Axborot xizmati rahbarlari faoliyatida PR:   TASHKILOT IMIDJINI OSHIRISH

0
739
marta koʻrilgan.

PR  soʻziga qisqacha taʼrif berib oʻtaylik. Xoʻsh, PR nima? (pablik rileyshnz).  Pablik rileyshnz inglizcha soʻz boʻlib, “jamoatchilik bilan aloqalar”, “ommaviy aloqalar”, “jamoatchilik bilan munosabatlar” degan maʼnoni anglatadi.

Xorijda jamoatchilik bilan aloqalarni qisqacha Pi-Ar deyishadi. Bugun ushbu termin  oʻz faoliyati doirasida bizning ham isteʼmolimizga, mamlakatimiz ijtimoiy hayotiga keng kirib keldi. Pi-Arning maqsad va vazifasi toʻgʻrisida xalqaro Uebster lugʻatida shunday izoh berilgan: “RR – bu shaxslar va tashkilotlarning boshqa kishilar, guruhlar bilan va umuman, jamiyatda oʻzaro samimiylikni vujudga keltirish va bir-birini anglashga koʻmaklashish hamda izohiy, tahliliy maqolalarni tarqatish, axborot almashinuvini rivojlantirish, jamoatchilik fikri va taʼsirini baholashdir”.

 Jamoatchilik bilan aloqalar-RR (pablik releyshenz) maʼlum bir  obyektning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy tizimlarda imidjini yaratish va amalga oshirish texnologiyasidir. Gʻoyalar, tovarlar, xizmatlar, shaxslar, tashkilotlar, firmalar, brendlar ushbu texnologiyaning muhim jihatini tashkil qiladi.

PR keng maʼnoda  jamoatchilik fikrini boshqarish, jamiyat va davlat idoralari yoki tijorat tuzilmalari oʻrtasidagi munosabatlarni oʻrnatish, ijobiy raqobatni yanada yuksaltirish, shu jumladan, ijtimoiy, siyosiy yoki iqtisodiy jarayonlarni xolis tushunish demakdir.

Texnologik mavzu-bu kampaniyani rejalashtiruvchi va amalga oshiradigan RR tuzilmasidir.  Texnologik obyekt ichki  (oʻz RR xizmati) yoki tashqi (RR agentligi) boʻlishi mumkin.  RR kampaniyasining obyekti — muayyan muammoli vaziyatda ishlaydigan  tashkilotning maqsadli auditoriyasi aʼzolarining ongi va xatti-harakatidir.

 Obyekt jamoatchilik bilan aloqalar subyekti koʻzlagan maqsadlariga qarab tanlanadi. Aniq va maqsadli holatlarda subyekt oʻz jamoatchiligini belgilaydi. Jamoatchilik bilan aloqalar obyekti  hokimiyat organlari, jamoat tashkilotlari (masalan, kasaba uyushmalari va birlashmalar), siyosiy partiyalar, jamoat fondlari va harakatlari, ommaviy axborot vositalari, shahar, shaharcha aholisi va boshqalar boʻlishi mumkin.

Pablik rileyshnz bugun zamonaviy kasb darajasiga koʻtarildi, desak xato boʻlmaydi. U sohalar ichida eng yosh kasblardan sanaladi.  Aytish mumkinki, hozirgi kunda  u kasbiy  faoliyat sifatida shakllanib boʻldi.  Aslida uning tarixiy ildizi XIX asrga borib taqaladi, ammo  XX asrga kelib oʻzini toʻlaqonli namoyon etdi. Mamlakat  ijtimoiy hayotida  RR ning paydo boʻlishini oʻziga xos   ijobiy hodisa, yangilik  sifatida talqin qilmoq kerak.

Bugungi kunda dunyoda RR ning yirik ijtimoiy-siyosiy tuzilma sifatida mavqei juda baland.  Uning faoliyatini ijtimoiy va iqtisodiy, hukumat hamda parlamentlararo munosoabatlarda, xalqaro va millatlararo aloqalarda, moliya yoʻnalishida, savdo-sotiq, sanoat ishlab chiqarish, investitsiya sohalarida, turli tadqiqot hamda ommaviy axborot vositalarida koʻrishimiz mumkin. Zero, bugunda ayni ana shu sohalarda  PR ga talab va  ehtiyoj kundan-kunga oshib bormoqda. Axborot texnologiyalari tobora yuksalib borishi bilan birga  shunga yarasha axborotlar ham  dunyoning u burchagidan bu burchagiga bir zumda  yetib bormoqda. Jahon axborot maydonida  siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy oʻzgarishlar ham shunga yarasha boʻlayotganini har daqiqa kutatib turibmiz.

