Adabiyot jim tura olmaydi

0
278
marta koʻrilgan.
6-7 fevral kunlari Belarus poytaxti Minsk shahrida “Yozuvchi va davr” mavzusida yirik adabiy simpozium boʻlib oʻtdi.
 
Xalqaro kitob koʻrgazmasi doirasida oʻtkazilgan ushbu tadbirda dunyoning oʻttizga yaqin davlatlaridan shoir, yozuvchi, tarjimon va adabiyotshunos olimlar tashrif buyurdi.
 
Tadbirda oʻzbek adiblari bugungi kunning dunyo miqyosidagi muhim ijtimoiy-siyosiy, madaniy-axloqiy muammolari, xususan, inson haq-huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, avlodlar rizqiga xiyonat qilmaslik, adabiyot, badiiy publitsistikaning bugungi muhim mavzulari xususida soʻz yuritdilar.
 
Ne-ne urinishlar hisobiga “sovuq urush” holatidan xalos boʻlgan dunyo bugun yana… aytishga til aylanmaydi, qurol poygasi tomonga burilmoqda. Bu holat mavlono Rumiyning kambagʻal muallim haqidagi hikoyatini yodga soladi. “Juda faqir bir muallim bor edi. Kambagʻalligi shu darajada ediki, qishda bir jubba kiyardi, xolos. Bir kun sel keldi, unda bir ayiqning boshi oqib borardi. Muallimga talabalari “Bir poʻstin oqib kelyapti, kerak boʻladi”, deyishdi. Muallim kiyimga muhtojligi tufayli oʻzini suvga otdi va borib, “poʻstin”ni ushladi-yu, shu zahoti bahaybat ayiqning changaliga tushdi. Shogirdlarning: “Muallim, yo poʻstinni keltir, yo oʻzing kel”, degan soʻzlariga javoban: “Men poʻstinni qoʻyib yubordim, ammo u meni qoʻyib yubormayapti”, deb javob qildi”.
 
Qurolfurushlar faqir muallim holidek emasdi. Ammo boshqalarga nisbatan boy va kuchli boʻlish, kuchsizlarni itoat maqomida ushlash, yakkahokimlik istagi shafqatsiz ofat girdobiga otdi va dahshatli changal tutquniga aylantirdi. Yevropa ikki bor jahon urushini boshidan kechirdi. Mislsiz talafotlarga duch keldi. Yondi, kuydi, mayib-majruh boʻldi. Endilikda esa bu balodan qutulish yoʻllarini qidirmoqda, ammo har qancha urinmasin, najot yoʻlini topa olayotgani yoʻq. Aksincha, ilmi, aql-zakovati bilan bu changalni yanada kuchaytirib yubordi.
 
Bugun favqulodda isteʼdodli har toʻrtinchi olim aql bovar qilmaydigan darajadagi vayronkor qurollar yaratish ustida ishlamoqda. Oʻzi esa uning itoatkor quliga aylanib borayotir.
 
Simpoziumda ikkinchi jahon urushining Belarus tuprogʻidagi kechgan qonli janglari, ogʻir yoʻqotishlar, qatliomlar, taqdirlar toʻgʻrisida, bunday sharoitda badiiy adabiyot oldida turgan bosh vazifa, ijodkor ziyolining maʼnaviy masʼuliyati, qalb koʻzining ochiqligi xususida fikrlar bildirilayotgan bir paytda telekanallardan birida atom qurolini birinchi boʻlib qoʻllash huquqi jiddiy muhokama qilingani bu qullikning shubhasiz, isbotidir. 
 
Rumiy hazratlari soʻz anglamaganlar uchun zarurligini, hamma narsani vaqtida toʻgʻri anglab yetgan, fahmlaganlarga soʻz aytishning, takror-takror uqtirishning hojati yoʻqligini aytganlar. Idrok eta bilganlar uchun koʻk, yer, suv va shamolning hammasi — soʻzlar, soʻz oʻrnini bosadigan ishoralardir.
 
“Hafif bir sasni eshita oluvchiga baqirib-chaqirish kerak emas”. 
 
Yozma adabiyot yuzaga kelganidan beri soʻz inson, jamiyat va tabiat taqdiriga befarq boʻlmagan. Qurʼoni karim suralari nozil boʻlgan paytlardan boshlab to hozirga qadar shunday. Soʻz hech qachon jim turmagan, adabiyot jimlik koʻchasiga kirmagan, beparvolik holatiga oʻtmagan.
 
