Bekposhsha XOʻJAYEVA : Yana Sulton opam xususida (davomi)

0
13
marta koʻrilgan.
tabiat

(davomi) Chalgʻib ketibman. Izga qaytaman. Sulton opamning toʻyi zoʻr oʻtibdi. Hur oybikam toʻlib-toshib, qoʻshib-chatib bizga hikoya qildi. Ertasi onamlar qarindosh ayollar bilan kelin koʻrarga borib qaytdilar. Onamning ogʻzi qulogʻida. Sanamjon opaning bordi-keldisi zoʻrmish. Kelinning oldi sovgʻalarga toʻlib ketibmish. Kelin tomondan borgan har bir mehmonga sarpolar berilibdi. Shunday qoida bor. Kim “quda chaqiriq”, “kelin koʻrar”ga borib sarpolik olsa, uyiga kuyov tomonni mehmonga chorlaydi. Albatta oʻzi ham sovgʻa hadiya qiladi. Chaqiriqlar choʻzilgandan choʻzildi. Bir kun kuyov tomon, boshqa kun kelin tomon. Sultonposhsha oybikam bad-bezor. Mehmonma mehmon yurishning oʻzi boʻladimi? Boz ustiga dasturxonga qoʻl uzatishga chakilsa, iymansa.

Bir kuni shunday chaqiriqdan kelgan onam va buvimning shivir-shiviri quloqqa chalindi. Odatim qursin. Sirliroq gurung bor joyda qulogʻim ikki yuz foiz ishlaydi. Gap-soʻzlaridan angladim. Sulton opam boshqorongʻi, yerik. Onamning Toʻxtajon singlimga yerikligini koʻrganman. Ovqat oʻrniga suvkesak yeb yurardi. Demak, yop boʻyidan suvkesak izlaydigan boʻlibmizda.

Leki opam anoyi chiqdi. Qovurilgan goʻsht, kabob, tandir somsalarga boshqorongʻi. U tomonda qudalar, mehmonga kelsa biznikilar, oʻzimiz yemesakda opamning ogʻziga tutamiz. Toʻlishdi. yuzlari oyday. Kayfiyati aʼlo. Talabaligi joyida. Oilada erka kelin. Qaynukalarining “Biyi-biyi”lab eslari ketadi. Bor mehrini shularga bergan. Biz bilan ishi yoʻq.

Buvim “Toza quyining suvi tiniq, loyqalanmasin-da. Qizimizni haddan ortiq erkalatayaptilar. Ishqilib Sultonimiz oilaga yaxshiroq kirishsin”-deydilar. Bu gapning maʼnosini tez angladik.  Bir kuni kechki ovqat payti oybikam tasur tusir qilib kirib keldi.

Soʻrashdik. Kel-kel, oʻtir-oʻtir qildik.

-Kuyov bilan kelmabsan. Qudalar omonmi, kayfiyating yoʻq?-soʻradi buvim. Opayamiz toʻlib turgan ekan, yigʻlab yubordi. Aytishicha kelin kuyov ichkarida ovqatlanishni toʻxtatib, el qatori, oila dasturxoni atrofidan joy olibdilar.

-Qayin ukularim dahshit. Ochkoʻz. Biz hamma jam boʻlganda birgalikda ovqatlanamiz. Otam bilan siz dasturxonga qoʻl uzatmagauncha, ochlikdan qirilayotgan boʻlsakda bir luqma olmaymiz.  Ularda bunday tartib yoʻq. Dasturxonga  nima keltirib qoʻysang boshqasini oshxonadan olib kelguncha yeb, tomomlaydilar. Bugun qaynotam ovqatdan soʻng qovun soʻydi. Tiliklasa tovoq zarur boʻlar deb ichkaridan olib chiqquncha qovun tomom! Qaynotam tilik kesib ulgurmay tortib olib, oqizib tomizib yeyaptilpr. Qaynonam ham ulardan qolishmaydi. Ogʻzimni ochib, hayratlanib qaragunimcha qovundan bir tilim ham qolmadi. Yigʻlab yubordim. Bilasizku! Qovunxoʻrakman. Toʻgʻri chiqib uyga kelaverdim. Endi qaytib bormayman.

Bizning kuchli, irodali, aqlavand boshqaruvchi Sultonimizga nima boʻldi? Bir tilik qovun uchun aza ochib yigʻlayapti-mi?. Odam ham shu darajaga  tushib qoladimi?

