«Ayol va Zamon» gazetasi Surxondaryo viloyati xotin-kizlarining maʼnaviy maʼrifiy, ijtimoiy nashri 1991 yilning sentyabr oyidan faoliyat koʻrsatib kelyapti. Oyiga bir marta chikadigan, rang-barang va turfa mavzudagi OAVsi saytimiz mehmoni.
SOPOL KOSA (voqeiy hikoya).
Mahallamizda yashaydigan Xayri xola betob boʻlib qolibdi, degan xabarni eshitiboq, tush mahali boʻlishiga qaramay, hol-ahvol soʻragani shoshildim. Chunki hamisha davralarni qizitib gurung berib oʻtiradigan Xayri xola yolgʻizgina kenja oʻgʻlini uylantirgandan soʻng, negadir mahalla-koʻydagi yigʻinlarda kam koʻrinadigan, keyingi paytlarda esa umuman ostona hatlab koʻchaga chiqmaydigan boʻlib qolgandi. Biz ayollar onda-sonda oʻzimiz borib bir soat-yarim soat gurunglashib, koʻnglini yozib qaytardik. Xayri xola meni koʻrib xursand boʻldi. Bagʻriga mahkam bosib quchoqlab, oʻpib koʻrishdi. Soʻng ikkalamiz ancha pallagacha u yoq, bu yoqdan gurung qilib oʻtirdik. U ancha mahzun tortib qolganday tuyuldi. Xiylagina ozibdi, jussasi mushtdekkina boʻlib qolibdi. Lekin gurunglari hamishagiday maʼnili, soʻzlari mehrli edi. Biror gapida oʻksinish, shikoyat yoki norozlikka oʻxshash alamli ohang yoʻq edi. Suhbat orasida uy ichiga sekin razm soldim. Gʻijirlab ochiladigan bir tabaqali eshik, ikkita kichikkina koʻk boʻyoqli deraza romlari anchayin eskirib, qiyshayibroq qolibdi. Shiftlarni is bosib qorayibdi, devorga qoqilgan mixlar tagi zanglabdi. Uy burchagidagi eski sandiq ustiga ishlatilaverib yupqalashib ketgan uch-toʻrtta koʻrpacha taxlangan. Kuzata turib, tokcha ustidagi sopol kosa va uning yonida turgan bir uyum momiq paxtaga koʻzim tushdi.
Shu payt eshik gʻijirlab ochildi. Xayri xolaning nevarasi ikkita non, mayda-chuyda bilan dasturxon koʻtarib kirib keldi. Xola nevarasidan:
–Bolajon, ovqatlaring pishib qoldimi? – deb soʻradi.
Qandaydir bir tushuniksiz norozi qiyofada dasturxon yozayotgan bolakay toʻngʻillab qoʻydi:
–Ha. Kosangizni berarkansiz…
Nevarasining xushlamaygina “ha” degan javobidan soʻng, Xayri xola yoshiga nomutanosib chaqqonlik bilan oʻrnidan turdi-da, tokchadagi sopol kosaning ichi va sirtini bir tutam paxta bilan erinmay artdi, soʻngra:
–Ma, mana, mening kosam top-toza! – dedi ogʻringanday bir ohangda.
Nevarasi qovogʻini uyganicha kosani olib chiqib ketdi. Bu holatni koʻrib, yuragimda nimadir “chirt” etib uzilganday boʻldi. Beixtiyor, onajonimning “kelining yomon boʻlsa oʻgʻlingdan koʻr”, degan gapi yodimga tushib ketdi. Xayolimdan “kelini-ku yomondir, lekin oʻgʻlini nima jin urdiykin”, degan fikr oʻtdi. Qariganimda belimga kuch, koʻzimga nur boʻladi deb, ne niyatlar bilan asrab-avaylab katta qilgan oʻgʻli onasi ovqatlanadigan kosani xotiniga yuvdirib, yoki oʻzi yuvib qoʻysa boʻladi-ku? Qizlari-chi, axir ular uzoqqa emas, shu mahallaning oʻziga kelin boʻlib tushishgan, navbati bilan kelib onasining holidan xabar olib turishsa, choynak-piyolasini, shu battagina sopol kosasini yuvib qoʻyishsa boʻlardi-ku?!
Shularni xayoldan oʻtkazar ekanman, koʻnglim xijil tortganday boʻldi. Dunyo koʻzimga qorongʻu koʻrinib ketdi. Nahot, bolam-chaqam deb umrini oʻtkazgan onaizorning ahvoli shu boʻlsa? Tomogʻim “gʻippa” bugʻildi. Boya bolakay menga ham chetlari kirlanibroq turgan chinni kosada shoʻrva keltirgandi. Betida yogʻ chilpillab turgan shoʻrvaga Xayri xolaning qistovi bilan ikki tishlam nonni botirib yedim-u, boʻgʻzimni toʻldirib kelayotgan yigʻini bazoʻr toʻxtatish uchun piyoladagi choydan hoʻplab-hoʻplab, xola shoʻrvasini ichib boʻlishini kutdim. Xolaning yogʻoch qoshiq tutgan qoʻllari qaltirab turardi. Nimkosa ovqatni chamasi yarim soatlarda yeb boʻldi. Shundan soʻng, xoladan menga ruxsat berishini soʻradim. Xayri xola dasturxonga duo tortib, xuddi bir narsani sezganday, meni ozgʻin, qoqsuyak qoʻllari bilan qayta-qayta bagʻriga bosib duolar qilib xayrlashdi.
