«68-yil simfoniyasi sadolari» kitobi “Istiqlol” nashriyotida chop etilgan. Ushbu asar 2018 yilda chop etilgan ”Saboqdosh jurnalistlarning 68-yil simfoniyasi” deb nomlangan majmuaning mantiqiy davomi. Unda 1968-1973 yillarda ToshDU (hozirgi OʻzMU) jurnalistika fakultetida birga oʻqigan kursdoshlarning turli janrlarga mansub ijod namunalari joy olgan.
Publitsistika, hikoyalar, sheʼrlardan iborat jamlamaning toʻplovchisi “Yilning eng yaxshi jurnalisti” tanlovlari gʻolibi, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi aʼzosi Xolmurod Allanazarov, taqrizchi Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, filologiya fanlari doktori Xurshid Doʻstmuhammad.
– Ochigʻini aytganda, qalam uchi bilan roʻzgʻor tebratish, qora qozonni qaynatish, bola-chaqa, orzu-havas deganlaridek… 37 nafar saboqdoshlarimiz orasida muxbirlik gashtini surgan (hamon davom ettirayotgan), tahririyatga bosh muharrirlik qilgan, turfa rahbarlik lavozimlarini egallaganlar koʻp… Shu jihatdan ham kursdoshlarimizning farzandlarimiz, yaqin-yiroqlarimiz, yanada muhimi, kasb-korimiz oldida yuzlari yorugʻ!,– deydi kitobning “Ikki ogʻiz soʻz” nomli soʻzboshi oʻrnidagi maqolasida Xurshid Doʻstmuhammad.
Saboqdosh doʻstlarimning tashabbuslar maydonidagi saʼy-harakatlariga, ijodiyot boʻstonidagi tafakkuriyotlariga ulugʻvor omadlar tilab qolaman.
Ushbu jamlamadan kaminaning ham ijodidan namunalar oʻrin olgan. Ulardan biri – ”Oʻtmishdan xotiralar yohud nok toʻkildi“ hikoyasidir. U Sizga maʼqul kelsa xursand boʻlaman, aziz kitobxon.
Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist
Oʻtmishdan xotiralar yohud nok toʻkildi (hikoya)
Ehtirom ila bobo va momolarim xotirasiga bagʻishlayman.
Osmonu falakni qora bulut qoplagan. Shimol tomonda uzoqlardan momoqaldiroqning gumbirlagan sadosi eshitilib, goh-gohida chaqmoqning yaltiragan nurlari atrofni bir zum yoritib yana oʻchadi. Yolgʻiz ot quvib ketayotgan yoʻlovchi tezroq manzilga yetib olish uchun otini tinimsiz niqtaydi. “Hech qachon senga bugungidek ozor bermagan edim. Biroq fojea yuz bermasdan yetib olishimiz kerak. Hozir yomgʻir sharillab quyib qolsa, ikkalamiz ham battar azobda qolamiz”. Deya shivirlab, otining yolini siypalab, suhbatlashib ham qoʻyadi.
Yoʻlovchi boshini yostiqqa qoʻyib endigina koʻzi ilingan edi. Ukasini dor tagida koʻrdi, koʻzi ojiz boboning “orqaga qayt” degan ovozi yangradi. Apil-tapil kiyindida, yoʻlga tushdi. Mana endi yarim kechada ot choptirib ketyapti. Aslida oʻzi ham oti ham kuni boʻyi yoʻl yurib, teri yigʻib toliqqan edi. Yoʻlga chiqishi esa yana ortiqcha boʻldi. Xayolidagi vahimalarni quvish niyatida yana oti bilan gapirisha boshladi. Qorangʻi tunda kimsasiz yoʻlda bundan boshqa imkon ham yoʻq.
“Yoʻl azobi goʻr azobi”- deydi donishmandlar. Bugun aynan hozir shuni juda chuqur his qildim. Yoʻllar oʻnqir-choʻnqir boʻlmaganida ikkalamiz ham bunchalik qiynalmasdik”.
Shu mahal ot qoqilib, ustida oʻtirgan chavandoz uchib ketishga sal qoldi. Ot ham chavandoz ham tezda oʻzini oʻnglab oldi. Qorongʻi tunda yolgʻiz ketayotgan odam yana oʻzi bilan gapirishga tushdi. “Xorazm bilan turkman ovullarining oʻnqir-choʻnqir yoʻllarida roʻzgʻor tashvishi deb ikkalamizning umrimiz oʻtib ketayapti.”
Shu payt tabiat uning gapini tasdiqlagandek, momoqaldiroq vahima bilan gumbirlab, chaqmoq dala-dashtni yoritib oʻtdi. Bu safar momoqaldiroq vahimasi ham chaqmoq shuʼlasi ham uning yonginasidan oʻtgandek boʻldi.
“Bunday vahimali tunda paranda-yu darandalar ham inidan tashqariga chiqmaydi, senga nima boʻldi, tong otguncha sabr qil” deb maslahat bergandi turkman doʻsti. “Shunisi yaxshida qashqirlar toʻdasi hujum qilmaydi, bexosdan ilonni bosib olmaysan. Bu yogʻi Ollohga tavakkal” deya javob qilgandi. Yonida momoqaldiroq gumbirlab chaqmoq chaqib oʻtgandan keyin yomgʻir sharillab quyib berdi. U xurjinidan yomgʻir poʻshini olib kiydi. Xotini tikib bergan boshi bilan birga oʻraladigan yomgʻirpoʻsh joniga orom berdi. Jiqqa hoʻl boʻlishdan asradi. Biroq yerlar shilta boʻlib, otning yurishi qiyinlashdi, tezligi sekinlashdi. U tonggacha qishloqqa kirib borishni niyat qilgan edi.
Yana oʻzi bilan gapirisha boshladi: “Xalqimizda yuz masjid, yuz masjiddan 10 ichik(quduq), oʻn ichikdan bir gechik(kechuv-yoʻl) avlo(afzal) degan matalning borligi ham bejiz emas. Demak yoʻllarni obodonlashtirish masjid qurgandan va suv chiqargandan afzal ekan. Oilamda tinchlik boʻlib tursin ilohim, ertadan-oq qishloq yoʻllarini obod qilishni boshlayman. Issiqda poʻrsillab turgan tuproq yomgʻir bilan qorishib, otni yurishini yanada qiyinlashtirdi. “Jonivorim, bu yoʻllarni sen bilan koʻp kechib oʻtganmiz, yana ozgina chida” deb gapirib, otining yolinini yana sipalab qoʻydi.
Qishloqqa yaqinlashganida xoʻroz qichqirib tong yorishishidan darak berdi. Sharillagan yoz yomgʻiri ham orqada qoldi. U yana oti bilan gapirisha boshladi: “Biz tomonlarga yogʻingarchilik ertaga kelsa kerak. Hozir oilam tinch boʻlsa soʻlim bogʻ qoʻynidagi tosh hovuzga bir kalla tashlab dam olaman. Seni ham xafa qilmayman. Otboqarlar yopda choʻmiltirib, yuvib-tarab qoʻyishadi” deya yana unga mehribonlik koʻrsatdi.
