Bekposhsha XOʻJAYEVA : Gʻamdan ado boʻldik (davomi)

0
50
marta koʻrilgan.

Buvim “Quvonch bilan gʻam yetaklashib yuradi”, deydilar. Rost ekan. Maktabda shov-shuv koʻtarildi. Opamning sinfiga tez yordam chaqirilibdi. Uzoq tanaffus emasmi, sinf eshigi tomoshatalab bolalarga toʻlibdi. Kishchan bilan biz ham shu tomonga shoshildik. Ne koʻz bilan koʻrayki, zambilda Hur opamni olib chiqayaptilar. Kiyimlari qonga belangan. Hushimdan ogʻay dedim. Kishchanning oldingi voqealardan xabari yoʻq, kimdir burniga urib qonatibdi degan gumonda jahl otiga minib sinfi tomon odimlayapti. Toʻxtatdim. Uyga xabar qilishini buyurdim. Opam bilan tez yordam mashinasida kasalxonaga joʻnadim.

Uydagilar bir zumda kasalxonaga yetib keldilar. Buvim hech kimga quloq solmay faryod chekayapti. “Yo xudo. Bolamga Hur qizimni kunini solma. Yuragimni yana oʻtlarga otma. Ne gunoh qilgan boʻlsam jazoni oʻzimga ber. Zuryodlarimga qoldirma”.

Otam bilan onamning buvimni qiliqlaridan jahllari chiqayapti.

–Yomon niyat qilmang, bor yoʻgʻi burni qonabdi. Bilasizku, bolaligida ham qonab turardi. Bu safar sal koʻpaygan, oʻtadi ketadi,- buvimni xotirjamgina tinchlantirmoqchi boʻladi onam.

Ichkaridan xabar kutayotgan edik. Nihoyat hamshira koʻrindi. Qoʻshnimiz. Yuzlarida havotir zohiron. U otamni ichkariga boshladi. Buvimni yigʻisi avjiga chiqdi. Onam beixtiyor buvimga jahllanib qaradi va “Tavba” dedi.

Vaqt choʻzildi. Otam koʻrindi. Yuzlari koʻkish tus olganday. Oʻzi bukchayib qolganday. Yaqin keldi. Sir yashirib oʻtirmadi.

-Qizimiz oq qon kasaliga chalinibdi. Vaqtida qaramabmiz. Oʻtlashibdi. Umri qancha qolgani Xudoga ayon.

Buvim yerga yiqildi. Qoʻl oyogʻi changakdek tortishdi. Ogʻzidan koʻpik chiqdi. Vahimada ichkariga otildim. Shifokorlar yordamga shoshildi. Kechqurunga borib opam ham, buvim ham oʻzlariga keldilar. Oʻlim bilan bogʻlik gap soʻzlar yolgʻon tuyuldi.

Hur oybikamni oldida qolishga ruxsat berdilar. Ikkalamizga bir xona. Uni hazil gaplar, oʻzim toʻqigan latifalarni aytib kuldirishga, chalgʻitishga harakat qilaman. Opam menga qoʻshilib kuladi. Va kulgumiz oʻz-oʻzidan yigʻiga aylanadi. Koʻrib turibman. Opamning xolati yaxshilanmayapti. Mendan daftar qalam soʻradi. Darslardan ortda qolib ketmasin deb, Kishchan boshliq sinfdoshlarim kun ora kelib, oʻtilgan mavzulardan xabardor qilib turganlari bois, darrov qalam va daftarimni qoʻliga tutqazdim.

Shoshilib yozishga kirishdi. Koʻzlarining yoshi yuzini yuvib, daftar varagʻini hoʻl qilayapti. Burnida qon tomchilari koʻringan zahoti daftarni tortib oldim. Shifokorga xabar berdim. Yordam kelguncha qon otilib chiqa boshladi. Uni darrov muolaja xonasiga olib ketdilar.

Opamning qonini koʻrsam qaltirayman, vahimaga tushaman. Oʻzimni bosish uchun daftardagi yozuvga diqqatimni qaratdim.

“Hurmatbek ogʻa! Alvido. Sevgingiz, mehringiz uchun, menga beadad muhabbat ato etganingiz uchun raxmat. Tongdagi tushimda Hurposhsha ammam bilan koʻklarga uchib ketdim. Koʻkda turib birinchi sizni, keyin oila aʼzolarimni, oʻqishga kirishni juda xoxlaganim Pedinstitut binosini koʻrdim. Xayr. Sizni doimo osmonlardan kuzatib turaman. Hur qizlarga yoʻldosh boʻlishga shoshilayotgan Hurposhsha. Hurriyat”. Meni hayratga solgani oybikamning bizlarga emas, Hurmatbek ogʻaga noma qoldirgani.