Jahon ahli  “Axborot texnologiyalari davri” da yashayotgani bois  “axborotni boshqarish” degan tushuncha ham yuzaga keldi. Vaholanki, dunyo tajribasida baʼzan axborotlarni notoʻgʻri yetkazish yohud salbiy talqin qilish, ayrim hollarda undan qora niyatlar yoʻlida foydalanish,  baʼzi bir shaxslar tomonidan notoʻgʻri axborotlardan oʻz manfaatlari yoʻlida uzatish holatlari ham uchramoqda.  Bu esa insonlar,  davlat va mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar,  manfaaatlar, aloqalar samimiyligi hamda ijobiyligiga putur yetkazyapti, kelishmovchiliklar tugʻdiryapti.

Dunyo-bozor, deyishlari ham bejiz emas. Dunyo bozorida axborot globallashuvi bilan birga ishlab chiqarish, aholiga xizmat koʻrsatish sifati va rang-barangligi tobora oshmoqda. Tabiiyki, sanoat, ishlab chiqarish kundan-kunga taraqqiy etib borar ekan,  bir-biriga raqobatli korxona, firma va tashkilotlar paydo boʻladi. Har kim manfaat uchun muvaffaqiyatga erishishning yoʻllarini izlaydi va bu yoʻlda kurashadi. Ayonki, bunday vaziyatlarda dunyo boʻylab ommalashayotgan pablik rileyshnz xizmati katta rol oʻynamoqda.

Mamlakatimizda ham bugungi kunda har sohada xalqaro andozalarga intilish kuzatilyapti. Oʻzbekistonimiz taraqqiyotining 2022-2026 yillarga  moʻljallangan 7 ta strategik yoʻnalishi ham aynan jamoatchilik bilan aloqalarni oʻzida ifoda etishi  bilan ahamiyatlidir. Har bir yoʻnalish mantiqan jamoatchilik bilan munosabatlarda davlatimiz taraqqiyotiga xizmat qiladi. Zero, huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish yoʻli tanlangan davlatimizda jamoatchilik bilan aloqalarsiz taraqqiyotni, kelajakni, umuman strategiyani tassavvur etib boʻlmaydi.

Shuni hisobga olib, pablik rileyshnz  tadbiq etilayotgan  shahar va tuman hokimliklari, idora va tashkilotlarning jamoatchilik bilan aloqalari doirasidagi faoliyatini oʻrganib koʻramiz.

 Zero, joylarda davlat idoralari ustidan jamoatchilik nazorati muntazam oʻrnatilsagina mamlakatda demokratik tamoyillarga amal qilinadi. Buning uchun esa jamiyat aʼzolarini hukumat organlari faoliyati bilan doimiy ravishda tanishtirib borish zarur. Davlat organlari faoliyatining shaffof va ochiqligini taʼminlashda ham RR ning ahamiyati nihoyatda katta.

2019 yil 27 iyunda davlatimiz rahbari tomonidan  “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini taʼminlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi PQ-4366-son qarori qabul qilindi. Ushbu qaror  jamoatchilik bilan munosabatlarda shafforlik, xalq bilan davlat idoralarining yanada yaqinligini taʼminlashda muhim hujjatlardan biri boʻldi. Mazkur qaror bilan yangi lavozimga tayinlangan davlat organlari va idora-tashkilotlarining  axborot xizmati rahbarlari  hududlarda keng miqyosdagi amalga oshirilayotgan ishlar, yangilanish odimlari va shiddatlarini, mamlakatda siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, maʼnaviy va boshqa sohada olib borilayotgan islohotlarni oʻz vaqtida aholiga yetkazib berish maqsadida tashkil qilindi. Zero, fuqarolik jamiyati qurish va qonunlarning taʼsirini oshirish uchun jamoatchilik bilan aloqalarga katta ahamiyat berish kerakligini bugun butun jahon ahli tan oldi. Taʼbir joiz boʻlsa, jamoatchilik fikri — fuqarolik jamiyatining holatini oʻzida aniq aks ettiradigan bamisoli bir koʻzgudir. Prezidentimizning  PQ-4366-son qarori asli mazmun-mohiyati, maqsad-vazifalari  tom maʼnoda jamoatchilik bilan munosabatlarga, aynan RR ga yoʻnaltirilgan, desak xato boʻlmaydi.

