Aleksandr Ivanovich Kuprin: Sabur[1] ekohikoya

0
59
marta koʻrilgan.

Shoira Dilorom Adburahmon qizi tomonidan  rus tilidan oʻgirilgan ushbu  hikoya goʻyo turfa gullar bazmini, ifori-yu taravotini kuylayotgandek.  Tasvirlar shoirona nazokat bilan ifodalanadi. Aslida   inson bilan oʻsimlik olami tabiatda uygʻunlashib ketadi,  bir-birini toʻldirib,  bir-biriga hayot va orom bagʻishlab yashaydi. Gullar timsolida  insonning turli-tuman feʼl-atvori, nozik tuygʻulari, hissiy  kechinmalari «qalamga olingan».  Biz ushbu gullar qasidasiga ekohikoya janrini qoʻydik.

Bu voqea behisob daromadini dunyoning turli joylaridan keltirilgan kamyob va bir-biridan chiroyli turfa gullar parvarishiga bagʻishlagan  millioner,  odamovi boʻlsa-da ajoyib bir insonga tegishli oranjereya[2]da sodir boʻlgan edi.

Oʻziga  xos qurilmaga ega boʻlgan ushbu inshoat kengligi va unga keltirib toʻplangan oʻsimliklarning qimmatbaho noyobligi bilan  jahondagi eng mashhur oranjeriyalarni ham ortda qoldirib ketishi mumkin. Bunda turli-tuman tropik oʻsimliklarning koʻplab, antiqa turlaridan boshlab, eng nozik va injiq, rangpar momiqlargacha xuddi oʻz vatanidagi kabi, yayrab-yashnab oʻsib yotardi. Bir qatorda savlat toʻkib turgan  har xil palmalar, banan, sago hamda kokos kabi anjirsimon  boʻychan daraxtlarning yalongʻoch shoxlari uchidagi keng soyabon yoki ulkan yelpigʻichlarni eslatuvchi yaproqlari baland issiqxonaning oynali shiftigacha tegib turardi. Ulardan tashqari bunda koʻplab gʻaroyib obnus daraxti va unga oʻxshash boshqa oʻsimliklarni ham uchratish mumkin. Ular orasida koʻrinishi qora, metindek mustahkam va uning tanasiga kelib tekkan yoki qoʻngan har qanday hashoratu  qurt-qumrsqalarni shu zahotiyoq yaproq va gullari bilan qisib olgancha, ularni soʻrib oziqlanuvchi yirtqich  mimozalar hamda  tanasidan xuddi qonga oʻxshash quyuq qizil zaharli suyuqlik tomib turuvchi dratsenalar ham bor. Oranjereyada keng aylana shaklidagi ajoyib  suv havzasi barpo qilingan. Uning tip-tiniq zilol suvining yuzasida yashil keng yaproqlarining har biri bir goʻdakni bemalol koʻtara oladigan, maftunkor suv oʻsimligi – shohona Viktoriyalar ham ajib bir alpozda suzib yuradi. Ushbu  maftunkor oranjereyada faqat oqshom pallasi gullaguvchi  oppoq hind nilufarlarini  ham talaygina. Ulardan tashqari, tekis devor yuzasi boʻylab basma-bas qad rostlab turgan toʻq yashil rangli xushboʻy sarv  daraxtlari, nozik och pushti rangda gullarga burkanib yotgan sambitgullar (oleandr), har faslda yam-yashil boʻlib yashnab turuvchi xushboʻy mirta[3] butalari, muattar boʻyli turfa xitoy daraxtlari, ajoyib manzarali qattiq yaproqli fikuslar, janub akatsiyasi, dafna, apelsin va bodom kabi  daraxtlar makon topgan.

