Anvar Shukurovni (oxirati obod boʻlsin) parlamentda ishlagan kezlarimizda biz safdoshlari uni huquqshunos sifatida bilardik.
Keyingi yillarda u tarix bilan jumladan, turkiylar tarixi bilan chuqur shugʻullanishga, ilmiy izlanishga kirishdi. Ana shunday qilib OʻGʻUZXON TARIXI kitobi dunyoga keldi. Bugungi kitobxon uchun, shaxsan men uchun ham juda qiziqaarli mavzu edi.
Tilshunoslikdan birinchi kursda bizga dars bergan Ismatullayev domlamiz boʻlardi. Birinchi marta u kishidan turkiy til oʻgʻiz tilidan kelib chiqqanligini eshitgandik. Biroq, tillarning kelib chiqishi haqidagi fikrlar ifodalangan darsliklarda bu soʻz tilga olinmagandi. U kishi turkiy til jumladan, turk, ozarbayjon, turkman, uygʻur va xorazmliklar tili oʻgʻuz gruppadan kelib chiqqanligini taʼkidlagandi.
Shundan keyin Alisher Navoiy nomidagi respublika kutubxonasi kartatekasini titkilab, joʻyali kitob topmadim. Topgan maqolalarimdan shuni bildimki, Oʻgʻizxon birinchi marta Sharqda butun qabilalarni birlashtirib, ulkan bir davlat, imperiya tuzgan ekan.
Keyinchalik alloma, falakiyot ilmining sultoni Mirzo Ulugʻbekning “Toʻrt ulus tarixi” kitobida Oʻgʻizxonni tilga olganini oʻqidim.(Oʻzbekiston Mstaqilligidan keyin chop etilgan). Shuningdek, Mustaqillikdan keyin chop etilgan Xiva xoni Abulgʻoziy Baxodirxonning “Shajarai turk” kitobida ham ushbu mavzu tilga olinadi. (T.-1994 yil “Choʻlpon” nashriyoti).
Anvar aka Shukurov ushbu mavzuni chuqurroq yoritishga kirishgan. Oʻsha paytda qoʻl yozmani menga joʻnatgan edi. Biroq, men uni oʻqib ulgurmadim. Kompyuterim buzilib qolib, uni toʻliq oʻqiy olmadim. Keyinchalik ukasi Akram Shukurovdan soʻrab oldim. Ushbu tarixiy asarda shunday koʻp kitoblardan, Sharq-u Gʻarb allomalarining fikrlaridan izohlar keltirgandi-ki, “qanday qilib topdingiz bu dalillarni” deganimda “komppyuter bilan ingliz tilni bilsangiz, hamma narsaning yechimi bor”,– degan edi raxmatlik.
Ushbu asar Anvar aka hayotligidayok, oz nusxada, muallifning oʻz mablagʻi hisobiga chop etilgan. Ushbu kitob turkiy xalqlarning tarixini koʻz oldingizda nurlantiradi. Albatta, tarixiy asarda chalkashliklar ham yoʻq emas. Ammo, shu mavzuning koʻtarilganligi katta voqea.
Bu fikr kitobda Mahmudxoʻja Behbudiydan keltirilgan iqtibosda ham taʼkidlanadi: «…Burungʻi asrlarda Turkiston va turklar voqeoti va ahvoli haqinda turkiy, forsiy va arabiy tillarda necha kitoblar yozilgandurki, u kitoblardan rus va boshqa ovroʻpoyilar istifoda etgan va etmakdadurlar. Lekin u muxtalif (turli-tuman) tillarda yozilgan. Tarixiy asarlardan biz turkistoniylar istifoda etub, yangi muhokama va tadqiqot ila oʻz shevamizda muntazam bir asar vujudga keltirganimiz yoʻq».
Mahmudxoʻja Behbudiyning soʻzlari haqiqat. Oʻzbekiston Mustaqilligidan keyingina qadriyatlarimizga, tariximizga boshqadan nazar tashlay boshladik. Mamlakatimizda maxsus komissiya tuzilib bizning mamlakatimizda yozilgan taqdir taqozasi bilan xorijga chiqib ketgan koʻplab kitoblarimizning faksimelisi olib kelindi. Ulardan biri – “Kisasi Rabgʻuziy” boʻlib, 1309 yilda yozilgan bu asarni qadimiy turkiydan zamonaviy oʻzbek tiliga oʻgirganimizda tariximizning buyukligiga, xalqimiz ilm-fanni azal-azaldan ulugʻlab kelganligini yana bir karra his qilganman.
Anvar Shukurovning Oʻgʻuzxon masalasini koʻtargani ham tarixga yangicha koʻz, yangicha nazar bilan qarash lozimligini anglatadi. Darhaqiqat, Oʻgʻizxon kim? Muallif shu savollarga javob izlab tariximiz sarhadlariga shoʻngʻiydi.
Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist
Anvar Shukurov: Oʻgʻuzxon qachon yashagan?
«Oʻgʻuzxonning zamonidin Chingizxon zamonigʻacha Tin, Atil va Yoyiq, bu uch suvning yoqasinda qipchoqdin oʻzga el yoʻq erdi. Toʻrt ming yilgʻacha ul yerlarda oʻlturdilar. Aning uchun ul yerlarni Dashti Qipchoq derlar (Abulgʻoziy Baxodirxon “Shajarai turk” T.-1994 yil “Choʻlpon” nashriyoti 22-bet)”.
Agar Abulgʻoziy Bahodirxonning oʻzi 1603-1663 yillarda yashaganini eʼtiborga olsak, Oʻgʻuzxon 4800 yil avval yashagan! Abulgʻoziy Baxodirxon hisobi haqiqatga qanchalik yaqin?
Yurtimiz olimlari, xususan Abu Rayhon Beruniy va uning shogirdlari hisobiga koʻra, Nuh alayhissalom davridagi toʻfon, hijrat (eramizning 622 yili)gacha 3725 yil deb olingan. (M.Ulugʻbek “Toʻrt ulus tarixi” T.-1994 yil “Choʻlpon” nashriyoti 30-bet).
Abulgʻoziy Baxodirxon hijratning minginchi yili va undan keyin yashagan. Yaʼni, Beruniy hisobiga 1000 yilni qoʻshsak, 1622 yilda toʻfon boʻlganiga 3725 yil toʻladi. Chingizxon Abulgʻoziy Baxodirxondan 400 yil avval yashagan. Abulgʻoziy Bahodirxon hisobiga koʻra Oʻgʻuzxon Nuh paygʻambarning 10 oʻgʻli. Har bir ota oraligʻini 30 yil deb olamiz. Shunda 300 yilni Nuh alayhissalomdan Oʻgʻuzxongacha boʻlgan davrga ajratamiz. Bular 1.Yofas; 2.Turk; 3.Toʻtak; 4.Ablachaxon; 5. Dibboqoʻyxon; 6.Kuyukxon; 7.Alanchaxon; 8.Moʻgʻulxon; 9. Qoraxon; 10.Oʻgʻuzxon.
Har bir ota-bola oraligʻi 30 yil ekanligini inobatga olsak, Abulgʻoziy Bahodirxon aytayotgan yil sanasi haqiqatga juda yaqin aytilmoqda. Bundan tashqari Abulgʻoziy Bahodirxon Oʻgʻuzxon bilan Chingizxon oʻrtasidagi 450 yildagi otalarning ismini bilmaganligini aytadi (Abulgʻoziy Baxodirxon “Shajarai turk” T.-1994 yil “Choʻlpon” nashriyoti 22-bet)”. Abulgʻozi Baxodirxon oʻz asarida shunday deganini yaxshilab tahlil qilinsa, u 450 yilga emas balki, deyarli 6 baravarga – 2800 yilga adashayotganini koʻramiz.
Bu chalkashlikni faqatgina bitta fikr bilan tushuntirish mumkin. Tarixni nafaqat sovetlar, balki M.Ulugʻbekdan oldin va keyin yashagan chingiziylar foydasi uchun soxtalashtirilgan ekan. Qadimda arablarda shunday ibora boʻlgan: «Tarixni turkiylar yaratadi, forsiylar unga afsonalar toʻqiydi, arablar esa (bu afsonalarni) eshitishni xush koʻradi».
Abulgʻoziy Baxodirxonning fikrlarini oʻrganishda davom etamiz. Shu borada, Abulgʻoziy Baxodirxon asaridagi otalar sanogʻi Mirzo Ulugʻbek sanogʻidan farq qilishini kuzatish mumkin. Abulgʻozi Baxodirxon asarida Oʻgʻuzxon Nuhning 10 oʻgʻli hisoblanadi.
Mirzo Ulugʻbek asarida esa Oʻgʻuzxon 9-oʻgʻil hisoblanadi: 1. Yofas; 2. Turk; 3. Abulchaxon; 4. Dibadqoʻyxon; 5. Kuyukxon; 6. Almujannaxon; 7. Moʻgʻul; 8. Qoraxon; 9. Oʻgʻuzxon.
Yaʼni, M.Ulugʻbek asarida Turkning oʻgʻli Toʻtak yoʻq. M.Ulugʻbek Abulgʻoziy Baxodirxondan ikki asr oldin yashagan boʻlsa-da, uni bilmasligi qiziq. Ovqatga tuz solishni Toʻtak kashf etganligini inobatga olsak, uni tarix sahifasidan oʻchirish aslo mumkin emas.