Xoʻsh, jamoatchilik bilan aloqalarni hokimiyatlar, idora va tashkilotlar  qaysi usullarda amalga oshiryapti?  Buni izohlash uchun hokimiyatlar, idora va tashkilotlarning  ish yoʻnalishiga eʼtibor berishimiz kerak.

Maʼlumki, davlat organlari va tashkilotlari asosan  uch yoʻnalishda ish olib boradi:

  1. Respublikamiz qonunlari, Prezident va hukumat qarorlari,  farmoyishlari, dastur va ish rejalar, yoʻl xaritalari, loyihalar ijrosini taʼminlash.
  2. Belgilangan tartibda yuqoridagi faoliyatlar yuzasidan nazorat-tahlilni olib borish. Tahlillar asosida masalalarni sessiyalar muhokamasiga olib chiqish.

3.Keng koʻlamdagi faoliyatning targʻiboti va tashviqoti ishlarini olib borish.

Ayonki, yoʻnalishlar bevosita RR, yaʼni jamoatchilik bilan aloqalarga daxldor.  RR siz  muvaffaqiyatlarga, koʻzlangan maqsadlarga erishib boʻlmaydi. Idora va tashkilotlar, hokimliklar ish faoliyatining har bir yoʻnalishida  albatta RR  imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarur. Buningsiz ishlarimizning samarasi va natijasi ham boʻlmaydi.

Uchinchi yoʻnalishga koʻra  targʻibot va tashviqot ishlarini tahlil kilib koʻraylik. Bu yoʻnalishda olib borilayotgan ishlarni toʻrtga boʻlish mumkin.

Birinchi yoʻnalish- tadbirlar uyushtirish (matbuot konferensiyalari, ochiq muloqot, press-tur, davra suhbati va boshqalar).

Ikkinchi yoʻnalish-hokimiyatlar faoliyatining ommaviy axborot vositalarida yoritilishi.

Uchinchi yoʻnalish-tashkilotning veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlar orqali targʻiboti.

Toʻrtinchi yoʻnalish- blogerlar bilan yaqindan ijodiy hamkorlik.

Sir emas, jahon media makonida axboriylashuv tobora globallashib bormoqda. Axboriylashuvning ijobiy tomonlari juda koʻp boʻlishi bilan birga salbiy tomonlari ham yoʻq emas. U informatsion xurujni keltirib chiqaryapti. Bugungi mafkura poligonlari yadro poligonlariga nisbatan ham koʻproq kuchga ega[1] ekanligini jahon siyosatchilari taʼkidlashmoqda. Bu esa pablik rileyshnzning ahamiyatini yanada oshiradi.

Oʻzbekiston milliy universiteti jurnaistika fakulteti dotsenti Toʻlqin Eshbek oʻzining ilmiy izlanishlarida PR imkoniyatlariga quyidagicha taʼrif berib oʻtgan: “Soha mutaxassislarining qayd etishlaricha, jamoatchilik bilan aloqalar, xususan, odamlar bilan munosabatlar rang-barang boʻlishi mumkin. Kimdir sermulohazakorlik bilan munosabatda boʻlsa, boshqasi qiziqqonlik qiladi. Kim haqdadir ijobiy fikr aytilsa, boshqasi haqida salbiy gaplar quloqqa chalinadi. PR nuqtai nazaridan buni soddagina qilib: oq va qora piar deymiz. Bu atamalardan ularning mazmun-mohiyati aks etib turibdi.

Oq piarda- oqkoʻngillik bilan qilinadigan samimiy munosabatlar oʻz ifodasini topadi.

Qora piarda-ichiqoralik, koʻngli qoralik bilan qilinadigan saʼy-harakatlar aks etib turgandek… (Baʼzilar shunaqa gaplar aytayotganida hatto kimdir “boʻyab gapirishga usta ekan” deb pisanda qilishini eshitgansiz).

