Anjela Bantovskaya hikoyati: kalamush poygasi gʻalaba qozondi …

0
184
marta koʻrilgan.

Men kecha qoʻshnim bilan suhbatlashdim. Undan «Nega bunchalik gʻamginsiz?» –  deb soʻradim. U oʻychan xoʻrsindi, maʼyus jilmayib javob berdi: –  Ortimga qarashga ham ulgurmadim, bir zumda umr oʻtdi.

Albatta, men uni tinchlantirishni boshladim, keyin u meni ushbu hikoyaga ilhomlantirgan iborani aytdi.

–  Men pul topaman, uy quraman, bolalarim katta boʻladi va keyin men oʻzim uchun yashayman, deb oʻyladim. Oʻshanda salonda sochimni turmaklataman, faqat chiroyli koʻylaklar kiyaman, dedim. Axir, men doim shim kiyib yuraman, – u oʻzining baquvvat sonlariga urdi, – chiroyli koʻylaklar haqida orzu qilaman, lekin ish qilishga shim qulayda…

U jim qoldi. Men unga javob berishga shoshilmadim.

–  Bolalar katta boʻldi, imorat qurildi, hozir pul ham bor, lekin … Men hali ham jinsi shimda yuribman. Haa… soch turmagim haliyam oʻsha-oʻsha – ot dumiga oʻxshagan …

Dugonamning koʻnglini koʻtarishni juda xohladim: – Xoʻsh, nima muammo? Yuring, sartaroshga boramiz! Zamonaviy koʻylak ham sotib olamiz!

U horgʻin jilmayib qoʻydi va javob berdi: –  Xohlamayman. Charchaganman. Koʻrmayapsizmi, umr umidlarni oqlamadi. Abadiy shovqin-suron ichida necha yoshga kirib qoʻyganimni sezmay qoldim. Kalamush poygasi gʻalaba qozondi.

Yarim tungacha uning soʻzlari haqida oʻyladim. Kalamush poygasi gʻalaba qozondi …  Bu ayolda endi «ertaga» degan orzu  yoʻq. U quridi, sarf boʻldi. Afsuski, bu misol yagona hayotiy misol emas. Bunday millionlab insonlar bor. Bir kuni men ajoyib bir iborani oʻqib qoldim: – «Keyin» deb atalgan yoʻl «hech qachon» degan mamlakatga olib boradi. Shu damda, hozir yashang! Orzularingizga ergashing. Kerakli qarorni bugun qabul qiling!

Harakat qiling! Yerdagi hayot bir marta beriladi! Chiroyli taomlardan yeb-iching. Chiroyli idishlarni asrab qoʻymay bugun ishlating, goʻzal liboslar sotib oling. Yangi mevalarning taʼmidan rohatlaning — ularni muzlatib yoki murabbo qilib vitaminlarini nobud qilmang. Olmalarni mehmonga asrab, mazasini yoʻqotishini kutmang.

Zamonaviy koʻylak va poyabzal kiying, oʻzingizni sevsangiz sizni boshqalar ham sevadi. Sevimli qahvangizni iching – hujayralaringiz yayrab nafas olsin. Kitob oʻqing, sayohat qiling. Nihoyat, tansiq taomlar pishiring, ularni tayyorlashni vaqt yoʻqligi tufayli doim orqaga surmang.

Eng muhimi — atrofdagilarga mehr berishni keyinga qoldirmang, muloyimlik, samimiylik, gʻamxoʻrlikni tejamang. Sevishingizni aytishdan uyalmang! Quchoqlang, yaqinlaringizni oʻping. Iltifot qiling. Yuragingizni boʻshating.

Bularning barchasi sizni baxtli qiladi! Baxtli odam hamma narsaga qodir!

 Manzura BAXTIYOR tarjimasi   

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.