Bismillahir Rohmanir Rohiym! “Xalq orasinda rusm bor, doʻst doʻstga safar qilib yonar boʻlsa, bir hadya, yaʼni boʻlak ola borurlar” –deb yozadi Nosiruddin Rabgʻuziy oʻzining “Qisasi ar-Rabgʻuziy” asarining soʻz boshisida. Nosiruddin Rabgʻuziy (joyilari jannatda boʻlsin) asarni deyarli bir yillik tinimsiz mehnatdan soʻng hijriy 710 yilning hut ( melodiy 1310 yil, 21 fevral-21 mart) oyida nihoyasiga yetkazadi.
Ushbu kitobning zamonaviy oʻzbek tilidagi talqinini amalga oshirgan biz mualliflar Raʼno Zaripova va Nodira Saʼdullayeva sizlarni muborak ramazon oyi bilan qutlaymiz. Qutlugʻ ramazon ayyomidagi ezgu tilaklarimizni Allohim oʻzi qabul aylab ijobatini bersin.
Ikki jildlik mazkur kitobdagi muallif muqaddimasi shunday boshlanadi: Sonsiz hamdu sanolar, sanoqsiz koʻp maqtovlar, ul Izi Azza va Jalla Karim qudrati birla bizlarni odamiy yaratdi. Muqaddas kitob “Qurʼoni karim” tili bilan aytganda, Batahqiq biz Odam bolalarini mukarram qildik.
Kitobat olamining goʻzal, betakror “obida”si, qadimiy turkiy tilda yozilgan “Qisasi Rabgʻuziy” asarini zamonaviy oʻzbek tiliga arabshunos qizim Nodira Saʼdullayeva bilan birga oʻgirib, uning 1-jildini 2013 yil, 2-jildini 2015 yil chop ettirdik. Yozma yodgorlikda Odam Ato va Momo Havodan tortib, Muhammad Mustafogacha yashab oʻtgan Qurʼoni karimda nomlari zikr qilingan paygʻambarlarning hayoti, ezgu oʻy, ezgu amallari hikmatlar, rivoyatlar orqali mohirona aks ettirilgan edi. Durdona asarda Sharq falsafasi bilan qadimiy milliy qadriyatlarimiz uygʻunlashib ketgan edi-ki, qalbimga choʻgʻ tushdi. Kitobda tilga olingan Makka-yu Madinalarni ziyorat qilgim keldi. Mahallaga chiqib Haj ziyoratiga navbatga yozildim. Oradan 9 yil oʻtdi-yu biroq navbatim kelmadi. Shundan keyin umra ziyoratiga borishni koʻnglimga tugib tegishli tashkilotga ariza yozdim. Ushbu ziyoratga sababchi boʻlgan kishilarga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman.
Samolet Jiddaga qoʻndi. Barcha imkoniyatga ega avtobus Madinaga yeldek uchib boryapti. Avvalo maʼdanli suv tarqatishdi. Ayni muddao boʻldi. Uydan olib chiqqan suvim tugagandi, koʻnglimdan oʻtdi. Undan keyin bir martalik idishda issiqqina ovqat bilan siylashdi.
Bu eʼtiborni koʻrganimda, yurtimdan olib chiqqanim olti xil kurutilgan neʼmatlarga ehtiyoj boʻlmasligini sezdim. “Yosh bolalar u yerda qurut soʻraydi” deganiga ishonib, hadyaga olganimga kulgim keldi. Biror kishi 10 kun davomida hech narsa soʻramadi. Bir tomondan zarurat boʻlmasada olib borganimdan xursand boʻldim. Barini asta-sekin hadya sifatida tarqatdim. Hadya tarqatishni ham ziyoratchilarning oʻzidan oʻrgandim. Ular namoz oʻqigach yoki tilovat kilgach hadya ulashar ekanlar. Madina-yu Makkayu munavarada ham ziyoratgohning yonginasidagi mehmonxonada turdik. Besh mahal chiqib namoz oʻqib kelishga ham, uch mahal tamaddixonaga kelib ketishga ham imkon boʻldi. Bir soʻz bilan aytganda ziyoratchilarga yaratilgan sharoitlardan barcha xursand boʻldi, deb oʻylayman.
Ravzaga kirish uchun navbat kutib turar ekanmiz, guruhimizni kuzataman: ellik kishi ipga tizilgan oppoq marjonlardek tizilib turishibdi. Yon atrofimni kuzataman. Turfa millat, turli irq kishilari, biri biriga oʻxshamaydi. Biroq, bir-birini samimiy koʻz qarashlari bilan tushinishadi. Ulugʻvor minoralar-u muqaddas dargohning savlati bosib kelayotgandek barcha jim. Ular ham tartib bilan sim yogʻochdagi qushlardek tizilib turishibdi.
