Mana, 156 nafar yurtdoshimizni Yaqin Sharqda urush boʻlayotgan joydan olib keldik. Ularni Vatanga olib kelish juda qiyin boʻldi. Qancha davlatlar bilan gaplashdik. Samolyotni u yoqqa qoʻndirish, terroristlarning qoʻlidan olib chiqish oson emas. Lekin qaytardik – nima boʻlgandayam ular bizning vatandoshimiz. Endi nima qilish kerak? Nuroniylar, jamoatchilik qayoqqa qarayapti? Kim buni tushuntiradi? Bunday narsalar hammamizni oʻylantirishi, qiynashi kerak.
Shavkat MIRZIYOYEV, Oʻzbekiston Prezident
Besh yuzu yetmish besh jon, tavbalar aytib keldi,
Vatanga qaytib keldi, Vatanga qaytib keldi...
Changalzor oʻrmonlarda adashgan tarzanlari —
Oʻzbek farzandi ular — oʻzbekning farzandlari.
Qarindoshu qondoshu koʻzimizning gavhari,
Shu tuproqda har birin taqdiri — sardaftari.
Kimningdir qoʻli kasov, kimniki balki, qonli,
Ay, doʻstlar-yey! Dunyoda adashmagan jon bormi?!
Gunohlar toʻlqin yuvgan izlarday oʻchirildi,
Kechirildi hammasi, hammasi kechirildi.
Bolasiga mehri choʻgʻ, tanti oʻzbek eli bu,
Koʻksi koʻkday bepoyon, Elboshimiz feʼli bu!
«Avf» degan qutlugʻ soʻz bor, oʻzbekning lisonida,
Mehru muhabbat bisyor ushbu kalom qonida.
Avf tufayli dillarda yongan hayrat chirogʻi,
Temurbek Boyazidni bagʻriga bosgan chogʻi.
Baydaxonni onalik taxtiga koʻrgach lozim,
Mirzo Bobur qoshida Hindiston qildi taʼzim.
Bular-ku, olis tarix, moziydan sado goʻyo,
Ammo, sadolar ichra ne-ne hikmat jobajo.
Hayot esa beshavqat, yoʻllar behad chigaldir,
Inson umri azaldan notoʻkis, notugaldir.
Ochun deyilmish daho, goh nur, goh quyun boʻlgan,
Hattoki, Odam Ato shu qoʻlda oʻyin boʻlgan.
Vaqtning har lahzasi chiylab tirik jonlarni,
Temirchi bosqoniday toblagay insonlarni.
Aybiga boʻlib iqror, xatosin anglaganga,
Ona yerga bosh urib, haq yoʻlni tanlaganga;
Oppoq tongdek ochiqdir, har oʻzbekning eshigi,
Oʻzbek yurt, Oʻzbek ona — mehru vafo beshigi.
Ey! Necha yil qafasda sarnigun boʻlgan qushlar,
Endi hursiz! Endi yoʻq, vahmkor qurquv, tushlar.
Endi aziz zaminga, sarflab bor kuchingizda,
Faqt mehnatdan oling, bor alam, oʻchingizni.
Buni ikki oʻt aro yurganlar ham bilsinlar,
Qalbga yurt tuygʻusini, bayroq qilib ilsinlar.
Ilsinlar-u, kelsinlar, kelsinlar oʻz bogʻiga,
Oʻz bogʻining muhtaram bogʻboni ardogʻiga.
Bugun roʻza — ramazon, ezgu-hislar nafldir,
Sochingiz tolasiga, bogʻboningiz kafldir.
Axir, barchamiz bir el, bir vujudmiz — bitta tan,
Gullataylik bir boʻlib — gullasin ona Vatan!