Rang-barang taxir boʻyli chinnigullar, yashnab barq urib turguvchi  yapon xrizantemalari, nomozshomdan oldin goʻyo taʼzim qilayotgan kabi oppoq gullarini zaminga egib oladigan, oʻychan nargis gullar, qabr dahmalari, maqbaralarga bezak beruvchi sunbul va shabboʻylar[4],  kumush qoʻngʻiroqchali maʼsum marvaridgullar, xushboʻyi bilan har qanday kishini sarmast aylaguvchi oppoq pankratsiya[5]lar, boshiga xuddi nofarmon va qizil telpak kiyib olgandek sollanib turguvchi yirik dumaloq gulli gortenziyalar, kamtarin xushboʻy binafshagullar, asli makoni  Yava oroli boʻlgan oʻta  muattar oq tabargullar[6] va ulardan tashqari dukkaklilar oilasiga mansub juda koʻplab turli xushboʻy oʻtsimon oʻsimliklar, xushboʻyi atirgulni eslatuvchi pion gullar keng chamanzor boʻlib yotibdi. Qadimdan rim goʻzallari qayd etganidek, teriga ajib tiniklik va mayinlik baxsh etuvchi  va shu  bois ular sevib, yuvinish vannalariga soladigan  vervenalar va nihoyat bir-biridan betakror qirmizi, jigarrang, pushti,  sariq, malla va koʻzni qamashtiruvchi tiniq kumushdek tovlanib turguvchi turfa  atirgullar  hamda boshqa minglab qiygʻos ochilib yotgan muattar gullarning atri oranjereya havosini butkul jannatmonand xushboʻylarga toʻldirib turardi.

Ulardan tashqari sovuqqa chidamli  kameliya yashil butasi, rang-barang azaliyalar, xitoy liliyalari, Gollandiyadan keltirilgan turfa lolalar, yorqin ranglarda jilolanib turgan ulkan georginalar va qalin bargli astralar kabi koʻplab gullar xushboʻy taratmasalarda, oʻzining betakror jozibasi, goʻzal jilvasi bilan har qanday kishini  maftun etardi.

Ammo, oranjereyada ulardan farqli oʻlaroq na koʻrinishi, na xushboʻy atri va na boshqa biror xususiyati bilan deyarli ahamiyatga molik boʻlmagan, shunchaki eʼtibordan chetda, oʻz-oʻzicha tarvaqaylab oʻsib yotgan bir qiziq oʻsimlik ham bor edi. Uning goʻyo ildizidan oʻsib chiqqan kabi atrofi qalin tikonlar bilan qoplangan  ingichka uzun barglari har tomonga qarab quloch yoyib yotibdi. Yer boʻylab  toʻshalgan oʻnga  yaqin bunday barglarini  u hech qachon tepaga koʻtarishga harakat ham qilmagandek edi goʻyo. Anchayin gʻalati ushbu oʻsimlikning barglari kun davomida muzdek,  kechasi esa issiq boʻladi. Yaproqlari orasida gullari boru yoʻqligini koʻrib  boʻlmas, ammo gul oʻzagi uzun tik boʻlib, tepaga qarab choʻzilib turgan kabi ushbu oʻsimlikning nomi Sabur deb atalardi.

Oranjereyada oʻsayotgan barcha gullar va oʻsimliklar qandaydir sirli, odamlarga tushanarsiz ajib tarzda hayot kechirishar, oʻzaro muloqat qilishardi. Toʻgʻri, ularning soʻzlashuvga zaboni boʻlmasa-da, qaydaydir bir yoʻsinda bir-birini tushunardilar. Ammo, qanday? Bu juda qiziq! Balki bunday aloqada ulardan taraluvchi turli-tuman xushboʻylari xizmat qilar? Yoki gulchangini bir gul kosasidan ikkinchisiga uchirib sepuvchi shamol yordam berarmikin va yoyin-ki, ushbu ulkan issiqxonaning oynali tomu  devorlari orqali tushayotgan quyoshning iliq nurlari sababmikin? Har ne boʻlganda ham, ular orasidagi bu kabi moʻjizaviy holatni tasavvur qilish uchun  asalari va chumolilarning bir-birini tushunishlarini koʻz oldimizga keltirib koʻrsak, bunga ishonmay yoki qoyil qolmay ilojimiz yoʻq. Bundayin  ajib muloqatlar nega endi tabiatning eng goʻzal moʻjizasi boʻlgan, gullar va oʻsimliklar oʻrtasida boʻlmasligi kerak, albatta boʻladi-da!