Buvim talakdan oʻzi saralab qovun olib chiqdi. Otam kech bozor qolgan qutgan qovunlarni arzon bahoda xaltalab keltiradi. Yaxshirogʻi bizga, bundayrogʻi molga. Oilamizda  barchamiz qovunchimiz. Sulton oybikam bir oʻtirishda bir qovunni koʻrdim demaydi.(Qovunlarning maydasi qoladida kechgi bozorga)

Buvim oybikam xush koʻradigan usulda qovunni kosaladi. Oldiga qoʻydi. Miriqib yedi. Onamning boshqorongʻi paytida oʻzi istagan taomni hovliqib yeganlari koʻz oldimga keldi. Demak oybikamni qornidagi papasi qovun istabdida!

Pochchamiz keldi. Tortinib, qimtinib soʻrashda. Menimcha oybikamni nima uchun yigʻlab uyidan chiqib ketgani sababini anglmagan. Toʻgʻrida, bir tilik qovunni deb qaysi kelin shu nomaqbul ishni  qilishi mumkin!

Buvim pochcham bilan har qachongidan ham quyuq soʻrashdi.

-Sultonposhshamiz qovun yaxshi koʻradi. Yegisi kelibdi. Shunga birozga kelibdi. Boraqolinglar endi uyingizga.

-Hov, uy toʻla qovunku! Xoxlagancha kesib beraman oʻzim.-hayratlandi kuyov.

Oradan bir necha kun oʻtgach, yana qovoq tumshugʻini osib keldi. Bu gal buvim uni norozilik bilan qarshiladi:

-Ha, uyingdan ilon chiqdimi? Yana nimaga yolgʻiz oʻzing shoʻppayib kelding?

Sulton opam bunday muomalani aslo kutmagani uchunmi, gangidi. Alavlab supa chekkasiga oʻtirdi.

-Men endi u xonadonga bormayman. Kelin emas, farroshga aylandim.

Oybikam yigʻi aralash dardini toʻka boshladi. Opayalar atrofiga jamlashib, hayrat bilan tingladik. Unga sari oybikam avjiga chiqadi. Emishki, barcha yumush zimmasidamish. Supir, sidir. Kir yuvish, idish tovoq, ovqat qilish. Bugungi xolat hammasidan oshibmish. Bolalar koʻrpa toʻshak taxmonini yana agʻdarib yuboribdilar. Odatdagidek taxmonni taxlaguncha qorni belidan ogʻriq turibdi. Va taxlayotgan taxmoni ustiga agʻanabdi. Jahli chiqib,  hech kimga bir ogʻiz aytmay uyga kelaveribdi.

Biz opayalar gʻazabga mindik. Qoʻyib bersa qudalarni ham, ularning bezori bolalarini ham doʻpposlab kelishga shay edik. Lekin, buvimning qax-qax otib kulishi bizning eʼtiborimizni tortdi.

-Erga borish oson, etigini yechish qiyin degan  maqolni senga maʼnolarini tushuntirganman. Anglamabsanda. Mehnatdan oʻlgan odamni eshitganmisan. Sen ham oʻlb qolmaysan. Oʻrganasan. Agar shu qiligʻingni takrorlab, uyga qatnayversang manabu singillaring qari qiz boʻlib qoladi eshigimizdan “jik” etib sovchi kirmaydi. Tur! Joʻna! Qaytib mingʻirlab koʻz yoshi toʻkkaningni koʻrmay.

Opam ketmadi. Beli ogʻriyotganini bahona qilib koʻrpachaga choʻzildiyu, dong qotib uxladi.

Ertasi kuni ertalab, tong saharlab , qaynona qaynotalar duburlashib kirib keldilar. Buvim ularni qanot yoyib, tabassum bilan kutib oldi. Otam xonasini ichkaridan berkitdi. Biz xoʻmrayishib,chala salom berib nonushta qilish uchun oshxonaga oʻtdik. Oybikam haliyam kechagi oʻrnida uyquni buzmayapti.

Buvim mehmonlarni  dolonga boshladi. Onam bizga ish buyurganning befoydaligini tushunib, dasturxonni oʻzi tuzdi. Qudalarning gurungi oshxonaga eshitilsada men oʻz vazifamni bajardim. Dolonga yaqin oʻrnashdim,qulogʻim lakatorga aylandi.