Axborot tarqatilishida maʼlum mavzular tegishli rangga “boʻyab” talqin etiladi. Buni nazariyotchilar: oq yoki qora piar deb ataydilar. Axborot mohiyatiga koʻra PR da boshqa ranglar ham uchraydi.

Eʼtibor qilsangiz, deyarli barcha munosabatlar mohiyatida oqkoʻngillik yoki ichiqoralik nafasi sezilib turadi. Aksariyat ezgu niyatli kishilar yaxshi maqsadlar bilan ishga kirishsa, qaysidir kimsalar xatti-harakatida yomon, xatarli, oʻz manfaatlari yoʻlida gʻarazli niyatlarini ham sezish mushkul emas”.

Darvoqe, ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat olib borayotgan   ayrim fuqarolar qora RR imkoniyatlaridan foydalanish orqali koʻproq auditoriyani oʻzlariga jalb qilish uchun astoydil harakat qilmoqdalar. Ortiqcha shov-shuv chiqarish va soxta obroʻ ortidan yugurayotgan  ijtimoiy tarmoqlarda axborot tarqatayotganlarni qora RR bilan shugʻullanuvchilar sirasiga kiritish mumkin.  Oq RR bu anʼanaviy, oddiy  uslubda oʻz mahsuloti, xizmati va boshqa ishlarni, sohalar faoliyatini jamoatchilik oldida keng targʻib qilishga qaratilgan.

Shuning uchun hokimiyatlar, idora va tashkilotlar uchun  pablik rileyshnz non va tuzdek zarur. Matbuot anjumanlari, press-tur, ochiq muloqot va boshqalar yordamida  axborot xizmatlari tashkilot faoliyati haqida keng jamoachilikni tanishtirish imkoniyatiga ega boʻladilar. Ushbu tadbirlarda  muammolar aniqlanadi, aholi fikri oʻrganiladi. Zaruriyat tugʻilganida  mutaxassislar bilan tajriba almashiladi, ulardan xulosalar olinadi. Tashkillashtirilgan tadbirlar orqali aholining yozma va ogʻzaki arizalariga javob beriladi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali keng muhokama qilinayotgan  tanqidlar va chiqishlarga munosabat beriladi.  Fuqarolardan kelgan shikoyatlarni, xalqni qiynayotgan muammolarni atroflicha oʻrganib chiqib, tegishli mutassaddi idoralarga murojaat qilib, imkon boricha masalani  ijobiy hal etishga harakat qilinadi.

Keyingi paytda axborot xizmatlari faoliyatida yana bir yaxshi yondoshuv shakllandi. Mahallalardagi muammolarni aniqlash va ular yechimini topishda ayrim axborot xizmati rahbarlari masalalarni bevosita idora va tashkilotlarning boshliqlari, masʼullar ishtirokida ijobiy hal etish yuzasidan qator tadbirlar amalga oshirmoqdalar. Bu eng avvalo fuqarolarning murojaatlari oʻz vaqtida va sifatli, muammolar ijobiy hal qilinishini taʼminlayapti.

Ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar mafkura manbalaridan biri boʻlmish hayotimizning ajralmas bir qismiga aylangan.  Chunki, ijtimoiy munosabatlarda ularning ahamiyati juda katta boʻlib, jamoatchilikning fikrini shakllantirishda eng muhim omillardan biri hisoblanadi.

Taniqli ustozimiz professor Muxtor Xudoyqulov  “matbuotning ijtimoiy mohiyati, asosiy funksiyalari nuqtai nazaridan qaraganda uning yana bir xususiyati – jamoatchilik fikrining ifodachisi ekanligida yaqqol koʻrinadi. Matbuot jamiyatning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy-maʼnaviy hayotini aks ettirar ekan hamda ijtimoiy borliq bilan ijtimoiy ongning bir-biriga taʼsir koʻrsatishida faol harakat etuvchi omil vazifasini bajarar ekan, bu borada jamoatchilik fikriga tayanib ish koʻradi” deb yozadi.

  Barcha ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda, bugungi islohotlarning qay yoʻsinda olib borilayotganini aholiga samarali yetkazish, fuqarolarning bu boradagi huquqiy  bilimlarini yanada oshirish hamda huquqiy mavzudagi chiqishlarni koʻpaytirish  hamda taʼsirchanligini oshirish  davr talabidir. Buning uchun avvalo hokimiyatlarning  jamoatchilik bilan aloqalarini yanada mustahkamlash zarur boʻladi.