Kecha-kunduz kasalxona hovlisida, derazamiz tagidan ketmayotgan Hurmatbek ogʻaga daftarni berdim. Ogʻa bor ovozi bilan oʻkirib yigʻladi. Daftarni bagʻriga bosib, dalilardek tentirab yiroqlashdi.

Oybikamning motam marosimlarini eslashni istamayman. Kunlar oʻtsada ichimning oʻti oʻchmayapti. Koʻzim uyquga ketdi deguncha alvon baxmal yopilgan tobutning lopillab borishi tushimga kiradi. Qulogʻim ostida maraka kunlari xalfa xotinning qabr azobi toʻgʻrisida aytganlari, har safar fotihaga qoʻl qoʻtarganlarida opayamizning azon aytib qoʻyilgan va pasportiga yozilgan nomlarini qoʻshib: “Hurposhsha, Hurriyat qizimizning joylari jannatda, oʻrinlari uchmoda, hur qizlarga yoʻldosh boʻlsin, oʻlganini bilmasin. Oldi oʻziga, izi qolganlarga yarashsin”, degan gaplari eshitilayotganday tuyuladi. Har gal choʻchib uygʻonganda opayalarimning mendan battar ahvolda bedorliklarini koʻraman.

Buvim otam oʻzlarini nazorat qilayaptilar. Onam goʻyo soʻlayapti. Nazarida bizlar birin ketin dunyoni tark etadiganday oldilarimizga kelib, koʻzlarimizga jovdirab tikiladi. Biz esa onamizni yoʻqotishdan qoʻrqayapmiz. Opa-singillar maslahatni bir joyga qoʻydik. Onajonimizni chalgʻitishimiz kerak. Hurposhsha u dunyolik boʻlsa sakkizimiz bu dunyodamizku! Shukur qilishi kerakku. Aynan shu mavzudagi gaplarni eslataverdik. Hur opamizning 40 kunlik maʼrakasidan keyingina onam salgina oʻzini oʻnglab, gaplarimizni eshitadigan boʻldi.

Buvim chuqur uh tortib “Farzand oʻti oʻchmaydi. Yuragingni bir cheti qovrilib turaberadi. Onangni avaylanglar. Menga eʼtibor bermanglar. Mening yuragimni oʻrnida kuyib koʻmirga aylangan katta dogʻ turibdi. Ha demay uvalib toʻkiladi. Hurlarimni oldiga ketaman”.

Shukurlar boʻlsinki, Xudoyim bizga muruvvat koʻrsatdi. Buvim ming oyni koʻrib yashadi.

Hurposhsha opayamiz yoʻq. Hayot esa guyo hech qanday voqea yuz bermaganday davom etayapti. Kun chiqadi, botadi. Qorinimiz ochiqsa taomni chetga surmaymiz, yeymiz. Odatdagidek oʻqishga boramiz. Uy yumushlarini bajaramiz.

Qirq kunlik maʼraka oʻtgach, televizor koʻrishga ruxsat berdilar. Tomosha tatiydimi. Yuragimiz gʻash. Yoʻqotish hisining qattiq bosimi ostidamiz. Barchamizni behalovat qiladigani onamizni dam badam “Voh bolam, bolamey. Yurak bagʻrimni ming pora qilib kuydirib, azoblarga mubtalo etdingku” deya nola chekishlari. Bu nola bizni tushkunlikka tortadi. Hurposhshamizni betakror xushruy siymosi, qaddi basti borligʻi bilan koʻz oʻngimizda namayon boʻlaveradi. Opayamiz oyning oltinchi kunida dunyoni tark etgan edi. Har oyning oltinchi kunida quron tilovot qilishni, shu kuni sakkiz opaya, keyinchalik ularning kuyovlari, farzandlari jam boʻlishni Xurimizni xotiralashni odatga kiritdik. Bu bizga ruxiy ozuqa berdi. Birligimiz gʻamimizni aritdi.

 Opayamiz Kishjon xususida. Opayamizning marakalari nihoyalangach, Kishchan bizning xonaga koʻchib oʻtdi. Chini, Aslposhsha oybikamalarim ham menga oʻxshab norozilik bildirdilar.

-Yaxshisi, sen buvimning xonasida qolaver!

Kishchan gapimizga parvo qilmadi. Hurposhsha opayamizni yigʻishtirib olingan koʻrpa toʻshagi oʻrniga oʻzinikini taxladi. Taxlashdan oldin Aslposhsha opayamizdan atrofni yaxshilib supirib, artishni soʻradi.

