BIR OʻQITUVCHI XOTIRALARI

0
189
marta koʻrilgan.

Shu sheʼrni ijtimoiy tarmoqda oʻqib juda taʼsirlandim, koʻzlarimga yosh keldi. Bu tarjimasi ekan, asli juda goʻzal, yanayam taʼsirli boʻlsa kerak. Sizlarga ham ilindim, oʻqib koʻringlarda.

U sinfga yuzma — yuz kelib,
Salom berdi barchaga birdan.
Bolalarga koʻz tashlab olib,
Maftun etdi nigohi bilan.

Soʻz boshladi ustoz soʻzamol,
Koʻrganimdan xursandman, dedi.
Men barchani birdek sevaman,
Erkatoyim boʻlmaydi endi.

Biroq, yolgʻon edi bu soʻzlar,
Bir bolani sira suymasdi.
Kir kiyimda oʻtirardi jim,
Hech narsaga parvo qilmasdi.

Badboʻy libos va odamovi,
Partasida yolgʻiz har kuni.
Hech kim bilan doʻstlashmas chogʻi,
Bolalar ham unutgan uni.

Bir kun maktab ilmiy mudiri,
Soʻrab qoldi yangi tahlillar.
Tavsifnoma har bir bolaga,
Hamda hisobot ham berilar.

Ish boshladi tinmayin bir zum,
Sinfrahbar astoydil, dildan.
Tanisa-da, faqat bir mavsum
Bolalarni bilar yaqindan.

Xushlanmagan bola hujjati,
Navbatlarning soʻnggida qoldi.
U haqida oʻqigach, bilgach,
Muallimni hayratga soldi.

— U aqlli, bebaho, dono!, —
deb yozardi birinchi ustoz.
— Husnixati goʻzal, yagona,
unga dars bermoq maroqli, soz!

Yozar ikkinchi ustozi ham:
— Eng yaxshisi – u, hamma darsda.
Oilasida faqat kulfat, gʻam,
Ona shoʻrlik bedavo xasta!

— Onasining oʻlimidan soʻng,
Taʼsirlandi, axir bola-ku! —
deb yozardi oʻqituvchi yana
— Uxlab qolar partasida u.

Doʻstlari yoʻq edi sira ham,
«Avtomat»da oʻtardi hayot.
Oʻqib, rahmi keldi bolaga,
Soʻng uyalib ketdi nihoyat.

Eng yomoni: yangi yil kuni,
Ustoziga barcha bolalar
Goʻzal tasma, goʻzal qutida
Turli sovgʻa hadya qildilar.

Bola boʻlsa bolalarga xos,
Olib keldi oddiy bir quti.
Tasmasi yoʻq, jigarrang qogʻoz,
Kulgu boʻldi va shu zahoti.

Tinchlantirib ustoz kulguni,
— Qanday goʻzal sovgʻa bu!, — dedi.
Taqib oldi bilaguzukni,
Beshta toshi yetishmas edi.

Va bor edi qutida atir,
Ishlatilgan, toʻlmagan biroz.
Qoʻllariga oldida darhol,
Sepib oldi oʻziga ustoz.

Bola ilk bor baxtli jilmaydi,
Soʻnggi darsni bazoʻr kutmoqda.
Ustoziga yuzlanib dedi:
— Sizdan onam isi kelmoqda!

Bu soʻzlarni eshitgach ayol,
Uxlamadi tun boʻyi, yigʻlab.
Tongda esa har bir bolaga,
Saboq berdi mehrdan soʻzlab.

Kunlar oʻtdi — kunlar ketidan,
Bola endi aʼlochi mutloq.
Ustoz birdek sevar barchani,
Unga mehri boʻlakcha biroq.

Bir yildan soʻng xayrlashdilar,
Endi boshqa sinfga ustoz.
Bir kun xona ostonasidan,
Topib oldi bir maktub bexos.

— Qisqa maktab hayot davrimda…
— Iqror boʻlib yozilgandi xat.
— Men tanigan oʻqituvchilarning
Eng yaxshisi oʻzingiz faqat!

Besh yildan soʻng yana bir maktub,
Kollejidan bu gal yozibdi.
Yana “sizdan yaxshisi yoʻq!”, deb
Oliygoh sari yoʻl olibdi.

Yana muddat oʻtibdi biroz,
Bola endi doktor boʻlibdi.
— Zoʻr ustozlar uchradi-yu, lek,
Eng yaxshisi oʻzingiz! – debdi.

Yillar oʻtib oradan hamon,
Ustozidan ketmabdi xayol.
Xatlar yoʻllab hanuz u tomon,
Onasidek, endi bu ayol.

Bir xatida xabar beribdi,
Oʻz baxtiga yetmoqda ekan.
Tez orada toʻy ham boʻlarmish,
Uni toʻyda kutmoqda ekan.

— Hayotimning eng baxtli kuni,
Siz onamning oʻrnida boʻling.
Sizdan boshqa yaqin kishim yoʻq, —
deb yozibdi: «Rozilik bering!»

Toshlari yoʻq bilaguzukni,
Taqib oldi u bilagiga.
Soʻng onasin atirin sepib,
Baxt soʻradi oʻz tilagida.
Uchrashdilar, bir-birin quchib,
Qadrdon is tarovat sochdi.
Goʻyo ona qayta tirilib,
Bolasiga bagʻrini ochdi.

Soʻngra yana koʻzyoshlar, shodlik,
Yigit shunday soʻzlarni dedi:
— Rahmat sizga hammasi uchun,
Ishonchingiz menga kuch berdi.

— Kim uchundir kerakligimni,
Anglab yetdim, hayotni sevdim.
Ezgulik va mehr yoʻlida,
— Sizni doim ibrat deb bildim.

Koʻzlari yosh javob qildi U:
— Yoʻq, aslida bari aksincha.
Bilmas edim saboq berishni,
Taqdir seni uchratmaguncha!

V. Katyujinskaya
D. Tojiboyev tarjimasi
https://t.me/manzuruz

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.