Bekposhsha Xoʻjayeva: XOʻJAM (hikoya)

0
63
marta koʻrilgan.

Zoʻr udumlarimiz borda. Masalan, xotin erining nomini aytib chaqirmaydi. U tomonlarda dadasi, xoʻjayin, biz tomonlarda akasi yo otasi yo yoshulli deb. Men xoʻjikimni Xoʻjam deyman. Bir yostiqqa bosh qoʻyganimizga ellik yil toʻldi. Shu ellik yil ichida ham u kishining feʼl-atvorini toʻliq oʻrgana olmadim. Bir qarasangiz muloyimning muloyimi. Birovlar oldida maqtab, hazil-kulgular bilan meni koʻklarga koʻtaradi. Baʼzan esa he yoʻq be yoʻq sindiradi. Ayb qidiradi. Shunday paytda meni jim turadi deb oʻylaysizmi? Jim turadigan paytlar oʻtdi. Tumshayib yurishimning oʻzi janjal koʻtargandan yomonroq taʼsir koʻrsatadi.

Aslida u kishiga suyanib yashaganman. Qaysi yumushga qoʻl urmasin puxta bajaradi. Saranjom-sarishta. Ovqatlanish meyorini buzmaydi. Balki shuning uchundir, turmush qurganimizdan beri vazni yetmish besh kilo. Mening vaznim oltmish besh kilodan sakson besh kilogacha koʻtarilib pasayib turadi. Ovqatlanish tarzim qandayligini vaznim xolatidan bilaverasiz. Ishonsangiz, shu oʻtgan yillar ichida qanchalik urinmasin, mening pala-partishligimni tartibga sola olmadi. Oxiri koʻnikdi.

Yetmish yoshni ortda qoldirganiga qaramay mashinani oʻzi boshqaradi. Biror joyga otlansak, albatta, kun burundan oynak oldida oʻtirib, ixlos bilan soch-soqolini tartibga soladi. Ulovini taxlaydi. Yoʻlga chiqishdan oldin hoʻl latta bilan mashinasini yaraqlatib artadi. Odatdagidek menga eshittirib mingʻirlaydi:

-Oxtiqni qara, shu ham oʻgʻil bolami? Biror marta oʻzidan bilib, latta, chelakni qoʻlimdan olib mashinani oʻzim tozalayin demaydi. Yodingdami, akasi oltinchi sinfdaligida moshinni yorqiratib yuvib, oʻgʻrincha haydab ham kelardi. Bu moshinga qiziqmaydi. Xonasida biqinib telefon oʻynashni biladi.

-Hovva, hovva. Akasi zoʻr edi. Siz komandirovkalarda yurib uning koʻp qiliqlarini koʻrmagansiz. Eshitgansiz, eshitgansiz. Lekin koʻrgan, azobini tortgan bizmiz!

-Yana shu avariya toʻgʻrisida eslatmoqchimisan? Qoʻy-da endi.

-Nega eslatmayman! Bolasiga ilishganingiz ilishgan! Uni men moshinga yondoshtirmayman. Oʻqisin, pravo olsin. Keyin yuvsin. Bolani akasining boshidan oʻtgan voqea bilan qoʻrqizib qoʻyibman.

Voqea bunday boʻlgan edi:

Xoʻjam safarga ketsa avtomobilini ota uyida qoldirardi. Oʻgʻlimiz ham shu kundan boshlab ming bir bahona topib, bobosining uyidan beri kelmasdi. Bir kuni erta tongda, kalitni olib, mashinani gʻizillatib aeroport yoʻliga chiqqan. Uchirib-uchirib haydagan. Rulda oʻtirgan bolakayni ilgʻagan olgʻirlardan biri eski mashinasini unga roʻbaro qilgan. Va kichik toʻqnashuv sodir etilgan. Bizning mashina hatto tirnalmagan. Lekin oʻsha olgʻir shu zahoti mashinamizning ichidan barcha hujjatlarni olgan. Va bolam bilan toʻgʻri biznikiga kelgan.

-Voyaga yetmagan bolani rulga oʻtqazgansiz! Hoziroq pachoq qilingan mashinamning pulini bermasangiz, militsiyaga boraman! — deb doʻq urgan.

Men es-hushumni yoʻqotay deganman. Avariya soʻzining dahshati tasavvurimni toʻzgʻitgan. Bor pulimizni qoʻliga tutqazdim. Bolam izidan yugurib hujjatlarni yalinib, yolborib olib qolgan.