Biz tortishib oʻtirishni befoydaligini tushundik va ehtiyot choralarini koʻrdik. Bunday deyishimizning boisi bor. Kishchan bitlas!

Kishchanning ismini tilga olsam ham asabim oʻynoqlaydi. Buvim Kishchanni “Doʻmboʻyin” deydi. Doʻmboʻyin degani menimcha  quloq osmas, xushyoqmas, oʻzibilarmon degani boʻlsa kerak. Yana kim biladi.

Oramizda yalqovi, uy ishlarini oʻlda –joʻlda bajaradigani shu qiz. Buvim urishgani urishgan:

-Qaynonasini kul qiladi bu. Borgan joyidan bizga raxmat keltirmaydi.-deydiyu, har gal sekingina qoʻshib qoʻyadi:

-Soppi onasining koʻpiyasi!

Soppi, yaʼni Safargul ona momomiz, onamizning onalari. Aytishlaricha biror marta bozorga borib xarajat qilmagan. Uy yumushlariga ham beparvo. Oldinlari eri, Quronboy bobomiz, keyin togʻalarimiz bozorlik qilganlar. Safargul onamizning qaynonalari bizning katta momomiz chaqqon ayol, to umrining oxirigacha oʻzi xamir qorib, non yopgan. Kir yuvgan. Sigir soqqan. Paymonasi toʻlganda qiynalmay, faqat bir kungina yostiq tortib inqillab yotganmishu, puf etib, osongina jon berganmish.

Soppi onamizning qaynonasi dunyodan oʻtgach, oʻrnini kelinlari bosayotganmish. Buvimning taʼkidlashicha shu qudagʻayi  jonini hazini, qadrini biladigan tantiq xotin. Xushyoqmas. Kishchan ham xuddi shunday. Oʻqishda uy vazifalari mening zimmamda, xonadonimizdagi uy yumushlarini aldab suldab opayalarimiz Aslposhsha, Yangiljon, Toʻxtajonlarga yuklaydi.

Darslarimni tayyorlab, daftarlarimni bekitib qoʻyaman. Baribir topadi, koʻchirib oladi. Bir gal daftarimni soʻnggi varagʻi qolganda misollarni xato yechdim. Kishjon chiroyli tarzda koʻchiribdi. Ustozimiz unga ikki baho, menga besh baho qoʻyganda koʻtardi vogʻirdini! Vazifani yangi daftarga toʻgʻri ishlaganimni bilmaganda. Janjal uygacha yetib keldi. Otamdan tanbeh eshitdim.

-Koʻchirsa koʻchiraversin. Amallashtirib maktabni tamomlasin. Bu tomoni bir gap boʻlar.

Maktabda oyda bir tekshiruv keladi. allaqanday SES degan idoradan. Tirnoqlarimiz, qulogʻimizning ichi, yomoni sochlarimizni ham diqqat bilan koʻzdan kechiradilar. Bezovta boʻlib oʻtiraman. Sababi Kishjon bitlas! Uning boshidan bit yo sirka topilsa ustoz uni emas, meni tergaydi.

Bir gal sinfdoshimiz Doʻschanov Yoʻldosh motamsaro kuyga  moslab, guyo koʻzlarini yoshlab, baland pardalarda. Kishjonga tikilib  “Bitlasso-qurtlos. Sirkaxon” deb kalaka qildi. Va qattiq pushaymon boʻldi. Shusiz ham jahli chiqib turgan Kishjon sinfning polini artadigan loyli pol latta bilan yuz-koʻziga qaramay savaladi. Ertasi Yoʻldoshning onasi kelib soldi surangni:

-Yolgʻizgina papalagan bolamga oʻzim qattiq gapni ravo koʻrmasam, bu bitlas qiz bolamni yuzlarini koʻkartirib doʻpposlabdi. Milisaga beraman. Yoqalashishni bilguncha bitini yoʻqotsin!

Albatta, Kishjonni hech kim militsiyaga bermadi. Lekin ustidan nazorat kuchaytirildi. Bosh yuvganida buvim, men sochini bir-bir koʻzdan kechiramiz baribir bit yo sirka topiladi.

-Foydasi yoʻq, foydasi! Soppi onasining laqabi Soppi bitlas edi. Terisida sirkaning uyasi bor buning-derdi kuyinib.-Agar bitingni yoʻqotmasang sochingni poyki bilan qirdiraman.

Har gapni maʼnosini chaqishga intiladigan Toʻxtajon sekingina soʻradi:

-Unda sirkaning uyasi nima boʻladi.

Miriqib kuldik. Koʻz oʻngimizda sirkaning uyasi taqir boshida toʻmpayib turgan Kishchan gavdalangan edida!