Bundan tashqari ularning qay birlari oʻzaro ajab ishq, muhabbat, doʻstlik va mehr rishtalari bilan bogʻlanib, yanada bir-biriga yaqinroq boʻlib qolgan boʻlsa, qay birlari oʻrtasida qandaydir ziddiyatlar, kelishmovchiliklar ham paydo boʻlib turardi. Ularning aksariyati  esa oʻzining goʻzalligi, muattar xushboʻyi va hattoki tik qaddu qomati, uzun boʻyi bilan ham oʻzaro raqobatga kirishardi. Yana qay birlari qadim ajdodlarining kelib chiqish tarixi bilan gʻururlanishardi. Baʼzan, ayniqsa goʻzal tarovatli bahor tonglarida, quyosh qir-adirlar ortidan bosh koʻtarib, atrof, olamga  zarrin nurlarini  charaqlab socha boshlagan bir damda butun oranjereya tilla rangda tovlanib, gul yaproqlari va gulgʻunchalar tebranib, ular ustiga yogʻilgan olmosdek shudring tomchilari  titranib turgan kezlarda ular oʻrtasida  tinimsiz shivir-shivirlar boshlanib ketar, ajib betakror xushboʻyli suhbatlar  avj olardi. Unda suhbatlar asosan ular oʻzlari bilan olib kelgan,  olis-olislarda  yastanib yotgan  bepoyon dala, dashtlar, qir-adirlar va unda taraluvchi muattar xushboʻylar tarixi, soya-salqin, namchil oʻrmonlar bagʻrida koʻrgan, kechirgan voqealar, undagi gʻalati  ola-bula oʻsimliklar, turli-tuman hashoratlar va albatta oʻsha qadrdon ona tuproq, ona vatanlari sogʻinchi, uning oydin, osuda  oqshomlari, tiniq osmoni, keng dala, oʻrmonlarining toza, sof  musaffo hovosi toʻgʻrisida kechardi.

Ammo bunday kezlarda ham ularning barchasi bir taraf, ularga qoʻshila olmay, zimdan kuzatib turguvchi baxtiqaro, beoʻxshov Sabur daraxtining oʻzi bir taraf boʻlib, ajralib turardi. Shuncha yillar davomida unga na  bir oʻsimlik yoki na bir daraxtlarning birortasi zarracha ham eʼtibor koʻrsatmadi, toʻgʻrirogʻi uni nazar-pisand qilmadi. U hech qachon na biror gul va na biror oʻsimlik bilan dildan doʻstona munosabatda boʻlgani, na dardlashganini  eslay olmaydi. Shuncha davr oʻtibdi-ki, ularning birortasi ham na ishq-muhabbati, na iliq eʼtibori bilan uning yuragini jizillatmadi,  na  qalbida bir chimdim mehr uygʻotolmadi. Aksincha, shu paytgacha ularning doim uni koʻrsatib piching qilishlari, masxara qilib ustidan kulishlari uni butkul zada qilib, holdan toydirgan va bu holatning hech bir nihoyasi yoʻqdek edi goʻyo. Chunki, oʻziga bino qoʻygan bu goʻzal gullarning hech biri Sabur kabi beoʻxshov, xunik oʻsimlikning  yonida turishini istamas, hech qaysisi uni oʻziga munosib koʻrmas edi.  Yillar davomida kechgan bunday haqoratomuz munosabatlardan koʻngli oʻksib zada boʻlgan  Saburning qalbida esa bularning barchasiga nisbattan  nafrat paydo boʻlgandi. Qalbini tub-tubidan kemirayotgan nafrat oʻti, bora-bora uni koʻp qiynoqlarga solardi. U bechora esa  chekayotgan soʻngsiz azoblarini  hech kimga sezdirmaslikka, barchasini ichiga yutib yashashga koʻnikishga harakat qilardi.  

Iyul oyining erta tonglaridan birida issiqxonada oʻta kamyob va betakror  kashemir atirgullaridan biri ochildi. Uning yonib turgan qirmizi gulbarglarining xiyol qayrilgan  joylari qora baxmaldek tovlanar va undan nihoyatda yoqimli, xushboʻy ifor taralardi. Oranjereyaning oynali devorlari orqali quyoshning ilk nurlari tusha boshlaganida, oqshomgi yengil mudroqdan soʻng birin-ketin uygʻona boshlagan gullar tong chogʻida ochilgan moʻjizaviy goʻzal Atirgulni koʻrib hayratlanib qolishdi va har tarafdan ularning  shivir-shiviri eshitila boshladi.

