— Bu uyda tinchlik boʻlmaydi oʻzi, hoy bola, nimaga poyabzalga shampun surtib yuvasan, ota-onangning shampun zavodi bormi? — qaynonamning ovozi bolalarnikiga qoʻshilib ketdi. Yana bir yoqda erim, bularning oyoq kiyimini oʻziga yuvdirmay, oʻzing yuvgin, deb tanbeh berarkan, uning ovoziga chaqalogʻimning yigʻisi ulanib ketdi. Yoʻq, bu ahvolda jinni boʻlib qolish hech gapmas. Hamma ish ham menga, norozilig-u, alam ham menga. Bolalarni uxlatib, kir-chirni yuvgunimcha yarim kecha boʻldi. Tungi sukunatni qoʻl telefonimga kelgan xabarning ovozi buzdi. Yarim kechada kim menga xabar yozdi ekan, yoki yana bemaʼni reklamalardir-da , deb hafsalasizlik bilan xabarni oʻqiy boshladim.
“ Juma Ayyomingiz bilan, opajon. Bu dunyoning tugamas tashvishlari oldida taslim boʻlmay, kulishga kuch topib yuribsizmi? Aslida, bayramdan boshqa vaqtda sizni yoʻqlamaydigan mendek noshud ukangizdan qancha xafa boʻlsangiz, shuncha kam. Jiyanlarim ham katta boʻlib qolishgandir? Uzoqda boʻlsam ham, koʻnglim sizda. Sizning siniq jilmayib turishingiz, doim nimalargadir kuyib-pishib yurishingizga oʻrganib qolgan ekanman, musofirchilikda oʻrningiz judayam bilindi. Ish, ish deb, hatto qoʻngʻiroq qilolmayotganim uchun uzr. Bayram sizga jamiki yaxshiliklarni olib kelsin, sabringizga yarasha ajr albatta qaytsin. Men sizga bir sirni aytaymi? Aslida, sizning, uyda hamma yaxshi, pochchang meni yer-u koʻkka ishonmaydi, qaynonam ham qizidek koʻradi, degan yolgʻonlaringizni sogʻindim. Bu yerda esa, hamma rost gapiradi. Qaniydi, opaginamga oʻxshab chiroyli aldashni biladigan bittagina odam boʻlsa edi, deb oʻrtanib ketaman. Yolgʻonlaringiz tugamasin, opa, hayotning faqat yaxshiligini aytadigan yolgʻonlaringiznin xumori tutganida, sizga yetib borolmayotganim alam qiladi. Har urganida jigarlarini eslab yonadigan yuragingizga ulkan matonat tilab qoluvchi ukangiz”.
Negaligini bilmayman, ammo koʻzimdan yosh chiqib ketdi. Balki, ukam rostdan ham uzoq yurtdaligi uchundir. Keyin raqamga qaradim. Mutlaqo notanish. Bu xat balki begonanikidir. Lekin shu tobda u menga oʻzim anchadan beri kutayotgan daldani bera olgandi. Ertasiga raqam egasiga xat yozib, kimsiz, deb soʻradim.
“Kechirasiz, yanglishib, sizga joʻnatibman” degan javob keldi. Men esa, “tez-tez yanglishib turing, uka” deb javob yubordim. Seni yupatsa, yarim koʻnglingga malham boʻlolsa, oʻsha soʻz egasi omon boʻlsin, deb yuborarkansan. Ehtimol, oʻsha vaqtda biror qimmatbaho buyum ham ayni oʻsha notanish kimsaning yupanch berib yozgan tabriknomasi oʻrnini toʻldirolmasdi.
Yaqinlaringizni koʻrishga vaqt topolmayapsizmi? Unda bir enlik xat yozing, oʻzining yolgʻiz emasligini sezsin, hayotida sizdek mehriboni borligini ikki ogʻiz gap bilan yetkazingki, soʻzning ulkan qudratini u ham his qilsin!!!
Dildora MAVLYANOVA tayyorladi.