Suhbatlardan shuni bildimki, uylaridagi  barcha oʻzgarishlarga Sultonimizning oʻzi aybdor ekan! Oilada Egambergan aka harbiy intizom oʻrnatganmish. Sababi, u kishi harbiy xizmatga borganda  ozorlangan, xoʻrlanganmish. Egambergan aka baland ovozda hikoyani davom ettirdi:

-Bilasiz, qishloqda, ota onam, aka ukalarim yonida emas, buvam bilan momomni oldida, koʻz oʻngingizda ulgʻaydim. Ular yuvvosh, mehribon edilar. Qoʻlimni sovuq suvga urdirmay, ogʻir ish qildirmay, talablarimga yoʻq demay ulgʻaytirdilar. Hamma qiyinchilik harbiyga chaqirilganimdan soʻng boshlandi.! Xizmatni Leningradda oʻtadim. Safdoshlarim asosan gruzinlar, Boltiqboʻyi davlatlaridan kelgan yigitlar. Baquvvat sogʻlom. Aksiga olib,Tojiktston, Turkmanistondan kelgan bolalar ham men singari nimjon. Birinchi kundan gruzin bolalar bizga xizmat buyurishni boshladilar. “Oyoq kiyimimni tozala, yelkamni qashib qoʻy!”. Qarshilik koʻrsatishim bilan bir turtganda uchirib yuborarilar. Bu ham yetmagandek, rus tilini bilmayman. Dardimni kattalarga aytolmayman. Eng yomoni ovqatni sekin yeganim tufayli, stoldan turishga buyruq berilganda men endi kavshanayotgan boʻlardim. Protivagaz kiydirib oʻrmonda yugirtirganlarida boʻgʻilishimga sal qoldi. Tojik joʻram esa yoʻqoldi. Chekkada, oʻsha protivagazni yuzidan sidirib ololmay, boʻgʻilib oʻlibdi. Harbiy hayotga koʻnikkunimcha olti oydan ziyod vaqt oʻtdi. Ozib, kalitday boʻldim. Turkman joʻram umuman yaramadi. Uni harbiyga yaroqsiz deb topdilar, uyiga joʻnatdilar.  Havasim keldi.

Keyinchalik angladimgi, harbiy xizmat meni tobladi. Safdoshlarim bilan doʻstlashdik. Oʻsha gruzin joʻralarim oldiga dam olishga borib turamiz havolari zoʻr. Farzandlarini mehnatga pishitib, sport bilan shugʻullantirib  ulgʻaytirayapti. Harbiydaligimda qasam ichkanman. Oʻgʻil farzandim boʻlsa ayamayman. Ularni tez ovqatlanishga, birovda haqqi poyini qoldirmaslikka, mehnatdan boʻyin tovlamaslikka oʻrgataman deganman. Hozir sport bilan muntazam shugʻullanadilar. Har birining qoʻlida rus tili lugʻatlari bor. Oʻzaro ruscha gapiradilar.

 Egambergan akaning maqtanishidan ensam qotdi. Demak opam ularning xizmatkori ekanda!

Hayolimni Sanamjon opaning oʻktam ovozi buzdi. Sulton oybikam “Hammasi baqir-chaqir qilib baland ovozda gapiradilar, janjallashayaptilarmi deb qoʻrqadi odam. Qaynonam gapiga quloq solmagan oʻgʻillarini kamar bilan savalagani yetmaganday erkakcha soʻkadi ham.”degan gapini esladim.

-Sultonposhsha uydagi tartibni buzdi deganda ranjidingiz. Quloq soling. Oʻgʻillari navbati bilan hovli, hatto koʻcha yuzini supurardilar. Kelin hovli supurayotgan oʻgʻlimni qoʻlidan supurgini olgan.”Hovli supurish mening vazifam”degan. Bundan xabar topgan bolalarimning boshi osmonga yetgan. Idish tovoq yuvish navbati ham buzilib, Sultonposhsha “kelinlik vazifasi”ga kiritdi. Ovqat qilish mening zimmamda, bolalar masaliqni tayyorlashda qarashar edilar. “Siz dam oling, oʻzim pishiraman” dediyu, meni oshxonadan chetlatdi. Umrimda ilk bor koʻchaga chiqib xotinlar bilan gap sotadigan, hammaning havasini keltirib, kelinimni maqtaydigan boʻldim.

