Bekposhsha XOʻJAYEVA: XOʻJAMNING HIKOYALARI (hikoya)

0
68
marta koʻrilgan.

Bayram, Hayit, tugʻilgan kun, baʼzan shunchaki diydorlashish uchun oʻgʻil-qiz, kelin-kuyov, nevara-chevaralar bizning, yaʼni ota-ona xonadoniga jam boʻladilar.

Xoʻjam ularning kelishlarini har doim xoʻlpildab, quvonishlari mumkin boʻlgan qandaydir yangiliklar qilib kutib olishga intiladi. Kiraverishga rango-rang chiroqlar oʻrnatadimi, chevaralar uchun oʻz qoʻli bilan oʻyinchoqlar yasaydimi, ish qilib “oʻoʻoʻ, zoʻrsiz!” degan xitobni eshitadi.

Mening vazifam oddiy. Osh damlash. Pishirgan palovimning taʼmi oʻzgachaligi tan olingan!

Guring qiziydi. Qarabsizki, qizlar, kelinlar bir taraf. Bijir-bijir. Oʻgʻil-kuyovlar boshqa taraf, oʻzaro suhbat.

Shunday paytda Xoʻjam tomoq qirib, xuddi minbarda turganday baland ovozda  oʻz hikoyalarini boshlaydi. Mening peshonam tirishadi. Bolalar hurmat yuzasidan guyo tinglashga hozirlanadilar. U kishining hikoyalari aslida qiziqarli. Hayotiy voqealarga boy. Lekin baʼzan oldinlari ham bir necha bor gapirib berganlarini unutgani yomon-da.

Xoʻjam oʻzini haqiqiy kommunist hisoblaydi. Farzandlariga asrab qoʻygan qizil biletini koʻrsatadi. Kommunistlarcha yashaganini, oilasini, vatanini sevganini, poraxoʻrlikdan, mansabparastlikdan yiroq, halol umr kechirganini gapirishdan charchamaydi. Lekin nevaralar kommunist soʻziga boshqacha nazardalar. Ularning fikricha kommunistik partiya safiga kirishga intiladiganlar mansab pillapoyalariga koʻtarilishni niyat qilgan, shaxsiy maqsadlarini yuqori qoʻyuvchi, partiya nomini sotib, davlat mulkini oʻgʻirlagan,  koʻp qora ishlar qilgan shaxslar. Isboti uchun telegrammdagimi, yutubdagimi, bilmayman, qayerdadir oʻqiganlarini koʻrsatadilar. Faqat buvasiga sezdirmaydilar, chunki buvasini soddadil, koʻngli ochiq, iymoni butun  inson, deb biladilar. Kommunist soʻzini tilga olganda miyigʻida kulib eshitadilar.

Oʻsha eski kommunistning baʼzi hikoyalaridan namunalar: ShLYAPA

Xoʻjamning katta korxonada bosh mexanik boʻlib ishlayotgan yillari.

Bir kuni hafta davomida  koʻzga koʻrinmagan yuk mashina haydovchisi oyogʻini hiqaqlatib bosib xonasiga kirib kelgan.

-Oyogʻimni ishdagi gaz trubada kuydirib olganim uchun kasallanib ishga kelmadim. Endi ishga chiqishga ruxsat bering.

-Tushunmadim, — deb hayratlanibdi Xoʻjam.

-Bahonangiz oʻxshamayapti. Oyoq kuydiradigan darajadagi issiq truba qayerda ekan? Davolanganingiz xususida byuliten keltirdingizmi?

— Ishqilib, kasallandim, lekin doʻxtirga bormadim. Oʻzingiz bir amalini qiling.

-Qanday amal. Hech boʻlmasa spravka keltiring. Aks xolda tabelga yoʻq qoʻyaman.

-Ilojsiz ish bormi? Quruq qoʻymayman. Sizga atab ajoyib sovgʻa keltirganman, — deb haydovchi qutichani ochib ichidan oʻsha paytda kamyob, faqat kazo-kazolar kiyadigan koʻrkam shlyapani olib stolga qoʻygan.

Albatta, Xoʻjam ham shunday bosh kiyimni xavas qilgan.

-Buni menga sovgʻa qilishing shartmas. Sot. Pulini beraman. Lekin yoʻq kunlaringni bor qilib belgilay olmayman.

-Unday boʻlsa sizga shlyapa yoʻq. Baribir tabelga plyus qoʻyasiz.-deb bepisand chiqib ketgan.

Sal oʻtmay kotiba qiz boshliq chaqirayotganidan xabar bergan.

Xoʻjam gap nimadaligin darxol anglagan. Boshliq oldin muloyim gapirgan. Soʻng stolni mushtlagan.

-Oddiy haydovchi boʻlsa. Oyogʻini ishda kuydiribdi. Bir haftalik pulini yoʻqqa chiqarmoqchimisiz? Tabelga ishda bor edi deb belgilang! — degan va kadrlar boʻlimi boshligʻini, yana kimnidir tabel bilan kelishini buyurgan.

Xoʻjam xoʻp degan. Va tabelga NB, yaʼni, ishda boʻlmadi degan yozuvni bitgan. Boshliq buyrugʻim bajarildi deb nazorat qilmagan. Haydovchi barchaga ishni qanday bitirganini aytib kekkayib yurgan.

Oradan koʻp oʻtmay idoraga maxsus kiyim kiygan kishilar kelib haydovchini surishtirganlar. Qorovul ularni Xoʻjamning xonasiga yoʻllagan. Gap nimadaligini tushungan Xoʻjam bu masalani boshliq yechishini aytib kelganlarni tepaga joʻnatgan. Sal oʻtmay hovliqma kotiba uni oldiga solib boshliq huzuriga kiritgan.

-Mana, siz soʻrab kelgan jinoyatchi haydovchining bevosita rahbari. Qayerda yuribdi, ishga keldimi, kelmadimi javobini beradi.

Shu orada tabelni ham keltirdilar.  Boshliqning rangi boʻzday oqargan. Xoʻjam esa xotirjam. Kelganlar qogʻozni sinchiklab koʻzdan kechirganlar. Hammasi joyida. Boshliq ogʻir xoʻrsingan. Yuziga qizil yugurgan. Chiroyi ochilgan.

Maʼlum boʻlishicha haydovchi bir hafta davomida hamtovoqlari bilan qoʻshni viloyatda qator oʻgʻirliklar sodir etgan. Ulardan biri qoʻlga tushib, barchasini nomini sotgan.

-Albatta, haydovchi qamaldi. Menga esa hayfsan berildi. Bu degani oylik mukofotdan mahrum qilindim degani, — hikoya qiladi Xoʻjam.

-Negaki men xaydovchidan ishga kelmagan kunlari toʻgʻrisida tushuncha olmaganman. Ololmasdim ham. Jinoyat qidiruv boʻlimidan kelganlar idorani tark etgan zahoti boshliq meni huzuriga chorladi. Dam olish xonasiga taklif etdi. Kotibaga “Men yigʻilishga ketganman”, dedi.

Dam olish xonasi nomiga mos. Taʼriflab oʻtirmayman. Rahbarim muzlatgichdan arman konyagi, shokolad oldi, jilvakor ryumkalarga quydi, menga uzatdi. Men esa koʻzimni muzlatgich ustida turgan shlyapadan uzolmayapman. Gap nimadaligini tushunib yetganim uchun hafsalam pir boʻlgan. Nahotki katta korxona egasi shu shlyapaga sotilgan boʻlsa?

-Rahmat! Meni bir balo-qazodan qutqardingiz. Rasmiyat uchun mukofot pulini qirqdik, keyingi oyda ikki hissa qilib toʻgʻirlaymiz. Qani, oldik. Asablar biroz tinchlansin! — rahbarning qoʻlidan ryumkani olishga ikkilandim. Mening xolatimni angladimi, tikilib turganim shlyapani oldi va chirpirak qilib derazadan uloqtirdi.

-Shayton yoʻldan urdimi, nima balo boʻldi bilmayman. Koʻrib turibman shlyapa sizga ham taklif qilingan. Pastkashlik! — boshliq keyingi soʻzni oʻziga qarata aytdi, shekilli. Shlyapa  toʻppa-toʻgʻri uchib borib qorovulning oldiga tushibdi. Tepadan, osmondan kelgan bosh kiyim qorovulga juda yarashdi. Ishxonadagilar unga hazillashib “Yoshulli” deb murojaat qiladigan boʻldik. Qarangki, toʻrt yil oʻtib qamoqdan chiqqan haydovchi hech qayerdan ish topolmay, toʻgʻrirogʻi, ishga qabul qilinmaganligi  sabab yana bizga keldi.

 -Xoʻp desa ishlaysan, — deb rahbarimiz uni mening oldimga joʻnatdi. Qorovullikka tavsiya qildim.

Boshliq hayron.

-Oʻzi oʻgʻri boʻlsa. Oʻgʻrining qoʻliga idorani topshirib boʻladimi?

-Boʻladi! — ishonch bildirdim. -Oʻgʻri oʻz uyida oʻgʻrilik qilmaydi. Hozir korxonamizda tashmachilik avj olgan. Ularni aniqlashda yordami tegadi.

Xoʻjam aytganidek boʻlibdi. Oʻgʻri tamgʻasi bosilgan qorovul yoʻqolayotgan narsalar uning zimmasiga yuklanmasligi uchun oʻta xushyorlik koʻrsatgan. Tashmachilarni jinoyat ustida qoʻlga tushirib, hatto, Xazorasp bozoriga borib pinxona olib chiqilgan mahsulotlarni qay tarzda sotilayotganini isbotlagan.

Ana shunday! Mening Xoʻjam kadr tanlashda adashmagan!

Davomi bor.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.