Mirzo Ulugʻbek va Abulgʻoziy Baxodirxonning tarixiy bitiklarini ularga yetti yot begona Gerodotning fikrlari bilan solishtiramiz:
“Ular(qipchoq)larning hisobicha, Targitay shohligi zamonidan Doroning bostirib kirishi davri orasi roppa-rosa 1000 yilni tashkil etarmish” (“Qadimgi tarixchilar Oʻrta Osiyo haqida”YURIST-MEDIA MARKAZI” Toshkent-2008 yil 8-bet).
Gerodot Abulgʻoziy Baxodirxondan 2100 yil oldin yashagan. Bundan chiqadiki, agar Gerodotning maʼlumotini asos uchun qabul qilsak, qipchoqlarning Dashti qipchoqqa kelganlariga Abulgʻoziy Baxodirxon davrida 3100 yillar boʻlgan hisoblanadi.
“Turon qavmlari” kichik ensiklopedik lugʻatda keltirilishicha, “Moʻgʻul qabilasi 12-asr boshlarida kichik qabila boʻlib, tarix sahnasiga chiqqan, asrning oʻrtalarida tatar qabilalari tomonidan bosib olingan … Chingizxon tarix sahnasiga chiqqanidan boshlab, moʻgʻul qabilalari birlashib, moʻgʻul millatini keltirib chiqardi” (Z.Ziyotov “Turon qavmlari” T-2008 “Istiqlol” nashriyoti 93-94-betlar).
Agar shunday boʻlsa, chingiziylar mahalliy aholiga oʻzini yaqinroq koʻrsatish maqsadida, faqat bir kishini iloji boricha Turk otaga yaqinlashtirishlari mumkin. U ham boʻlsa Moʻgʻul.
Nuh paygʻambarning farzandlari boʻyicha Abulgʻoziy Baxodirxonning sanogʻi quyidagicha:
1.Yofas alayhissalom; 2.Turk; 3.Toʻtak; 4. Ablachaxon; 5.Debakqoʻyxon; 6.Kuyukxon; 7.Alanjanaxon; 8.Moʻgʻulxon; 9.Qoraxon; 10.Oʻgʻuzxon; 11.Oyxon; 12.Yulduzxon; 13.Manglayxon; 14.Tengizxon; 15.Elxon; 16.Qayon; (450 yildagi kishilar nomaʼlum, shuning uchun yana 15ta kishini qoʻshsak otalar soni 30 ta boʻladi) 32.Bartachina; 33.Qoʻymaral; 34.Bichin Qayon; 35.Timach; 36.Kichi mergan; 37.Qujambural; 38.Boʻkabandunxon; 39.Samsavchi; 40.Qalimachuxon; 41.Temurtoshxon; 42.Mengli xoʻjaxon; 43.Alanquvaning ismi nomaʼlum otasi; 44.Alanquva; 45.Buzanjirxon; 46.Buqaxon; 47.Dutumnanxon; 48.Qayduxon; 49.Baysunqurxon; 50.Tumnaxon; 51.Qabilxon; 52.Bartanxon; 53.Yesugay Bahodir; 54. Chingizxon.
Yaʼni, 10-oʻgʻil Oʻgʻuzxon bilan 54-oʻgʻil Chingizxongacha 44 kishi bor. Ularni 30 (yil)ga koʻpaytirsak 1320 yil boʻladi, unda Oʻgʻuzxon miloddan oldingi II asrda yashagan boʻlib chiqadi. Aleksandr Makedonskiy miloddan oldingi 3 asrda Oʻrta Osiyoga kelgan. Undan soʻng bironta turkiy hoqon Xitoy, Hindiston, Rus yerlari, Eron, Shom, Misrgacha borganida albatta, tarixda qayd etilgan Salavkiylar yoki Rim imperiyasi bilan toʻqnashgan boʻlardi.
Shuning uchun Abulgʻoziy Baxodirxonning Nuh alayhissalomdan Oʻgʻuzxongacha boʻlgan otalar sanogʻi toʻgʻriligiga (juda katta shubha bilan), chunki Abulgʻoziy Baxodirxon aytganidek “Hech nimarsaning martabasi toʻqquzdin yuqori boʻlmas, nihoyati toʻqquz turur” (Abulgʻoziy Baxodirxon “Shajarai turk” T-1992 yil “Choʻlpon” nashriyoti 12-bet) birinchi boshdagi otalar ichidan Moʻgʻul chiqarilsa Oʻgʻuzxon 9-ota boʻlib qoladi) hozircha koʻnamiz, ammo qolgan otalarning koʻpchiligi Abulgʻoziy Baxodirxon hamda M.Ulugʻbek ruyxatiga kirmaganligini inobatga olishimiz kerak.
