Kishilarning tarixan shakllangan, oiladan keyingi birligi – bu mahalladir. Inson umrining asosiy qismi mahallada oʻtadi. Oʻzbek mahallalarini yirik bir oilaga oʻxshatish mumkin.
Dunyoda qoʻshnisiz odam – qanotsiz qushga oʻxshaydi. Bizning millatimizga xos qoʻshnichilik boshqa yevropacha qoʻshnichilikdan tubdan farq qiladi. Gʻarb mamlakatlarida oʻzining yon qoʻshnisini tanimaydigan kishilar aybsitilmaydi. Bizda esa “Yon qoʻshni – jon qoʻshni”, “Hovli olma, qoʻshni ol”, “Bir bolaga yetti qoʻshni ota-onadir” degan maqollar qoʻshnichilikning naqadar muhimligini koʻrsatyapti.
Bir kishi donishmanddan “aytingchi, men yaxshi odammanmi yoki yomonmi, buni qanday bilsa boʻladi?” – deb soʻraganida, donishmand “buning yoʻli oson, borib qoʻshnilaringdan soʻra, agar ular sen yaxshi desalar, demak yaxshisan”, deb javob bergan ekanlar. Qoʻni-qoʻshnilar bilan yaxshi muomalada boʻlish bizning goʻzal anʼanalarimizdan biri. Biron tansiqroq taom pishirilganida eng yaqin hamsoyalarga ulashiladi. Qoʻshni betob boʻlsa birinchi boʻlib xabar olinadi. Bu esa ular oʻrtasida oʻzaro mehr-oqibatni yanada oshiradi. Haqiqatan ham barcha yaxshi-yomon kunlarimiz mahalla, qoʻni-qoʻshnilar orasida oʻtadi.
Yoshlar obroʻli mahalla oqsoqollaridan hayiqib turadilar, ularning salobatli taʼsirida oʻzlarini nojoʻya hatti-harakatlardan tiyadilar. Mahallarda ozgina boʻlsa-da uchrab turadigan tarbiyasiz, ogʻziga nima kelsa shuni gapirib yuruvchi, bezori bolalarni uchratamiz. Ammo, ularni koʻrib, bilmaganga olamiz. Bu bolalarga tanbeh bersak, ota-onasi eshitib, janjal chiqaradi, degan andishaga boramiz. Biroq, bu loqaydlik va andisha kelajakda yomon oqibatlarga olib kelishi xam mumkin.
“Loqayd kishilar yaxlab qolgan koʻlmakka oʻxshaydilar”, degan edi nemis faylasufi Iogann Volfgang Gyote. Bunday paytda biz kattalar loqayd boʻlmasdan, jurʼatliroq, shijoatliroq boʻlishimiz, bolalarni tarbiyaga chaqirishimiz shart. Kerak boʻlsa, oilasiga borib, bolasining xulqini muhokama qilishimiz, ona-onasining aqli yetmasa ularga ham nasihat qilishimiz, tushuntirishimiz zarur. “Yomon bolalar” boshqa bolalarning ham tarbiyasiga salbiy taʼsir oʻtkazishi mumkin. Mahalladoshlarimizning obroʻsi, odob-ahloqi, madaniyati va maʼnaviy darajasi yuksak boʻlishi farzandlarimizning kelajagi uchun katta ahamiyatga ega. Oʻzingizdan ortib birovga oʻzingizni baxsh etishga kuch topish, oʻz bolangizdan ortib, oʻzganing bolasiga shirin soʻz aytish, oʻz uyingizdan ortib, oʻzganing xonadoni ham tinch va obod boʻlishi uchun harakat kilish bu bizning benazir qadriyatlarimizdan sanaladi.
Zero, mamlakatimizda mahallalarga alohida eʼtibor berilyapti. Har bir mahalladagi «oʻsish nuqtalari»ni aniqlab, aholini tadbirkorlikka va oʻzini oʻzi band qilishga jalb etish, kommunal muammolarni hal qilib, hududini obodonlashtirish choralari koʻrilmoqda. Davlatimiz rahbari poytaxtdagi Parvoz mahallasiga tashrif chogʻida shu boradagi ishlar ijrosiga eʼtibor qaratdi. Bu yerdagi namunali ishlar, goʻzal qadriyatlar boshqa mahallalarga oʻrnak boʻlishi kerak, deya taʼkidladilar.
Darhaqiqat, har bir mahallaning oʻz qadriyati, goʻzal anʼanalari, tajribasi bor. Ular oʻqilmagan kitoblarga oʻxshaydi. Inson bir-biridan oʻrganganidek mahallalar ham bir biridan oʻrganishi, tajriba almashishi kerak.
Buning uchun har birimiz mahallamizni katta xonadonimiz, ajoyib anʼanalarimizning davomchisi, goʻzal milliy qadriyatlarimizning ulugʻlovchisi deya, azozlashimiz lozim.
Dilbar BEKCHANOVA, jurnalist