Inson umrining goʻzal fasli – bolalikni azal-azaldan boboyu momolarimiz bahorga, borliqni yashnatib, koʻzni quvontiradigan navroʻzi ayyomga qiyoslashadi. Zero, bolalikning bahorga qiyoslanishi bejiz emas. Bahor kelishi, navroʻzi olam sepini yoyishi bilan havo yumshaydi, togʻu-toshlarda qorlar erib, zamin yashnaydi, dillar quvnaydi. Togʻlarda boychechaklar, shahar bogʻlarida binafshalar koʻz ochadi, koʻngillarni yayratadi.
Oilaning kurtagi – farzandning dunyoga kelishi ham bahorni, navroʻzni eslatmaydimi? Bahor, navroʻzi olam bilan tabiat uygʻonib, borliq yangilansa, farzand bilan yangi nasl, yangi ong, yangi goʻzallik vujudga keladi. Xalqimizning qon-qoniga singgan urf-odatlari ham tabiat bilan uygʻunlashadi. Har yili bahoru navroʻzda dalalar shudgorlanadi, ariqlar qayta kovlanadi, oqar suvning yoʻllari qaytadan ravonlashtiriladi. Qabristonlar obod qilinadi, ajdodlarimizning ruhi yoʻqlanadi, ularning yodi tilovat ila poklab turiladi.
Zero, bahorning ilk elchisi boychechakni, binafshani momolar bejiz koʻzlariga surtmaydilar. Unda tabiatning oliy qonuni – yangilanish jarayoni mujassam! Shu tariqa ajdodlar va avlodlar oʻrtasidagi bogʻliqlik uzilmaydi. Bahor, navroʻzi olam tabiatdagi uzviylikni taʼminlaganidek, farzandlar millatlar uzviyligini taʼminlaydilar.
Tiriklik bahordan, hayot mazmuni farzanddan boshlanadi. Kuzimizning qut-barakasi, yilimizning hosilasi bahorga, navroʻzga bogʻliq boʻlganidek, oilamizning taqdiri, millatimizning kelajagi farzandlarimizning tarbiyasiga bogʻliq. Ular davlatimizning kelajagi!
Biz Mustaqillik nashidasini, sururini ham bahorga, navroʻzga mengzaymiz. U bahor yangligʻ joʻshqinlik bilan, bahor yangligʻ yangilanishlar bilan kirib keldi.
Mustaqillik – Ozodlik ilk bora millatimizning genofondini sogʻlomlashtirish zaruriyati masalasini kun tartibiga qoʻydi va davlat siyosati darajasiga koʻtardi. Keyingi yillarda Harakatlar strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan ishlar esa ushbu siyosatni yangi bosqichga koʻtardi. Ushbu oʻzgarishlar navroʻzi olam kabi koʻngillarni yashnatadi.
Masalan, maktabgacha taʼlim vazirligi tashkil etilganligi ulugʻvor islohotlardan biri boʻldi. “Kelajak – bogʻchadan boshlanadi” degan shior balandparvoz gap emas. Aslida vatanparvarlik, el-yurtga fidoiylik bir qarashda oddiy, lekin hayot talabi boʻlgan ana shunday dolzarb ishlardan boshlanadi”,- deydi mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Xalqaro xotin-qizlar bayramiga bagʻishlangan uchrashuvdagi nutqida.
Mamlakat rahbari hududlarga borganida shahar va tumanlarda barpo etilayotgan yangi bogʻchalar, ulardagi sharoitlar bilan tanishishga alohida eʼtibor beradi. Qoraqalpoqiston, Qashqadaryo viloyatlariga safari bunga yaqqol misoldir. Eng asosiysi, bunday ishlardan onalar, ayollari, jajji farzandlar xursand boʻlmoqda. Shunisi quvonchliki, bu yil 3 mingdan ziyod bolalar bogʻchasini tashkil etish rejalashtirilgan. Shundan 1 ming 200 ta bogʻcha yangidan quriladi, 1 ming 360 ta bogʻcha mavjud binolarda va 470 ta bogʻcha esa uy bogʻchasi sifatida tashkil etiladi. Bu borada davlat-xususiy sheriklik munosabatlari asosida hududlarga biriktirilgan tijorat banklari va tadbirkorlar imkoniyatlari keng ishga solinadi.