Abulgʻoziy Baxodirxon ham Mirzo Ulugʻbek ham Nuh paygʻambarning Chingizxongacha boʻlgan davr ichida oraliqdagi Otalar sanogʻini bilmaganligini eʼtiborga olamiz. Lekin ular Nuhdan keyingi oʻgʻillar sanogʻiga Moʻgʻilni kirntishi siyosiy talablarga muvofiq amalga oshirganlar.
Ularning sanogʻidan Moʻgʻilni olib tashlab, quyidagi roʻyxatni tuzishimiz mumkin: 1. Yofas; 2. Turk; 3; Toʻtak; 4.Ablachaxon; 5. Debakqoʻyxon; 6.Kuyukxon; 7. Alanjanaxon; 8. Qoraxon; 9. Oʻgʻuzxon.
Nuhning katta oʻgʻlini biz arab tili orqali Yofas, ivrit orqali Iafet deb bilamiz. Menimcha, bizning tilimizda uning ismi AyAz deyilishi kerak. Chunki, turkiy tillar oʻzaklar yelimlanishidan tashkil topib, fanda agglyunativ til deb ataladi. Bunda oʻzaklar alohida holda ham birikkanda ham oʻz maʼnosini saqlab qoladi. Ammo, yuzlab yillar oʻtgach oʻzaklar qoʻshilgan paytdagi undosh tovushlar qattiq (kuchli) undosh tovushlar hisobiga yemirilib ketishi kuzatiladi.
Sharq tarixchilari keltirgan rivoyatga koʻra Nuh paygʻambar uxlab yotganida avrati koʻrinib qoladi. Buni birinchi boʻlib koʻrib qolgan Hom uxlab yotgan otasining ustidan kula boshlaydi, ikkinchi oʻgʻil Som Otasining uyatli joyini pana qiladi. Bu munozara ustiga yetib kelgan katta oʻgʻil Yofas Homni uradi. Shovqindan Nuh paygʻambar uygʻonib ketadi. Gap nimadaligini anglagach katta va kenja oʻgʻillaridan xafa boʻladi. Keyin Yofasni shimolga badargʻa qiladi, Homning tanasini qoraytirishni soʻrab Hindistonga surgun qiladi. AyAz degani hozirgi turkiy, xususan oʻzbek tilida qahraton sovuqni anglatadi. Turkiston Yaqin Sharq mamlakatlariga nisbatan sovuq oʻlka, Oy uni bulut qoplaganidan oz koʻrinadigan joy. Shuning uchun AyAz.
Bu yerdagi Ay, arablar aytadigan Yofas soʻzidagi «Yo», yahudiylar Iafet deydigan soʻzdagi «Ia»ning turkiydagi nomidir. Misol uchun aslan turkiy boʻlgan Ibrohim paygʻambarning ismi yahudiylarda «Avram» deyiladi. Uning turkiydagi ismi Ayram boʻladi. Ay bu yerda Ota, odam maʼnosini beradi. Turkiylarning qadimgi dostonlaridan biri boʻlmish «Ulugʻ Xon bitigi» asarida shunday deyiladi:
«Ulu Han Ata Bitiği diğer adı ile Ulu Han Ata Kitabı, Türklerin ilk babasının yani Türk ırkına mensup ilk kişi olan Ulu Ay Ata’nın ve ilk Türk kadını ve annesi Ulu Ay Ana’nın yaradılışını anlatmaktadır».
Yaʼni, ilk turkiylar ichidagi eng birinchi kishilar Ay ota va Ay ona boʻlganligi eʼtirof etilyapti.
Mamlakatimiz hududiga islom dini kirib kelishi bilan yurtimizga arab va fors tili ham kirib keldi. Amir Temur davrida esa saroy tili fors tili boʻlganligini bilamiz. Arab lashkarboshisi Qutaybaning barcha turkiy tilda yozilgan kitoblarni yoʻq qilib yuborganligini inobatga olsak, nega barcha turkiy yozma manbalar forsiy va arabiy tilda qaytadan yozila boshlaganligini anglaymiz.
Boshqa tillarda esa soʻzlar boshqacha koʻrinishga ega boʻla boshlaydi. Bizga arablar orqali kirib kelgan Muso paygʻambarga tushirilgan kitob nomi «Tavrot» soʻzi inglizlarda «Tora» shaklida yoziladi. Sizlarning eʼtiboringizga oʻzbek olimi Farrux Atayevning «Dunyo va turkiy til» maqolasidan bir parcha keltiraman: Ahmad Yassaviy sheʼriyatidan namuna:
«Pisand qilmas olimlar bizni aytgʻon turkini,
Maʼnisigʻa yetgʻonlar boshdan olar boʻrkini»
Davomi bor