Zero, pablik rileyshnzning vazifasi ham omma muammolarini hal etish, jamoatchilik va maʼlum tashkilotlar, maqsadli auditoriyalar oʻrtasida iliq munosabatni yoʻlga qoʻyish, ijobiy muhit yaratish hisoblanadi.

2021 yilda Xorazm viloyati davlat organlari va tashkilotlarining jami 44 nafar  axborot xizmati rahbarlari tomonidan mingdan ortiq matbuot tadbirlari oʻtkazilishiga erishildi. Boʻlib oʻtgan matbuot  tadbirlarida mamlakatimiz hayotining ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy va madaniy sohalaridagi oʻzgarishlarning nazariy hamda amaliy jihatlari koʻrib chiqildi. Bu tadbirlar, qoida tariqasida, idora va tashkilotlarning, turli nohukumat tashkilotlarining vakillari, omaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar ishtirokida oʻtkazilmoqda. 2022 yil uchun ham media tadbirlar rejalari tasdiqlanib, ijroga qaratildi. Eng muhimi, mazkur tadbirlar orqali aholining xabardorligi taʼminlanmoqda.

 Bularning barchasi davlat organlari va tashkilotlari   axborot xizmati rahbarlarining jamoatchilik bilan muntazam aloqa qilishini, tegishli organlar vakillari, mutaxassislar bilan doimiy munosabatda boʻlib, ular bilan tajriba almashishini, fikr-mulohazasini oʻrganishlarini, shuningdek, xalq oʻrtasida yurib, muammolarini tahlil etishini, fuqarolar orasida keng tushuntirish ishlarini olib borishlarini ifodalab turibdi.

Yaqinda viloyatning 526 ta  mahallasida  ish faoliyatini boshlagan shahar va tumanlar hokimlarining yordamchilari matbuot kotiblari bilan hamkorlikda aholi muammolariga doir masalalarni birgalikda  tizimli ravishda hal etishga kirishdilar. Vaholanki, hokim yordamchilari lavozimlarining tashkil qilinishi  jamoachilik bilan aloqalarning, davlat organlari ochiqligi va shaffofligini taʼminlashning eng samarali yoʻli boʻldi.  

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, bugun axborot ahamiyatining oshishi pablik rileyshnz kabi yangi ijtimoiy sohalarning yuzaga kelishiga, taraqqiy topishiga turtki boʻldi. Pablik rileyshnz- yangi soha  boʻlsa-da, hozir jahonda yirik ijtimoiy-siyosiy tuzilma sifatida katta nufuzga ega. Negaki axborot yordamida jamiyatdagi oʻzaro munosabatlarni tartibga solish, millatlararo ijobiy muhitni yaratish, siyosiy-ijtimoiy muvozanatni meʼyorlashtirish, kishilar oʻrtasida oʻzaro ijobiy munosabatlarni qaror toptirish, yangi-yangi gʻoyalar va tashabbuslarni  paydo boʻlishida RR ning roli nihoyatda kattadir.  

Yuqorida taʼkidlanganidek, hukumat faoliyatida ham pablik rileyshnzga juda katta ehtiyoj bor. RR ni qoʻllash hukumat va xalq oʻrtasidagi munosabatlarni yaxshilaydi, qonunlarni fuqarolar tomonidan ijobiy qabul qilinishiga, amalda toʻgʻri bajarilishiga imkon beradi. Buning uchun esa, avvalombor, davlat hokimiyati organlari faoliyati bilan jamiyat aʼzolarini batafsil tanishtirib va tushuntirib borish zarur.

Zotan, huquqiy demokratik davlatning, fuqarolik jamiyatining asosiy belgilaridan biri ham-davlat idoralari faoliyatida oshkoralikka erishishdir. Pablik rileyshnz esa ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar  orqali hukumat faoliyatini yoritishga xizmat qiladi. Zero, jahon tajribasidan maʼlumki, jamoatchilik bilan aloqalar faoliyatining toʻqson foiziga yaqini  ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar bilan bevosita  bogʻliqdir.

  Bugun kundalik turmushimizning ajralmas bir qismi boʻlgan ommaviy axborot vositalaridan, jahon ijtimoiy tarmoqlaridan keng va samarali foydalanish ijtimoiy hayotda mahalliy hokimiyat, idora va tashkilotlarning roli va taʼsirini oshirishi bilan bir qatorda jamiyatni demokratlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilish maqsad hamda vazifalarining samarali amalga oshirilishiga xizmat qilyapti.

