Bekposhsha XOʻJAYEVA: XOʻJAM — KASHFIYOTChI! (hikoya)

0
32
marta koʻrilgan.

Tabiatni tushunib boʻlmayapti. Goʻyo bizdan, odamlardan koʻrgan sitamlariga qanday javob qaytarishini koʻrsatmoqchiday.

Anomal issiq, anomal sovuq. Yozda Xoʻjam nimalarni oʻylab topmadi. Biz keksalarga konditsioner deganlarning sovutishi malol. Salqinida suyaklarimiz zirqirashni boshlaydi. Nevaralarga qarasa shu konditsionerning tagida yotib uxlasa.

Xoʻjam ochiq derazalarning romlariga muzli suvga botirilgan hoʻl dokalarni osongina ildirib qoʻyadigan usul qildi. Toʻgʻri, derazadan issiq hovur kiradi. Lekin nam dokadan oʻsha issiqlik allaqanday huzurli boʻlib oʻtadi. Shamol parrik bilan muzli suvning salqinini tarqatish yoʻlini topdi. Ishqilib anomal degan yaramas issiqda jon saqlashning tabiiy jarayonlarini izlashdan charchamayapti.

Tabiatning qingʻirligi xilma-xil.  Qaynoq yoz kunida  chang toʻzonli duvalang koʻtarilib, shamol turib, chelaklab yomgʻir quyganida menga biroz istehzo bilan savol beradi.

– Aytchi, bu nimaning qayi?

– Sizga munajjimmanmi, mendan soʻraysiz? — istehzosini xis qilib ensam qotadi.

– Aqlavandlik qilar eding. Bu yangi oy chiqishining qayi, bu burjning yangilanishi qayi deb. Hozirgi ur toʻpolonning qayini aytib berchi?

– Tovba, meni tinch qoʻying. Onamdan, sizning momongizdan eshitganlarimni aytganman. Tabiatni qisqa vaqt oraligʻida tezlik bilan oʻzgarib borishi tushimga kiribdimi?

Bolalik paytimizda, xususan, elliginchi yillarning oxiri, oltmishinchi, yetmishinchi yillarda  onamning ob-havoni oʻzgarishiga qarab oy kunlarini, burjlarning oʻzgarishini aniqlashi esimda qolgan.

– Sumbula kirdi, havo issiq boʻlsa-da endi suv soviydi, yopda choʻmilmanglar, — der, yoki – mezon boshlandi. Mezondan soʻng yoz, hamaldan soʻng qish boʻlmas –deb qoʻyardi. Yoki  kutilmaganda  yomgʻir quysa, shamol koʻtarilsa -Yangi oy koʻrinadi. Bu yangi oy chiqishining talatoʻpi — desa baʼzida hovliqqanining, notinchligining sababini — Toʻlin oyning taʼsiri — deya izoh berardi.

Onam koʻk qargʻaning qayi, ola hakkaning qayi degan gaplarni ham aytguvchi edi. Qaysidir qushni hushlamay eslardi. Bahorning iliq kunlarida birdan havoning sovub ketishi shu qushning qayi ekan. Behosiyat qush tuxumini ogʻzidan qoʻyar, tuxumi muzlab erigach polopon chiqar ekan. Endi esa tabiatni tushunib boʻlmayapti.

Oldinlari Xoʻjam yer krantni ishlatib, undan kuch bilan otilib chiqadigan suvni shlang orqali atrofga separdi. Obi hayotning pokligidan bahra olib, oʻzi ham shalobbo xolda uyga kirardi. Endilikda nevaralarning qoʻliga chelakcha tutqazib, koʻloblatmay suv sepib chiqishni topshiradi.

– Neni xor tutsang shunga zor boʻlasan. Momom raxmatlik krandan suv oqizib qoʻl yuvmasdi. “Suvni zoya etganning u dunyoda javobi bor” deb tunchada yuz qoʻlini chayardi. Bizga uxshab vannalarni toʻldirib toshirmagan, ermakka dushni suvini sharillatib yuvinmaganlar. Bolaligimizda onam chelakda suv isitib choʻmiltirganlar. Pop-pokiza ozoda boʻlardik. U paytda suv moʻl, eshigimiz oldidagi solmalardan suv sharqirab oqardi. Mosh mushugimiz solmaga qoʻl tiqib, baliqchalar ovlarda. Xoʻjam chuqur xoʻrsinadi. 

–Bir avlodning koʻz oʻngida borliq oʻzligini yoʻqotyapti.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.