Kecha, Sultonposhsha uydan chiqib ketgandan keyin bolalrni toʻplab majlis qildik. Odatdagiday har kim oʻz vazifasini bajaradi. Kenjatoy Hasan-Husanlar koʻrpa toʻshak ustiga chiqib pastga irgʻishni toʻxtatadilar. Endi taxlam buzilmaydi. Hammasi iziga tushadi. Sultonposhshamiz oʻz navbati kelganda supir-sidir qiladi, taom tayyorlaydi. Qayin ukalari koʻzlari toʻrt boʻlib biyilarini kutayaptilar. Ruxsat bersangiz kelinni olib ketsang.

Buvimning taʼsirlangani yuz koʻzida namayon.

-Boraveringlar. Izingizdan joʻnataman.

Buvim xonamizda shumshayib dolondagi gaplarni eshitib oʻtirgan Sultonimizni, uning yoniga barcha opayalarni jamladi. Onamiz ham chetda qolmadi.

-Hammangiz chap qulogʻingiz, oʻng qulogʻingiz bilan eshitib qoʻyinglar. Unutmanglar. Baribir har biringiz bir xonadonning bekasi  boʻlasizlar. Pandu nasihatim, qayn uyingizning yaxshiligini oshirib, yomonini yashiringlar. Uyga yolgʻiz keluvchi boʻlmanglar. Xonadoningiz ahvolini maqtayversangiz xayotingiz iziga tushaveradi. Yomonlasangiz gapingizga gap qoʻshilib voqealar yanada boʻrtib koʻrinadi. Baʼzi boʻrtirmalaringizga oʻzingiz ham ishonib turmushingizni izidan chiqarasiz. Ajralib kelding, deylik, Sulton qizim. Keyin nima boʻladi. Erga tegmay umringni oʻtkazaolmaysan. Bolang oʻgayning qoʻliga qoladi. El ichida erdan chiqqan degan isnodni koʻtarasan. Sen juda yaxshi oilaga kelin boʻlding. Qadriga yet. Kelsang yaxshisini oshirib kel. Seni deb otang ming yillik qadrdonini yuziga eshigini berkitib salom aliksiz xonasiga kirib ketdi. Singillaring xoʻmrayishib, dasturxon yozishdan bosh tortdlar. Sen ikki oila oʻrtasiga dastlabki sovuqchilikni solding. Shunday davom etsang nima boʻladi? Esingni yigʻishtirib ol.  Oʻzimiz chaqirmaguncha uyga qadam bosma!

Oybikam ketdi. Buvimning nasihatlari kor qilgani  hayotida oʻz aksini topdi. Opayalar ham shu oʻgitlarga amal qildilar. Buvilarning borligiga shukur!

Gulposhsha oybikam va Gulimboy ogʻam

Bu yil Gulposh opayamiz maktabni tamomlaydi. Toshkentga, institutga ketishga shaylanayapti. Unga qarshilik yoʻq. Sababini sal turib aytaman.

Tovuqlarga qarashni shu oybikam yoqtiradi. Har bir parrandasining nomi bor. Xoʻrozlarini Soliy doyi, Komil doyi, Maqsud ota deb chaqiradi.

-Xoʻrozlaringni ne uchun doyilaringni nomi bilan ataysan?-desa

-Feʼl-atvorlari oʻxshaydi. Soliy doyi xoʻrozim mastga oʻxshab yuradi. Alqashdek. Maqsud ota xoʻrozim yoʻq joydan janjal koʻtarib, nuqul Komil doyi xoʻrozimni quvlab, choʻqolab, tepishga uringani uringan.

Bikajon bika tovugʻimning parvoyi palak. Xoʻppa semiz. Joʻja ochay demaydi. Bibish tovugʻim ozib, soʻllaygan. Joʻja ochishni bibishimga chiqargan.

Ishqilib, oybikam bilan parandalar xususida soʻz ochsangiz yayrab ketadi. Tovuqxonada qay bir tovuq hukumron, qay biri ochkoʻz, oʻz haqqini  olmaydiganlariga oʻzi nazorat qilib ayrim don berishini ham taʼkidlab qoʻyadi. U shaharni emas, qishloq hayotini yoqtiradi.

-Qani endi, parandachilik fermang boʻlsa, minglab tovuq, xoʻrozlar yayrab yursa. Tuxumlarni shaharga mashinalarda joʻnatsang. Puliga Parijga sayohatga borsang. Mol hidi keladigan hovlimizdan sal narida, yop boʻyida chiroyli uy qursang. Har birimizni oʻz xonamiz boʻlsa. Otam bilan onamni dam olishlarga yuborsang. Bechora onamizni boshi kasaldan chiqmaydi.