Qishloqning kiraverishida gujum soyasidagi supada oʻtirgan koʻzi ojiz bobo unga kechasi koʻrgan tushini qayta eslatdi. Koʻzi ojiz bobo uni hamisha gʻoyibdan havfdan ogohlantirardi. Kecha tushiga kirib uyingga qayt deya ishora qilgandi. Koʻngli nenidir sezib tezda ishlarini chala tashlab boʻlsada ortiga qaytdi. Hali poyafzal fabrikasiga topshirishi kerak boʻlgan terini qishloqlardan toʻla yigʻib boʻlmagan edi. Barcha ishni yordamchisiga yukladi-yu, turkman doʻst-u yoronlari bilan ham xayr-xoʻshni nasiya qilib orqasiga qaytdi. “Qishloqdagilarga teri oshlashdan har safar saboq beraman. Terini oshlashiga qarab narx belgilashimni aytaman. Uch xil bahoga olasan. Yaxshi oshlangani eng yuqori nav, yomonroq oshlangani pastroq, umuman oshlanmagani undanda past. Belgilagan narximdan oshirmaysan ham tushirmaysan ham”. Deya qayta-qayta tayinlab yoʻlga tushdi. Mana endi tushidan vahimaga tushib otini ham oʻzini ham qiynab yarim kechada ot surib ketyapti.
Ukasi choʻkib ketish oldidan ham shu koʻzi ojiz bobo ogohlantirgandi. Tushida ukasini suvdan tortib chiqayotgani koʻz oldida namoyon boʻlgan va koʻlga qarab ot surgandi. Ukasi Gʻovuk koʻli boʻylaridagi seroʻt joylarda oʻzlariga qarashli yaylovlarda chorvalarni boqib yurishga bosh — qosh edi. Ish oʻrgansin deya choʻponlarning yoniga yuborgandi. Chunki rahmatlik otasi uni ham goʻdakligidayoq mehnatda chiniqtirgan boʻlib bu ota-bobo meros anʼana edi.
Oilasi ogʻir sharoitda boʻlsa, qulogʻida hamisha koʻzi ojiz boboning keskin ovozi jaranglar yoki biror ishora berardi. Bu qanday sir-sinoat oʻzi ham tushunmas, bu haqida hech kimga, hatto boboning oʻziga ham aytgan emas. Ular bu haqida bir ogʻiz gapirishmasada, bir-biriga juda mehribon edilar. Ulugʻvor mehr-oqibat ularni bogʻlab turardi. Shu-shu u otaxonni juda izzatlar, uni tez-tez yoʻqlab turar, safarlardan sovgʻalar olib qaytardi. Bu qanday sir-sinoat boʻldi deb ajablanardi Hojiboy ogʻa.
– Assalomu alaykum, bobo.
– Hojiboymisan. Tez chop ukang.
U nogʻora sasi kelayotgan tomonga qarab otini niqtadi. Uzoqdan qishloq ahlini va osishga tayyorlangan dorni koʻzi ilgʻadi.
Hojiboy ogʻaning belida hamisha ikki belbogʻ boʻlardi. Biri paxtadan oq surp, biri qizil rangli ipakdan edi. Shu ikki rangni xush koʻrgani uchunmi hamisha shu ikkalasini beliga bogʻlab yurardi. Hozir oqini yechdi. Uni yuqori koʻtarib maydonga karab ot surdi. Ot dupirini eshitib dorni oʻrab turgan olomon ikkiga boʻlinib, unga yoʻl berdi. U qoʻlidagi oq belbogʻni ukasining oyogʻi ostiga tashladi.
– Qonga qon, jonga jon, — deya hayqirdi.
Xon navkari bir ishora bilan nogʻorachini chalishdan toʻxtatdi.
Bir pasda toʻdadagilar ham Hojiboyning soʻzlarini takrorlab, “Qonga qon, jonga jon” deya qoʻllab quvvatlashdi. Qishloqni kuchli hayqiriq qamrab oldi. Xon navkari ukasining oyogʻi ostidan belbogʻni olib:
– Boʻyi baravar tillaga rozimiz, – deya javob qildi.
Aravada hiqillab oʻtirgan qiz tomonga ham qarab qoʻydi. Agar janjal sababchisini ham qaytarib olish niyati boʻlsa, yana ikki baravar qoʻshishi lozim edi.
