oʻgʻlini esa Uinston Cherchil deyishardi. Oʻsha, keyinchalik Angliyaning premyer-ministri boʻlgan Cherchil.
Uinston Cherchil aytgan edi: «Sen tomondan qilingan ezgulik, albatta, senga qaytadi».
Ruschadan Shoolim Shomansurov tarjimasi