– Vo-o, ajabo! Bu Atirgul munchalar chiroyli boʻlmasa!

– Qaranglar, qandayin xushroʻy, qanchalar xushboʻy!

– U jamoamizning eng goʻzal ziynati, faxri boʻladi!  

– Sen bizning Malikamizsan!..

Ushbu  maqtovlarni tinglab, yayrab, tortinib turgan qirmizi Atirgul quyosh nurlarining zarrin yogʻdusida  yanada yal-yal tovlanib, turfa gullar orasida chindanam malikaga oʻxshab ketgandi. Unga maxliyo boʻlgan  barcha gullar ajib gultojlarini egib, oʻsimliklar  salom tarzida egilib, goʻyo taʼzim bojo keltirishdi.

Shu tobda edigina uygʻongan baxtiqaro Saburning ham koʻzi nogoh goʻzal Malikaga tushdi-yu,  hayratdan ec-xushidan ayrilayozdi. 

– O, goʻzal Malika! Sen bunchalar sohibjamolsan! – deb, yubordi beixtiyor Atirgulning tarovatidan qalbi zavqqa toʻlib.

Uning hayratidan otilib chiqqan ushbu samimiy soʻzlarni atrofdagilar ham eshitishdi va bir nafasdan soʻng ularning barchasi oʻzlarini kulgidan tutolmay, unga qarab “xo-xo”lab kulib yuborishdi. Dimogʻdor lolalar birin-ketin chayqalib, “qah-qah” urishdi. Kulgidan qaddi qomati tik, kekkaygan palma daraxtlarining barglari silkina boshladi, oq marvaridgullarning qoʻngʻiroqchalari jaranglab ketdi. Va hattoki, kamsuqum ehtiyotkor, rahmdil binafshagullar ham oʻzlarini tutolmay,  toʻq rangli dumaloq gulbarglari orasidan miyigʻida kula boshladilar.

–  Oʻ-oʻ, badbashara! – deya, qichqirdi kulgudan nafasi ichiga tushib sal kam oʻlayozgan, oʻzi koʻtarolmagan semiz tanasi tayoqqa bogʻlab qoʻyilgan Pion.               

–  Sen kimga gapirayapsan? Bunday maqtovlarni aytishga sendek bir tasxaraning qanday haddi sigʻdi? Axir, qara, hattoki, zavqlanib turishing ham  qanchalar xunik va yoqimsiz ekanligini nahot oʻzing anglab yetmasang?

– Bu kim oʻzi? – deya, unga qarab mayin jilmaygancha soʻradi, gullarning navnihol Malikasi shu tobda, barchaning eʼtiborini tortib.

– Bu badbasharami? – deya, baland ovozda qiyqirgancha, haqorat  qilishda davom etdi Pion. – Biz hech qaysimiz uning kimligini va qayerdan kelib qolganini ham bilmaymiz. Ismi ham juda gʻalati, oʻziga oʻxshash – Sabur.

–  Meni bu yerga olib kelishganida, hali kichkina, nozik novdacha edim, – deya, taʼkidladi baland boʻyli, eski Palma. – U oʻshanda ham juda bahaybat va oʻta xunik edi.

– Men bilganimdan beri ham oradan ancha yillar oʻtib ketdi, u hech qachon gullamagan, gullolmaydi ham shekilli, – deya shama qildi, bahsni kuzatib turgan oq Sambitgul.

– Qaranglar, buning ustiga  butun tanasini qoʻpoldan-qoʻpol tikonlar qoplab olgan, – deya, gapga qoʻshildi, uzoqdan qarab turgan bir oʻsimlik butasi. – Ammo, hayronman, bu yerdagi bizni parvarishlayotgan odamlarning barchasi negadir  bizdan ham koʻra koʻproq unga eʼtibor berishadi, negadir koʻproq uni avaylashadi. Shunga qaraganda u balkim qandaydir qimmatbaho nimadir ham boʻlishi mumkin, yanayam bilmadim.

