Bola yoshidan…

0
105
marta koʻrilgan.

Qadimdan xalqimiz bolaning nafaqat jismoniy sogʻlom boʻlishiga, balki maʼnaviy barkamol boʻlishiga ham katta eʼtibor bergan. Hadislarda aytilishicha, farzandga ota-onadan meros sifatida qoladigan goʻzallik bu tarbiyadir.

Bola tarbiyasida qachonlardir yoʻl qoʻygan xatoliklar keyinchalik salbiy natijalarga olib kelishi mumkin. Ota-onalar farzandlarini oʻz dunyoqarashi, feʼl-atvoridan kelib chiqqan holda qoʻldan kelganicha tarbiya qiladilar. Lekin, farzandingiz oʻsib-ulgʻayib, qanotingizga aylanish vaqti yetganda, sizni aksincha uyaltirib, mushkul ahvolga solsa, jamiyatda oʻz oʻrnini topolmay, notoʻgʻri yoʻlga kirib ketsa, nega bunday boʻldi ekan, qayerda xato qildim ekan, deb qolasiz.

Aslida esa bola tarbiyasining buzilishi siz oʻsha eʼtibor qilishga arzimaydigan deb oʻylagan kichkina xatoliklardan boshlanadi. Ota-onalar zimmasida oʻta maʼsuliyatli vazifasi yotadi. Bola tarbiyasini sanʼat deydigan boʻlsak, bolaning oʻzi esa sanʼat asaridir. Ota-onalar esa ana shu asarlarning yaratuvchilari, yaʼni sayqolchilaridir. Demak bola tarbiyasi siz va bizga ota-onalarga bogʻliq.

Toʻgʻri tarbiya berishda xatoliklarga yoʻl qoʻymaslik uchun nima qilish kerak? Bu borada quyidagi maslahatlar sizga yordam beradi, albatta

Xech qachon bolangizniSeni endi yaxshi koʻrmayman”, “bunday qilsang seni boshqa bolam demaymanqabilidagi gaplar bilan qoʻrqitishga harakat qilmang.

Ota-onalar fikri: Nima uchun bolalarimiz aytganimizni bajarmaydi? Asabga tegadi. Qanday yoʻl tutish kerak? Tarbiyalash lozim, ammo gapimizga quloq solmayapti-ku. Doʻq urib qoʻrqitsammikan? Deya fikrlashadi. Darhaqiqat, bunday vaziyatlarda koʻpchilik ota-onalar farzandlarini “Seni endi yaxshi koʻrmayman”, deb qoʻrqitadilar.

Donishmandlar maslahati: Bolaga ortiq yaxshi koʻrmaslikka vaʼda berish kuchli tarbiya usuli boʻlsada, bu toʻgʻri emas. Chunki, bolalar yolgʻonni xaqiqatdan darrov ajratib oladilar. Farzandingiz sizni yolgʻonchi kishi sifatida tasavvur etishga yoʻl qoʻymang. Yaxshisi, siz bunday deng: “Seni yaxshi koʻraman, lekin xulq-atvoring menga yoqmayapti”.

Oʻzingizni befarqday koʻrsatmang. “Bilganingni qil, menga baribir” qabilidagi gapni aslo aytmang.

Ota-onalar fikri: Arzimagan holatga ham asabiylashaymi? Yosh bolani urishib, bir nimalarni tushuntirib, isbotlab, bahslashib oʻtirish shartmi? Bola kichkina boʻlsa ham muammosini oʻzi hal etishi kerak. Mustaqil boʻladi, hayotga tayyorlanadi.

Donishmandlar maslahati: Hech qachon bolangizga u nima bilan shugʻullanishi sizni qiziqtirmaydigandek koʻrsatmang. Bola bu befarqligingiz qay darajada “haqiqat” ekanligi tekshirib koʻradi, yaʼni ataylab asabga tegadigan yomon qiliqlar qilib, sizning bunga munasabatingizni kutadi. Shu tufayli garchi uning xulq-atvori sizni umuman qoniqtirmasa-da, befarqlik koʻrsatmang, aksincha farzandingiz bilan doʻstona aloqa oʻrnatib oling. Yaxshisi bunday deng: “Bilasanmi: bu ishing menga umuman maʼqul emas. Lekin senga yordam bergim kelyapti, chunki seni yaxshi koʻraman. Xohlagan vaqtingda mendan maslahat soʻrashing mumkin”.

Haddan tashqari qattiq qoʻl boʻlmang. “Sen faqatgina biz aytgan ishni qilishing kerak. Bizning aytganimiz aytgan, deganimiz degan” qabilida yoʻl tutmang va gapirmang.

Ota-onalar fikri: Bola ota-onalariga soʻzsiz quloq solishlari shart, bu tarbiyaning asosiy tamoyilidir. Buyruq muhokama qilinmaydi, balki uni bajarish kerak. Bola 6 yosh yoki 16 yoshdami, buni farqi yoʻq. Bolani zarracha siylash kerak emas, aks holda boshingizga chiqib oladi.

Donishmandlar maslahati: Bola ishni nima uchun bajarayotganligini bilishi shart. Bolani robotga oʻxshatib qoʻymaslik kerak. Oʻta darajadagi qattiqqoʻllik yaramaydi. Bola ota-onasi oldida buyruqlarni soʻzsiz bajaraverishi mumkin, lekin soʻng ota-onasidan xoli qolgan paytlarda taʼqiqlarga umuman quloq solmaydi. Buyruq berib bajartirgandan koʻra koʻndirib bajartirgan maʼqul. Bunday deganingiz yaxshi: “Hozir men aytganimni qilgan, kechqurun esa biz hammasini bamaylixotir muxokama qilamiz”.