Beixtiyor “Qisasi Rabgʻuziy” asaridagi satrlar xayolimdan oʻtadi: Olloi Taola Odam Atoni yaratmoq istaganida Jabroil farishtaga xitob keldi: “Borgʻil Yer yuzidan bir hovuch tuproq keltirgil”. Jabroil farishta tuproq olmoqchi boʻlsa, yer koʻksimni buzmagil deya yalindi. U rahm qildi. Soʻngra Isrofil farishta yuborildi. U ham tuproq ololmadi. Mekoil farishta ham quruq qaytdi. Oxirida Azroil farishta joʻnatildi. Tuproq unga ham yalindi. “Sening iltijolaringdan koʻra Mavlo Taoloning buyrugʻi azizroq” deya javob berganida, Yaratgandan xitob keldi: “Ey, Azroil, nihoyatda qattiq koʻngilli ekansan taqdir boʻldikim, barcha tanlilarning jonini senga oldurgʻayman”…
“U tuproqning suvi turfa rangli, turli taʼmli boʻlib, achchiq-chuchuk, sariq-yashil, qizil-koʻk, qattiq-yumshoq, hidli–hidsiz barcha xususiyatlar mavjud edi. Shuning uchun ham Odam Ato farzandlari bir-biriga mengzamaslar: muloyim-u qoʻpol, oqu qora, sarigʻ-u bugʻdoy rang, xushsuvrat-u badxunuk…”
Darhaqiqat, bu yerda turfa millat-u turli irq biroq, odamlar bir-birini koʻz qarashidan tushinishadi. Barchaning yuzu koʻzida samimiylik. Yon-atrof gavjum millionlab kishilar boʻlsada, hududni osoyishtalik qamrab olgan. Zero, maqsad bitta, ezgu tilak bitta: Allohning marhamatiga erishish.
Ravzaning qaysi eshigidan kirmang, odam gavjum. Biroq, tiq etgan tovush eshitilmayapti. Tokchalarga qator terilgan Qurʼoni karimni olishga va qoʻyishga oʻrnidan turganlarnigina kuzatish mumkin. Ulugʻvor-ulugʻvor zallarda kimdir namoz oʻqiyapti, kimdir koʻzlarini yumib, yoddan tilovat qilib, Allohning muqqaddas dargohiga yetkazganiga shukrona bagʻishlayapti. Qurʼoni karimni oʻqib, tilovat qilayotganlar ham talaygina…. Minglab kishi oʻtirgan zal ozoda, osoyishta, hozirgina supir-sidir qilingandek. Ziyoratchilarning qalbini goʻzal va orombaxsh bir sukunat qamrab olgan. Aytishlaricha, arab boyvachchalari kechasi kelib savob uchun oʻz qoʻllari bilan muqaddas dargohni supirib sidirishar ekan. Ravza eshiklarining atrofida ham keng maydon boʻlib, ayollar va erkaklarga alohida joylar panjaralar bilan ajratilgan. Ana shunday osoyishtalikni bu yerda ham kuzatish mumkin. Goʻyo samodan farishtalar tushgan-u har bir ziyoratchining yelkasiga qoʻngandek…
Beixtiyor “Qisasi Rabgʻuziy” asaridagi satrlar xayolimdan kechadi. Olloi taolo farishtalarni olovning yorugʻidan nurdan yaratdi. Parilarni oʻtning yolinidan yaratdi. Ularning asli bitta, biroq uch narsa bilan bir-biridan farqlanadilar. Birinchi farqi-farishtalar nurdan, parilar yolqindan yaraldi. Ikkinchi farqi-farishtalar malak deyiladi, parilar –jin. Uchinchi farqi-farishtalar ulugʻvor samoda, parilar yerda boʻladi.
Bu yerdagidek samimiy qarashlar, bir-biriga boʻlgan mulozamatli holatlar butun dunyoni qamrab olganida edi, degan fikrlar xayoldan kechadi beixtiyor. Urushlar, toʻpolanlar, talon- tarojlar boʻlmasmidi deya shivirlaydi lablarim. Nahotki, inson tashqi dunyoda ham ana shunday yashashi mumkin emas deb hayqirgim keladi. Biroq, Qurʼoni karimni javondan ohista olaman-da mutola uchun oʻtiraman. Ezgu amal-u niyatlarimizni, duolarimizni Alloh oʻz dargohida qabul qilishini iltijo qilaman!
Qadrdon yurtdoshlar, qutlugʻ ramazon ayyomi va yaqinlashayotgan hayit bayrami qutlugʻ boʻlsin. Duolarimizni, iltijolarimizni Allohim ijobat aylasin.
Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist