Bekposhsha XOʻJAYEVA: XOʻJAM “BOGʻBON”(hikoya)

0
66
marta koʻrilgan.

Xoʻjamning “bogʻbon”ligini qoʻshtirnoq ichiga oldim. Shunga yarashada, bogʻbonligi. U kishining uydagi yumushlari nihoyatda koʻp.

-Yuz yil yashasam-da tugamaydi, bu adosiz ishlar, — deb baʼzan minnat qilib qoʻyadi.

-Sizdan birov iltimos qilyaptimi, oʻzingiz oʻzingizga vazifa yuklagansiz, yoʻq joydan xitirdi topasiz, — hozirjavoblik qilaman. Aslida erkak odam bekor qolsa uyda gʻidi-bidi koʻpayadi.  Buni  pensiyaga chiqib bekorchilikdan bezgan ayrim qoʻshnilarimda isbotini koʻrganman.

-Xoʻjangizga gap yoʻq! Bizniki televizor qarshisida yonbosh urib, ovqatni ham shu yerda yeb, qornini gurvakday shishirib, bolalarning asabini oʻynatib shaqshab oʻtiradi. — Qoʻshni xotin nuqul Xoʻjamning yonida gapiradi. Maqtaydi. Xoʻjam ham uni uzoqdan koʻrganidan oʻzgacha ishtiyoq bilan ishga kirishadi.

-Qarib ham quyilmagansiz. Oʻzingizni xotinlar oldida koʻz-koʻz qilasiz. Keyin  suq kirib oyogʻimni bos, belimni uqula deb jonga tegasiz, -yolgʻondakam rashk qilaman.

Shahar markazida yashovchi egizak nevara va chevaralar mehmonga kelsalar tez zerikadalar.

-Nega  sizlarning koʻchangiz yoʻq. Biz tengi bolalar ham koʻrinmaydi, koʻchada oʻynagimiz kelyapti, — deb xarxasha qiladilar. Haqiqatan koʻchamiz yoʻq. Eshigimiz oldidan yop oqadi. Yopgacha boʻlgan hududda oʻzimizcha bogʻ yaratganmiz. Qoʻshnilar ham shunday. Uyga “Pojarniy xod”dan kiramiz.

Bogʻimizda tok koʻp. Yigirma yil odin Xoʻjamning qishloqdagi oʻrtogʻi kelib  qalamchalarni bogʻchaning chor atrofiga tiqib ketgan. Tok vogʻlab oʻsib, dastlab tuzikkina hosil berdi. Soʻlqim-soʻlqim uzumlarni qarindosh tuqqan, qoʻshni ovolarga tarqatdik. Uzum sharbati tayyorladik. Rosa quvondik. Keyinchalik, yildan yilga hosil kamayib bordi. Maʼlum boʻldiki, bizning bogʻbonimiz xomtak qilish yoʻlini bilmas, novdalarni koʻziga xunuk koʻringanini qirqaverar ekan.  Tok ustida koʻp tajriba oʻtkazdi. Kuzda koʻmmasdan ayrimlarini qishning hukmiga topshirib koʻrdi. Bahorda tuzikkina yaproq chiqargan toklar uzumga kelganda tixirlik qildilar. Nomigagina hosil tugdilar.  Yana kuzni kutdi. Yordamchi yollandi. Ishlashi yoqmadi. Nevaralar koʻmakka keldi. Kamchilik topdi. Hech kimga ishonmay toklarni oʻzi koʻmdi va xorgʻinlab qoldi.

Xoʻjam har yili erinmay oʻnlab koʻchat nihollarini oʻtqazadi. Kurtak, yaproq chiqarishini intiq kutib oʻz bilganicha parvarishlaydi. Saratonda koʻchatlar qovjiraydi. Oʻntadan bittasi zoʻrgʻa tirik qoladi. Agar, agar oʻtqazgan koʻchatlari yashnasa, bogʻimiz odam oʻtib boʻlmas oʻrmonzorga aylanardi. Qoʻshni tenqurlaridan eshitibdi. Koʻchatchilar nihollarni sotishdan oldin tomirini qaynoq suvga tiqib olarmish yo tomirini ochib qoʻyib shamollatarmish. Natijada koʻchatlar koʻkarmasmish.

-Toʻgʻrida, — deydi Xoʻjam oʻzini kamchiligini yopib-esimni taniganimdan beri, oldin maktabda, institutda, keyinchalik qirq yil ish joyimda har bahor koʻchat oʻtqazganmiz. Lekin shahrimiz hamon kalning boshiday. Daraxtlar yakkam-dukkam. Shu yillar ichida oʻtqazgan daraxtlarimiz boʻy choʻzsa, koʻchalar soya salqin, hushmanzara boʻlar ediku.

Mayli, daraxtlar oʻz yoʻliga. Pomidor, bolgar murchi, oddiygina baqlajonlarga nima deysiz. Erta bahordan bozor qatnaymiz. Egat tortib koʻchatlaymiz. Qaysidir sabablar bilan koʻchatlar shalpayib qoladi. Qayta nihol oʻtqazamiz. Xoʻjam bezor boʻlguncha mashgʻulotini davom ettiradi. Va nihoyat egatlarda yashiliklar, pomidor, murch, baqlajon, bodringlar koʻzni quvontira boshlaydi. Keyin esa, pomidor deganlarining bir tomoni oqish tusda, baqlajonlar baqaloq, murchlar tumshayadi. Oʻgʻit deganlari ham Xoʻjamning nazaridan chetda qolmaydi. Goʻngdir, kimyoviysidir qoʻllab koʻradi.

Qaynonam “Dud demakka dudoq kerak” deguvchi edi. Xoʻjam qancha harakat qilmasin, bogʻbon-u sohibkorning oʻrnini bosa olmadi. U kishimga temir, qurilishga aloqador yumushlar boʻlsa naq gulini chiqaradi. Lekin hamon tuproq ishidan chekinishni istamay dehqonchilik ilmini oʻzlashtirishga intilyapti. Koʻrinishi chala boʻlsada zarur paytda egat oralab Xoʻjamning mahsulotlarini terib chiqib mamnuniyat bilan ovqatga ishlatamiz.   

Suvratda: Hikoya muallifi tadbirda (oʻngdan uchinchi)

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.