-Nohaqlik qildi. Moshiniga hecham zarar yetmadi. Kattayib, pravo olsam, shu kishini topaman. Kunini koʻrsataman. Siz hech narsani tushunmay shuncha pulni berdingiz-qoʻydingiz. Endi otamga nima deymiz, — bolam ham alamdan, ham ilojsizlikdan boʻgʻilib yigʻladi.

-Men hamma narsani tushundim. Eng avvalo sening axmoqligingni! Biror odamni bossang yo urib yuborsang nima boʻlardi? Yo oʻzing avariyani kattasini qilib oʻlib ketsangchi? Unda otangga nima derdik? Shu pullarni oʻrni toʻlguncha senga yangi kiyim bosh, parkka borish yoʻq! – deganman. Kalitga qoʻl tekkismasligi uchun voqealarni boʻrttirib hikoya qilib nevaralaringizni qoʻrqitib qoʻyganman.

-Boʻldi, joʻro, boʻldi. Bizniki juyk. Axtiq bilan oʻzim shugʻullanaman. Sening qoʻrqitganing unga bahona boʻlmasin. Yonida turib yuvdiraman moshinni. Boshni ogʻritma! Tez chiq!

Va odatdagiday bizni kutib turadi. Yo tavba, qancha harakat qilmay u kishidan oldin tayyor boʻla olmayman. Tixirlikni aynan yoʻlda boshlaydi. Oʻzi yoʻl qoidalariga qatʼiy amal qiladi. Jonga tegadigani manzilga bora- borguncha ogʻzi tinmaydi.

-Tarbiyasiz, mashinaning qanotini sidirib oʻtay dedi-ya! Momongga toʻyliq keldimi, qayerga shoshasan? Ishing zarur ekan besh daqiqa oldin chiq!

-Xoʻjam. U haydovchi bola sizni eshitmaydi. Menga esa bu tanbehlarning hech bir ahamiyati yoʻq! Mingʻir-mingʻiringiz asabni oʻynatadi, xolos.

-Eshitasing kelmaydi, ha! Yoqmaydi. Hozir senga maʼqul mavzuga oʻtaman. Dasturxoningga nima solding? Oytoʻtining biznikiga keltirgan tryapkasi, yoʻqay, matosidan tuzukroq mato, u oqqand keltirgan boʻlsa sen novvot olib boryapsanmi? Qaytayotganda uyga borishgacha sabring yetmay, mashinaning oʻzidayoq dasturxoningni ochib Oytoʻtining senga koʻrsatgan himmatini mingʻirlab, norozilanib asabimni buzasanmi? Shunday gaplaringa quloq osishim kerakmi? — gapi chala qoladi. Menga tanbeh berayotganini unutib hayoli yoʻlga ketadi:

-Ibi, ibi! Ongi pastni qara! Svetaforning sariq chirogʻi yondiku! Toʻxtab turmaysanmi?

-Hov, hov! Manglayi qora. Aylanish chirogʻini yoqmadiya! Sal boʻlmasa urib yuborardim!

-Hey, quvlashaverma! Yonimdagilar yoʻlovchi emas, oilam. Taksistmasman. Sening kliyentingga koʻzim uchib turgani yoʻq!

Yana odatiga muvoffiq imo-ishoralar bilan atrofidan oʻtib ketadigan haydovchilarga tanbeh beradi.

Svetafor chirogʻi koʻk yonishini kutyapmiz. Xoʻjam boshini mashina oynasidan chiqarib gapiryapti.

-Hoy bolam. Poʻrim yigit ekansan. Mashinangning loyini artib qoʻymaysanmi?

-Boboy, yoʻlga qarang, yoʻlga! Koʻk chiroq yondi.

Boboy eshitgan javobining zahrini menga sochdi.

-Eshitdingmi gapini? Tarbiyasiz! Asli beli bukilib topgan puliga olmagan. Mashina yigʻlab turibdi, yigʻlab. Nima balo, loyga botirib olib chiqqanmi? Milisalarning koʻzi qayerda? Tartibga chaqirmaydimi? Buloshiq moshinda shaharga kirib boʻladimi?

-Toʻgʻri aytasiz, Xoʻjatoyim. GAIga borib shu milisalarning qulogʻini burab keling.

-Misqillama! Temirchilarning ulugʻi Dovud pirimiz ozodalikni yoqtirgan, — deydi ovozini pasaytirib.

Davomi bor.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.