Bu degani dor ostidagi kishining yoshi aytilib, uni oʻn baravar koʻpaytirilib xuni toʻlanishi kerakligini bildirardi. Ukasi xon aravasi yoʻlini toʻsib qizni olib qolishga harakat qilibdimi, demak u ukasi uchun aziz, agar hozir uni ham qaytarib olmasa, ukasi bir baloni boshlashi aniq. Onasi ukasini uylantirish lozimligini aytganida safardan qaytgach gaplashamiz, ena degandi.
Xayolidan lip etib “qaʼladan koʻchib kelgan Matyoqubning qizi boʻlsa kerak” degan soʻzlar kechdi. “Nega bizning qishloqqa koʻchib kelyapsan” deganida, “Yolgʻizgina qizim bor. Shaharni xon arava aylanganida uning nomi tilga tushibdi. Yolgʻizimni oʻtga otmayman-ku. Sizning qishloqingizga xon arava kirmas ekan”, deya javob bergan edi. “Ukam bu qizni qachon topib ulgurdi ekan. Qishloqqa kelganiga koʻp boʻlmadi”.
Hojiboy ogʻa xon arava qishloqni aylanmasligi uchun uning kattasiga oʻlpon toʻlab turardi. “Demak bu ishga yangi kishi tayinlangan” koʻnglidan oʻtkazdi u.
U oʻzining xazinadori boʻlgan Eshmat ukasiga qaradi. Uka ham akasining qarashidan tushundi. Olomon orasidan chiqib, akaning otini olib uyi tomon yeldek uchdi. Eshmat ham ogʻir vaziyatdan qutqargan akasidan minnatdor boʻlib ketdi. Dor ostidagi ukasiga qarab nima qilarini bilmay turgan edi. Ayni paytda ellik kishilik qozon qaynaydigan xonadonning yetakchisi yoʻqligida bir qarorga kelishi qiyin kechayotgandi. Bir tomonda ellik kishilik xonadonning risqi bir tomonda ukasi tarozida turardi. Akam bunday paytda nima qilardi, deya oʻzidan soʻrab turganida davraga kirib keldi.
Eshmatning koʻz oldidan bolaligidagi voqea kechdi. Yetti yoshida Gʻovuk koʻlda choʻkib ketgani, nafasi qaytib tor tuynukka tushib qolgani, ketidan akasi kelib tuynukdan tortib chiqarib nurli bir kenglikka olib chiqqani xayolidan lip etib oʻtdi. Oʻshanda ham akasi qutqarib kolgandi. Yana akasi vaqtida yetib keldi. U qanday bilar ekan-a. Bu tasodifmi yoki sir-sinoatmi. Akasi bu sirni hech aytmaydi. Xazinador uka yeldek uchgan boʻlsa shu zaylda qaytdi.
Oq belbogʻ dor ostiga yozildi. Oʻn sakkiz yoshli ukasining xuni 180 tillaga baholangan edi.
Hojiboy ogʻa tilla tangalarni tovush chiqarib bir-bir sanab oq belbogʻga tashlayverdi. U bir deganida xalq uning ketidan bir der, ikki deganida ikki der. Qishloq ahli oldida bir yuz sakson tillani bir bir sanab belbogʻga tashlab boʻlgach, navkar uni tugdi.
Barcha joʻr boʻlib tangalarni sanar ekan, dor ostidagi ukaning koʻzi xon aravadagi qizda edi. Durra qayta yozilib, qishloq ahli joʻrligida qizning xuni toʻlandi.
–Qishloqqa bundan keyin kirmasdan aylanib oʻtishing uchun yana shuncha oʻlpon toʻlayman, – deya hayqardi Hojiboy ogʻa.
“Avvallari bunday soʻrovlar yashirincha boʻlardi. Xonning obroʻsi ketdimi yoki men oʻzgarib, dimogʻdor boʻlib qoldimmi? Tavba qildim. Ollohim dimogʻdor boʻlsam oʻzing kechirgin” deya koʻnglidan oʻtkazdi.