 Buvimning nasihatlari Uyda otamdan boshqa erkak yoʻq. Barcha opayalarning sochlari qalin. Har birimizni boshimizdan bir tola soch toʻkilsa, tomoshani koʻring. Buvim “Soch boshda sumbul, oshda zahar” deydi. Oilada oltin qoida bor. Uyga kelgandan boshimizga durra tangʻiymiz. Xonamizning burchagida oʻtirib  soch taraydigan maxsus joy hozirlangan. Koʻzgu ham oʻtirib qarab, soch turmaklashga moʻljallangan. Sochimizning patini soladigan maxsus xaltacha mixga ilinib turadi. Navbatimiz bor. Oʻz vaqtida taranib olamiz. Bosh yuvish uchun qatiq maxsus ivitiladi. Vaqti-vaqti bilan guruch yuvilgan suvga soch chayamiz. Shunda tolalar yarqiragan, ildizi mustahkam boʻlarmish. Buvimning tarogʻi qandaydir suyakdan ishlangan. Lekin u kishini soch tarab oʻtirganini hech koʻrmaganmiz. Oppoq silliq sochlari ustidan oʻrab qoʻyadigan choʻttisi(lachakning kichik, ixcham turi) nihoyatda yarashadi.salobat baxsh etadi

Buvim sochni yoyib yurishimizga yoʻl qoʻymaydi. Eri oʻlib, beva qolgan xotingina erining oʻligi ustida soch yoyib yigʻlar ekan. Dahshat. Shunday gapni eshitgandan keyin kim ham sochini yoyib yurardi.

Biz opayalar Kishjonni aynan bitlasligi tufayli xonamizga qoʻyishni xoxlamaganmiz.

Lekin vaqti kelib shu bitlasimiz opayalar orasida eng badavlat, ishbilarmon ayolga aylandi. Bu borada keyinroq soʻz yuritamiz.

Buvimning nasihatlariga eng koʻp quloq tutadigan Yangiljon bilan Toʻxtajon. Ular gap mazmunini anglab olishga jon jahdi bilan intiladilar.

Uyimizga vodoprovod kuvurlari tortilib suv kelganda qanchalik quvonganmiz. Suvni uzoqdan, yopning narigi yogʻidagi quduqdan tashish jonga tekkan. Yelkamizni ikki chelak suv ildiriladigan kalantar yagʻir qilgan. Endi esa joʻmrakni buraymiz, shovullab tip tiniq suv keladi. Yuz qoʻllarimizni atrofga tomchilarni sachratib yuvamiz. Bir-birimizga suv sepib roxatlanamiz. Eshik oldi, bogʻ tomonlarni shalobba qilib ezamiz. Bunday shovqinli quvonchimiz uzoqqa choʻzilmadi. Buvim chegara qoʻydi.

-Suvni faqat qumgʻonga solib ishlatasiz. Bir tomchisinida bekorga sovurmaysiz. Daryo boshida oʻtirsangda suvni tejab sarfla degan gap bor. Qulogʻingizga quyib oling!  Bekorga isrof qilingan suvning gunohi ogʻir!

Suvning ogʻir gunohi qanchalik kattalikda boʻlishi mumkinligini Tatosh bilan Yangosh tasvirlariga sigʻdira olmay biz opalarini soʻroqqa tutib bezor qiladilar.

Joʻmraklardan obi hayot toshib kelayotgan bir vaqtda biz xuddi oldingidek suvni chelak va xumlarda saqladik. Oʻsha xumlarni kul bilan ishqalab yuvib, yaraqlatishni unutmadik.

Qozon tavoqlarni ozoda saqlashga qatʼiy amal qilishga majburlardi buvimiz.

-Ovqatdan keyinoq yuvilgan qozon tunda makkani ziyorat qilib, egasiga savoblar keltiradi. Yuviqsiz qozonga shayton siyib qoʻyib, uyda vagʻirdi janjal koʻtararadi.

Buvimning soʻzlari singiljonlarimizga oʻzgacha taʼsir koʻrsatadi.

Bir kuni  koʻchada bolalari  sabab ikki qoʻshni oʻrtasida kelishmovchilik yuzaga kelib, san-manga borib, yoqalashishgacha yetdilar. Bizning Yangiljon bilan Toʻxtajon har ikkala qoʻshnining oshxonasiga besoʻroq kirib ularning bolalari bilan qozon tovoqlarini tekshirganlar. Va yuvuqsizligini koʻrganlar! Qoʻshnilar oʻrtasiga nizo tushishiga sababchi tengqur oʻrtoqlariga buvimning nasihatlarini yetkazganlar.

Davomi bor.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.