– Buning sababini men bilaman,  – deya, masxara qilishda davom etdi,  Piongul. – Chunki bunga oʻxshash beoʻxshov, badbashara oʻsimliklar juda ham noyob, yuz yilda arang bir topilishi mumkin. Shu sabab ham uning nomini yana boshqacha qilib, yuzyillik, deb ham atashadi.

Shunday qilib, erta tongda boshlangan bugungi suhbat mavzusi kun yarmigacha davom etdi. Bu yerdagi gullarning barchasi bechora Saburning ustidan beayov masxara qilib kulishdi. U esa har doimgidek muzday barglarini yerga tiraguncha, miq etmay jimgina turaverdi.  

Choshgohdan soʻng chidab boʻlmas darajada havo dimiqib ketdi. Shundan soʻng momaqaldiroq yoki jala yogʻishi sezila boshladi. Osmonda suzib yurgan keng bulutlar asta-sekin quyuqlashib,  qoramtir tusga kirishdi. Sal oʻtib esa, nafas olish ham qiyin boʻlib qoldi. Gullarning bari birin-ketin holsizlanib, nozik boshlarini xam qilguncha, qimir etmay yomgʻir yogʻishini  kutib turishdi.

Nihoyat, xuddi olisdan tobora yaqinlashib kelayotgan yirtqich  maxluq qiyqirigʻiga oʻxshash gumburlab momaqaldiroq ovozi eshitildi. Bir pasdan soʻng bogʻbonlar har doimgidek jala yogʻishidan oldin kechadigan boʻgʻiq sukunat paytida tezkorlik bilan issiqxonaning oynali tomini yopib qoʻyyadigan ogʻir taxtalar ustidan shatirlab yomgʻir quya boshladi. Bir zumda oranjereyani xuddi tun kabi qorongʻulik qoplab oldi.

Ayni shu tobda nogahon, erta tongda ochilgan Atirgulning yonida kimningdir  sokin, dardli xonishi eshitila boshladi.

–  Ey, gullar Malikasi, bir dam soʻzlarimga quloq sol. Bu men, oʻsha  baxtiqaro, omadsiz Saburman. Tong chogʻida sening goʻzal husnu jamolingni koʻrib, aqlu xushimdan ayrildim. Sen esa mening zabun holimni koʻrgach, ajib jilva qilding. Men kabi qalbi dogʻli bir gʻaribning  chiroying oldida hayrat ichra dong qotgan sarmast holati gʻuncha lablaring uzra yoyilgan mayin tabassumga sabab boʻldi. Senga boʻlgan ishqim, shaydoligim, qalbimni oʻrtayotgan his-hayajonlar hamda ayni damda tashqarida sharros quyayotgan yomgʻir tufayli choʻkkan qorongʻulik meni yanada dadil boʻlishga, qoʻrqmaslikka  undayapti. Ey, goʻzallar goʻzali, men seni sevib qoldim. Oʻtinaman, muhabbatimni rad etma!

Bu soʻzlarni eshitgan Atirgul dimiqqan havo, qorongʻulik, hamda tashqaridagi moaqaldiroq dahshati ichra unga hech bir javob qaytara olmadi.  

– Ey, sohibjamol, soʻzlarimga quloq sol. Toʻgʻri, mening koʻrinishim juda qoʻpol, tikonli barglarim xunik boʻlishi mumkin. Ammo shu tobda men senga ajib bir sirimni oshkor qilmoqchiman. Amerikaning olis, qoʻl yetmas qalin oʻrmonlari bagʻrida ulkan ming yillik daraxtlar tanasiga lianalar deb ataluvchi chirmovuqlar chirmashib yotgan, tabiati betakror goʻzal joylar bor. Hali birorta ham odam oyogʻi yetmagan oʻsha soʻlim maskanlar mening asl vatanim boʻladi. Men esa yuz yilda bir marta atigi uch soatgina vaqt davomida gullayman va shu lahzalarda halok boʻlaman. Mening ildizimdan esa yana yuz yildan soʻng gulllab va oʻsha soatlarda  dunyodan koʻz yumguvchi yangi novda oʻsib chiqadi. Men ayni damda butun vujudim bilan bir necha daqiqalardan soʻng ana shunday gullashimni his qilib turibman. Ey goʻzal! Sendan oʻtinaman, bugungi yorugʻ dunyo  bilan vidolashuv chogʻimda meni yolgʻizlatib qoʻyma, mendan yuz oʻgirma. Ishon, hayotim davomida ayni sening qarshingdagi kabi ajib holatga tushmaganman. Men seni sevib qoldim! Va bugun men qalbimda olov olayotgan sening muhabbating uchun gullayman va sening ishqing bilan bu yorugʻ olamdan koʻz yumaman!