Hazrat Alisher Navoiy asarlarida, Mashrab va Bobur gʻazallarida, Makiavelli oʻgitlarida, Balzakning XIX asr fransuz yozuvchilariga maktubida, Yan Parandovskiyning “Soʻz kimyosi”da, Fitrat va Ismoil Gaspirali tadqiqotlarida buni yaqqol koʻramiz.
 
“Jim turolmayman”, deya hayqirgan Emil Zolya va Lev Tolstoy bitiklarida adabiyotning mangu bedor poydevor ustidaligiga amin boʻlamiz. Shunday ekan, yozuvchi va davr mavzusi bir yigʻinlik, bir suhbatda poyoniga yetadigan mavzu emas. U ijodkor ziyolilar uchun hamisha haqiqat va adolat uchun kurash, tanlangan yoʻlni yoritish, xatolarni anglash, millatning tili, dini, tarixi va qadriyatlarini asrab-avaylash imkoniyatidir.
 
Alisher Navoiy gʻazallarining har bir satriga necha oʻnlab maʼnolar singdirilgan boʻlsa-da, bu ulugʻ qalam sohibi: “Ey Navoiy, soʻzda maʼni yoʻqturur, maʼniyda soʻz, durri maʼni istar oʻlsang, aylagil guftor bas” (Yaʼni: soʻzda maʼnoni toʻla aks ettirib boʻlmas, maʼnoga esa soʻz imkoniyatlarini sigʻdirish mumkin. Maʼnolar durini istasang, soʻzlashni bas qil”), deya saboq beradi.
 
Belarus zaminida oʻtkazilgan mashvaratda badiiy soʻzning bugungi holati, taʼsir kuchi, xolis va haqqoniyligi jiddiy muhokama qilindi.
 
Ochiq aytish kerakki, insoniyatning eng buyuk ixtirolaridan biri boʻlmish kitobga nisbatan munosabat bir xil emas. Ancha-muncha joyda u boylik orttirish vositasiga, yaʼni, yem yemas “sogʻin sigir“ga aylantirilgan. Faqat shu emas, taassufki, kitob orqali tarixni soxtalashtirish, oʻquvchini chalgʻitish, odamlar koʻngliga qoʻrquv solish, millatlar oʻrtasida ixtilof chiqarish harakatlari ham mavjud. Chiroyli bezalgan kitoblar sahifalariga nimalar yozilmagan, nimalar joylashtirilmagan deysiz?!
 
Kosmik fazoning olis nuqtalaridan kutilmaganda uchib kelib, Yerni vayron qiluvchi yovuz kuchlar, yaqinlashib kelayotgan buyuk toshqin, hayot-mamotga qiron keltiruvchi yalpi epidemiya, ha-hu demay, odamlarning boʻyi qisqarib, ochkoʻz chumolilarning boʻyi ikki metrdan oshishi, bugun biz bilan birga yashayotgan sunʼiy odamlar toʻgʻrisida yozadigan oldi-qochdi nashrlar shu qadar koʻpki, yuraging orqaga tortib ketadi.
 
Bu borada faollik qilayotgan noshirlardan birini suhbatga tortaman. “E birodar, oʻldim-kuydim qabilidagi sheʼr, romanlarni oʻqiydigan zamonlar oʻtdi. Lirika bilan qorin toʻydirib boʻlmay qoldi. Kitobxonni qiziqtirishimiz kerak”, deydi u bamaylixotir.
 
Belarus Yozuvchilar uyushmasi raisi Nikolay Cherginets afsus bilan bosh chayqaydi:
 
– Oʻtgan yili bir qator Yevropa mamlakatlarida yilning eng koʻp oʻqilgan kitoblari aniqlanibdi. Qaysi kitoblar gʻolib boʻlganini bilasizmi? — Oshqozonni tozalash mavzusidagi kitoblar. Mana sizga, bugungi kitobxon. Gʻalabaning 75 yilligi oldidan nashr etilayotgan xotira kitoblarni yoshlar berilib oʻqishayotgani yoʻq. Ularni boshqa yengil-yelpi mavzular qiziqtirmoqda. Bir mamlakatda emas, butun dunyoda tinchlik-totuvlikni saqlash birlamchi vazifa boʻlib turgan paytda buni tushunish qiyin. Oʻtgan yili Oʻzbekistonda gʻalabaning 74 yilligi qanday nishonlanganini koʻrib, havasim keldi.
 