Hojiboy ogʻaning ovozi oʻtkir edi. Qishloqning bir chekkasida turib baqirsa, ikkinchi chekkasidagilar eshitishardi. Ovoziga yarasha savlati boʻlib, qishloq ahli orasida tursa, uni bemalol tanib olish qiyin emasdi. Shuning uchun Hoji dargʻa degan laqabi ham bor edi. Koʻp gapirmas, lekin gapirsa qatʼiy keskin va kesib gapirardi. Shuning uchunmi koʻpchilik uni haybatidan hayiqardi. Uni aldab ham boʻlmasdi. Unga yaltoqlanish ham oʻtmasdi. Chunki, bu xususiyatlarni yomon koʻrishini barcha qishloqdoshlari yaxshi bilishardi. Chunki yaltoqlanish, yolgʻon soʻzlash degan narsalar oʻzida ham yoʻq edi.
Doʻrmon qishlogʻidagi barcha yerlar unga qarardi. Qoʻrgʻoni ham qishlogʻi ham yon atrofdagi qishloqlardan ajralib turardi. Mevali bogʻlar bilan oʻralgan toshhovuzli goʻzal maskan edi. Qoʻrgʻonda aka — ukalardan iborat oʻn oila yashardi.
Amudaryo boʻyidagi toʻqayzorlarga tutashib ketgan bu qishloqning erkaklari Hojiboy ogʻa etakchiligida sholi, bugʻdoy ekib, chorvachilik bilan kun kechirishardi. Tegirmonni aylantiradigan ikki oʻrkachli tuyalar ham, bozorga har kuni yuk qatnaydigan arava tortadigan otu eshaklar ham tinim bilmasdi.
Ayollari chigʻir yigirib gilam, boʻz toʻqirdi. Tikkan choponlari qalʼada ham mashhur edi. Ayniqsa keyingi paytda yoʻlga qoʻygan teridan boʻlgan yomgʻirpoʻshlari juda xoridorgir edi.
Keyingi paytda marhum otasining doʻstlari bilan topishib, ularning poyafzal fabrikasiga teri ham yetkazib bera boshladi. Aslida Hojiboy ogʻaning otasi ular bilan azal-azaldan oldi- berdi qilgan terilarni oshlab yetkazib berib turgan. Ular maxsi, xoʻrjin kabi narsalar tikishgan. Endi oyoq-kiyim tikadigan fabrikani yoʻlga qoʻyishdi. Hojiboyni izlab topishdi.
Ulugʻvor xonadonning yetakchiligi otasidan keyin unga qoldi. Otasi yolgʻonchi olamni erta tark etishini bilgandek savdo-sotiq va dehqonchilik sir-sinoatlarini bosh oʻgʻli Hojiboyga oʻrgatgan edi.
Hojiboyga suyanib qolgan qoʻrgʻon ahli ayni daqiqalarda u yoʻqligidan jar yoqasida turgandek, tikanlar ustida yurgandek edi. Mana muammo hal boʻldi. Hojiboy ogʻa bilan katta hovliga osoyishtalik endi.
Keng biyobonda kecha guldiragan momoqaldiroq ham orqada qolgan, osmon moviy boʻlmasada osoyishta edi. Biroq, yaqinlashib kelayotgan chaqmoq-u momoqaldiroqdan darak -belgi berib turardi.
– Ena, bugun Matyoqubning uyiga chiqinglar qizini boyga beradi-ma? Koʻnglini soʻranglar. Bugun-oq toʻyni boshlab yuboramiz,–topshiriq berdi Hojiboy.
– Kelinning qalinini xon xazinasiga toʻlamadingiz-ma? – soʻradi yosdiqdoshi Bibijon ena.
– Ota rozi Olloh rozi–qisqa javob qildi Hojiboy.