Ammo uning bu soʻzlarini tinglab turgan Atirgul boshini xam qilgunicha, yana hech bir javob aytmadi.

– Yagonam, omonatim, Atirgulim! Tingla, umrimning poyonidagi soʻnggi, eng qadrli, betakror baxtli onlarimni yolgʻiz senga bagʻishlayman.  Ishq haqqi, muhabbat haqqi seni va hayotni quchib qolaman. Ammo, nahotki sening shohona magʻrurliging oldida oshiqona dil soʻzlarim,  umrimning eng gʻanimat, eng aziz sirli kuylari ichra kechayotgan shu holatim, iqrorim kamlik qilsa? Axir, erta tongda quyoshning ilk nurlari paydo boʻla boshlagach…

Shu payt tashqaridagi momaqaldiroq shu qadar dahshatli gumburladi-ki, Sabur soʻzlashdan toʻxtashga majbur boʻldi. Tong oldi jala tingach, oranjereyani goʻyoki xuddi quroldan otilgan oʻq kabi baland ovozda  “qars-qurs”lar jarangi tutib ketdi.   

– Sabur daraxti gullayapti! – deya, zavq bilan ikki haftadan beri ushbu moʻjizani  intizorlik bilan kutayotgan bosh bogʻbon oranjereya egasini uygʻotish uchun yugurib ketdi.

Oynali devorlardan taxtalar olib tashlandi. Barcha odamlar Sabur daraxtining atrofida  jam boʻlib toʻplanishdi. Gullar, oʻsimliklar ham boshlarini unga qarab burib hayajon va qoʻrquv ichra kuzatib turdilar.  

Sabur daraxtining uzun yashil tanasi uchida bir toʻp misli koʻrilmagan darajada goʻzal oppoq gullar ochila boshladi. Atrofga ajoyib, betakror, juda yoqimli, har qanday maxluqotni sarmast qilguchi  muattar boʻy taralib, bir pasda butun oranjereya havosini butkul chulgʻab oldi. Ushbu oranjereya barpo boʻlganidan beri bu joyda bu qadar zebo, bu qadar sirli xushboʻy taralmagandi. Oradan yarim saot chamasi vaqt oʻta boshlagach, uning oppoq gullari ajib afsonaviy tarzda asta-sekin pushti rangga kira boshladi, soʻngra xiyol qizarib, toʻq qizil rangga va keyinroq esa qariyib qora tusga aylandi.

Erta tongda quyoshning ilk nurlari taralgan mahalda Sabur gullari birin-ketin soʻla boshladi. Undan soʻng  oʻshal xunik tikonli barglari ham quriy boshladi. Va nihoyat, barchani lol qoldirib, yana yuz yildan soʻng qayta gullash uchun ushbu noyob gulning umri xazon boʻldi.  

Gullar Malikasining esa muattar boʻyli, magʻrur boshi egildi.

 Ruschadan Dilorom Adburahmon qizi tarjimasi

[1] Sabúr (arab. صبر‎  “sabr”)   Aloe (Aloe), uzoq vaqt suvsizlikka chidamli boʻlgani uchun sabr timsoli sifatida qoʻllaniladi. 

[2]Oranjereya – oʻsimliklarni oʻstirish uchun qurilgan sunʼiy ekosistema.

[3] Mirta –  doim yashil rangda turuvchi, gullari oq xushboʻy buta. U goʻzallik, yoshlik va salomatlik timsoli. 

[4] Shabboʻy –  xushboʻy gulli dekorativ oʻsimlik.

[5] Pankratsiya – gullaydigan yashil piyozli  oʻsimlik.

[6] Tabargul – chuchmomagullar oilasiga mansub koʻpyillik piyozli oʻtsimon oʻsimlik.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.