Asosiy xalqaro-huquqiy hujjatlardagi umum eʼtirof etilgan saylov prinsiplari va milliy qonunchilik

0
1003
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasida Konstitutsiya inson huquqlariga sodiqlikni,  demokratiyaga sadoqatni namoyon qilib, xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan qoidalari ustunligini tan olgan holda, insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishni koʻzlab qabul qilinganligi ifodalangan.

Shu yil 22 dekabrda boʻlib oʻtadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga va mahaliy davlat hokimiyati organlariga boʻlib oʻtadigan saylov Vatanimiz yangi tarixida gʻoyat muhim ijtimoiy-siyosiy voqea hisoblanadi. Zero, mamlakatimiz kelajagi, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning surʼati
va davomiyligi, ichki va tashqi siyosatimiz saylovchilar qabul qiladigan qarorga bogʻliq.

Oʻzbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Harakatlar strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan islohotlar uzviy, bosqichma-bosqich va izchil, tadrijiy ravishda davom etmoqda. Eng muhimi Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan islohot yoʻnalishlari oʻzaro uzviy bogʻliq boʻlib, bir-birini taqozo etadi. Misol uchun, saylov erkinligini taʼminlamasdan turib davlat va jamiyat qurilishini demokratlashtirishni tasavvur qilib boʻlmaydi. Yoki boʻlmasa, saylovchilarning huquqlarini sud tomonidan ximoya qilinishini taʼminlamasdan, demokratik saylov tizimini yaratib boʻlmaydi.

Mamlakatimizda demokratiya va inson huquqlarini, xususan saylovga oid huquqlarni taʼminlashda xalqaro standartlar muhim manba boʻlib xizmat qiladi.

Saylovga oid xalqaro standartlar Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT), Parlamentlararo ittifoq, Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi (MDH) kabi tuzilmalarning bir qator hujjatlarida oʻz ifodasini topgan.

Saylovga oid muhim qoidalar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida (1948 yil), Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktda (1966 yil), Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish toʻgʻrisida xalqaro konvensiyada, Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish toʻgʻrisida BMT deklaratsiyasida, Erkin va adolatli saylov prinsiplari toʻgʻrisidagi deklaratsiyasida, YeXHTning Insoniylik mezonlari boʻyicha Kopengagen hujjati, MDHga ishtirok etuvchi davlatlarda demokratik saylovlar, saylovga doir huquqlar va erkinliklar standartlari toʻgʻrisidagi Konvensiyada mustahkamlab qoʻyilgan.

Qayd etish joizki, oʻtgan yillar mobaynida milliy saylov qonunchiligimiz ushbu xalqaro saylov standartlariga muvofiq rivojlanmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2018 yil 6 noyabrdagi PQ-4004-sonli Qarorida saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish, shuningdek, fuqarolar konstitutsiyaviy saylov huquqlarini amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha umumeʼtirof etilgan xalqaro prinsiplar va standartlarni hisobga olgan holda, saylov tizimi va qonunchiligini bosqichma-bosqich liberallashtirish Oʻzbekiston Respublikasi saylov tizimini yanada takomillashtirishning eng muhim yoʻnalishlaridan birinchisi etib belgilangan.

Qayd etish joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksini qabul qilishni maqsadlaridan biri ham aynan zamonaviy xalqaro saylov standartlarini hisobga olgan holda saylov tizimining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish edi.

Yuqoridagi Qarorga asosan Markaziy saylov komissiyasi tarkibida Saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar boʻyicha oʻquv markazi tashkil etilgan boʻlib, milliy saylov qonunchiligining umumeʼtirof etilgan xalqaro prinsiplari va standartlariga muvofiqligini tizimli ravishda monitoring qilib borish mazkur markazning asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan.

Erkin va adolatli saylovlar mezonlari toʻgʻrisidagi Deklaratsiyaning 4-bandida doimiy haqiqiy erkin va adolatli saylovlar oʻtkazish uchun xalqaro huquqiy majburiyatlarga muvofiq ravishda davlatlar huquqlarni kafolatlashni taʼminlash maqsadida qonunlar qabul qilishlari va boshqa choralarni koʻrmoqliklari lozimligi belgilangan. Saylov kodeksning qabul qilinishi ham mamlakatimizni aynan mazkur talabni ogʻishmay, izchillik bilan bajarganidan dalolatdir.

Xalqaro huquqiy hujjatlarda saylovga oid standartlar, eng asosiy prinsip va qoidalar sifatida umumiy, teng, toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi, yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylash, erkin va adolatli, haqiqiy saylov oʻtkazish va shu kabilar belgilangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolarni davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga ega ekanliklari, har bir saylovchi bir ovozga egaligi, ovoz berish huquqi, oʻz xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanishi belgilab qoʻyilgan.

