Bekposhsha XOʻJAYEVA: BOZOR(hikoya)

0
97
marta koʻrilgan.

Xorazmning shahar, tumanlarining har birida ikki-uchtadan bozor bor. Urganch dehqon bozori, Gʻaybu, Chalish yoʻli bozori, Pir bozor, Choʻqli bozori. Aytaversam ado boʻlmaydi. Shakli-shamoili boshqacha boʻlishi mumkin, lekin mohiyati bir.

Bozorlarning zoʻri Urganch dehqon bozori. Tong qorongʻusidan gʻovur-gʻuvuri olamni tutadi. Esimni taniganimdan beri bozor qayta—qayta quriladi. Doʻkonlar, uzundan uzun rastalar. Katta-kichik aravalarni aytmaysiz. Yuk ortgan aravakashlar aravachalariga mashina signalini qoʻyib bibiblatganlari yetmaganday “poʻsht—poʻsht”lab, seni ham aravasiga ilashtirib ketadigan darajada shoshiladilar. Turli xil mashinalar, ayniqsa, damaslarning bi-bip, bo-boplari quloqni batangga keltiradi. Toʻgʻrisi, it egasini, mushuk bikasini tanimaydi. Atrofda oyoq bosarga joy qolmagan. Gʻirch parch.

Xudoga beadad shukur, toʻkinchilik. Savdogarlar yurtning toʻrt tarafidan moshin-moshin mahsulotlar yetkazib keladilar. Ularning bozorda oʻz oʻrni, mavqei bor. Olib-sotarlarga koʻtarasiga uzatadilar. Kilolab harid qiladiganlarni yaqin yoʻllatmaydilar. Doimiy haridorlar bilan kelishuv shundaydir, balki.

Barcha tumanlar bilan bogʻlaydigan avtobus bekatidagi manzara butunlay oʻzgacha.

Qishloqlardan chelaklarda, lagan, xaltalarda mallak yeridan chiqqan neʼmatlarni bozorda sotish ilinjida keladilar. Avtobusdan tushar-tushmas ucharlarga yoʻliqadilar. Keltirgan mahsulotini qanday sotib yuborganini tushuna olmay qolaveradilar. Yer kovlab mehnat qilgan dehqondan bir pulga xarid qilganini bozorda oʻtirib ikki uch puldan sotadilar va dehqonga nisbatan koʻproq foyda koʻradilar.

Qiziq, ongu shuvirimizga singib ketganmi, bilmadim. Rastalardagi mahsulotlardan koʻra pastda, yerda oʻtirib meva-cheva, poliz maxsulotlari sotayotganlardan koʻproq harid qilamiz. Koʻz oʻngimizda bozor maʼmuriyatidan masʼullar sotuvchilarni xuddi qoʻylarni haydayotgan choʻponday quvadilar. Rastalarga oʻtib savdo qilishga undaydilar. Foydasi yoʻq. Bir kuni qiziqishim ortib, koʻzimga tanish ayoldan soʻradim. 

 – Singiljon, qachon bozorga kelsam, sizga koʻzim tushadi. Turtkilashlariga, haqoratlarga chidagandan koʻra ichkarida, soya-salqin, ozoda joyda oʻtirib savdo qilsangiz boʻlmaydimi? Qachon qarama quyoshda qorayib, sovuqda zigzirab, chang toʻzonda oʻtirasiz?

“Singiljon” ham qisliqib turgan ekanmi, bajonu dil koʻnglini ochdi.

– Opabiyi! Bilaman. Siz ham har doim oyoq ostida oʻtirganlardan harid qilasiz. Chunki, dehqon deb taxmin qilasiz. Bularga olib sotarlar tuzukroq oʻrin bermaydi, deb oʻylaysiz. Sizga oʻxshashlar koʻp. Shuning uchun mahsulotimiz tez oʻtadi. Ichkarida, ayniqsa boy bozorda narsalaringizni artib, yaltiratib, xaridor kutib kuningiz oʻtadi.

 – Yoʻqay, siz dehqon emasmisiz?

 – Dehqonga oʻxshashga harakat qilaman. Olib sotarman, olib sotar! Shuning uchun ham chekchilar bizga ilishgani ilishgan. Baqir-chaqir bilan ichkariga haydaydilar. Baribir chek sotib olamiz. Bu yerda hamma mahsulot tez oʻtadi.

 Bizlarni erta tongda bir tomosha qilsangiz. Dehqonmi, bogʻbonmi bozor ichkarisiga oʻtkazmay talaymiz. Mahsulotini arzon garov sotganini bilmay qoladi. Koʻzi bogʻlanadida, shovqin-suron qilib har tomondan siqib tashlaganimizga! Shu narsalar uchun bozorchilar bir-birimiz bilan yuz koʻrgusiz boʻlib janjallashamiz. Savdodan tushgan pullarni sanab, koʻzlagan natijaga erishgach, yana bir-birimizga hazil-huzul qilib, ogʻiz-burun oʻpishib ketaveramiz. Bozor bizniki! Idorada damikib oʻtiradigan sizlardan, iyaklari uzilib, asablari qaynab bolalarga dars beradigan oʻqituvchidan, hatto, hisobchilardan ham kunlik tushumimiz koʻp. Faqat chidash kerak.Chidash! Sizlarning savdoga uquvingiz yoʻq. Aytgan bahomizga indamay harid qilib ketaverasizlar.

Bozorchi “singlim” oʻz dunyoqarashiga xos munozara qilyapti. Keyingi gal uchratganimda uni faqat Urganch bozorinigina emas, boshqa bozorlarni ham oʻziniki qilib olganiga guvoh boʻldim. Bu haqda keyinroq toʻxtalaman.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.