Abdulla Qodiriy:  Biz kim va nimalardan qoʻrqamiz?

0
16
marta koʻrilgan.

1938 yilning 28 mart kuni Stalin, Molotov, Kagonovich, Voroshilovlar rahbarligida Oʻzbekistondagi siyosiy elitadan 165 kishini qatagʻon qilish haqidagi roʻyxatga qoʻl qoʻyiladi. Mana shu roʻyxat asosida 4-7 oktyabr kunidagi fojialar roʻy berdi.

155 kishi otuvga, 10 kishi mehnat tuzatish lageriga hukm qilinadi. Xudoybergan Devonov, Choʻlpon, Fitrat, Otajon Hoshim, Adulla Qodiriy, Anqoboy, Akbar Islomov, Isroil Ortiqovlar 4 oktyabr kuni otib tashlandi. 5 oktbyar kuni esa allaqachon otib tashlangan insonlar goʻyoki «sud qilinadi».

4 oktyabr qirgʻini amalga oshirilgan hudud – «Alvastikoʻprik». Toshkent, Shahidlar xiyoboni.

4 oktyabr kuni shunchalar koʻp odam otiladiki, Abdulhamid Choʻlponga kelganda hatto oʻqlar tugaydi, otuvchilarning oʻzi ham charchab qoladi. Choʻlponga seni ertaga otamiz deganida, u: «Bu insonlar yoʻq dunyoda bir nafas ham yashashni istamayman, meni hozir otasizlar», deb turib olgani uchun uning boshini bolta bilan chopib oʻldirishadi…

Abdulla Qodiriy:  Biz kim va nimalardan qoʻrqamiz? («Mushtum» jurnalida Julqunboy imzosi bilan 1923 yil, 1 may, 7-son, 6-betida chop etilgan. — qisqartirilgan variant)

 4 oktyabrda Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat va Abdulhamid Choʻlpon otib tashlangan edi. Quyidagi Qodiriyning  jurnalistik materialidan qirgʻinlarning sababini anglash mumkin……

Har kimning oʻziga yarasha qoʻrqaturgʻan narsasi boʻladir. «Ishtonsizning choʻpdan hadugi bor», degandek, shu vaqtda ishtonlik inson — haduksiz odam, ehtimol, yoʻqdir. Turkiston istatistiqa idorasining keyingi yiqgʻan hisobiga qaragʻanda, ishtonsizlar banaʼji koʻpayibdirlarki, biz ularni aynan quyida koʻchiramiz:

Mustamlakachi — achchigʻlangʻan chogʻida sirining ochilishidan qoʻrqadir.

Har turluk idora mudirlari — saylov yaqinlashsa mansabdan tushib qolishdan qoʻrqadirlar.

Kambagʻal dehqon va ishchilar — kun sayin bozor bahosining birga bir koʻtarilishidan qoʻrqadirlar.

Hukumat idoralaridagi poraxoʻrlar — poraxoʻrliq bilan kurash boshlangʻandan beri oʻzlarining soyalaridan ham qoʻrqadirlar.

Koʻkdagi bulutlar — yogʻmay desa Xudoning buyrugʻidan, yogʻay desa yerdagi maxluqlarning chirting-pirtingidan qoʻrqadirlar.

Oʻzbek xotunlari — erlarining kaltagidan, qizlari koʻchaga chiqay desa onalarining turtugidan qoʻrqub, peslar moxovdan, moxovlar pesdan, ajivalar taraladan, taralalar ajivadan; qisqasi katta-kichik, yassi-yapasqi, qingʻir-qiyshiq, uzun-qisqa hammalari ham qoʻrqoqdirlar…

Man nima va kimdan qoʻrqaman?

Ayniqsa, manim ishim juda ham qiyin: yozay desam, oshna-ogʻaynining shoʻrtumshuqligʻidan, yozmay desam, «Mushtum» pochchaning jekirigidan qoʻrqaman.

Yana bundan boshqa qoʻrqaturgʻan ikir-chikirlarim:

— Eski shahar koʻchalaridan yursam, betimga loy sachrashidan qoʻrqaman.

— Yogʻmur yoqqan kunlarida Eski shahar rastalarining agʻnab ketishidan, sovdagarlarning toʻngʻuz qoʻpishidan qoʻrqaman.

— Bilim yurtlari yonidan, boshlangʻich maktablar qarshisidan oʻtub qolsam, istiqboldagʻi alvir-shalvir oʻzbek madaniyatidan qoʻrqaman!

Harholda manim ham qoʻrqunchlarim oʻzimga yetarlik…

Olimjon Oʻsarovning telegramm kanalidan.

Yurt ozodligi uchun jonini fido qilgan vatanparvar ziyolilarimizning oxirati obod boʻlsin.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.