Asosiy qonunimizga muvofiq saylovlar umumiy, teng va toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladi. Oʻzbekiston Respublikasining oʻn sakkiz yoshga toʻlgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar.

Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksining 4-moddasiga asosan fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, maʼlumoti, mashgʻulotining turi va xususiyatidan qatʼi nazar, teng saylov huquqiga egadir.

Konstitutsiyamizning 117-moddasiga kirgan oʻzgartishlarga hamda Saylov kodeksimizga asosan endilikda ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan, uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarda saylovda ishtirok etish, yaʼni saylash huquqi berildi. Bu esa ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalari tuzilishi mumkinligini Kodeksning 10, 27-moddalarida mustahkamlash imkoniyatini berdi. Bularning barchasi esa umumiy saylov huquqi prinsipini yanada kengroq taʼminlanganidan, xalqaro standartlar talablarini implementatsiya qilinganidan dalolat beradi.

Saylov kodeksida “bitta saylovchi-bitta ovoz” tamoyilini amalga oshirishni taʼminlaydigan Oʻzbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron roʻyxatiga oid qoidalar belgilandi.

Xalqaro standartlarda davlatlar milliy qonun chiqaruvchi organning hech boʻlmasa bir palatasidagi hamma mandatlar umumxalq saylovi jarayonida nomzodlar erkin tortishuvining obyekti boʻlishiga yoʻl qoʻyishlari lozimligi belgilangan.

Shu maʼnoda Saylov kodeksimizdagi eng katta yangiliklardan biri bu – siyosiy maydon toʻliq siyosiy partiyalarga berilishi, Ekologik harakatga qoʻyilgan kvota chiqarib tashlanganida namoyon boʻladi. Endilikda siyosiy partiyalar Qonunchilik palatasiga boʻlib oʻtadigan saylovda 135 emas, balki toʻliq 150 ta saylov okrugida nomzodlarini koʻrsatish huquqiga ega boʻladilar, bu esa milliy qonun chiqaruvchi organning bitta palatasidagi barcha mandatlar umumxalq saylovi jarayonida nomzodlar erkin tortishuvining obyekti boʻlishini taʼminlaydi.

Xalqaro standartlarda har bir ishtirokchi-davlatlar ayollarga erkaklar bilan bir xil sharoitlarda hech bir kamsitishsiz saylovlarda ovoz berish huquqi va ochiqdan-ochiq saylanadigan organlarga saylanish huquqi taʼminlashlari lozimligiga oid talablar belgilangan.

Konstitutsiyamizning 46-moddasiga koʻra xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar. Bundan tashqari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning tashabbuslariga koʻra 2019 yil 2 sentyabrda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi. Ushbu qonunning 4-bobi alohida “Saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari”ga bagʻishlangan. Unga koʻra xotin-qizlar va erkaklar hokimiyat vakillik organlariga saylash va saylanishda teng huquqlarga ega. Siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar koʻrsatishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar taʼminlanadi.

Mamlakatimizda oʻtgan barcha saylovlarda xotin-qizlarning huquqlari taʼminlanganini mazkur masala boʻyicha biron marta sudlarga shikoyat kelib tushmaganidan ham bilib olish mumkin.

Agar avvallari qonunlarda faqat Markaziy saylov komissiyasiga nisbatan faoliyatining huquqiy asoslari, mustaqillik, ochiqlik prinsiplari, faoliyatiga aralashmaslik kabilar qayd etilgan boʻlsa, endilikda Saylov kodeksida barcha saylov komissiyalari va ularning aʼzolari oʻz faoliyatini har qanday davlat organlaridan, jamoat birlashmalaridan va mansabdor shaxslardan mustaqil holda amalga oshirishi belgilab qoʻyildi.

Avvallari mahalladan kuzatuvchilar faqat xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari saylovidagina ishtirok etishi nazarda tutilgan edi. Endilikda Saylov kodeksiga koʻra fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar barcha saylovlarda qatnashishi mumkinligi qayd etildi.
Bu saylovlar ustidan fuqarolik kuzatuvini, shaffoflikni taʼminlashga, saylov jarayoniga jamoatchilik ishonchini oshishiga omil boʻlib xizmat qiladi.

Yuqorida bayon etilgan fikrlarning barchasi milliy saylov qonunchiligimiz asosiy xalqaro-huquqiy hujjatlardagi umum eʼtirof etilgan saylov prinsiplari va standartlari talablariga muvofiq kelishidan, fuqarolarning davlat vakillik organlariga saylash va saylanishi bilan bogʻliq konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirilishi uchun mustahkam kafolatlar belgilab qoʻyilganidan dalolat beradi.

Nilufar Said-Gaziyeva,
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining katta eksperti, yuridik fanlar doktori

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.