–Boyingni aytganidan chiqma, seni davlatboshing shu, – oʻrgatdi yangasi Oylar momo unga va orani yumshatish uchun izoh berdi – Biz ayollar roʻzgʻorning birini ikki qilib tugib qoʻyishni xush koʻramiz, bu odat momo Havodan meros bizga. Ollohim Odam Ato bilan momo Havoga rizq-ikki non berganida Odam ota oʻz ulishi toʻliq yegan, momo Havo esa yarmini isʼtemol qilib yarmini tejab olib qoʻygan. Ollohdan sado kelgan: Meni ertaga ham risq berishimga ishonmadingmi. Bugungi baʼzi yetishmovchiliklar ana shu xatomizning sababidir. Toʻy qilamiz, yangi oilaga uy quramiz deymiz.
– Unday boʻlsa bugun qalʼaga bormoq kerak. Sartlardan qizil chitlar keltirmoq kerak, – dedi yana ikkinchi yanga gapga aralashdi.
– Bir toʻyga yetarli barjigi bor, – javob qildi xazinador uka.
Ularning tilida qalʼa – shahar, sart – shaharlik, boy – er, barjigi-barchasi, hammasi degan maʼnoni anglatadi.
Momolar yangi libos kiyib, toza lachak oʻrab yoʻlga tushdilar. (Lachak – boshiyu boʻyinlarini oʻrab turadigan oppoq roʻmol). Lachakning uchida sandiqning kalitlari jaranglab yuradi. Koʻylaklarining englari uzun. Qoʻllari koʻrinmaydi. Yoz kunlarida hatto koʻylakning yengi yelpigʻich oʻrniga oʻtadi. Hatto bu yenglar bilan kulgisi kelganida yuzi va ogʻzini bekitishar edi.
– Sartlarning kelinlari enalari bilan gapirishmay, tars yorilib ketmay-ma. Matyoqub ham sartlardan deya gap otdi ularning biri.
Ayollarning oʻzaro suhbatlari qizib ketdi.
Xorazm xalqining aksariyatiga xos boʻlgan qaynona-kelinning gaplashmaslik anʼanalari bu qoʻrgʻonliklarda yoʻq edi.
– Viy-biy, enajon, boʻyginangdan aylanayin, desa boʻlmay-ma, yayrab gaplashsa boʻlmay-ma, – ajablanadi ular. Ular boʻlajak kelinga urf-odatlarni oʻrgatish borasida bir- biriga maslahat bera boshladilar.
Yana doʻrmonliklar orasida gʻassol yoʻq. Ular suyagini birovga tutqazishni uyat hisoblashadi. Marhumni oxirgi yoʻlga kuzatishdan oldin pokizalashga oʻz yaqinlari kirishadi.
Shuningdek, ular qizlarini «sart»larga uzatishsa-da, oʻlganidan keyin suyagini ularning qavmida (xilxonada) qoldirishmaydi. «Shuncha yil xizmatida tik turgani yetar, oʻgʻil-qiz tugʻdi, farzu qarzini bajardi. Boqiy olamda hur boʻlsin», deyishadi. Marhumani oʻz qavmiga (xilxonasiga) qaytarishadi. Hurlikni eng oliy neʼmat hisoblashadi.
Ular ana shu urf-odatlarni, qoʻrgʻonning oʻziga xos muomala-madaniyatini kim qanday oʻrgatishni tezda kelishib olishdi. “Uchratgan har bir odamni Xizir bil” degan hikmatli soʻzlarga amal qilib yashaydigan qoʻrgʻonliklar hamishagidek birpasda vazifalarni boʻlishib olishdi. Qoʻrgʻonlik ayollarning begʻubor suhbatlarini eshitib, Hojiboy ogʻaning hovuzga choʻmilish istagi ham esdan chiqdi. Ularni kuzatib «har biri oʻzi bir olam» deya kulimsirab qoʻydi!
Xotini hovuz boʻyidagi qamish toʻshalgan supaga kigizni yozib, atlas koʻrpachalar tashlab, dasturxon yozdi. Avvalo, dasturxonga eri suyadigan noklarni keltirdi. Ushbu noklar Hojiboy ogʻaga ota-bobosini eslatardi.