Joriy yilda birgina paytaxtimizning oʻzida 420 dan ortiq koʻp qavatli uy quriladi. Ularning 220 tasi xususiy tadbirkorlar tomonidan, 200 tasi esa davlatimiz rahbarining tegishli qarori asosida barpo etiladi. Ikki yuz yigirmata uyning birinchi va ikkinchi qavatida tadbirkorlar tomonidan kichik hajmdagi bolalar bogʻchalari tashkil etilishi eʼtiborga olib qurilmoqda. Albatta bu yosh ota-onalar uchun katta imkoniyat, uzoqqa qatnab yurmaydi, vaqti tejaladi. Bolalar esa oʻz muhitida, mahallasida, qoʻni –qoʻshnilari davrasida ulgʻayadi. Ota-onalarning xohish va istaklarini inobatga olgan holda yakka tartibdagi xonadonlarda ham 40-50 oʻrinli xususiy bolalar bogʻchalari tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Mamlakat kelajagi – farzandlar tarbiyasini oʻylab qilingan yana bir yangilik, hayotiy islohot shu-ki, joriy yilning 1 martidan boshlab umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 1-sinf oʻquvchilari 5 kunlik oʻqish jarayoniga oʻtkazildi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad ota-onalarning farzandlari bilan oilaviy dam olishlariga yanada koʻproq imkoniyat yaratish, ota-ona va farzandlar oʻrtasida mehr-oqibatni mustahkamlash hamda oilaviy anʼanalarni shakllantirishdan iboratdir.
Shuningdek, bunday imkoniyat orqali oʻquvchilar ota-onalari bilan birgalikda teatr, muzey va tarixiy obidalarga sayohat qilishlariga zamin yaratiladi. Qolaversa, haftaning shanba kunlari muassasalarda oʻquvchilarning qiziqishlari va xohish-istaklaridan kelib chiqqan holda, turli fan toʻgaraklari, sport seksiyalari va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar ham tashkil etiladi. Yangi oʻquv yilidan esa bosqichma-bosqich qolgan boshlangʻich sinflar oʻquvchilari ham haftasiga 5 kunlik oʻqishga oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Xususiy tibbiyot tashkilotlarini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha shart-sharoitlarni yaratish toʻgʻrisida»gi qaroriga asosan 2018 yil 1 yanvardan boshlab tibbiy muassasalarning pensioner shifokorlari, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, pensiyani toʻliq hajmda ola boshladilar.
Shuningdek, faxriy unvonlar sohibi boʻlgan mehnat qiluvchi pensionerlarga joriy yilning 1 yanvaridan boshlab pensiya toʻliq hajmda toʻlana boshlandi. Bunday imtiyoz ilm-fan, adabiyot va sanʼat sohalarida
ijodiy ishlari uchun qalam haqi oluvchi pensionerlarga ham taalluqlidir. Ijodkorlarning qalam haqlari oshirildi, olimlarga unvonlari uchun qoʻshimcha ustama toʻlanadigan boʻldi. Bular ham el-yurtga gʻamxoʻrlik yoʻlidagi islohotlar boʻlib, navroʻzi ayyomga xos qadriyatlardir.
Zero, navroʻzi ayyomda bemorlardan xabar olinadi, keksa kishilarimizga izzat-hurmat koʻrsatiladi. Kichkintoylar va yoshlarimizning ong- shuurida milliy qadriyatlarimiz yana bir bora namoyon etiladi.
Mamlakatimizning bugungi siyosiy-iqtisodiy yutuqlari, ijtimoiy-madaniy hayotdagi dadil odimlar, xorij sport maydonlarida bayrogʻimizning hilpirashi Mustaqil Vatan nashidasi va Harakatlar strategiyasi natijasidir.
Oʻzbekistonda dunyoviy, madaniy, demokratik, erkin fuqarolik jamiyati qurish yoʻlida qatʼiyat, izchillik va sobitqadamlik bilan olib borilayotgan ezgu ishlarga koʻklami koʻrkam oʻlkamizning joʻshqin bahor yangligʻ bolalari – kelajagi kamarbasta boʻlib ulgʻayishida tilakdoshmiz.
Akademik shoir Oybek domla kuylaganidek:
Bahor, ketma bizning bogʻlardan,
Quyosh, nuring sochaver moʻl-moʻl.
Barcha Vatandoshlarimizni Navroʻzi ayyom bilan muborakbod qilamiz!
Raʼno ZARIPOVA,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist