Bekposhsha XOʻJAYEVA : Yana Chinposhsha xususida yoki Qiz tilagi qisir qolmas (davomi)

0
13
marta koʻrilgan.

(davomi). Qiz tilagi qisir qolmas degan gap bor. Onam sariq kasaliga chalinib shifoxonaga yotqizildi. Shu yillari sariq kasali balo ofatday yopirilib, har xonadondan ikki uch odam bir kunda tez yordamda olib ketilar, maktablar, hatto bogʻchalar ham kasalxonaga moslashtirilgan edi.

Buvim joni halak. Bizni yuqumli darddan qanday asrashni oʻylaydi. Yigʻib qoʻygan pullariga oʻynoqlab turgan sariq sazan baligʻi oldiradi. Katta togʻorada shaloblab oʻynashiga qarab oʻtirishimizni talab qiladi. Keyin otamga soʻydirib, qonini qulogʻimiz ortiga surtadi. Bu ham yetmaganday Chakkasholikor qishlogʻidan tanish tabibini oldirib, qulogʻimizni gʻalati tarzda choʻzdiradi. Poyki bilan tilib qon chiqartiradi. Kimlarningdir gapiga kirib, Kishchan singlimizning boshidan bit izlab, qatiqqa qoʻshib ichirmoqchi boʻladi.

Hamma vahimada. Sariq kasalining ogʻir turiga uchrab oʻlayotganlar soni ortib borayapti degan shum xabarlar tarqaldi.

Buvim bizdan hech nimani ayamadi. Gulposhsha opamning barcha tovuq-xoʻrozlari osma shoʻrvaga aylandi. Otam Xivaning Gʻovukkoʻli tomondagi qishloqdan bir xalta anor olib keldi. Har kuni anor yeymiz. Semirib, yuzlarimiz qizarib, sogʻlomlashdik. Birortamiz sariqqa chalinmadik. Onam ham tez tuzaldi. Oramizda faqat Chiniposhsha oybikam qiynaldi. Chunki kichkintoyimiz Toʻxtajon faqat uning qarovida boʻldi. Boshqamizni tan olmadi. Kecha-kunduz enagalik oybikamni joniga tegdi. Zadikdi. Onam kasalxonadan chiqqach, tuzukroq sogʻaysin dedik, ogʻir koʻtarmasin, asabiylashmasin dedik. Va Toʻxtajon batomom Chinnibikaga bogʻlandi. Maktabga ketar chogʻida qirilib-qirilib yigʻlab, pildirab izidan qolmas, darsga kechikib borib tanbeh eshitardi. Shubhasiz “aziz” dugonasi pichching aralash “Indirapashsha volidai muxtaramalar” deya laqablar yasayotgani jahlini chiqarardi.

Toʻxtajon uni kelishini koʻzi toʻrt boʻlib kutar, achomlab olardi. Sinfdoshlari miygʻida kulib, oʻzlaricha fikr olishib uzoqlashardilar.

Bir kuni hammamizni oldimizda eʼlon qildi:

-Eshitib qoʻyinglar! Menga hech qachon bola kerakmaydi! Mazza qilib yashayman. Ishlab eng chiroyli kiyimlar kiyaman. Sayohatlarga chiqaman. Bola degani Toʻxtajonga oʻxshasa hech, hech kerakmaydi.

Buvim uning ogʻziga shappat urdi.

-Tin! Ovozingni chiqarma! Niyating qursin! Qiz tilagi qisir qolmaydi. Befarzandlikdan Xudo arasin!

Buvim bechora bekorga tashvishlanmagan ekan.

Gulposhsha oybikam Toshkentga oʻqishga ketganda, sakkizinchi sinfni tomolagan Chini oybikam imi jimida, hech kimga bildirmay Pedogogika bilim yurtiga hujjat topshiribdi. Oʻzi bola boqishni yomon koʻradiyu, nega shu kasbni tanlabdi dersiz. Xoljon xolanikida ijarada turadigan talaba qizlar, ayniqsa, gurlanlik Shodmonjon bu borada fikrini oʻtkaza olgan. Hujjat toʻgʻrilashda yoʻl yoʻriq koʻrsatganlar. Bizdan yashirincha ish qilgani, maboda pora soʻrasalar, yo imtihonlardan oʻta olmasa jimgina maktabga qaytishni rejalashtirgan. Tanlov kattaligiga qaramay opam oʻqishga kirdi. Buni eshitib otam rosa sevindi. Uning aralashuvisiz bir yilda ikki qizi talabalikka erishdi. Tengqur joʻralaridan toʻrt nafari farzandlari izida sarson yurdi. Oʻrtaga pul tikdilar. Shunga qaramay imtihondan yiqildilar. Demak gap puldamas.

Gurlanlik qizning opamni oʻqishi masalasiga bosh qoʻshgani sababini keyin tushinib yetdik.

 Yana Hurposhsha opayamiz xususida. Hurposhsha oybikamning 10 “A” sinfiga amaliyot oʻtash uchun kelgan bir guruh talabalarning ikki nafari berkitilgan. Ular dars oʻtish jarayonida ishtirok etadilar. Sinfdan tashqari oʻtkaziladigan tadbirlarga bosh-qosh boʻladilar.

Hurmatbek degan talaba sheʼrlar, maktab hayotiga oid hikoyalar yozar ekan. Oʻsha hikoyalarini sahnalashtirganda bosh rolni Hur oybikamga beribdi. Opajonimning berilib sheʼr oʻqishlari, hikoyaning mohiyatini tez anglab rolga kirishishi uni tamom mahliyo qilibdi. Bunday mahliyolik maktab hayotida nazardan chetda qolarmidi?

Gap soʻz koʻpaymasin deb, Hurmatbek ogʻani amaliyotini boshqa maktabda oʻtkazishga yoʻllabdilar. Aks xolda he yoʻq, be yoʻq Hurimizning nomiga dogʻ tushishi tayin edi.

Afsus. Hurmatbek ogʻa oshiqlik dardiga mubtalolikka ulguribdi. Sheʼrlar yozib kursdosh qizlar orqali opamga kiritadi. Maktab atrofida oʻralashadi. Yoʻllariga koʻz tikadi. Oybikam esa qoʻshni qizlar qurshovida uyga qaytadi.

Bir bor oybikamni yigʻlab-yigʻlab yashil rangli varaqni kitoblar orasiga qoʻyganini koʻrdim. Qiziqishim ortib, kitoblarni titkilab oʻsha varaqni topdim.

“Hurim, malagim. Tunlarimni yoritgan mohim. Kunduzlarimni ziyoga toʻldirgan oftobim. 17 yoshing seni parilarga mengzagan. Yo parilar avlodidanmisan? Jannatning hurlari misol pokiza nursan. Qoʻlim yetmas malaksan. Jodu koʻzlaringning bir bor men tomon qiyo boqishiga jonimni fido qilishga tayyorman. Meni nega sendan ayirdilar. Ayro qildilar. Sevish shu darajada gunohmi? Nima ayb qildim? Maftunligim nega ustozlarga malol keldi? Senga bir ogʻiz nooʻrin gap aytdimmi, yo barmogʻingdan tutdimmi? Yuragimga olov tushdi. Yondim. Na tunimda, na kunimda orom bor. Koʻchangning qorovuliga aylandim. Majnunu Laylining ustidan kulardim. Shunday ulugʻ muhabbat borligiga ishonmasdim. Guyo hazrati Navoiyning qalb tugʻyonlarini anglamadim. Iltijo qilaman. Eshiging oldiga chiq. Yorugʻ dunyoni tor qilma. Uzoqdan boʻlsada bir bor koʻray mohitabonim.

Ota-onam yemay ichmay qoʻyganimdan xavotirga tushayaptilar. Ishon, tomogʻimdan suv oʻtmaydi. Muhabbat dardi shu darajada ogʻir ekan. Ota-onam sovchilikka borishadi. Maktabni tamomlagan kuning toʻy qilamiz. Sen bunga nima deysan? Javob xati kutmayman. Chunki yozmaysan. Meni nazaringga ilmaysan. Oshiqlaring qop-qora, jiloli sochlaringning tolasidan-da koʻp. Lekin ularning hech biri men singari dali-devonang emas.

Sovchi borishiga rozi boʻlsang soat beshlarda eshiging oldiga chiqib qoʻlingni silkitib qoʻy.”

Xatni oʻqib xushim boshimdan uchdi. Yosh boʻlishimga qaramay qandaydir xavfni, ayriliqni, judolikni xis qilganday xoʻrsiniq, izidan faryodga oʻxshaydigan yigʻi boʻgʻzimga tiqildi. Yuzimni yostiqqa bosib uzoq yigʻladim.

Bilmadim. Balki oybikam darvoza oldiga chiqib qoʻl silkitgandir. Chunki sovchilar keldilar. Ota-onasi madaniyatli, koʻrkam, bosiq inson ekanlar. Uydagilarni koʻndirdilar. Shiralari olib qolindi. Yosh, oʻqitamiz. Kutasizlar deyildi.

Hurposhsha opam oldingidan ham goʻzallashdi. Oʻychan, maʼyus oʻtirib, derazamiz tagida ochilgan rango-rang gullarga termuladigan, goʻyo bizning yonimizda emas, oʻzga olamda yashaydiganga oʻxshadi. Negadir undan tortinaman. Koʻzimiz koʻzimizga tushsa yigʻlab yuboraman. Keyin ikkalamiz hiqqillab koʻz yosh toʻkamiz. Nega yuragim bu darajada bezovta? Xuddi buvimning xolatiga tushayotganga oʻxshayman.

Opayalarga ilk jiyan muborak! Tong saharda eshigimiz taqqiladi. Otamning yoʻtalib, ovoz bergani eshitildi. Qopi ochilar ochilmas shoʻx ovoz yangradi.

-Suyunchi, suyunchi bering! Biyimning oʻgʻli boʻldi, oʻgʻli!-opamning oʻrtancha qayin ukasi ogʻzi qulogʻida xabarni tezroq aytishga shoshildi.

Biz opamni qoʻzilaydigan fursati yetganini bilganimiz uchun ham xushxabarni bir haftadan beri kutardik. Buvim, onam, biz qizlar bir zumda dolonga chiqdik.

-Oʻgʻil dedingmi, rostdan oʻgʻilmi?- otamning ovozi qaltirayotgan edi. Rostdanmi?

-Yolgʻondanam oʻgʻil deydilarmi? –xayratlandi qaynuka.

-Xudoga shukur! Oʻgʻildir qizdir, omon-sogʻ yoqti dunyoga chiqibdi. Suyunchilagan boʻylaringdan aylanay bolam. Sen hayratlanma, birinchi farzandni qiz tugʻilsada oʻgʻil deb suyunchilaydilar.

-E, yoʻq! Biz hammamiz jiyanchamiz qiz boʻlishini orzu qilgandik. Onam xafsalasi pir boʻlib qaytdi tugʻuruqxonadan. “Bir etak qiz tugʻilgan xonadondan niyat etib kelin olgandim. Foydasi boʻlmadi. Oʻgʻil tugʻdi. Bor qudalarga suyunchila, ularning xursand boʻlishi tayin”, dedi.

Otam koʻz yoshlarini artib, koʻkrak choʻntagida asrab yurgan qizil oʻnlikni oʻsha qaynukaga berdi. Voy boʻy, oʻn soʻm-a! Alamim kelib bolaga oʻqrayib qarasam, menga koʻzini qisadi  axmoq.

Onamni ayting. Yelpatakda alpatak. Goʻyo yurtning podshosi xonadonimizga tashrif buyurganday, oʻtqazgani joy topolmayapti.

Dasturxon yozildi. Buvimning yashirin sandiqchasi ochildi. Asal, shokoladlar, pechenyelar. Onam sariyogʻ koʻtarib kirdi. Oʻsha qaynuka Zokir och tulki tinkasi qurib och qolganday kavshanib, qornini toʻydirdi. Kishi bilmas shokaladlarni choʻntakka urdi. Ketishga chogʻlandi. Onam qoʻliga tugunchak ham qistirdi.

Pulga, shokoladlarga kuyib turganim yetmaganday, axmoq Zokir eshikka yoʻnalayotib sochimdan tortdi, tirjayib tilini chiqardi. Koʻcha eshigini ochayotganda sharta borib kuchim boricha yelkasiga gursillatib musht tushirdim. Tupugi tomogʻiga tiqildimi, “gʻiyq-gʻiyq” etgan sas chiqardiyu, xayr xoʻshni nasiya qilib, tugunchakni bagʻriga bosib, yugurgilab ketdi.

Uydagilarning barchasi albatta mening hunarimni koʻrdilar:

-Nishatganing boʻldi, uyatsiz! Mehmon qudaga shunday munosabatda boʻlasanmi?

-Qudaligini qilsin, menga oʻjashmasin! Axmoq! Tilini koʻrsatmaydi, sochimga qoʻlini tegizmaydi endi!-chinakkamiga jahlim chiqib baqirib javob berdim.

Kattalar bir-biriga maʼnoli boqib, miygʻida jilmaydilar.

Nimaga ishora qilayotganlarini tushunmadi deb oʻylaysizmi?

Xato fikrga borayaptilar. Men Oʻgʻiljonman! Ota-onamga oʻgʻildek suyanchiqman. Hech qachon turmushga chiqmayman. Uyda qolib, keksalarga xizmat qilaman. Bundan hozircha hech kim xabardor emas.

Hammamiz xush kayfiyatda, bir-birimizga gap bermaymiz. Hurposhsha oybikamni oramizda yoʻqligini sezmabmiz. Koʻnglim gʻash tortib qizlar xonasiga shoshildim.

Oybikam gʻuchanak xolatda yotibdi. Qoʻlida yostiq jildi. Qonga boʻyalgan. Xavotirlanganimni sezib, “sekin, birovga sezdirma” ishorasini qildi. Men zudlik bilan tonqada suv, slopcha keltirdim. Oybikam sekin boshini koʻtardi. Yuz qoʻllarini yuvdi. Va behol joyiga joʻzildi. Qonli jildni yuvib oftobga yoydim. Kattalarimiz beshik toʻyi masalasida maslahatlashib mening bezovta harakatlarimga koʻpam eʼtibor qilmadilar.

Oqargan yuzidan muzdek terlarini artargan izoh berdi:

-Oldinlari burnim ozroq qonardi. Bunchalik suyuq emasdi. Bugun toʻxtamadi. Qoʻrqdim. Hech kimga aytma. Qisinmasinlar. Toʻyni omon-sogʻ oʻtkazsinlar,- dedi iltijoli boqib.

Ishtahasi yoʻqolgan opamga yalinib yolborib novvotli choy ichirdim. Zokir och tulkidan qolgan asal bilan sariqyogʻni nonga surtib, yedirdim. Bir soatlar oʻtib oʻziga keldi. Dolonga yoʻnaldi. Boshi aylandi, shekilli, eshik kesakisiga suyanib tin oldi.

Erta tongdan otam boʻlasi Pir ogʻamizning orqasiga kajava ulangan Moskvichida bozorga yoʻl oldilar. Tushga yaqin xaltalarda un, guruch, sabzi, mevalar shirinliklar ortib qaytdilar. Yaxshiyam qoʻchqorni opamning qalin puliga toʻyidan keyin keltirib, bogʻlagan va juda yaxshi parvarishlagan edik.

Buvim bilan onam beshik toʻyiga atalgan matolardan oʻrtik, koʻrpachalar, jiyanchamizga jubba, chilla toʻppi va boshqa zarur anjomlarni tikdilar.

Toʻy kuni beshikni Kishchan koʻtarib bordi. Qudalar unga sarpo kiydirdilar. Qip-qizil palto! Oʻzim koʻtarib bormabmanda. Sarpo berishlarini bilmaganman. Ikkichi Kishchanning shumligini koʻring. Baribir paltoni birinchi oʻzim kiyaman. Aks xolda uyga vazifalarni koʻchirtirmayman.

Xotinlar bekorchimi deyman. Buncha rasm-rusumlari koʻp. Toʻgʻrisi, taʼriflab oʻtirishni istamayman. Yangi tugʻilgan chaqaloq, hali kuchga kirmagan ona va bir uy toʻla xotin-xalaj, bola-chaqa. Vogʻir-vugʻur. Bolaning tuvagiga toʻldirilgan shokoladlarni sochuv qilganlarida, bolalar qolib, kap-katta xotinlar ham beshik atrofidan shirinlik terishga shoshildilar.

Ensam qotib, chetda kuzatib turaverdim. Shu ham udimmi? Yangiljon, Toʻxtajonlar choʻntaklarini toʻldirdilar. Shubhasiz, aldab suldab konfetlariga sherik boʻlaman.

Sultonposhshaxonim yigirma chilladan chiqib mehmonga keldi. Uyimiz quvonchu shodlikka limmo-lim toʻldi.

Buvijonim eshik oldida aylanib-oʻrgilab isriq tutatib qarshiladi. Otam hayajondan hapriqib, goʻdakni opamni qoʻlidan nazarimda tortib olganday tuyuldi. Onam qizini bagʻriga bosib, qoʻlidan yetaklab dasturxon yozib, kattagina tayyorgarlik koʻrilgan xonaga boshladi. Chini oybikam magnitafonni qulogʻini buradi. Komiljon Otaniyozovning toʻylar muborak qoʻshigʻi yangradi. Yangiljon, Toʻxtajonlar sakrab-sakrab oʻyinga tushdilar. Buvimni qilpilashiga kulib yubordik. Ranglari oqargan Hurposhsha ham shahlo koʻzlarini kuldirib, kulgichlarini oʻynatib, Chini bilan bahsma-bahs xirom qildi. Pochcham hayron. U bilan hech kimni bir pullik ishi yoʻq. nima qilarini bilmay opamni izidan ergashdi. Ana shundan keyingina uni eslashdi. Buvim uzundan uzoq, guyo daryo dengiz oshib kelgandek pochchamdan barchaning sogʻ-omonligini surishtirdi.

Men otamni qiligʻini tushunmadim. Bolani oldiyu, ichkari xonaga kirib ketdi. Shpionligim tutdi. Eshigidan moʻraladim. Otam jiyanchamizni qundogʻini yechib, oʻgʻil nevarasining boyligini tomosha qilayapti. Meni koʻrib uyaldi shekilli, izoh berdi:

-Tagini hoʻllabdi deb oʻylabman.

Gʻashim keldi. Oʻkindim. Bahona yarashmadi. Tagi hoʻl boʻlsa onasi, qoʻshadan buvilari, qolabersa xolalari bor. Otamiz uchun toʻqqiz qizining shu bir goʻdakcha qadri yoʻq ekan-da.

Otam joʻshib ketdi, shekilli, boquvda turgan qoʻzini soʻydi. Yaxshida! Jiyanimiz Azamatning sharafiga bir necha kun goʻsht goʻmma, barak yeydigan boʻldik.

Davomi bor.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.