Bolaligida ular yoz pallalarida nok tagida pashshaxonalar qurib uxlashardi. Pashshaxonalarning chor-atrofi oq dokadan tikilardi. Tepasi oq surp bilan qoplanardi. Ertalabgacha pashshaxonaning usti noklarga toʻlib ketardi. Birortasi zaxa yemasdi. Saharlab turgan bola-baqralar noklarni talashib-tortishib pashshaxona ustidan yigʻib olishardi. Bobosi ekkan bu noklar endigina hosilga kirgan pallalarda qoʻrgʻonning ramziy qoʻshigʻi toʻqilib, birinchi hosil terib olishda uni kuylash urf-odatga aylangan edi. Tilladek tovlanib, tishi botgan zahoti suvlari sachrab zavq ila ishtahani qitiqlardi. Kim koʻp nok teradi deya bellashuvlar oʻynashardi. Bellashuv olti yoshdan oʻn ikki yoshgacha boʻlgan bolalar oʻrtasida oʻtkazilardi. Hovuz boʻyida terib qoʻyilgan chelaklar olinib, ulli hovlining kichkintoylari ish boshlayotgan paytda 12-15 yoshli bolalar “nok toʻkildi” qoʻshigʻini kuylashardi. Bu bolalarga bobomeros qoʻshiq. Sheʼrni ham musiqani ham bobosi yaratgan boʻlib, meva terish bayrami ana shunday boshlanardi. Chunki, bogʻlaridagi eng ertapishar meva hovuz boʻyidagi noklar edi. U anʼana hamon davom etib kelayapti. Faqat bugun yigʻilmay qolgandi….
Nok doʻkildi, nok doʻkildi,
Nok yetildi, maza yetildi.
Nok otdim, olma otgʻana,
Nok sotdim uzum olgʻana.
“Men shoirlikni daʼvo qilmayman. Biroq, oʻzimizning shiorimiz boʻlishi kerak” degan ekan rahmatlik bobosi.
“Daraxt ham insonga oʻxshaydi. Novda boʻladi, gurkiraydi, gullaydi, serhosil meva beradi. Yangi hosilga kirganida mevalari durkun, yirik, mazali, tish tegganda qarsillab turadi. Asta-sekin qariydi, hosili kamayadi, mevalari maydalashadi. Tabiat bilan odam uygʻun. Ota-bobomni eslatadigan bu noklar yoʻqolib ketmasligi uchun necha marta ulardan koʻchat olib yangiladim, sopladim(payvandladim). Kelajak avlodlarim meni ham ana shunday ezguliklar bilan eslashsin. Fojea yuz bermasdan yetkazib kelganingga, koʻnglim tinchlanib, dam olayotganimga, topganimiz ezguliklarga buyurayotganiga Ollohim oʻzingga shukr”. Deya shukronalik bildirib, ezgu-niyatlar qildi.
Hojiboy ogʻaga choy ichib biroz dam olguncha sovchilar qaytib kelishdi.
Yonida oʻtirgan ukasi yangiliklarni eshitgisi kelyapti-yu akasidan istihola qilib jimgina oʻtirardi. Hojiboy ogʻa uning holatini kuzatib kulib qoʻydi.
“Bibijon, nima yangilik.” Deya xotinini chaqirdi. ”Sovchilar qaytdi. Barjigining ogʻzi qulogʻida. Yangi qudangiz qutlugʻ boʻlsin. Ularni rosa siylashibdi. Sizga inim paridek yostiqdosh muborak boʻlsin”. Yangi kuyov men otni sovutmoqchi edim deya oʻrnidan turdi. Qochishga intilgani bilan xushxabarni oʻgʻliga yetkazish uchun kelayotgan enasiga tutildi.
Tandirdan yangi uzilgan nondek ifori taralib turgan yaʼni buyoq hidi ketmagan «68-yil simfoniyasi sadolari» kitobidan.