-Qiziq gaplarni gapirasan. Onamizni boshiga yostiq boʻlmoqchimisan. Seni Doʻrman qishlogʻiga sotib yuboramizku-Gulposhsha oybikamni hayolparastga chiqaradigan Chini oybikam-odatdagidek pichching qiladi 

Gulposh oybikamga Doʻrman qishlogʻini eslatishimiz yoqadi. Bolaligidan shu qishloq maqtalib, qulogʻiga quyilib keladi. Unichi, bobom raxmatlikning Doʻrmandagi Sotimboy degan qarindoshining oʻgʻli Gulimboy ogʻaga goʻdaklikdan qulogʻini tishlatib qoʻyganlar.

Ularning oʻzaro munosabati biz uchun bir tomosha. Gulimboy ogʻamiz bahonalar topib, shaharga tushadi. Va albatta biznikiga mehmonga keladi. Xaltada qovoq, qovun, torvuz, olma, ishqilib neki pishib yetilgan boʻlsa ilinadi. Qish kunlari esa oʻrik qoqi, jiyda, hidi olamni tutadigan behilardan bahramand boʻlamiz. Saralangan katta-katta behi, olmalarni Gulposhiga bekitiqcha taqdim qiladi. Har gal atir sovun sovgʻa qilishni unutmaydi. Ovozi doʻrillab chiqqanidan mamnun, qishlogʻi toʻgʻrisida hikoyalar toʻqishdan charchamaydi. Oybikam bajonudil tinglaydi.

Bundan 3 yil oldin ogʻamiz oʻnta joʻjani Gul oybikamning shaxsan oʻziga sovgʻa qilgan. Saralangan tuxumlarni tovuq emas, kurkaga bostirganlar. Oybikam esa joʻjalarni olgan kunidan parandalarga mehr qoʻydi. Ilk saboqni Gulimboy ogʻam berdi. Qolgan maslahatlarni holi joniga qoʻymay bizga botanika va zoologiyadan dars beradigan Gavharjon opamizdan oldi. Keyinchalik “Tovugʻim gʻoʻrq boʻldi, oʻn bitta tuxum bosdi. Joʻjalarga tuxum qaynatib yedirayapman” kabi gaplari quloqqa chalinar, bizni tovuqlari joylashgan katakka aslo yaqinlashtirmasdi. “Parrandani bir odam parvarishlashi kerak”, deya oʻzi toʻqigan qoidaga amal qildi.

Oilada barchamiz birdek Gulimboy ogʻani hurmat qilamiz. Fizika, matematika, biologiya fanlarini yaxshi oʻzlashtirgan. Bizni atrofiga jamlab, karra jadvalini yod olganimizni sinovdan oʻtkazadi. Hatto maktabga bormagan Toʻxtajon singlimiz ham tinglab oʻtirib karra jadvalni yod olibdi.

Ogʻamiz qishloq xoʻjaligi institutiga oʻqishga kirishga hozirlik koʻrganida  Gul oybikamni ham oʻquv dargohida birga oʻqishga hozirladi. Har kelganida tayyorgarligini nazorat qildi. Oʻzlashtirishiga yordam berdi.

Buni qarangki, oʻgʻil farzand orzusida qalbi armonga toʻlgan otamga erkaklarga xos uy yumushlarida koʻmaklashishga ham vaqt topdi. Sultonposhsha opamni Toshkentda oʻqishiga qarshilik koʻrsatgan uyimiz kattalari Gulposhsha opamga allaqachon rozilik berib qoʻyibdilar. Chunki Gulimboy ogʻam uni har jihatdan qoʻllab quvvatlashiga ishonadilar.

Sotimboy doyi allaqachon Toshkentga borib, oʻqishga kiritishda yordam beradigan domla bilan qoʻl tashlashib qaytibdi.

-Aʼlochiligiga kim qarab oʻtiribdi! Tanish bilishchilik. Bar porani, oʻldir puxoroni deydilar. (Puxoro degani ne degani ekan? Fuqaromikan?) Oʻqishga kiradiganlarni roʻyxat qilib boʻlibdilar hisob. Bu tomondagilar bilimiga ishonib yuriberadilar!

-Qancha beradigan boʻldingiz?-negadir qoʻrqa pisa soʻraydi otam.

-Pul emas, sur, qamar, sherozi terilarni soʻradi.

-Voy-boʻy, bu terilar juda qimmatku?

-Shu oʻgʻlimni oʻqitsam, keyinchalik ukalarini oʻzi sudraydi. Tuxumimizdan bir oʻqimishli chiqsin, axir. Oʻzi hoʻkiz boqayapti. Pishshilab, semirib turibdi. Yaqinda daryoni ortiga, Toʻrtkoʻlning teri bozoriga oʻtib keldim. Sherozidan, surdan tikilgan popoqlar koʻzimni oʻynatdi. Yolgʻondan kiyib koʻrsam rostdan ochilishib ketdim. Yarashdi qoʻydi. Yengilligini ayting. Boshingda bor yoʻqligi bilinmaydi. Bunday popoqlarni kiyishga bizlarga yoʻl boʻlsin,- xoʻrsindi Sotimboy doyi.

-Ota, qisinmang. Oʻqiyman. Ishliyman. Sizga sur popoq, qamardan tikilgan baland kubankalarni sovgʻa qilaman,-otasining kayfiyatini koʻtarishga intilgan Gulimboy ogʻa qoʻshib qoʻydi:

-Nishatin. Oʻqishlarim aʼlo boʻlsada, ishonmay domlalar bilan kelishib qaytibsiz. Odam xafa boʻladida!

-Shartmas bolam. Sur, qamar, sherozi yangigina tugʻilgan qoʻzichoqlardan shilib olinadi. Unday popoqlardan murgʻak qoʻzichoqlarning nolali maʼrashi eshitilib turganday tuyuladi. Bizlarga shu prostoylari ham boʻladi.

Buvim sekingina “Sotib olishga qurbing yetsa jon deb kiyarding.Topgan gapi antiqa”, deb qoʻydi. Shivirlab aytilgan gapni kattalar eshitmaganga oldilar.

Oradan kunlar oʻtib, Toshkentga joʻnashdan oldin ota-bola buvimdan fotiha olishga keldilar. Suhbatlar orasida kichikkina jomadonni ochib, Toʻrtkoʻlning bozoridan harid qilingan terilarni koʻrsatdilar.

-Guli guliga tushadiganini zoʻrgʻa topdim. Qorkoʻl teri koʻp. Arzon. Lekin domla xuddi mana shunday xillaridan keltirishni soʻradi. Bozorda ozarbayjonliklarni, chechenlarni ham uchratdim. Terini zoʻr tushinar ekanlar. Pulni ayamay xarid qilayaptilar. Teri tanlashda menga yordam berdilar.

Quyosh nurida jilo berib, gajak-gajak tovlanayotgan terilarni koʻrib, buvim hayajonini yashira olmadi:

-Xudoyimni karami keng. Qoʻy degan jonivor shu darajada xushruy, koʻzni qamashtiradigan xilqatni dunyoga keltirsaya! Yaxshiyam ayrim zotlilariga mansub bu. Boʻlmasa soʻyilaverganidan qoʻyning urugʻiga  qirgʻin kelarmidi? Bechora bajiklarey! (Bajik-qoʻzichoq degani.)

Otam ham terini barmoqlari bilan siladi. Havaslandi. Menga esa tunov kungi gaplar taʼsir qilgan shekilli, qulogʻimga yangigina tugʻilgan, terilari shilinayotgan qoʻzichoqlarning nolali maʼrashlari eshitilganday tuyuldi.

Sotimboy doyi, Gulimboy ogʻalar Toshkentga  ketdilar. Ularning izidan zarur hujjatlarni toʻgʻrilab, sinfdosh dugonalariga qoʻshilib Gulposhsha opam ham joʻnadi. Biz uni oʻqishga kirishiga umuman ishonmadik.

-Borib kelsin. Oʻqishga yubormadingizlar deb armon qilib yurmasin. Sotimboy doyi aʼlochi bolasini oʻqishga joylashga shuncha urinayapti, qizimizga yoʻl boʻlsin,-xoʻrsindi onam

-Yaxshi niyat qil. Tushimda Gulposhsha baland ot ustida oʻtirib, shamolday yelib borayapti. U oʻqishga kiradi!- buvim xukm oʻqiganday qatʼiy fikr bildirdi.

Buvim toʻgʻri bashorat qilibdi. Gulimboy ogʻamiz har ikkalasi ham talaba boʻlganini suyunchilab telegramma yuboribdi. Xushxabarga Sotimboy aka hamqishloqlarini ziyofatga chorlab bir qoʻy, biz oʻzlarimiz oilaviy nishonlash uchun Gul oybikam semirtirib boqayotgan xoʻrozni soʻydik.

 davomi bor.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.