Bekposhsha XOʻJAYEVA :Buvimizning havotiri (davomi)

0
12
marta koʻrilgan.

Buvimning koʻziga toʻy koʻrinmayapti. Bezovtaligi sababi: Qancha taʼkidlashiga qaramay, Hurposhsha opamni yal-yal yonib, toʻy uyiga joʻnagani boʻldi.

-Qisinabermang. Kap-katta qiz. Toʻy koʻrgusi kelayotgandir-onam buvimni yupatmoqchi boʻladi.

-Shu qiz koʻzikadi. Koʻnglim aytayapti. Hammaning nazarini qaratyapti. Suq kiradi. Suq yomon narsa. Boʻyi yetgan qizlarni bekor koʻzlardan yashirib saqlamaganlar.- Buvim xomsiqib oʻz xonasiga yoʻnaldi. Onamning imosi bilan unga ergashdim. Buvijonim koʻz yoshlarini uzun yengiga artib baralla yigʻlay boshladi. Bagʻrimga bosdim. Tinchlantirishga intildim.

-Qisinavermang. Hur oybikamga xech kimning koʻzi tegmaydi. U ham hamma qatori bir qizda. Toʻyda yasan-tusan qizlarning orasida koʻrinmay qoladi.

Buvim meni qarshisiga oʻtqazib, xoʻrsinib-xoʻrsinib koʻnglining tubida yotgan, endi yuzaga qalqib chiqib azob berayotgan dardini toʻkdi.

-Sizlarning Hurposhsha degan ammalaringiz bor edi. Otangdan ikki yosh kichik. Xushroʻylikda yagona. Otangni uylantirgan toʻyda hammani lol qoldirdi. Sovchilari koʻpaydi, hech kimga rozilik bildirmadi. Yoqtirgani armiyada ekanini sezdirganday qildi.

Sheʼr yozardi. Shirali ovozda uy ichkarisida oʻtirib shunday qoʻshiqlar aytardiki, Nazira Yusupova, Sultonposhsha Raximovaday xalq artistlaridan ortiq boʻlsa ortiq, kam emasdi navosi. Oshkora kuylashga bobong, otang, ogʻaynilarim ruxsat bermasdilar.

Buvim orjasini ochib bir dasta sargʻaygan varaqlarni koʻrsatdi.

-Ammangning sheʼrlari bu. Bolamni sogʻinganda yum-yum yigʻlab oʻqiyman. Vox-voxay shuncha yil oʻtdi. Yurak bagʻrimni kuydirgan oʻt oʻchmayapti. Hurposhshaga ammasining ismini berdim. Qizimning nomi oʻchmasin dedim. Tovba. Ming tovba. Chiroyi, odob-ikromi, ovozlari ammasining xuddi oʻzi. Boʻylarini koʻrib quvonaman, qizimni sogʻinchi bosilganday boʻladi.

Ammang bechora tushuniksiz dardga uchradi. Qisqa vaqtda sargʻaydi, soʻldi. “Beajal oʻlim boʻlmas, magar koʻz tegmasa, suq kirmasa”,-deb koʻp takrorlardi onam raxmatlik.

Buvim chuqur tin oldi.

-Oʻzi oʻxshasada umri oʻxshamasin Hurposhsha oxtiqimni. Shu toʻyga bekorga ketdi, bekorga.

Buvimni kuyib gapirishlaridan taʼsirlandim. Lekin parvo qilmadim. Koʻz tegish degan irimlarga ishonmagandirman. Hur opamni sargʻayib soʻlishini tasavvurimga sigʻdira olmadim. Koʻz oʻngimda faqat qora baxmalday jiloli qoshu-koʻzlari namayon boʻldi. Lekin shu kundan boshlab boshqa opayalarimga qaraganda Hurimizga koʻproq eʼtibor qaratdim .

Hurposhsha oybikam.

Xonamizda toʻrt opayaga joy ajratilgan. Sulton opam uzatilgan kuniyoq oʻrnini Chini oybikam oʻziniki qildi. Deraza oldida stolimiz, toʻrt dona suyanchigʻi yoʻq kursimiz bor. Hur opamning karavoti stolning oʻng, meniki chap tomonida. Aslposhsha oybikam bizning xonaga koʻchib oʻtdi va eshikdan kiraverishda, umumiy shkafimizning roʻparasida.joylashdi.

Chini opam yostiqqa boshi tekkan hamon uyquga ketadi. Asl opamning tunda gapirib chiqadigan odati bor ekan. Men tunni yomon koʻraman. Uyqum oʻchadi. Nazarimda toʻshagimning paxtasi bir joyga toʻplanib qolganday, yostigʻim baland yo pastday,  oʻrnimni tekislab tuzatganim tuzatgan. Koʻzimni chirt yumib yotaveraman. Agar xuddi kino koʻrayotganday, gullarning, daraxtlarning shakllari, baʼzida badbashara odamlar, yo tanishga oʻxshagan qandaydir chehralar namayon boʻla boshlasa, bilamanki, tez orada uxlayman.