Bolangizni haddan tashqari erkalatmang. “Buni oʻzim qilaman, erkatoyim buni hali oʻzi eplay olmaydi” desangiz xato qilasiz.

Ota-onalar fikri: Bola-podsho. Bolaga hamma narsani muhayyo qilib berishga tayyormiz. Bolalik-ajoyib va gʻaroyib oʻtishi kerak. Shu tufayli uning barcha istaklarini bajarishim lozim. Keyinchalik tarbiya qilaveraman.

Donishmandlar maslahati: Erkatoy bolalar hayotda ancha qiynaladilar. Ota-onalar bolaning oʻrniga hamma ishni oʻzlari bajarib beraversalar, bola oʻzini baxtli his etmaydi. Aksincha, ojiz va yolgʻiz sezadi. “Buni avval oʻzing bajarib koʻrchi, agar qilolmasang, men senga bajonidil yordam beraman”, – deyish eng maʼqul yoʻldir.

Bolangizga hamma muammolaringizni ham aytavermang.

Ota-onalar fikri: Bolam-eng yaqin doʻstim. U goʻyo katta odamday. U bilan hamma mavzuda gaplashaveraman.

Donishmandlar maslahati: Bolalar ota-onasini xursand qilish uchun hamma narsaga tayyor turadilar. Axir ota-ona bolaning eng yaqin odamlari-ku. Bola tengdoshlari bilan bolalik davrni chogʻ oʻtkazish oʻrniga ota-onasi muammolarini oʻzicha hal etishga tayyor turadilar. Bu esa ularning qiziqishlari bir chetda qolib ketishiga sabab boʻladi.

Bolani pulga oʻrgatmang.

Ota-onalar fikri: Pul borasida “qoʻlimiz bir oz kaltaroq”, shu tufayli uning istaklarini deyarli bajo keltirmaymiz. Pulimiz koʻp boʻlganida, biz dunyodagi eng yaxshi ota-onalar boʻlar edik.

Donishmandlar maslahati: Mehrni pulga sotib ololmaysiz. Odatda puldan qiynalgan ota-onalar farzandlari biror narsaga muhtojlikni his etmasliklari uchun qoʻlidan kelgan hamma narsani bajaradilar. Lekin, siz bolaning barcha xohish-istaklarini bajara olmaganingiz uchun oʻzingizni aybdor deb his etishingiz kerak emas. Aslida bola uchun sizning mehr-muhabbatingiz, eʼtiboringiz, boʻsh vaqtingizni u bilan oʻyinlar oʻynab oʻtkazishingiz sizning hamyoningizdan ham koʻra muhimroqdir. Bolangizni baxtli qiladigan pul emas, balki sizning mehringiz va eʼtiboringizdir.

Bolaning qiziqishlarini hisobga oling. “Mening farzandim musiqa, rassomchilik, tennis bilan shugʻullanadi. Men uni oʻz imkoniyatini qoʻldan boy borishiga yoʻl qoʻymayman”, tarzida fikrlasangiz adashasiz.

Ota-onalar fikri: Koʻpgina ota-onalar bolaliklarida pianino chalishni, balet, tennis bilan shugʻullanishni orzu qilganlar, lekin bu imkoniyat boʻlmagan. Ular endilikda bu orzularni oʻz farzandlarida amalga oshirishga harakat qiladilar. Bolaga bu mashgʻulot yoqadimi, yoʻqmi, oʻylab koʻrmaydilar. Bolalarimiz katta boʻlganlarida ota-onasining bu qarorini toʻgʻri topib, hali bizga rahmat ham aytadilar, deb oʻylaydilar.

Donishmandlar maslahati: Farzandlar har doim ham ota-onasining bunday qaror va urinishlariga tashakkur aytmaydilar. Chunki ularning qiziqishlari boshqa. Ota-onalar farzandlari uchun istagan yorqin kelajak hamisha roʻyobga chiqavermaydi. Bola yoshligida ota-onaga quloq solishi mumkin, lekin keyinchalik mustaqil boʻlishni istaganida qarshiliklar koʻrsata boshlaydi. Bunday hollarda notoʻgʻri yoʻlga ham kirib ketishi mumkin, yaʼni ichkilik, giyohvand moddalar qabul qilishi, sayoq yurishi mumkin. Bolaning boʻsh vaqtini foydali mashgʻulotlar bilan band qilib qoʻyganingiz toʻgʻri, lekin uning qiziqishlarini ham hisobga olib, yaʼni oʻz xobbilari bilan shugʻullanishi uchun ham bir oz boʻsh vaqt qoldiring.

“Bola tarbiyasi bilan shugʻullanish uchun vaqtim yoʻq” demang.

Ota-onalar fikri: Ish koʻp. Bogʻchaga yoki maktabga olib borsak, ovqat pishirib bersak, kiyim – kechagiga qarasak boʻldi-da! Bolaning oʻzi ota-onasining u bilan oʻynashiga, ertak kitob oʻqib berishiga vaqti yoʻqligini tushunishi kerak.

Donishmandlar maslahati: Ota-onalar koʻpincha oddiygina bir haqiqatni tushunishi istamaydilar: farzandni dunyoga keltirdingizmi, uni tarbiya qilishiga ham vaqt toping. Bola ota-onasining u bilan shugʻullanishiga vaqti yoʻqligini his etsa, dardini eshituvchi kishini begonalar orasidan qidira boshlaydi. Garchi sizning har bir daqiqangiz ziq boʻlsa-da, kechqurun bolangiz bilan shugʻullanish uchun yarim soat vaqt toping. U bilan suhbatlashing, ertaklar aytib berib, uning qiziqishlariga quloq tuting, maslahatlar bering, mehrini qozoning. Shunda shubhasiz oʻylagan natijaga erishasiz.

 Oydin Saʼdullayeva, jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.