Oradan uch kun oʻtmay, Xayri xola bandalikni bajo keltirdi. Janozaga juda koʻp odam yigʻildi. Men ham mayit qoʻyilgan xonaga kirib bordim. Uy toʻla xotin-xalaj. Uyning havosi dimlanib ketgan. Uyning oʻrtasiga Xayri xolaning mayitini qoʻyib qizlari, singillari xuddi sheʼriy misralarni yod olganday, qofiya bilan yigʻlashayapti. Miltillab yosh oqayotgan koʻzlarim oʻngida moʻltirabgina sopol kosasini paxta bilan artayotgan Xayri xolaning ajin tortgan siymosi oʻtaverdi. Yuragim boʻshab ketdi. Oʻsha holatni eslaganim sayin, koʻzlarimdan yosh quyilib kelaverdi, yuzlarimni yuvaverdi… Bir payt uyga qora chopon kiyib, belini bogʻlab olgan oʻgʻli oʻkirib yigʻlagancha kirib keldi.
–Onajonim, bizlarni tashlab ketgan onajonim! Endi men sizsiz nima qilaman, mehribonim?! – deya seli-sebar boʻlib yigʻlashda davom etdi. Unga mayit atrofini oʻrab oʻtirgan ayollar uvos solib joʻr boʻlishdi:
–Mehribonim, onam-a! Farishtaginam, onam-a!
Ochigʻi, men karaxt bir holga tushgan odamday qotib qoldim. Nahotki, keksayganda onasini yolgʻizlatib qoʻygan, hatto, ovqat yeydigan kosasini xotiniga aytib yuvdirib qoʻyishga qodir boʻlmagan noshud oʻgʻil nega bunchalar kuyinib yigʻlayapti?! Yoʻq, u onasi uchun kuyib yigʻlayotgani yoʻq. Bu nomard oʻgʻil oʻz obroʻyi uchun uvillayapti. El oldida ataylab yurak-bagʻri qon boʻlganday oʻkirayapti.
Bir pasda yuragimni ezib turgan alamli hislar oʻrnini gʻazab-nafrat egallab oldi. Qani ilojim boʻlsa edi, bu nokasni turtib-turtib uydan chiqarib yuborsam! Ilojim boʻlsa edi, “ovqat yegan sopol kosasini paxta bilan tozalab artib, tokchaga qoʻyadigan onangdan” necha kunda bir kirib xabar olarding insofsiz, degan boʻlardim. Ana, qutilding. Soxta oʻkiraverma, iymonsiz oʻgʻil, degan boʻlardim! Qonimizga singib ketgan “andisha” otliq odob tufayli bir ogʻiz soʻz aytmadim, aytolmadim. Bir fursat oʻz ichki gʻalayonlarim bilan ovora boʻlib qoldim, boshim gʻuvillab, koʻzim xiralashib, qulogʻim chippa bekilganday, hech narsani eshitmay qoldi…
Kamzulim choʻntagidagi dorimni olib tilim tagiga tashlab, atrofga behol qaradim. Yigʻi-sigʻi hamon avjida. Kim nima deb yigʻlayapti, tushunib boʻlmaydi. Gʻassol ayol mayitni yuvishga olamiz deyapti, shekilli. Shu payt, nigohim hali ham ayollar orasida onasining jasadini quchoqlab, yuzlarini ochib qoʻllari bilan silab “Onamlayotgan” bemehr oʻgʻilga tushdi. Uning koʻzlari jiqqa yosh edi. Balki men noshud, nokas deb atayotgan oʻgʻil bugun chindan ham boqiy dunyoga ketayotgan onasi uchun yurakdan yigʻlayotgandir. Yoki, onasini yoʻqotgandan soʻngina uning qadrini bilayotgandir? Unga qarab, ham koʻnglim buzildi. Onasini tirikligida qadrlay olmay, jonsiz tanasiga yopishib yigʻlayotgan oʻgʻilga rahmim keldi. Bilmadim, bu dunyo oʻzi shunday yaralganmikin…
Xayri xolani abadiy makoniga qoʻyib kelishdi. Qoʻshnilar uylarida pishirib olib kelgan atala, qatiq oshlarini oʻtirgan ayollarga kosalarga qoʻyib ulasha boshlashdi. Men u, bu yumushlarga qarashib yurgan yosh juvonlardan biriga Xayri xolaning kelinini chaqirib yuboring, dedim. Boshiga katta roʻmol tashlab olgan xolaning kelini kirib keldi.
–Ha xola, chaqirdingizmi, – dedi u roʻmolining uchini tishlagan kuyi koʻzini yerga qadab, – biror gapingiz bormidi?
–Bor, qaynonangdan qolgan sopol kosani olib kel, – dedim unga dagʻalroq gapirib, – oʻsha kosada qatiq osh ichay, savobi tegsin. Ha, avval kosani suv bilan tozalab yuvgin, tagʻin paxta bilan tozalamagin!
Kelin yerdan koʻzini uzib menga yalt etib qaradi. Zumda yuzi duv qizarib ketdi. Azaxonada oʻtirgan, hech gapdan bexabar ayollar menga ajablanib qarashdi…
Zarifa MAMATOVA