Bir xolatni seza boshladim. Hur opam tunlari uxlamaydi. Biz tinchlangach, sekin oʻrnidan turib, stol ustida turadigan, qulflanadigan sandiqchadan sham olib yoqadi. Tungi chiroqni oʻchiradi va shosha-shosha nimalarnidir yoza boshlaydi. Dastlab eʼtibor qilmadim. Dars tayyorlayapti deb oʻyladim. Xolat har kuni takrorlanavergach sergaklandim. Bir kuni tong saharda uygʻondim. Opam stolga boshini qoʻyib uxlayapti. Har kuni nimalarnidir yozib, sandiqcha ichiga bekitib, qulflaydigan qalin daftarini sekingina qoʻl ostidan sugʻurdim. Tez koʻzdan kechirdim.

Birinchi varagʻida katta harflar bilan yozilgan:

ORZU MANZILLARI. ROMAN. MUALLIF HURRIYAT XOʻJAYEVA.

Piqirlab kuldim. Roman deganni kattalar yozmaydimi? Asar yozish toʻqqizinchi sinf oʻquvchisiga qolibdimi? Hurriyat? Bu oybikam ham ismini oʻzgartimoqchimi?

Daftarni varaqlar ekanman hayratim osha bordi. Toʻqson olti varaq yozuvlarga toʻlgan. Mayda harflarni koʻzim ilgʻamayapti. Sham shilpayibdi. Oʻchayapti. Tong endi oqarayapti. Chiroqni yoqdim. Chini opam dong qotgan. Asl opam simbirdanib teskari oʻgrildi. Hur opam sakrab oʻrnidan turib daftarga yopishdi. Tortib oldi. Meni jinoyat ustida qoʻlga tushirdi goʻyo.

-Uyat, odobsizlik. Daftarni soʻroqsiz oʻqiyapsanmi?-opayam negadir adabiycha gapirishga harakat qiladi. Uning nazdida shevadagi baʼzi iboralar qoʻpol eshitilarmish. Bu meni ensamni qotiradi.

-Ibiyay! Dimaaa! Daftarda siringiz yashiringanmi, Hurriyatxonim!

Qarang-ga, Chiniposhshaga oʻxshab siz ham nomingizni oʻzgartiribsizmi, bika qiz?- mening piching aralash, baqirib gapirishimdan xavotirlangan opam ogʻzimni qoʻli bilan berkitdi.

-Jim. Ovozing buncha oʻtkir. Hammani uygʻotib yuborasan. Tushuntiraman.

Negadir opamga raxmim keldi. Xorgʻin ovozimi, biroz siniqqan yuzimi, bezovtaligimi, bilmadim.

-Hur deb kimlarga aytiladi. Turmush qurmay olamni tark etgan hur qizlarga. Hurposhsha ammamga oʻxshab navqironlikda oʻlishni istamayman. Uni faqat suratini koʻrganmiz. Lekin tushlarimga kiradi. Qoʻllarimdan ushlab gulzorlarda uchadi. Zoʻrgʻa qochib qutilaman. Oʻsha gʻalati olamdan qoʻrqaman! Oʻtgan oyda pasport olganimizda hech kimga bildirmay ismimni oʻzgartirdim. Iltimos! Buvim sezmasinlar.

-Daftarchi? Rostdanam romanmi?

Opam xuddi shunday yana bir daftarni koʻrsatdi. Endi uchinchi qalin daftarga davomini bitishini gapirdi. Nima haqdaligini men soʻramadim, u aytmadi. Ermakdirda.Opamni tunlari uxlamay yozishlariga koʻnikdim.

Buvimning Hur opamga oʻzgacha mehru, avaylovchi munosabatlari bizga ham yuqqan. Unga deyarlik ish buyurilmaydi. Oʻzi bilib qiladi. Derazamiz oldida koʻlcha, kaftdaygina yer bor. Opam gulzorga aylantirgan. Rangorang, xushboʻy. Derazadan ichkariga ufurib turadi. Bir paytlari otam shu koʻlchaga ham gʻovush-makkajoʻxori ekkan. Joʻxori poyasi baland oʻsib, shoxalab, rosa hosil tukkan. Makkasi tovuqlarga, poyasi molga. Oz boʻlsada harna. Lekin xona ichida nafas olib boʻlmadi. Toppot. Yozning kuydiradigan issigʻi. Gʻir etgan shabadani oʻtkazmaydi. Keyingi yili gul urugʻi qadaldi. Gullarning parvarishi oʻz-oʻzidan Hur oybikam zimmasiga oʻtdi. Opyamiz koʻlcha chekkasida oʻtirib kitob oʻqiydi. Gul, Oybikam va kitob. Xalaqit qilmaslikka intilamiz.

 davomi bor.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.