Rossiya Federatsiyasi Prezidentining madaniyat ishlari boʻyicha vakili Mixail Shvidkoy koʻpmillatli rus adabiyotining bugungi yutuq-kamchiliklari toʻgʻrisidagi savolimizga quyidagicha javob berdi: – Bugungi yoshlar Tolstoy, Chexov, Bunin yoki Sholoxov qoʻl urmagan mavzularda ijod qilmoqdalar. Yangi yoʻnalishlar, talqinlar, xulosalar paydo boʻlmoqda. Ularning yutuq-kamchiliklari shu holat bilan bogʻliq, desak toʻgʻri boʻladi.
 
Rossiya Yozuvchilar uyushmasi raisi Nikolay Ivanovning fikricha, yozuvchilar orasida birlik, hamjihatlikning yoʻqligi, turli boʻlinishlar ijodiy jarayonga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. – Bu yerda Chingiz Aytmatovning umuminsoniy madaniyatni yuksaltirish uchun avvalo, milliy madaniyatlar rivojiga eʼtibor berish zarurligi toʻgʻrisidagi fikri aytildi, — deydi u. — Bu fikrga toʻla qoʻshilaman. Milliy adabiyotlar madaniyatlar kabi bir-biridan uzoqlashmasligi kerak. Afsuski, biz — bu yerga yigʻilganlarning barchasi, bir-birimizni yaxshi bilamiz, ijodimizdan, yutuq-kamchiliklarimizdan xabardormiz, deya ayta olmaymiz.
 
Anjumanda qatnashar ekanmiz, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan muhim madaniy-maʼnaviy islohotlar toʻgʻrisida hamkasblarimizga soʻzlab berdik. Risolat Haydarovaning Yozuvchilar uyushmasining adabiy aloqalarni kuchaytirish, oʻzbek adabiyotini xorijiy mamlakatlarda targʻib qilish borasidagi faoliyatiga doir maʼruzasi eʼtibor bilan tinglandi.
 
Shimoliy Kavkaz xalqlari adabiyotlari boʻyicha mutaxassis Pyotr Chekalovabazin xalqning maʼnaviy ehtiyojlari xususida fikr yuritdi: – Bu tilda bor-yoʻgʻi 35-40 ming kishi soʻzlashadi. Yangi matbuot nashrlari tashkil etish, yagona teatrni rivojlantirish, maktablar qurish zarur, – deydi u.
 
Italiyalik shoir Goffredo Muratjaning mushohadalari anjuman ishtirokchilarida kuchli taassurot qoldirdi: – Men koʻp yillar Argentinada, Chilida yashadim. Dunyoning koʻplab boshqa mamlakatlarida boʻldim. Bir yarim yildan beri Belarusda yashayman. Maqsadim, — bu yerliklarning Italiya haqidagi, italiyaliklarning esa Belarus haqidagi tasavvurini oʻzgartirish. Sayohatlarim davomida shuni angladimki, odamlar bir-birlarini yaxshi bilishmaydi, koʻp hollarda yanglish tasavvurlar qobigʻida qolib ketishadi. Odamlar bir-birlariga koʻngillarini shunchaki ochishmaydi. Koʻplarni kashf qilish kerak. Bu kamchilikni tuzatish, meningcha, adabiyotning, sanʼatning, birinchi navbatda, sheʼriyatning ishi. Uning bu imkoniyatidan samarali foydalanish kerak.
 
Anjuman doirasida Minsk shahri markazidagi “Drujba” kitob magazinida oʻzbek adiblarining “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati va “Mashhur-press” nashriyotida chop etilgan kitoblari burchagi tashkil etildi. “Drujba” va “Sharq ziyokori” kitob doʻkonlari oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Taniqli noshir Ahror Ahmedov kompaniya nomidan belaruslik oʻquvchilarga yangi kitoblar sovgʻa qildi. Shoir va yozuvchilar ishtirokidagi tadbirlarda belarus shoirlarining oʻzbek tiliga oʻgirilgan sheʼrlari oʻqib eshittirildi.
 
Anjuman yakunida Belarus Davlat universitetining filologiya va jurnalistika fakultetlarida qiziqarli uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Har ikki fakultet olimlari Oʻzbekistonda Alisher Navoiy nomida Til va adabiyot hamda jurnalistika ixtisosligi boʻyicha yangi universitetlar ochilganidan mamnunliklarini bildirishdi. Oʻzaro tajriba almashinish, ilmiy-ijodiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisidagi taklifni mamnuniyat bilan qabul qilishdi.
 
Ahmadjon Meliboyev
 
Manbaa: OʻzA
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.