 Hukumat organlari faoliyatining ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib borilishi huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish sari qoʻyilgan muhim qadam desak mubolagʻa boʻlmaydi.  Zotan, huquqiy demokratik davlatning, fuqarolik jamiyatining asosiy belgilaridan biri ham – davlat idoralari faoliyatida oshkoralikka erishishdir.

Oshkoralikni taʼminlashda esa hokimliklarning, idora va tashkilotlarning  axborot xizmati xodimlari beminnat xizmat qilishi lozim.  Ommaviy axborot vositalari hukumat bilan xalq oʻrtasida koʻprik vazifasini oʻtaganidek, matbuot kotiblari ham bu vazifani xuddi shunday tartibda bajaradilar. Pablik rileyshnz axborot xizmatlari faoliyatida juda qoʻl kelmoqda. Chunki, ommaviy axborot vositalari, axborot xizmatlari  va pablik rileyshnzning maqsad-muddaolari, vazifalari ham bir-biriga hamohang.

Oshkoralik va ochiqlik bizning har qadamimizni zimdan poylab yurgan gʻanimlarimiz tarqatayotgan turli mish-mishlarga, boʻhton va uydirmalarga qarshi zarba beradi. Tirnoq ostida kir qidirib yurganlarga ham ish qolmaydi.

 “Agar jamoatchilik fikri qarshi boʻlsa hech bir ishda yutuqqa erishib boʻlmaydi. Jamoatchilik qoʻllab-quvvatlagan hech bir harakat besamar ketmaydi”, — degan ekan Avraam Linkoln. Bu ayni haqiqatdir.

Hozir Oʻzbekistonda ham RR xizmatining koʻrinishlari juda koʻp. Masalan, uy oldi-sottisi bilan shugʻullanayotgan firmalar va alohida bozorlar mavjudligini piarmenlar xizmatiga qiyoslasak boʻladi. Shuningdek, yuqorida taʼkidlaganimizdek, mamlakatimizda turli vazirliklar, tashkilotlar huzurida axborot xizmati faoliyatining yoʻlga qoʻyilganligi ham fikrimizning yaqqol isboti.

Yurtimizda RR xizmatini samarali yoʻlga qoʻyish har qachongidan ham zarur.  Chunki, yurtimizdagi  yirik-yirik korxonalarda RR xizmatini yoʻlga qoʻysak, ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlar  xaridorgir boʻladi va chetdan kirib kelayotgan sifatsiz mahsulotlar tarqalishining oldi olinadi, mahalliy mahsulotlarimizga keng yoʻl ochiladi.

Dunyo ahli Napoleon Bonapartni PR va targʻibot dahosi hisoblaydi. Imperator qoʻpollik qilib, kuch ishlatishdan koʻra aql-idrok ustidan hukmronlik qilishni juda yaxshi bilgan. Bunday yondoshuv yaxshi natija berishini ham  tushungan. Napoleon tinglovchilarini otashin soʻzi, tashqi qiyofasi, kiyinishi bilan ham nihoyatda kuchli tarzda oʻziga jalb qilaolgan.  Muammoli vaziyatlarda ham  jamoatchilik fikrini mohirona boshqargan. Eng avvalo nutqi ishonchli boʻlishiga erishgan. Shuning uchun  millionlagan fransuzlar uni koʻklarga koʻtarishgan. U oʻz zamonasida shunday degan edi: «Jamoatchilik fikri- bu tulpor, u baʼzan jilovlashga toʻgʻri keladigan darajada qaysar boʻlishi mumkin».

Ha, darhaqiqat, bugungi kunda ham PR – “yo hayot yoki mamot masalasi” ga aylangan, desak mubolagʻa boʻlmaydi.  Shuning uchun  RR tom maʼnoda har bir tashkilotning muayyan yuzi-koʻzi, qilich va qalqoni sifatida nufuzini oshirishga, axborot maydonida mavqeini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi bilan juda katta ahamiyatga ega.

 Dilbar BEKCHANOVA,  Xorazm  viloyat  axborot va ommaviy kommunikatsiyalar 
boshqarmasi boshligʻi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.